Ilm markazi sifatida shuhrat qozonayotgan vatanimiz dunyodagi eng nufuzli intellektual musobaqalardan biri — 58-xalqaro kimyo olimpiadasiga mezbonlik qildi. Mazkur olimpiada O‘zbekistonda va umuman, Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etildi.
Xalqaro kimyo olimpiadasi (ICHO) kimyo fanini o‘rganayotgan o‘rta maktab o‘quvchilari uchun eng nufuzli yillik musobaqadir.
1968-yilda ilk bor Praga shahrida tashkil etilgan olimpiadada bor-yo‘g‘i 3 ta davlatdan o‘quvchilar ishtirok etgan bo‘lsa, bu galgi olimpiada 90 dan ortiq mamlakatni qamrab oldi va dunyoning eng iqtidorli yosh kimyo mutaxassislarini birlashtirdi. O‘zbekiston esa 2003-yildan buyon mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etadi.
Har yili dunyoning yetakchi davlatlaridan eng iqtidorli o‘quvchilar mazkur musobaqada nazariy bilim va laboratoriya ko‘nikmalarini xalqaro standartlar asosida sinovdan o‘tkazadi.
Bugungi kunda ICHO nafaqat bilimlar bellashuvi, balki ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda kelajak olimlarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro platforma sifatida e’tirof etilmoqda.
Olimpiadaning bu yil mamlakatimizda o‘tkazilishida alohida ma’no bor. Keyingi yillarda ta’limga berilayotgan e’tibor, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro fan olimpiadalariga tizimli tayyorlash va zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar bugun dunyo hamjamiyati e’tibori markazida. Turli mintaqaviy va xalqaro olimpiadalarda yuqori o‘rinlarni qayd etib, yurtimiz sha’nini ko‘tarayotgan iqtidorli o‘g‘il-qizlarning yutuqlari dunyo ta’limi sahnasida munosib e’tirof etilayotir.
Bunda Prezidentimizning 2024 yil 30 sentyabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan Fan olimpiadalari markazining o‘rni alohida. Mazkur markaz faoliya¬ti doirasida xalqaro standartlar asosida fan olimpiadalariga tayyorgarlik tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xorijlik murabbiy va ekspertlar jalb qilindi, terma jamoalar uchun intensiv o‘quv yig‘inlari tashkil etildi, zamonaviy laboratoriyalar va ilmiy-metodik baza shakllantirildi.
Bu nufuzli fan olimpiadalarining yurtimizda tashkil etilishi uchun zarur shart-sharoit hozirladi. Keng imkoniyat, zamonaviy shart-sharoit va yuqori darajadagi tashkiliy ishlar mamlakatimiz nufuzli xalqaro kimyo olimpiadasiga mezbonlik qilishiga imkoniyat yaratdi.
Olimpiadaga tayyorgarlik 2024 yildan izchil boshlandi. Jumladan, Saudiya Arabis¬toni va Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan 56- va 57-ICHO tajribasi o‘rganildi. ICHO 2026 rasmiy logotipi va veb-sayti ishlab chiqildi. Delegatsiyalar bilan ishlash uchun maxsus axborot platformasi yaratildi. Nazariy va amaliy topshiriqlarni tayyorlash uchun xalqaro ilmiy qo‘mita shakllantirildi, laboratoriyalar xalqaro standartlarga mos jihozlandi. Reagentlar va zamonaviy laboratoriya uskunalari xarid qilindi.
Ilmiy qo‘mita tarkibiga Garvard universiteti (AQSh), Bilkent universiteti (Turkiya), ETH Zurich (Shveysariya), M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti hamda Praga kimyo va texnologiya universiteti kabi dunyoning yetakchi ilmiy markazlari vakillari jalb etildi.
Poytaxtimiz mezbonlik qilgan 58-xalqaro kimyo olimpiadasi dunyoning turli burchaklaridan kelgan yosh iqtidor egalarini aql, izlanish, jasorat bellashuvida birlashtirdi. Har bir tajriba kelajak kashfiyotlariga qo‘yilgan yana bir mustahkam qadamga aylandi.
