Dunyoning qaysi burchagiga bormang, qaysi sivilizatsiyaning tarixini varaqlamang, barchasida bir haqiqat mushtarak: jamiyat va davlatning kuch-qudrati oiladan boshlanadi. Shu moʻjazgina makonda ulkan bunyodkorlik gʻoyalari tugʻiladi, kelajak egalari kamol topadi. Demakki, mamlakatning ertangi kuni shu kichik qoʻrgʻon sohibu sohibalariga chambarchas bogʻliq.
Oila — avlodlar orasida mustahkam
koʻprik, qadriyatlar asraluvchi oltin qoʻrgʻon, muhim ijtimoiy institut. Shu
bois, hech qaysi davlat bu asriy tuzilmaga beeʼtibor qaray olmaydi. Yangi
Oʻzbekistonda esa bu masalada aniq va izchil siyosat yuritilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Osiyo
xotin-qizlarining ikkinchi forumi ishtirokchilariga
yoʻllagan murojaatida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish,
pirovardida oilalar farovonligiga koʻmaklashish yangi Oʻzbekiston
islohotlarining ustuvor yoʻnalishiga aylangani taʼkidlanib, oila institutini
tadqiq etish boʻyicha ilmiy muassasalar tarmogʻini shakllantirish, shuningdek,
eng ilgʻor tajribalarni oʻzaro almashish kutilgan samarani berajagiga ishonch
bildirdi.
Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining
tegishli majlisi bayoni bilan belgilangan ushbu oylik oila institutiga
strategik yondashuv oʻlaroq, Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi,
amaldagi qonunchilik va ijtimoiy siyosatni ham oʻzida mujassam etadi.
Oʻzgarish va islohotlar, olinayotgan baland marralar bugun 10
milliondan ortiq oilaning barida oʻz aksini koʻrsatmoqda. Yil sayin oilaviy
korxonalar soni ortayotgani, tadbirkor, omilkor oilalar safi kengayayotgani,
dunyoning manaman degan yetakchi dorilfununlarida oʻqib, ilm urfonida
choʻqqilarni zabt etayotgan maʼrifati yuksak farzandlarimiz ziyoli oilalarda
voyaga yetayotgani fikrimizni yana bir karra dalillaydi.
“Oilamiz — kelajagimiz” oyligi doirasida ibratli oilalarni
izlab topish, ragʻbatlantirish hamda boy hayotiy tajribasini ommalashtirish
maqsad qilingan. Uzoq yillar davomida ahil-inoq yashab, farzandlarini
vatanparvar va maʼrifatli insonlar etib tarbiyalagan oilalar — davlatning eng
katta boyligi. Ularning hayot yoʻli yosh avlodga yoʻlchiroq vazifasini oʻtaydi.
Shu bois, “Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasi”
koʻrik-tanlovi hududlarda katta ishtiyoq va shukuh bilan oʻtkazilmoqda. Tanlov
kitobxonlik, hunarmandlik, tadbirkorlik, sogʻlom turmush tarzi, tomorqadan
unumli foydalanish, eng muhimi, farzand tarbiyasiga masʼuliyat kabi
yoʻnalishlarni qamrab oladi. Bu yoʻnalishlarning har birida yurtimiz rivoji
uchun dolzarb hisoblagan ijtimoiy masalalar oʻrin olgan. Tanlov doirasida
oilalarning hayotiy tajribasi, farzand tarbiyasiga yondashuvi, oiladagi
maʼnaviy muhit, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat anʼanalariga eʼtibor qaratiladi.
Harbiy xizmatchilar oilalarida sogʻlom maʼnaviy muhit,
vatanparvarlik, sadoqat va oilaviy birdamlikni keng targʻib qilish maqsadida
“Yangi Oʻzbekistonning ibratli harbiy oilalari” koʻrik-tanlovini tashkil etish
belgilangan. Ushbu tashabbus vatan himoyachilari oilalaridagi fidoyilik,
sabr-matonat va ibratli tarbiya muhitini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim
ahamiyat kasb etadi.
