Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish, ayniqsa, ularning yoshlar orasida tarqalishining oldini olish maqsadida tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Chirchiq shahrida oʻtkazilgan tadbirlar davomida 2006-yilda tugʻilgan qiz va uning 2008-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan sherigi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatayotgan vaqtda qoʻlga olindi. Ulardan skotch bilan oʻralgan 41 ta boʻlakdagi giyohvandlik vositalari aniqlandi. Shuningdek, ijarada yashab kelgan voyaga yetmagan qiz 59 gramm sintetik giyohvandlik vositasini sotish maqsadida saqlagani maʼlum boʻldi.
Tezkor tadbirlar davomida Chirchiq shahrida yashovchi shaxs yana bir voyaga yetmagan, 2009-yilda tugʻilgan qizni jinoiy faoliyatiga jalb qilgani aniqlandi. U 1988-yilda tugʻilgan ayol bilan birgalikda «zakladka» usulida 150 gramm sintetik giyohvandlik vositasini tarqatayotgan vaqtda qoʻlga olindi.
Ularning yashash xonadonlari koʻzdan kechirilganda, 2 kilogramm 850 gramm mefedron, 200 gramm alfa-PVP va 200 gramm geroin, shuningdek, giyohvandlik vositalarini qadoqlashda ishlatiladigan zip-paketlar, izolyatsion lentalar va tarozilar aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
Internetda faoliyat yuritgan mazkur narkotarmoqqa aloqador boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha tezkor-texnik tadbirlar ham davom ettirildi.
Jumladan, Qibray tumanida tarqatish maqsadida giyohvandlik vositalari yashirilgan toʻrtta manzil aniqlandi. Ushbu manzillarga jami 200 ta yelim oʻramdagi giyohvandlik vositalarini joylashtirishga uringan shaxslar orasida talabalar ham borligi maʼlum boʻldi. Ular yashash manzillaridan Toshkent viloyati hududiga kelib, giyohvandlik vositalarini tarqatishni daromad manbaiga aylantirgan.
Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jami 4 kilogramm 700 gramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Bu orqali aholi orasida 245 ming dona bir martalik «qora ogʻu» dozasining tarqalishi oldi olindi.
Ayni vaqtda mazkur internet-narkodoʻkoni orqali giyohvandlik vositalarini tarqatishga aloqador boshqa shaxslar va guruhlarni aniqlash boʻyicha hamkorlikdagi tadbirlar davom ettirilmoqda.