58-xalqaro kimyo olimpiadasi sinovlari ikki asosiy — amaliy va nazariy bosqich shaklida tashkil etildi. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, amaliy imtihonlarda maksimal
40 ball, nazariy imtihonlarda maksimal
60 ball (jami 100 ball) belgilandi. Olimpiadaning birinchi amaliy bosqichida ishtirokchilar 3 ta laboratoriya topshirig‘ini bajardi. Buning uchun ularga 5 soat vaqt ajratildi.
Nazariy sinovlar doirasida kimyo fanidan 9 ta masala berildi. Mazkur masalalar orasida O‘zbekistonga oid qiziqarli savollar ham o‘rin oldi. Bu xorijlik yoshlarning O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarini bo¬yitdi. Bolalar kimyoda nafaqat bilimlari, balki orzu-maqsadlari, ijodkorlik va kashfiyotchilikka ishtiyoqini ham namoyish etdi.
Nihoyat hayajonli damlar. 18-iyul kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi shukuhli bayram tusini oldi. Yosh kimyogarlar, ularning o‘qituvchilari 58-xalqaro kimyo olimpiadasining tantanali taqdirlash marosimini chuqur entikish bilan qarshi oldi. Bu lahzalar ularning hayotida ¬ilmga sadoqat, yuksak intilishning unutilmas sahifasi sifatida muhrlandi.
G‘oliblar e’lon qilindi. Yosh iqtidor egalari mukofotlarni qabul qilib olar ekan, zalni to‘ldirgan olqishlar ularning ilmga bag‘ishlangan mehnatiga eng yuksak ehtirom yanglig‘ jarangladi.
— Baholash jarayonlari shaffof tarzda, hammaga teng imkoniyat tamoyili asosida o‘tkazildi, — dedi Fan olimpiadalari markazi direktori To‘raboy Shermatov. — Hakamlar hay’ati va mentorlarning yakuniy yig‘ilish qaroriga ko‘ra, 41 o‘quvchi oltin, 74 nafari kumush, 112 nafari bronza medal bilan taqdirlandi.
Nufuzli musobaqada O‘zbekistondan ishtirok etgan o‘quvchilarning barchasi -sovrinli o‘rinlarni egalladi. Xususan, Rayhona Tuymurodova oltin, Jasur Mustafoyev, Azizmuhammad Hafizov va Mirjalol Homidjonov kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Prezidentimizning tegishli qaroriga ko‘ra, g‘olib¬lar har bir oltin, kumush va bronza medallar uchun tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 35, 25, 15 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Olimpiadaning samarasi faqat medallar soni bilan o‘lchanmaydi. O‘quvchilarning g‘oliblikni qo‘lga kiritishi va moddiy rag‘batlantirilishi ularni ruhlantiradi, kelajakda dunyoning eng yaxshi kashfiyotlarini yaratishiga zamin hozirlaydi. Zero, tajribalar ko‘rsatadiki, aksariyat hollarda dunyodagi eng omadli startaplar, g‘oyalar mualliflari sobiq olimpiadachilardir. Kreativ fikrlash, masalaga boshqacha rakursdan yondashish va optimal yechim bera olish qobiliyati jamiyat va mamlakat rivojida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Bu oddiy musobaqa emas, balki intellektual diplomatiya
ICHO intellektual diplomatiyaning eng yorqin namunalaridan biridir. Chunki bu olimpiada turli davlatlarning iqtidorli yoshlari, ustozlari va olimlarini kimyo ilmi atrofida birlashtiradi. Ilmiy muloqot, o‘zaro hurmat va hamkorlikni mustahkamlaydi. Bu yerda raqobat bilim orqali kechadi, kimyoviy formulalar xalqaro hamkorlik tiliga aylanadi.
Ushbu musobaqa jamoaviy natijalar emas, balki individual yutuqlarni e’tirof etadi, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivoj¬lantirish uchun g‘oliblar munosib rag‘batlantiriladi.
