Uchoq zinalaridan tushib, bizni kutib turgan mezbonlar sari yurarkanman, to yetib borguncha darrov qoʻlimga telefonimni olaman-u, asarning shu joylarini topib oʻqiyman. Soʻng boshimni koʻtaraman, yuzimga urilayotgan vodiy shamolidan tafakkurimda oʻtmishning ulugʻvor nafasini, balki mutlaqo yangicha, shiddatli va bunyodkor, yurak urishiga oʻxshagan ayricha depsinishni his qilaman.
5-6-may kunlari Oʻzbekiston
Jurnalistlar uyushmasi, viloyat hokimligi hamda OAV uchun kontent tayyorlash markazi
hamkorligida tashkil etilgan “Fargʻonada yangi Oʻzbekiston nafasi” press-turi
doirasida bu moʻjizakor vodiyni kezib, qogʻozlardagi raqamlar hayotga koʻchib,
jonli nafas olayotganiga guvoh boʻlib qaytdik.
Mamlakatimiz yetakchisining joriy yil
27-28-aprel kunlari viloyatga tashrifi doirasida belgilab berilgan vazifalar,
amalga oshirilgan hamda jarayondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar silsilasiga
shoʻngʻirkanmiz, jurnalist oʻlaroq oʻzimizni muazzam ijtimoiy asarning — inson
qadri, mardonavor mehnat va yorugʻ kelajak haqidagi epopeyaning tamal toshi
qoʻyilayotgan sahnalarida turgandek his qila boshladik. Gapimizning mubolagʻasi
yoʻq.
* * *
Dastlabki manzilimiz shahar bagʻrida
qad rostlagan zamonaviy majmua —
Fargʻona shahridagi AT park boʻldi. Davlatimiz rahbarining 2024-yil
avgust oyidagi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar asosida barpo etilgan bu
salobatli inshoot ichiga qadam qoʻyishingiz bilan mutlaqo boshqa aql oʻlchamiga
tushib qolgandek boʻlasiz. Bir vaqtning oʻzida 200 yigit-qizni bagʻriga chorlaydigan
ayni dargohda raqamli olam asrorlarini oʻzlashtirayotgan yoshlarning koʻzlarini
koʻrib, xursandchilik tuyasiz.
Tasavvur qiling: yiliga 3 mingdan ortiq
yoshni oʻqitish, gʻoyadan tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarga jalb etish
uchun yaratilgan bu zamonaviy kovorking markazida mehnat qaynay boshlaydi.
Aslida, oxirgi yillarda viloyat miqyosida AT xizmatlar hajmi toʻrt barobar
oʻsib, eksport 23 million dollardan oshgani ham Fargʻona yoshlarining uylarida
oʻtirib dunyo bozorini zabt etayotganining amaldagi isboti. Hozir 139 ta
rezident kompaniyaga ega boʻlgan bu maskan 2025-yilda 22,7 million dollarlik
xizmatlarni eksport qilishga ulgurdi. Kelgusida rezidentlar sonini 200 taga,
eksport hajmini esa 30 million dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Sunʼiy
intellekt xabi, venchur fondlar, akseleratsiya dasturlari... Bularning barchasi
Fargʻonaning ertangi kuni faqatgina ekin-tikin, ogʻir sanoatdan emas, balki
intellektual salohiyatdan ham suv ichishini kafolatlaydi.
* *
*
Ijodiy
safarimiz yoʻnalishi sarmoyalar va gʻoyalar uchrashadigan manzil —
Investorlarga xizmat koʻrsatish markazi tomon burildi. Besh gektar maydonni
egallagan “Fargʻona ekspo” majmuasi bir qaraganda qadimiy Ipak yoʻlidagi
karvonsaroylarning zamonaviy, muhtasham koʻrinishi oʻlaroq taassurot qoldiradi.
Sakkiz qavatli inshoot faqatgina koʻrgazma zali emas, gʻoyalar pulga,
sarmoyalar esa real zavodlarga aylanadigan oʻziga xos inkubatordir. 200 dan
ortiq ishlab chiqaruvchi oʻz mahsulotini namoyish etayotgan bu joyda davlat
idoralari, tadbirkorlar va xorijiy investorlar bir stolda oʻtirib, Fargʻonaning
ertangi iqtisodiyotini allaqachon chiza boshlaganiga guvoh boʻldik.
* *
*
Jurnalistlar
bilan toʻla avtobusimiz yoʻlni Quvasoyning togʻli hududlari sari quvib boradi.
Koʻzlagan manzilimiz — “Crown Ceramic” qoʻshma korxonasi. Zavod hududiga kirib,
bir qarashda quloqni qomatga keltiruvchi, lekin kishiga boshqacha bir shijoat
bagʻishlovchi toshlar shovqini ogʻushiga tushdik. Bu yerda mehnat moʻjizasi yuz
bermoqda: oyoq ostidagi oddiy soy toshi, togʻlardagi qizil va kulrang kaolin
qadoq qoʻlli ishchilar harakati va zamonaviy texnologiyalar sehri bilan jahon
bozorlarini lol qoldiradigan keramogranit plitalarga aylanmoqda.
