O‘zbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 288,1 mln kVt·soatga yetib, yangi rekord qayd etildi. Mazkur ko‘rsatkich 14-iyul kuni qayd etilgan yozgi maksimum — 284 mln kVt·soatdan 4,1 mln kVt·soatga yoki 1,44 foizga yuqori bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, 2026-yil 15-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 291,4 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatdi. Bu 14-iyul kuni qayd etilgan 287,3 mln kVt·soatlik maksimumdan 4,1 mln kVt·soatga yoki 1,43 foizga ko‘pdir.

Yuqori iste’mol davrida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida energetika korxonalarining avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlab, elektr tarmoqlaridagi nosozlik va avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etishmoqda.

Xususan, kecha ayrim hududlarda, jumladan, Toshkent shahrining Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Sergeli tumanlaridagi ayrim elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklar energetiklar tomonidan tezkor bartaraf etildi. Shuningdek, soat 10:56 da Farg‘ona viloyatidagi “L-Arsif-1” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik bo‘lgan. Buning oqibatida Quva tumanidagi ayrim iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan va ushbu nosozlik soat 11:35 da bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklangan.

16-iyul kuni soat 00:12 da Toshkent shahridagi podstansiyada nosozlik kuzatilgan. Buning oqibatida Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilash kuzatilmoqda. Energetiklar ushbu nosozlikni bartaraf etish ishlarini olib borishmoqda.

Elektr stansiyalar, podstansiyalar, transformator punktlari, elektr uzatish tarmoqlari hamda qurilmalarini yangilash, ularning quvvatlarini oshirish kabi qator ishlar bajarilmoqda. Bu esa, iste’molchilarni mavsumda elektr energiyasi bilan ta’minlash ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.

Yuqori iste’mol vaqtlarida ayrim hududlarda elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklar sababli elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkin. Energetiklar elektr ta’minotini barqaror saqlash uchun uzluksiz mehnat qilishda davom etadi. 

Yurtdoshlarimizdan esa iltimos — o‘zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qiling, issiq kunlarda salomatlikka e’tiborli bo‘ling hamda elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalaning. Bu bilan birgalikda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shamiz.