Nima uchun kimyoga bu darajada e’tibor degan haqli savol tug‘ilishi mumkin. -Dunyoda ilm-fan va texnologiyalar jadal ¬rivojlanayotgan bir paytda kimyo faniga ehtiyoj yanada ortib bormoqda. Nanotexnologiya, ¬biotexnologiya, farmatsevtika, neft-gaz sanoati va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish tarmoqlarida kimyo muhandislariga talab yuqori. Kimyo inson hayotini yaxshilash, sog‘liqni saqlash, sanoatni rivojlantirish va tabiatni asrashda muhim fanlardan biri sanaladi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur olimpiadani kelajak texnologiyalari olimpiadasi, deyish mumkin.
2026 yilda O‘zbekiston birinchi marta xalqaro kimyo olimpiadasiga mezbonlik qildi. Ushbu muhim tadbir O‘zbekistonning fan va ta’limni rivojlantirishga e’tibori, zamonaviy ta’lim tizimi yutuqlarini global miqyosda namoyish etish imkoniyatini berdi. Olimpiada mintaqaning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shishi va yangi avlod o‘quvchilarini kimyoda ulkan marralar sari ilhomlantirishiga umid bor.
Nufuzli tadbir yoshlarning ilm-fanga qiziqishini kuchaytirishi, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirishi, mamlakatimizning turizm va madaniy salohiyatini dunyoga targ‘ib qilishi bilan ahamiyatli.
— Olimpiadada savollar 100 foiz asl bo‘lishi kerak, shunday bo‘ldi ham, — deydi To‘raboy Shermatov. — Bu O‘zbekistonda ilmiy salohiyat yuqori ekanini ko‘rsatadi. Bir vaqtning o‘zida 400 ga yaqin ishtirokchi olimpiadada laboratoriya bosqichini bajaradi. Bu 400 kishilik laboratoriya O‘zbekistonda mavjud ekanini anglatadi. Hakamlar hay’ati har bir qismni muhokama qildi. O‘zbekistonga ishonib topshirilgan ushbu olimpiada musobaqa tarixida eng yaxshilaridan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a emas. 58-xalqaro kimyo olimpiadasi nafaqat eng kuchli yosh kimyogarlar bellashuvi, balki yangi O‘zbekistonning ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi salohiyatini dunyoga namoyish etuvchi tarixiy voqeadir. Buni faqat biz emas, balki xorijlik mehmonlar, xalqaro ilmiy, boshqaruv qo‘mita vakillari ham e’tirof etmoqda.
* * *
Jon Leon KIAPPЕS,
xalqaro kimyo olimpiadasi boshqaruv qo‘mitasi raisi:
— Bu yilgi xalqaro kimyo olimpiadasi juda o‘zgacha bo‘ldi. Ushbu nufuzli olimpiada Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazildi. Kimyo faniga oid topshiriq va vazifalarda O‘zbekistonning boy tarixi, yurtingizdan yetishib chiqqan mashhur olimlar va muhim voqelar o‘z aksini topdi.
O‘zbekistonning milliy madaniyati va barchamiz guvoh bo‘lgan samimiy mehmondo‘stligi alohida bir mavzu. Bu yerda har bir ishtirokchi o‘zini chin dildan kutib olingandek his qildi. Ular mamlakatingizning uzoq va boy tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lganidan mamnun.
O‘zbekistonlik ishtirokchilarning olimpiadadagi natijalariga nazar tashlasak, ulardagi o‘sish chindan ham yuqori. Atigi bir necha yil ichidagi yutuqlar o‘quvchilar mehnat qilayotganini, shuningdek, ularning oilalari, ustozlari va ta’lim muassasalari mamlakat ta’lim tizimi tomonidan qanday kuchli qo‘llanilishini ko‘rdik.
* * *
Ben PILIGRIM,
Xalqaro ilmiy qo‘mitaning a’zosi:
— Kimyo ijodkorlikni rag‘batlantiradi va chegaralardan tashqariga chiqadigan do‘stlikni mustahkamlaydi. Joriy yil bu an’ana O‘zbekistonda o‘zgacha mazmun kasb etdi.
