Shu bois, bugun yurtimizning turli hududida yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilyapti. Bu salmoqli ishga xorijiy investorlar jalb qilinmoqda. Zamonaviy texnologiyalar asosida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur sa’y-harakatlar esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda “yashil” energetika bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri bo‘lishini ta’minlaydi.
Ushbu ishlarning mantiqiy
davomi sifatida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida ham
barcha binolarimizni qamrab oluvchi yuqori quvvatli quyosh elektr stansiyasi ishga
tushirildi. Ushbu tizim universitetni arzon va toza energiya bilan ta’minlash
barobarida talabalar va xodimlar uchun amaliy ta’lim maydoni bo‘lib xizmat
qilmoqda.
Urganch davlat
universiteti 2023-2024 yillarda amalga oshirilgan yirik infratuzilma loyihasi
doirasida butunlay yangi energetika tizimiga o‘tdi. OTMning barcha asosiy binolari
va akademik majmualariga o‘rnatilgan quyosh panellari kompleksi bugun hududdagi
eng yirik ta’lim energetika tizimlaridan.
Xususan, 3764 ta quyosh
paneli o‘rnatilgan bo‘lib, har birining o‘rtacha quvvati 0,55 kilovattdan iborat.
Natijada tizimning umumiy quvvati 2070,2 kilovattni tashkil etadi. Ushbu quvvat
yiliga taxminan 3,2 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish
imkonini beradi. Loyiha nafaqat iqtisodiy, balki ekologik jihatdan ham muhim
ahamiyat kasb etib, yiliga o‘rtacha 2450 tonna uglerod dioksidi gazi atmosferaga
tarqalishining oldini oladi. Tizimning amortizatsiya muddati 25 yil etib
belgilangan va uzoq muddatli barqaror ishlashga mo‘ljallangan. Shu bilan birga,
loyiha to‘liq avtomatlashtirilgan to‘r tizimi asosida ishlaydi va universitetdagi
hammа binoni qamrab olgan holda yagona energiya infratuzilmasini shakllantiradi.
Bu tizim universitetga iqtisodiy jihatdan ham sezilarli foyda keltirmoqda.
Bundan tashqari, Urganch
davlat universiteti talabalari, magistrlari va yosh mutaxassislari muqobil
energetika manbasiga doir katta innovatsion tadqiqotlar loyihasi ustida
ishlamoqda. Bu loyiha Xorazm viloyatining o‘ziga xos geografik va tabiiy iqlim
sharoitidan kelib chiqib ishlab chiqilgan hamda hududning barqaror energetik
mustaqilligiga erishishiga yo‘naltirilgan.
Xorazm viloyati Markaziy
Osiyoning eng zich irmoq va kanallar tarmog‘iga ega hududlaridan. Amudaryo
havzasida joylashgan minglab kilometrli ochiq kanallar an’anaviy qishloq
xo‘jaligini sug‘orish uchun xizmat qiladi. Ammo bu ulkan suv oqimining energetik
salohiyatidan hozirgacha amalda to‘liq foydalanilmayapti.
Universitet
tadqiqotchilari “To‘g‘onsiz mikroGES” kontseptsiyasini ishlab chiqmoqda. Bu
texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, u katta to‘g‘on qurmay, ochiq kanallar
oqimining kinetik energiyasidan foydalanishga xizmat qiladi. Natijada ekologik
buzilish minimallashtiriladi, investitsiya xarajati keskin kamayadi va mahalliy
aholi uchun qulay bo‘lgan energiya ta’minoti tizimi shakllanadi.
Ikkinchi innovatsion
yo‘nalish — sun’iy shamol hosil qilish texnologiyasini energetika maqsadlarida
qo‘llash. Bu g‘oya an’anaviy shamol turbinalaridan tubdan farq qiladi: tabiiy shamol
intensivligi yetarli bo‘lmagan hududlarda yoki ixtiyoriy muhandislik tuzilmalar
иordamida yo‘naltirilgan havo oqimi yaratib, kichik turbinalar orqali elektr
energiyasi ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi.
Xorazm o‘rtacha shamol
tezligi jihatidan O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan past ko‘rsatkichga
ega. Shu sababli universitet tadqiqotchilari Venturi effekti va aerodinamik
naylar yordamiда havo oqimini keskin tezlashtirib, kichik avtonom turbinalarga
yetkazib berish kontseptsiyasini o‘rganmoqda.
OTMda o‘tkazilayotgan
barcha tadqiqotlar ko‘p bosqichli ilmiy metodologiyaga asoslanadi. Talabalar va
magistrlar laboratoriya tajribalaridan boshlab, real muhandislik prototiplarini
yaratish va pilot loyihalarni amalda sinashgacha bo‘lgan to‘liq tadqiqot siklini
bajaradi.
Qolaversa, Urganch
davlat universiteti Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy
universiteti va Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan hamkorlikda tadqiqotlar
o‘tkazmoqda. Xorijiy hamkorlar qatorida Germaniya, Janubiy Koreya, Malayziya va
Niderlandiya universitetlari bilan memorandumlar imzolangan bo‘lib, qo‘shma
grantlar va xalqaro tadqiqotlar imkoniyatlari faol o‘rganilmoqda.
Universitetning quyosh energetikasi,
mikroGES va sun’iy shamol bo‘yicha kompleks ilmiy faoliyati Xorazm viloyati va
butun Markaziy Osiyo uchun namuna bo‘lmoqda. OTMga kelgan viloyat hokimlari, biznes
vakillari va qo‘shni davlatlar mutaxassislari tajriba almashish va loyihani o‘z
hududida tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. Bu ko‘paytiruvchi ta’sirning aniq
namunasi bo‘lib, bitta muvaffaqiyatli muassasa o‘nlab yoki yuzlab boshqa
tashkilotlarga ilhom berishi mumkin.
Talabalar
va o‘qituvchilar “yashil” energetika sohasida xalqaro sertifikatlashtirish dasturlarida
ishtirok etmoqda. Bu kadrlar mamlakatimizning barcha hududiga borib, “yashil
iqtisodiyot”ning haqiqiy elchilari va muhandislari bo‘lib xizmat qiladi. Ular
faqat bilimdon mutaxassislar emas, balki amaliy muammolarni ham hal qila
oladigan innovatorlar bo‘lib yetishmoqda.
Feruza
MADRAHIMOVA,
Urganch davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari
doktori, professor