2025-yilda
bunyod etilgan va yiliga 8 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarishga
qodir ushbu zavod 1 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlash va 35 million
dollarlik eksport salohiyatiga ega. Xomashyoning 97 foizi oʻzimizniki —
Quvasoy va Angren konlaridan keltiriladi. Bir kunda 600 tonna tosh va 200 tonna
kaolin shu yerning oʻzida saralanadi, tozalanadi. Zavoddagi yopiq zanjirli
ekologik tizim insoniyatning tabiat oldidagi qarzini uzishga qaratilgani esa
quvonarli: yomgʻir va oqova suvlar qayta ishlanib, ishlab chiqarishga
yoʻnaltiriladi, chang yutish moslamalari havoni toza saqlaydi. Elektr sarfi 20
foiz kamaytirilgani, kunduz payti chiroqlardan voz kechilib, tabiiy
yorugʻlikdan foydalanilayotgani har bir qarich yer, har bir kilovatt energiya
uvol qilinmayotganidan dalolat. Italiya va Ispaniyaniki bilan bemalol
bellashayotgan Fargʻona plitalari bugun Qirgʻiziston va Tojikiston binolariga
koʻrk bagʻishlamoqda, ertaga esa butun Yevropaga yoʻl oladi. Korxona
rahbarlarining aytishicha, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning hajm
jihatdan oʻxshashi nafaqat mintaqada, balki boshqa qitʼalarda ham yoʻq. Ular
davlatimiz rahbari korxonaga tashrifi chogʻida, avvalo, zavod mahsulotlari
bilan ichki bozorni taʼminlash borasida topshiriq bergani, hozir shu boʻyicha
harakatlar ketayotganini aytdi. Ochigʻi, mamlakatimiz yetakchisining bunday
topshirigʻidan quyidagi hayotiy hikmatni ilgʻadim: oʻz tuprogʻimizdan
chiqayotgan shunday noyob toshlar, avvalo, oʻz binolarimizni bezasin.
Ruhiyat
manzili
Qadimiy
va navqiron Margʻilon... Bu shaharga qadam qoʻyishi bilan inson vujudida ajib
bir hissiyot uygʻonadi. Aynan shu yerda, 35 gektar maydonda qad rostlagan
Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi qalbimizni ayricha
tarzda titratib yubordi. Qiymati 1,7 trillion soʻmlik bu moʻjaz shaharcha
faqatgina inshootlar toʻplami emas, oʻtmish bilan bugunning yuzlashuvi goʻyo.
Karvonsaroylar,
hunarmandlar markazi, milliy bozor oralab yurar ekanman, dimogʻimga isiriq va
yogʻoch isi urilgandek, qulogʻimga hunarmandlar dastgohlarining ritmli ovozi
quyilgandek tuyuldi. Ayniqsa, meni — bir ijodkorni hammadan koʻra koʻproq
toʻlqinlantirgan joyi majmuadagi “Otabek va Kumush uyi” muzeyi boʻldi. “Oʻtkan
kunlar” romanining har bir sahifasi bu yerda gʻisht va naqshga aylanib,
jonlanib turganga oʻxshaydi. Men uch marta qayta oʻqigan muazzam romandagi oʻsha
tanish darvoza, oʻsha muhit... Toʻlqinlanib ketmaslikning, qaboqqa yosh
tiqilmasligining iloji yoʻq. Taassurotlarimni faqatgina u yerda boʻlganlargina
tasdiqlasa kerak, nazarimda.
Boshqacha
hissiyotlar bilan avtobusga qaytarkanmiz, direksiya masʼul xodimining soʻzlari
yodimda qoldi: “Majmua yiliga 250 ming xorijiy sayyohni jalb etishi
kutilmoqda”.
Yana
bir gap. Bu majmuaga har bir yurtdoshimiz imkon topib, albatta, kelishi kerak.
* * *
Xalqimizda
eng oliy qadriyat nima? Albatta, oilasi, farzandlarini halol mehnat bilan
boqish. Quva tumanidagi “Quva agrostar” korxonasida boʻlgach, ayni shu
qadriyat xalqaro standartlarga ulanib ketganiga guvoh boʻldik. Yiliga 5 ming
tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish, saqlash va qadoqlashni yagona
tizimga birlashtirgan bu majmua chinakam maʼnoda milliy brend yaratmoqda.
Xalqaro “Global G.A.P.” va “Halal” sertifikatlariga ega mahsulotlar oʻtgan yili
ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi “injiq” bozorlarga kirib bordi. Oddiy
dehqon 10 sotix yeridan 250 million soʻm daromad topayotganini koʻrib, yerning
qadri, mehnatning zavqi nima ekanini vujudingiz bilan his qilasiz. Korxona
qamrovni yanada kengaytirib, yangi eksport geografiyasini ochish boʻyicha
tinmay harakat qilyapti. Ayniqsa, bu harakatlar yana xalqimizga xos fazilat —
isrofni kamaytirishga asoslangani bilan hayron qoldiradi. Masalan, korxonada
hosil koʻpligidan yoki shamol tufayli toʻkilgan mevalar yigʻilib, innovatsiya
asosida danagidan yegulik, poʻchogʻidan oʻgʻit va yoqilgʻi olinmoqda.