Olimpiada fan chegara bilmasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Xalqaro kimyo olimpiadasi mamlakatingiz ta’lim tizimi sifati, yoshlarni tayyorlash salohiyati va ilmiy maktablar raqobatbardoshligini namoyon etdi. Unda yurtingiz o‘quvchilarining munosib ishtirok etishi va yaxshi natijalarga erishishi O‘zbekistonda zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish hamda fundamental fanlarni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor natijasidir.
Bu shu paytgacha o‘tkazilgan eng yaxshi kimyo olimpiadalaridan biri bo‘ldi. Mezbonlar ajo¬yib mehmondo‘stlik, mazali taomlar, yoqimli sayohatlarni taqdim etdi. O‘zbekiston — qadimiy meros va zamonaviy taraqqiyot birlashadigan mamlakat. Tarixiy joylarga sayohatimiz unutilmas taassurotlarga oshno etdi. Lekin, menimcha, birinchi navbatda, murabbiylarni hayratda qoldirgan jihat yosh avlodga berilayotgan chuqur ta’lim bo‘ldi.
Kimyo olimpiadasi savollarining aksariyati mahalliy o‘zbek mualliflari tomonidan tayyorlangan. Ular murakkab savollar to‘plamini tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu savollar eng yaxshi o‘quvchilarni aniqlashda qo‘l keldi, shuningdek, barcha mamlakatlardan kelgan o‘quvchilarga turli mavzularda o‘z bilimlarini sinab ko‘rish imkonini berdi. Savollarda, shuning¬dek, O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan mavzularga e’tibor qaratilgan holda yoqimli milliy ruh ham bor edi. Masalan, afsonaviy olim Ibn Sino, uning laboratoriyasi, eliksirlari va yuzlab yillar oldin ishlagan birikmalari haqida.
* * *
Shomansur SAGDULLAYEV,
Fanlar akademiyasi birinchi vitse-prezidenti, akademik:
— Fan olimpiadalari markazi ish boshlaganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. O‘tgan ¬davrda O‘zbekiston terma jamoasi bir necha nufuzli xalqaro olimpiadada tarixiy natijalarga erishdi. Ushbu nufuzli musobaqada ham to‘rt o‘quvchimizning samarali ishtirok etishi, tashkiliy masalalarning bekamu ko‘stligi, barcha jarayonlarda xolislik, oshkoralik tamoyillariga amal qilingani mamlakatimiz ilmiy salohiyatini yana bir bor namoyish etdi.
Davlatimiz rahbarining asosiy talabi ham iqtidorli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish hamda jahon miqyosida vatanimiz dovrug‘ini keng taratgan buyuk ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalashdir.
Xalqaro olimpiadalar nafaqat ilm-fan yo‘nalishlarida musobaqalashish, shu bilan birga, 90 dan ortiq davlatdan kelgan ishtirokchilar, ularning murabbiylari, xalqaro ekspertlar uchun O‘zbekiston davlati va xalqimizning tarixi, madaniy merosi, tub islohotlarning natijalari bilan tanishish va xulosa qilish, yangi do‘stlar orttirish imkoniyati hamdir.
Shu nuqtayi nazardan, xalqaro kimyo olimpiadasi yoshlarni kimyo fanini chuqur o‘rganish, mustaqil fikrlash, ilmiy izlanish qilish va innovatsion g‘oyalar ustida ishlashga undaydi. Dunyoning eng iqtidorli o‘quvchilarini birlashtirgan bu nufuzli intellektual musobaqa ishtirokchilarning ilmiy tafakkurini sinovdan o‘tkazdi.
Bugungi kunda sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy ilmiy tadqiqotlar jadal rivojlanayotgan sharoitda olimpiada nafaqat iqtidorli yoshlarni aniqlash, balki kelajak olimlari, muhandislari va innovatsion iqtisodiyot uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Bunday nufuzli olimpiadalarda muvaffaqiyat qozonish mamlakatimizning ta’lim tizimi, ilmiy salohiyati va xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri