Birinchi bitim Oʻrmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov hamda Xitoyning Ninsya oʻrmon xoʻjaligi va yaylovlar boshqarmasi rahbari Vu Syaruy oʻrtasida imzolandi.

Hujjatga muvofiq, ihota oʻrmonlari barpo etish orqali hududlarning yashillik darajasini oshirish, zamonaviy koʻchatxonalar va onalik plantatsiyalarini tashkil etish, barqaror oʻrmon xoʻjaligi hamda yashil sanoatni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshiriladi.

Shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tuproq shoʻrlanishining oldini olish va ekotizimlarni bosqichma-bosqich mustahkamlash yoʻnalishlarida ham hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

Tomonlar hamkorlik loyihalarini tizimli tashkil etish, ularga soha mutaxassislarini jalb qilish hamda moliyalashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Shundan soʻng Oʻrmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov hamda Xitoyning “Yinchuan Wolsenn Modern Irrigation Co., Ltd” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chen Lin ishtirokida yana bir hamkorlik bitimi imzolandi.

Unga koʻra, xitoylik hamkorlar Oʻzbekistonga suvni tejovchi sugʻorish texnologiyalari — fertigatsiya namoyish tizimlarini yetkazib beradi hamda mahalliy mutaxassislar uchun mazkur texnologiyalar boʻyicha muntazam oʻquv kurslarini tashkil etadi. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 110 ming yuanni tashkil etadi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, fertigatsiya — sugʻorish suvi va oʻsimlik uchun zarur mineral oʻgʻitlarni yagona tizim orqali bir vaqtning oʻzida oʻsimlik ildiziga yetkazib berish texnologiyasidir. U asosan tomchilatib sugʻorish tizimlari bilan qoʻllaniladi va oʻgʻit sarfini 20–50 foizgacha qisqartirish, ozuqa moddalarini bevosita ildizga yetkazish hamda sugʻorish va oʻgʻitlash jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beradi.

Qayd etilishicha, mazkur texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimizda yangi oʻrmonlar barpo etish va choʻllanishga qarshi kurashish tadbirlari samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

Maʼlumot uchun, 2025-yilda Oʻrmon agentligi va Xitoy hamkorligida Arnasoy, Karmana, Muborak, Qorakoʻl va Nukus tumanlarida galofit oʻsimliklari bogʻlari tashkil etildi. Shuningdek, Xitoydan 1,4 ming tonna galofit oʻsimliklari urugʻi olib kelinib, ulardan koʻchat yetishtirish ishlari boshlangan.

Bundan tashqari, joriy yildan boshlab Oʻrmon agentligi va Xitoyning “Sinoway Forest” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Zararli uglerodlarni yutuvchi oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish va ekotizimlarni tiklash” loyihasi doirasida Surxondaryo viloyatida 5 ming gektar pistazor barpo etilmoqda.