Oylik doirasida sadoqat, oʻzaro hurmat, farzand tarbiyasida
masʼuliyat, mahalla va jamoat ishlarida faollik, milliy qadriyatlarga sodiqlik
kabi fazilatlari bilan namuna boʻlayotgan oilalarni “Ibratli oila” koʻkrak
nishoni bilan taqdirlash marosimini yuqori saviyada tashkil etish nazarda
tutilgan.
Oʻtgan yili koʻkrak nishoniga munosib koʻrilgan ikki mingta
fayzli xonadonning darvozasini ushbu nishon bezab turibdi. Ibratli oilalar
koʻchasidan oʻtib-qaytgan kishi borki, nishonga havas bilan qaraydi, oʻzining
oilasi ham bu sharafga loyiq boʻlishi uchun yangi qadamlar tashlaydi. Joriy
yilda ham ikki mingta oila mazkur yuksak nishon bilan taqdirlanadi.
Bugun oilani asrab-avaylovchi, barcha kattayu kichikni oʻz
atrofida birlashtiruvchi ayollar mehnati ham munosib baholanmoqda. Joriy yilda
taʼlim, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik va ijtimoiy
sohalarda fidoyilik bilan xizmat qilgan 351 xotin-qizga “Moʻtabar ayol” koʻkrak
nishoni topshirildi. Markaziy shaharlardan tortib, chekka qishloq va
ovullargacha — oila va jamiyat barqarorligiga munosib hissa qoʻshayotgan bu
fidoyi ayollar safida mahallaning vijdoni, oilalarning totuvlik timsoli boʻlgan
opa-singillarimiz bor. Prezidentimizning “Maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli
onalarsiz qurib boʻlmaydi!” degan gʻoyasi aynan shu nishonning mohiyatida
mujassam. Mukofotlangan har bir ayol siymosida oilaning, mahallaning, yurtning
iftixorini koʻrgandek boʻlamiz.
Endigina tetapoya boʻlib kelayotgan, oldiga ulkan marralarni
qoʻyib kechagina yangi hayot boshlagan yosh oilalar chetda qolgan emas. Bunday
oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularda sogʻlom oilaviy muhit, masʼuliyatli
ota-onalik, oʻzaro ishonch va mehr-oqibat tamoyillarini mustahkamlash maqsadida
“Eng namunali yosh oila” tanlovi oʻtkaziladi. Bu tanlov esa munosiblarni
jamiyatda faol, maʼnaviyatli, vatanparvar va farzand tarbiyasiga masʼuliyat
bilan yondashuvchi oila sifatida namoyon etishga xizmat qiladi.
Har qanday islohotlarning kishilar hayot tarziga taʼsiri,
yutuqlari, kamchiliklari va istiqbolini baholaydigan oʻz barometrlari boʻladi.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Yangi
Oʻzbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion
yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi.
Anjumanda oila institutini mustahkamlash, zamonaviy oila modelini
shakllantirish, milliy qadriyatlar va ilmiy yondashuvlar uygʻunligini
taʼminlash, shuningdek, oilaviy munosabatlarda barqarorlik va farovonlikni
oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Bugun zamonaviy jamiyatlarda oilaviy
ajrashishlar, yoshlar orasida nikohga loqaydlik, farzand tarbiyasidagi
boʻshliqlar kabi masalalar har qachongidan ham dolzarb. Chunki ular mintaqaviy
emas, global muammolarga aylanib ulgurdi. Ularni bartaraf etishda milliy va
jahon tajribasi uygʻunlashuvi shart.
Anjuman aynan shunday platforma vazifasini oʻtaydi: olim va
amaliyotchilar, siyosatchi va tarbiyachilar, mahalla xotin-qizlar faollari va
nuroniylar bir davra boʻlib, mavjud holatni tahlil qiladi, eng muqobil
takliflarni ilgari suradi.
“Saodatli oilalar sayli” kabi sayillarda bir necha avlod
vakillari birga istiqomat qilayotgan xonadonlar, koʻp yillik oilaviy hayot tajribasiga
ega nuroniylar, ibratli kelin-kuyovlar, yosh oilalar hamda mahalla faollari
ishtirokida samimiy muloqotlar tashkil etiladi. Ularda oilaviy totuvlik,
sabr-qanoat, oʻzaro tushunish, farzand tarbiyasi, kelin-qaynona
munosabatlari, oilada maʼnaviy muhitni sogʻlom saqlash kabi mavzular hayotiy
misollar asosida yoritiladi.
