Oʻtgan davrda Iqtisodiyotni liberallashtirish, valyuta siyosati va tashqi savdo tizimini erkinlashtirish boʻyicha muhim qarorlar qabul qilindi. Mamlakatda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash va biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Hududlarni kompleks rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash maqsadida minglab investitsiya va infratuzilma loyihalari hayotga tatbiq etildi. Raqamli iqtisodiyot rivojlanish bosqichiga kirdi. Kambagʻallikni qisqartirish va aholining daromadlarini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy qilindi.
Albatta, mamlakat iqtisodiyotining bunday shiddat bilan taraqqiy etishi – Oʻzbekistonning bundan 10-yil oldingi holati va davlat rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi, qabul qilingan muhim strategik dasturlar hamda ularning ijrosi bilan chambarchas bogʻliq.
Iqtisodiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sharofiddin Nazarovning “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak” nomli kitobini mutolaa qilish orqali ham anglash mumkin.
Bugun, 19-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mazkur kitobning taqdimotiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston fanlar akademiyasi mutasaddilari va iqtisodchi olimlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, ilmiy jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida ushbu asar shunchaki oʻtmish voqealarining xronikasi yoki quruq iqtisodiy raqamlar toʻplami emas, balki yurtimiz bosib oʻtgan ziddiyatli va murakkab yoʻlning xolis, tanqidiy va ilmiy nigoh bilan qilingan tahlili mahsuli, deya eʼtirof etildi. Kitobning markaziy falsafasini, muallif tili bilan aytganda, «Evrilish nuqtasi» konsepsiyasi tashkil etishi taʼkidlandi.
Tadbirda soʻz olganlar kitobning «Evrilish nuqtasi» jamiyat yoki davlat rivojlanishidagi muhim burilish pallasi ekani, unda eskicha tizim va inqirozga yuz tutgan modeldan voz kechib, tubdan yangilanish va yuksalishga oʻtish jarayoni yoxud xatolarni tan olmasdan, eskilikni ushlab qolishga urinib, tanazzulga yuz tutish toʻgʻrisidagi haqiqatlar tilga olingani, muallif Oʻzbekistonning yaqin va uzoq tarixini aynan mana shu davr koʻzgusi orqali tahlil qilgani xususida fikr-mulohazalar bildirdilar.
Shuningdek, taqdimotda ushbu risola orqali muallif dastlab milliy davlatchiligimiz tarixidagi ikkita butunlay farqli davrni qiyoslashi soha olimlari tomonidan alohida qayd etildi.
Birinchisi – ochiqlik, ilm-fan va xalqaro iqtisodiy integratsiyaga tayangan, mintaqani dunyoning markaziga aylantirgan Temuriylar Renessansi. Ikkinchisi esa dunyodagi global texnologik trendlarni va sanoat inqilobini payqamay qolgan, ichki nizolar va mutaassiblik botqogʻiga botgan, natijada geosiyosiy izolyatsiya va mustamlakachilikka yuz tutgan Temuriylardan keyingi davr. Muallif bu ikki davrni shunchaki tarix sifatida eslamaydi, balki ularni bugungi kunimiz uchun teran bir koʻzgu sifatida mulohaza qiladi.
Taqdimotda mazkur kitobning faqatgina salbiy tahlillardan iborat emasligi, uning ikkinchi, ijobiy qismi jamiyatimizdagi tub burilishlar davriga bagʻishlangani alohida taʼkidlandi. Jumladan, muallif 2016-yilni mamlakatimiz tarixidagi yangi va muzaffar “Evrilish nuqtasi” sifatida baholaydi. Kitobning «Yangi boshqaruv falsafasi» bobida esa «Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan ezgu tamoyilning hayotimizga kirib kelishi, majburiy mehnat zanjirlarining uzilishi va soʻz erkinligining taʼminlanishi tizimli tahlil etilgan.
Ijtimoiy ozodlik ortidan iqtisodiy ozodlik – yaʼni, kichik biznes, xususiy mulk va mulk daxlsizligi davlatning bosh ustuniga aylangani «Tadbirkorlik fenomeni» bobida chuqur ilmiy-iqtisodiy asoslab beriladi.
Risoladan yurtimiz bosib oʻtgan ziddiyatli yoʻlning xolis nigoh bilan qilingan tahliliy mulohazalar oʻrin olgan boʻlib, unda muallif uzoq va yaqin oʻtmishimizdagi tanazzul sabablari va jamiyatning yoʻqqa chiqarilgan imkoniyatlari haqida ochiq fikr yuritadi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab yuzaga kelgan paradokslar, iqtisodiy siyosatning eng ogʻriqli nuqtalari, kelajakda takrorlanmasligi kerak boʻlgan anglashga yoʻnaltirilgan oʻz mulohazalari bilan oʻrtoqlashadi.
Kitobni mohiyatan oʻtmishdagi ajdodlar nafasini bugungi kun shiddati bilan bogʻlashga boʻlgan urinish, deyish mumkin. Tarixiy xotiralardan olingan saboqlar shunchaki oʻtmish emas, balki kelajakni yorituvchi “maʼnaviy mayoq” sifatida talqin etiladi.
Risolada “Isteʼmol bozoridagi «oʻyinlar”, “Islohotlar imitatsiyasi”, “Yangi boshqaruv falsafasi” kabi muhim mavzularga bagʻishlangan tahliliy fikr-mulohazalar ham berilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasiga mazkur kitob toʻplamlari sovgʻa qilindi.