Mazkur o‘zgartirishlar Budjet kodeksiga kiritilgan normalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra:

mahalliy budjetlarni rejalashtirishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining roli kuchaytirilib, daromadlar prognozi, xarajatlarning dastlabki miqdorlari va budjetlararo transfertlar bo‘yicha takliflarni shakllantirishdagi vazifalari belgilandi;

budjet so‘rovlaridagi asossiz yoki samaradorligi past xarajatlarni qisqartirish mexanizmi joriy etildi. Tegishli tashkilotlar bildirishnoma olganidan keyin 3 ish kuni ichida yangilangan budjet so‘rovini taqdim etadi;

budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning rivojlantirish dasturlari kamida 3 yilga tuzilib, ularda aniq natija ko‘rsatkichlari va kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlik belgilanadi;

mahalliy budjetlarga budjet ssudasi ajratish to‘g‘risidagi talabnoma 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Natijasi bo‘yicha arizachiga 1 ish kuni ichida xabar beriladi;

davlat moliyasi barqarorligini baholash uchun umumiy fiskal balansni shakllantirish va hisoblash tartibi belgilandi.

Mazkur o‘zgartirishlar budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishga xizmat qiladi.