* *
*
Quyosh
tikkaga kelgan... Ketib borarkanmiz, avtobusimiz yoʻl boʻyidagi moʻjizaviy bir
maydonda toʻxtaydi. Bu — agrovoltaika. Bir qarashda xuddi filmlardagi manzarani
eslatadi: tepada quyoshdan energiya soʻrayotgan minglab yaltiroq panellar,
ularning ostidagi salqin soyada esa yashnab turgan “avatar” uzumlari va
nariroqda oʻtlab yurgan zotdor qoramollar.
Qarang,
yurtimizning jizgʻinak quyoshi endi nafaqat elektr bermoqda, balki ekinlarga
soya tashlab, tuproq namligini asramoqda. Avstriyaning zamonaviy yomgʻirlatib
sugʻorish tizimi tufayli suv 40 foiz, oʻgʻit 35 foiz tejalib, hosildorlik 25
foiz oshgan. Baliq yetishtiriladigan hovuzlardagi suv minerallarga boyib,
toʻgʻri uzumzorga boradi, qoramollarning organik chiqindisi yerni
oziqlantiradi, panellar esa hamma jarayonni quvvat bilan taʼminlaydi.
Tabiatning bunday mukammal, yopiq aylanma zanjiri inson aqli bilan birlashib,
110 gektar yerda 2,5 million dollarlik eksport moʻjizasini yaratmoqda. Mazkur
yondashuv endi butun respublikaga tarqaladi. Mutasaddilarning bildirishicha, bu
boʻyicha davlatimiz rahbari ayni manzilga tashrifi chogʻida topshiriq bergan.
* *
*
Yoʻl
charchoqlari Quvadagi “Karkidon” suv omboriga yetganimizda zumda tarqab ketadi.
Yashil qirlar oʻrtasida yastanib yotgan koʻm-koʻk moviy suv kishiga shunday bir
sokinlik beradiki, shaharning shovqin-suronidan oz-moz toliqqan koʻngil orom
topadi. Bu turizm majmuasi ertaga Fargʻonaning “Shveysariyasi”ga aylanishiga
shubha qilmaysiz. 508 gektar maydonda barpo etilayotgan mehmon uylari,
lavandazorlar, sokin goʻshalar... Yiliga 750 ming sayyohni qabul qila oladigan
bu maskan nafaqat iqtisodiy foyda, balki insonlar mehnatdan charchaganda oilasi
bilan kelib, munosib hordiq chiqaradigan fayzli manzilga aylanadi.
Majmuani
tomosha qilarkanmiz, hamrohlarimizdan biri gap boshlaydi: “Mehnatkash xalq maza
qilib dam olishga ham haqli”. Hamrohimizning bu fikrida toʻla hayotiylik
mujassamligi uchun uni qayd qilib oldim.
Shu
bilan press-turimiz poyoniga yeta boshlaydi. Bolalikda bobolarimdan eshitgan
bir gap yodimda qolgan: har safarning murodi va hikmati boʻladi. Biz esa
jamoamiz bilan yangilanayotgan Fargʻonada har ikkisini-da topdik, nazarimda.
Safar
davomida telefonimga ancha-muncha gaplarni qayd qilibman-u, koʻrganlarimni
xuddi oʻzidek yozishga soʻzlarim ojizlik qilayotgandek tuyuladi. Aslida,
nimadir yozish bir tomonu unga mos nom qoʻyish bir tomon. Mashhur oʻzbek
hofizining bir qoʻshigʻida “Fargʻona demanglar, parixonadur” degan jumla bor.
Unda, shubhasiz, “Fargʻona” va “parixona” soʻzlarining ildizi bir degan badiiy
ishora bor. Men esa aynan shu jumlani safarnomaga sarlavha qilib olmoqqa ahd
qildim.
Chunki
Fargʻonaning qadimiy tuprogʻida bugun shunchaki binolar qurilmayapti, bu yerda
yangi davr odamlarining halol tafakkuri, tabiati yuksalmoqda. Qadoq qoʻllar,
peshonalardagi ter, yuzlardagi farishtali samimiyat va ertangi kunga qatʼiy
ishonch — bularning barchasi yaxlitlashib, chinakam yangi Oʻzbekistonning urib
turgan ishtiyoqmand yuragiga aylanmoqda. Buni shunchaki aql bilan anglab
boʻlmaydi. Buni shu shamoldan nafas olib, shu xalqning koʻzlariga boqib,
faqatgina yurak orqali his qilish mumkin. Fargʻona gullamoqda. Fargʻona
yuksalmoqda. Bu yuksalish bizning — barchamizning mushtarak yorugʻ kunlarimiz
dalolatgoʻyidir.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri