Nemis demografi Martin Buyyard dunyoda bolalar soni hozirda kamayib borayotganini aytib, xavotir bildirdi. Bu haqda Bild agentligi xabar berdi.
Visbadendagi Federal demografiya institutining tadqiqotlar direktori Martin Buyyard Germaniyada tug‘ilish darajasi har bir ayolga 1,5 boladan kam ekanligini va bu ko‘rsatkichni xavfli deb hisoblaganini aytdi. Demografiyada 1,5 dan past ko‘rsatkich xavfli deb hisoblanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholini barqaror ravishda ko‘paytirish uchun taxminan 2,1 bola kerak. Shundagina mamlakatda yetarli yoshlar bo‘ladi va aholi qarib qolmaydi. Aholi sonining kamayishi katta muammo emas. Eng muhimi, aholining yosh tarkibi.
— Germaniyada 85 million yoki 70 million kishi yashashi hayot sifatiga ta’sir qilmaydi. Agar yoshlar soni kamayib, nafaqaga chiqayotganlar ko‘p bo‘lsa, vaziyat xavfli bo‘ladi, — deydi u.
Bu inqirozning xavfi shundaki, u sekin va sezilmas tarzda rivojlanadi: bugun tug‘ilmagan bolalarning yetishmasligi faqat 20 yildan keyin seziladi. O‘sha paytda kasb-hunar maktablarida o‘quvchilar, malakali mutaxassislar va soliq to‘lovchilar yetishmaydi, deb xabar berdi Kazinform.
— 40 yil oldin muammo faqat ba’zi Yevropa mamlakatlari va Yaponiyaga taalluqli edi. Hozir u dunyoning katta qismini qamrab oladi, — deydi Buyyard.
Istisno Afrika va arab mamlakatlaridir.
Vaziyat ayniqsa Osiyoda qiyin. Janubiy Koreyada tug‘ilish darajasi har bir ayolga taxminan 0,8 bola to‘g‘ri keladi, Gonkongda esa undan ham pastroq. Afrika va arab mamlakatlarida esa buning aksi.
Buyyardning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p odamlar oila qurishni xohlashadi, lekin ular doimo farzand ko‘rishni keyinga surishadi.
— Odamlar farzand ko‘rishni qancha kechiktirsa, orzularini ro‘yobga chiqarish ehtimoli shuncha kam bo‘ladi, — deydi demograf.