Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari hamkorligida Samarqand viloyatining Urgut tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, 1979 yilda tug‘ilgan ayol uch nafar hamtovo‘gi va kuyovi bilan birgalikda Urgut tumanidagi Mo‘minobod mahallasida joylashgan xonadonda 1 kilogramm opiyni xaridorga 30 ming AQSh dollariga sotayotgan bo‘lgan.

Mablag‘ni qo‘lga kiritish maqsadida ular o‘tkir tig‘li buyumlar bilan uch nafar xaridorga hujum qilib, og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Shundan so‘ng uyushgan jinoyiy guruh a’zolari tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi ikkinchi qismi, 273-moddasi oltinchi qismining «a» bandi hamda 104-moddasi ikkinchi qismining «b», «e», «k», «l» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Farg‘onada Toshkentga olib ketilayotgan opiy aniqlandi

Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi ikkinchi qismi bilan sudlangan fuqaro jinoyiy sherigi bilan birga qo‘lga olingan.

Ular 1 kilogramm 24 gramm opiy giyohvandlik vositasini olib ketayotgan bo‘lgan. Surishtiruvlar davomida mazkur moddalarni Toshkent shahridagi jinoyiy sheriklariga yetkazib berish rejalashtirilgani aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 273-moddasi tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar respublika hududida giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini davom ettirmoqda.

Shubhali shaxslar yoki ularning faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi «Stop narkobod» kanaliga murojaat qilish so‘ralgan.