Tadbirlar doirasida “Oila — muqaddas qoʻrgʻon”, “Oilaviy
anʼanalar — maʼnaviy meros”, “Ota va ona — oila tayanchi”, “Farzand tarbiyasi —
kelajak poydevori”, “Oilada sogʻlom muhit va oʻzaro hurmat” kabi mavzularda
uchrashuvlar, davra suhbatlari va maʼnaviy-maʼrifiy muloqotlar oʻtkazilishi
muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, taʼlim muassasalarida yoshlar bilan oilaga
tayyorgarlik, masʼuliyatli nikoh, oilada oʻzaro ishonch va hurmat, ota-onalik
burchi, milliy qadriyatlar va zamonaviy hayot uygʻunligi haqida ochiq
muloqotlar tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
Mahallalarda esa “Ahil oila kunlari”
doirasida oilaviy ajrashish bilan bogʻliq muammolarni barvaqt aniqlash,
nizoli oilalar bilan individual ishlash, huquqiy, psixologik, tibbiy va
pedagogik maslahatlar berish, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan
amaliy tadbirlar oʻtkaziladi. Bu — profilaktik yondashuv. Oiladagi munosabatlar
darz ketishidan oldin erta aniqlash va muqobil yechimlarni topish oqil va odil
yoʻldir.
Xotin-qizlar
va onalarning maʼnaviy-maʼrifiy faolligini oshirish maqsad qilingan “Kitobxon
onalar kuni” loyihasi doirasida kitobxonlik tadbirlari, oilaviy mutolaa
kechalari, onalar va qizlar ishtirokida adabiy uchrashuvlar tashkil etiladi.
Ota-ona va farzandlarni bir kitob atrofida jamlaydigan bunday tadbirlar oilada
maʼnaviy muhitni boyitishga xizmat qiladi. Zero, kitobxon oilada maʼrifatli
farzandlar voyaga yetadi. Maʼrifatli avlod esa millatning istiqboli, ertasidir.
Oilaviy
munosabatlarni sogʻlomlashtirishga qaratilgan “Oila kvesti”, “Sevgan ovqatni
birgalikda tayyorlash”, “Oila davrasida koʻramiz”, “Borligingiz uchun rahmat!”
kabi maʼrifiy tadbirlar ham alohida ahamiyatga ega. Ushbu tashabbuslar oila aʼzolari
oʻrtasida mehr-muhabbatni kuchaytirish, bir-birini qadrlash, ota-onaga hurmat
va farzandlarga eʼtiborni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat asosi.
Qayd etish kerak, ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Ayollar
sport olimpiadasi”, bir-biridan qiziqarli sport tadbirlari, oilaviy yurishlar,
marafonlar, stol tennisi, shaxmat, shashka va yengil atletika boʻyicha
musobaqalar oʻz atrofida yuzlab, minglab xotin-qizlarni birlashtira oldi.
Momolarimiz topib aytgan: sogʻlom onadan sogʻlom farzand dunyoga keladi.
Demakki, har qanday taraqqiyot avvalida tan sihatligi ustuvor. Shu bois, ushbu
musobaqalar onalar, oilalar oʻrtasida ham sportni ommalashtirish, muntazamlikni
taʼminlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Bu ezgu tashabbuslar poydevorini mustahkamlash va oila
institutini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining uzoq muddatli
yoʻnalishlarini belgilash maqsadida “2026-2036-yillarda Oʻzbekistonda oila
farovonligi” konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyihani oilani
jamiyatning birlamchi boʻgʻini, qadriyatlar, ijtimoiy normalar va inson
kapitalini shakllantiruvchi bosh institut sifatida eʼtirof etuvchi,
davlatimizning istiqboldagi oʻn yilga moʻljallangan strategik xaritasi, deyish
mumkin.
Konsepsiyaning mohiyati teran va keng qamrovli. Unga koʻra,
2036-yilga borib, jamiyatimizda nikohga kirishish boʻyicha madaniyat qaror
topishi, ajrimlar koeffitsiyenti barqaror pasayib, oilaviy birdamlik yanada
mustahkamlanishi koʻzda tutilmoqda. Oiladagi zoʻravonlikning har qanday
koʻrinishining tizimli oldi olinib, jabrlanuvchilar uchun manzilli, tezkor va
oʻz vaqtidagi himoya mexanizmi toʻliq ishga tushiriladi. Oila tarkibidan qatʼi
nazar — toʻliqmi yoki notoʻliq — bolalar xavfsiz va rivojlantiruvchi muhitda
voyaga yetadi.
Oilalar barqaror daromad manbalariga ega boʻlib, ehtiyojmand
xonadonlarga koʻrsatilayotgan yordam ularni iqtisodiy jihatdan mustaqil
subyektga aylantirishga yoʻnaltiriladi. Har bir oila aʼzosiga tibbiy va
psixologik yordam olish imkoniyati yaratiladi, ogʻir hayotiy vaziyatga tushib
qolganlar esa oʻz mahallasida yoxud eng yaqin xizmat nuqtasida kompleks koʻmak
oladi.
Yana bir muhim jihat shundaki, konsepsiyada bolalar
farovonligi, xavfsizligi, jismoniy va intellektual kamoloti ustuvor. Zamonning
yangi global masalalari — mehnat migratsiyasi, raqamli makondagi xatarlar,
raqamli zoʻravonlik, tanishuv platformalarining tartibsizligi kabi dolzarb
masalalarga ham aniq yechimlar taklif etilmoqda.
Jumladan, transchegaraviy huquqiy va psixologik koʻmak
koʻrsatuvchi koʻp tarmoqli “ishonch telefoni” hamda onlayn konsultatsiya
tizimi, masofaviy mediatsiya xizmatlari, shuningdek, “Oilaga doʻstona ish
beruvchi” standarti asosida shaxsiy hayot va mehnat muvozanatini himoya qilish
mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Ayni vaqtda konsepsiya oilani iqtisodiy yoki ijtimoiy birlik
emas, avvalo, xalqimizning maʼnaviy-axloqiy, madaniy va tarixiy qadriyatlarini
asrab-avaylovchi muqaddas dargoh sifatida eʼtirof etadi. Zotan, farovon oila
moddiy barqaror boʻlishi bilan birga vatanga muhabbat, avlodlar oʻrtasidagi
oʻzaro hurmat, ona tiliga sadoqat, milliy oʻzlikni anglash kabi fazilatlarni
farzandlariga tabiiy singdira oladigan maskandir. Aynan oila qadriyatlar
avloddan avlodga uzluksiz oʻtkaziladigan, oʻrni boshqa biror institut bilan
toʻldirib boʻlmaydigan yagona makondir.
“Farovon oila” modeli muammolardan mutlaqo xoli ideal
tuzilmani emas, balki yuzaga kelayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik
qiyinchiliklarni mustaqil yengib oʻta oladigan, yetarli ichki resurslar va
tizimli qoʻllab-quvvatlovga tayangan oilani koʻzda tutadi. Davlat bu oʻrinda
oila oʻrnini bosmaydi, uning ichki masʼuliyatini zimmasiga olmaydi, balki oila
oʻz qadriyatlarini mustahkamlab, keyingi avlodlarga munosib meros qoldirishi
uchun zarur shart-sharoitni yaratib beradi. Muhimi, ushbu konsepsiya BMTning
tegishli konvensiyalari, Barqaror rivojlanish maqsadlari va xalqaro mehnat
standartlari bilan uygʻun tarzda amalga oshiriladi. Bu esa yurtimiz oila
siyosatining ham milliy, qolaversa, global talablar darajasida ekanini yana bir
karra tasdiqlaydi.
Bugun yurtimizdagi
har bir ijtimoiy-siyosiy islohot markazida inson va uning qadri turibdi. Inson
oilada ulgʻayadi, oilada kamol topadi. Oila qancha mustahkam boʻlsa, jamiyat
shuncha barqaror boʻladi. Oilamiz bizning ertamiz, kelajagimiz. Kelajak
bugundan boshlanar ekan, demak, bugun oilalar baxtli, saodatli yashashi kerak.
Oʻz oilamizni asrash va mustahkamlash esa har birimiz uchun ham masʼuliyatli,
ham sharafli burchdir.
Zulayho MAHKAMOVA,
Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi