Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi shaxs noqonuniy boylik orttirish maqsadida xizmat mavqeidan foydalanib, o‘zganing ishonchiga kirgan.
Mansabdor shaxs mahalliy fuqaro tomonidan 2015-yilda Romitan tumani hokimligi zaxirasidagi 65 m² yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilgan savdo va xizmat ko‘rsatish binosini hamda unga tutash bo‘lgan 35 m² bo‘sh yer uchastkasini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qashqadaryo viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Ko‘kdala tumani bo‘limi bosh mutaxassisi 1964 y.t. fuqaroga 2019-yilda Chiroqchi tumani hokimi qarori bilan ajratib berilgan 1 sotix yer maydonini Kadastrlar palatasi tizimida ishlovchi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini tayyorlab, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.