Bugungi shiddatli zamonda hayot charxi shunchalik tez aylanayaptiki, ko‘z o‘ngimizda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlarning tub mohiyatini anglashga baʼzan ulgurmay ham qolayapmiz. Ayniqsa, axborot texnologiyalari olamidagi inqilobiy yangiliklar endi shunchaki “texnika mo‘ʼjizasi” emas, balki kundalik turmushimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgirdi. Bugun bot-bot quloqqa chalinadigan, biroq ko‘pchilik uchun hali-hamon jumboqligicha qolayotgan tushunchalardan biri, shubhasiz, sunʼiy intellektdir. Yosh avlod bu yangilikni xuddi havodek tabiiy qabul qilib, undan unumli foydalanishga intilayotgan bir paytda o‘rta va katta avlod vakillarida bir oz hadik, tushunmovchilik yoki savollar tug‘ilishi tabiiy hol.

Umrini mehnat va hayotiy tajriba to‘plashga bag‘ishlagan ota-onalarimiz, texnologiyalardan oz bo‘lsa-da xabardor nuroniy otahonu onaxonlarimiz sunʼiy intellekt aslida nima ekani, u bizga do‘stmi yoki dushmanmi degan savollarga ich-ichidan oddiy va xalqchil tilda javob izlaydi. Yaqinda yoshi oltmishga yaqinlashib qolgan tog‘amga sunʼiy intellekt nimaligini tushuntiraman deb bir soat vaqtim ketdi. Shunday ekan, murakkab ilmiy atamalarni chetga surib, bu “mo‘ʼjiza”ni o‘zbekona qarashlarimiz orqali tushuntirib berish bugunning muhim vazifasidir.

Aslida, sunʼiy intellekt fantastik filmlarda ko‘rsatilganidek, odamlarni asir oladigan temir robotlar yoki qandaydir sehrli kuch emas. Uni soddagina qilib “raqamli aql” desak bo‘ladi. Bu insonning fikrlash qobiliyati, mantiqi va xotirasining kompyuter dasturlari yordamida yaratilgan o‘ziga xos nusxasidir. Tasavvur qiling, shunday bir kutubxonachi borki, u dunyodagi barcha kitoblarni o‘qib chiqqan, Yer yuzidagi barcha tilni biladi va siz so‘ragan har qanday maʼlumotni soniya­ning mingdan bir ulushida topib beradi. Yoki charchoq nimaligini bilmaydigan, minglab sahifa hujjatlarni bir zumda tahlil qilib, xulosa aytadigan mohir yordamchini ko‘z oldingizga keltiring. Mana shu cheksiz bilim va o‘rganish qobiliyatiga ega tizim sunʼiy intellektdir. U shunchaki buyruqni bajaruvchi quruq mashina emas, balki xuddi yosh bola kabi o‘z xatolaridan xulosa chiqarib, kundan kunga “aqlli” bo‘lib borayotgan “tirik” jarayondir.

Raqamli aqllning hayotimizdagi o‘rni

Bu raqamli tafakkur bugun deyarli har bir soha kirib borib, odamzodning og‘irini yengil, uzoqini yaqin qilmoqda. Tibbiyot sohasini olaylik: rivojlangan davlatlarda aqlli tizimlar shifokorlarning eng yaqin yordamchisiga aylangan. Masalan, kompyuter dasturlari rentgen yoki tomografiya tasvirlarini tahlil qilib, hatto, eng tajribali shifokorning ko‘zi ilg‘amaydigan mitti o‘zgarishlarni, xususan, saratonning ilk belgilari aniqlab beryapti. Bu esa har yili minglab insonlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qilmoqda. Qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlar ham hayratlanarli. Yaponiya yoki Isroil kabi yer va suv qadrli davlatlarda sunʼiy aql tuproqning namligi, ob-havo va ekinning holatini o‘rganib, qachon va qancha suv yoki o‘g‘it berishni aniq hisob­lab beradi. Natijada isrofgarchilikka chek qo‘yilib, mo‘l va barakali hosil olinmoqda.

Taʼlim tizimida esa bu texnologiya har bir bolaning qobiliyatiga qarab dars o‘tish uslubini belgilab beryapti. Xitoy maktablarida joriy etilgan tizimlar o‘quvchining qaysi mavzuda qiynalayotganini sezib, o‘qituvchiga darsni qanday o‘zgartirish bo‘yicha maslahatlar beradi. Iqtisodiyot va moliya sohasida mil­lionlab amallarni bir zumda tekshirib, firibgarliklarning oldini olish, bozor­lardagi narx-navoni oldindan faraz qilish ham aynan shu tizimlar zimmasida. Hattoki, ko‘chalarda mashinalarning haydovchisiz harakatlanishi ham bugun oddiy holatga aýlanib bormoqda. Bularning barchasi inson hayotini yanada xavfsiz va farovon qilishga qaratilgan amaliy ­qadamlaridir.

Kelajak manzaralari va o‘rinsiz xavotirlar

Kelgusida bu texnologiya hayot tarzimizni butunlay yangicha o‘zanга burib yuborishi shubhasiz. Yaqin o‘n yilliklarda insoniyat o‘ta og‘ir, salomatlik uchun xavfli va bir xil takrorlanadigan jismoniy mehnatdan to‘liq xalos bo‘lishi kutilmoqda. Yer osti shaxtalarida qazish ishlari, zaharli kimyoviy zavodlardagi yumushlar yoki favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlari to‘liq robotlar va ularni boshqaruvchi aqlli tizimlar ixtiyoriga o‘tadi. Shuningdek, millatlar o‘rtasidagi til to‘siqlari ham butunlay barham topadi. Siz o‘z ona tilingizda gapirasiz, mitti qurilma esa so‘zlaringizni suhbatdoshingiz tiliga o‘sha zahotiyoq, his-tuyg‘ulari bilan mutlaqo xatosiz tarjima qilib beradi. Bu esa dunyo xalqlari o‘rtasidagi ilm, savdo va do‘stlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Albatta, har qanday buyuk ixtiro kabi sunʼiy intellektning ham xavotirli jihatlari yo‘q emas. Eng ko‘p tarqalgan qo‘rquv “Texnika hamma ishni bajarsa, biz ishsiz qolamizmi?” degan savoldir. Biroq tarixga nazar solsак, har bir yangilik o‘zi bilan birga yangi imkoniyatlar olib kelganiga guvoh bo‘lamiz. Bir vaqtlar avtomobil chiqqanda, arava yasab tirikchilik qiladiganlar xavotirga tushgan. Lekin avtomobilsozlik, yo‘l qurilishi va mexanika sohalarida millionlab yangi ish o‘rinlari ochildi. Sunʼiy intellekt ham shunday: eski va bir xil takrorlanadigan ishlar kamayса-da, o‘rniga tizim operatorlari, maʼlumot tahlilchilari va ijodiy yondashuv talab qiladigan mutlaqo yangi kasblar paydo bo‘ladi. Asosiyси, zamon bilan hamnafas bo‘lish va o‘qib-o‘rganishdan to‘xtamaslikdir.

Yana bir muhim jihat — axborot xavfsizligi. Bugun aqlli tizimlar yordamida kishining ovozi yoki qiyofasini soxtalashtirish imkoni tug‘ildi. Shunday firibgarliklardan himoyalanish uchun qonunlarimizni bundan-da takomillashtirish, eng muhimi, aholining raqamli savodxonligini oshirish lozim. Odamlar nima haqiqatу, nima yolg‘onligini farqlashi uchun bu texnologiyalarni maktab yoshidanоq o‘rgatish zarur. Aynan shuning uchun ham yoshi ulug‘larimiz yangilik­lardan o‘zini chetga olishi emas, aksincha, ularning mohiyatini tushunib, farzandlari qanday dunyoda yashayoganini his qilishlari har qachongidan ham dolzarb.

 

Uchinchi Renessans va tarixiy missiya

Bugun O‘zbekiston Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘vor maqsad sari bormoqda. Shonli tariximiz shuni ko‘rsatadiki, ajdodlarimiz ilm-fan cho‘qqisida turganida dunyoni hayratga solgan. Qizig‘i shundaki, bugungi raqamli olamning asosi bo‘lgan “algoritm” so‘zi bevosita buyuk vatandoshimiz Muhammad Xorazmiy nomi bilan bog‘liq. Demak, bugun bizni hayratga solayotgan ushbu texnologiyaning mantiqiy ildizlari aynan bizning zaminда vujudga kelgan. Shunday ekan, bu sohada yetakchi bo‘lish biz uchun shunchaki iqtisodiy ehtiyoj emas, balki qon-qonimizga singib ketgan tarixiy burchdir.

Yangi O‘zbekiston yoshlari chet el das­turlarini ishlatuvchi “isteʼmolchi” emas, balki jahon bozoriga munosib yechimlar taklif qila oladigan kashfiyotchi bo‘lishi shart. Buning uchun yoshlarimizga aniq fanlarni o‘rgatish bilan birga, milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik va boy tariximizni hurmat qilish tuyg‘ularini ham singdirishimiz ayni muddao. Faqat zamonaviy bilim va milliy tarbiyani jamlagan yoshlargina chinakam ­Uchinchi ­Renessans bunyodkorlari bo‘la oladi. Yoshlar taʼlimiga va AT sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor ham aynan mana shu strategik maqsadga xizmat qilmoqda.

Milliy o‘zlik va qadriyatlarni asrash dolzarbligicha qoladi

Sunʼiy intellekt shiddat bilan rivoj­lanayotgan davrda milliy o‘zlikni saqlab qolish — eng ustuvor vazifa. Global tarmoqda minglab madaniyatlar to‘qnashayogan bir paytda go‘zal tilimizni va boy qadriyatlarimizni raqamli olamga ko‘chirishimiz hayot-mamot masalasidek gap. Chunki aqlli tizimlar faqat o‘ziga kiritilgan maʼlumotlar asosida “fikrlaydi”. Agar biz Navoiy va Qodiriýlar merosini, dostonlarimiz va milliy xazinamizni bu tizimlarga joylamasak, ertaga farzandlarimizga begona madaniyatlar taʼsiridagi “aqlli yordamchilar” tarbiya beradigan bo‘lib qoladi. Yoshlarimiz raqamli dunyoda nafas olar ekan, bu muhit o‘zbekona ruh va milliy qadriyatlarimiz bilan sug‘orilgan bo‘lishi shart.

Bu yo‘lda yosh olim va dasturchilarimiz zimmasida ulkan masʼuliyat turibdi. Biz texnologiyani rivojlantirish orqali nafaqat boyishni, balki maʼnaviy jihatdan yengilmas jamiyat qurishni maqsad qilganmiz. Chet eldan yopirilinib kelayotgan “ommaviy madaniyat” xurujlariga qarshi raqamli mudo­faamiz ham milliy, ham o‘ta innovatsion bo‘lishi lozim.

Ochiq ko‘ngil bilan taraqqiyot sari

Insoniyat tarixidagi har qanday buyuk kashfiyot — olov bo‘ladimi, atom energiyasimi yoki sunʼiy intellektmi — o‘z-o‘zidan yaxshi yoki yomon bo‘lmaydi. Hammasi insonning niyatiga va undan qanday maqsadda foydalanishiga bog‘liq. Tarix shuni isbotladiki, yangilikdan qo‘rqib, o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan xalqlar taraqqiyotdan ortda qolib, o‘zgarlarga qaysidir taraflama qaram bo‘lgan. Aksincha, o‘zgarish­larni dadil qabul qilib, ularni o‘z manfaati yo‘lida ishlata olganlar dunyo yetakchisiga aylangan. Bugun O‘zbekiston ham shu yo‘ldan bormoqda — aqlli texnologiyalardan xalqimiz farovonligi yo‘lida jasorat bilan foydalanishimiz lozim.

Ota-onalar farzandlari zamonaviy bilimlarni egallashida ularga ko‘makchi va dalda bo‘lishi ayni muddao. Ular kompyuter qarshisida o‘tirganida “Shu o‘rganganing bilan el-yurtga qanday foyda keltirasan?” degan olijanob savol orqali fikrlashga chor­lashi maqsadga muvofiq. Zero, yoshlarimiz bir qo‘lida eng so‘nggi texnologiyani, ikkinchi qo‘lida esa bobolaridan meros qolgan maʼnaviyatni mahkam tutgan holdagina eng baland cho‘qqilarni zabt etishga qodir bo‘ladi.

Sunʼiy intellekt — insoniyat tafakkurining bugungi kundagi eng yuksak cho‘qqisi. Biroq ilm-fan va texnologiya har qancha rivojlanmasin, doimo inson ongi, uning mehrga to‘la qalbi va yuksak ruhiyati olamni harakatlantiruvchi oliy xilqat bo‘lib qolaveradi.

 Jonibek ALIJONOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri