Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining tezkor tuzilmalar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining mamlakat hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilishini aniqlash va fosh etish maqsadida «Xalqaro nazorat ostida yetkazib berish» tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.

Tezkor tadbir davomida 2009 yilda tug‘ilgan, ya’ni voyaga yetmagan shaxs Rossiyadan yuborilgan jo‘natmani qabul qilib olgan vaqtida ushlangan.

Jo‘natma xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganda, uning ichidagi 4 ta konserva qutisiga 852,2 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi yashirilgani aniqlangan.

Shuningdek, o‘smirning yashash honadon ko‘zdan kechirilganda, elektron tarozilar, giyohvandlik vositalarini tarqatishga mo‘ljallangan «zip» paketchalar hamda izolyentalar borligi aniqlanib, ashyoiy dalil sifatida olingan.

Ma’lum qilinishicha, 852,2 gramm «gashish» o‘rtacha hisobda 60 ming dozadan ortiqni tashkil etadi. Ushbu miqdordagi giyohvandlik vositasining qora bozordagi qiymati qariyb 600 ming AQSh dollariga baholangan.

Holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bojxona qo‘mitasi ota-onalarni farzandlariga nisbatan e’tiborni susaytirmaslikka, xususan, ularning ijtimoiy tarmoqlarda kimlar bilan muloqot qilayotgani va bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganiga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirdi.