Dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi davrda har bir davlatning mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi mavqei aholi farovonligiga qaratilayotgan e’tibor bilan belgilanadi. Shu ma’noda, yurtimizda keyingi o‘n yildagi keng qamrovli islohotlar iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalini rivojlantirishning muhim omiliga aylandi.

Prezidentimizning har bir hudud va sohani taraqqiy ettirish yo‘lidagi azmu shijoati bugun natijasini ko‘rsatmoqda. Necha yillardan beri ishsiz va daromadsiz yurgan fuqarolar katta tadbirkorga, yaqin 50 yilda na toza ichimlik suv, na elektr energiyasi va na asfalt yo‘li bo‘lmagan aholi punktlari obod go‘shalarga aylandi.

Yangilanishlarning adog‘i yo‘q. Bu o‘zgarish¬larni tizimga solib, yorqinroq ko‘rsatish maqsadida davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashrifi va u yerda berilgan topshiriqlar ijrosi qanday ta’minlangani, yaqin o‘n yilda ushbu hududlardagi islohotlar dinamikasi bosqichma-bosqich qanday ko‘rinish olganini yillar ketma-ketligida taqqoslaymiz.

Dastlabki hudud — Farg‘ona viloyati. Prezidentimiz ushbu viloyatga necha marotaba tashrif buyurgani va unda berilgan topshiriqlar ijrosi qanday ta’minlanganini tahliliy taqqoslar orqali ochib beramiz.

2016 YIL:

o‘zgarishlar poydevori qo‘yilgan palla

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 1-noyabr kuni Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda nutq so‘zladi va saylovoldi dasturida belgilangan asosiy yo‘nalishlar haqida batafsil to‘xtaldi. Saylovchilarning yorqin kelajak, turmush darajasi yaxshilanishi borasidagi umidlari uyg‘ona boshladi.

2017 YIL:

odamlar manfaati yo‘lida

Prezidentimiz joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2017 yil 22 iyun kuni Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Mamlakatimiz yetakchisi dastlab Farg‘ona asalarichilik ishlab chiqarish o‘quv markazida bo‘ldi. Markazda bir yilda 600 mutaxassis o‘qitiladi. Zamonaviy o‘quv reja asosida olimlar tomonidan amaliyot darslari o‘tiladi. E’tiborli jihati, 2016 yilda viloyatlarga 20 ming, chet davlatlarga 30 ming dona sifatli asalari paketi yetkazib berilgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib, viloyatda yiliga 2 ming tonnadan ortiq asal mahsulotlari ishlab chiqarildi, xorijga asalari oilasi eksporti esa yiliga 70 ming donani tashkil etdi.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi davomida Qo‘shtepa tumanida chorvachilik komp¬leksi, ipakchilik va pillachilikni rivojlantirish strategiyasi bilan ham tanishdi. Erkin Vohidov nomidagi Marg‘ilon shahri madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish, Marg‘ilon hunarmandlar markazini tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod agrosanoat” agrofirmasiga tashrif buyurib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarini ko‘zdan kechirdi.

2017 yil 22 iyundan Marg‘ilondan Qo‘qonga ilk bor elektropoyezd qatnay boshladi. Davlatimiz rahbari Qo‘qonga ushbu poyezdda keldi. Qo‘qon shahridagi “Shaffof metan sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatida iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi.

Prezidentimiz Qo‘qon shahri teatrini borib ko‘rdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti Farg‘ona filiali taj¬riba xo‘jaligida ham bo‘lib, g‘alla o‘rimi va g‘o‘za parvarishini ko‘zdan kechirdi.

Farg‘ona mexanika zavodiga tashrifi chog‘ida Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijon shaharlari o‘rtasida elektr poyezdi qatnay boshlashini ma’lum qildi.

— Ilgari Farg‘ona vodiysida elektropoyezd qatnaydi, desa birov ishonmasdi. Endi Qo‘qondan Andijonga bir soatda yetib borish mumkin. Bu ham xalqimizning uzog‘ini yaqin qilish borasidagi, odamlar manfaatini ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarimiz samarasidir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2018 YIL:

ulkan marralar sari katta qadamlar bilan

Prezidentimiz 2018 yil 12 iyun kuni Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, dastlab Quva tumanidagi “Farg‘ona anorchilik” agrofirmasi faoliyati bilan tanishdi.

Shu yerda anorchilik bo‘yicha ilmiy markaz, Farg‘ona davlat universitetida kafedra tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Viloyatda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish hamda investitsiya loyihalari ham taqdimot qilindi.

Marg‘ilon shahridagi “Narimteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa tikuvchi ayollar bilan muloqotda bo‘ldi.

Mamlakatimiz yetakchisi 2017 yili viloyatga tashrifi chog‘ida Marg‘ilon shahrida ijodkorlar bog‘i tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda bu yerda qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Mavjud istirohat bog‘i hududi kengaytirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, gulzor va maysazorlar tashkil etildi. Bog‘ markazida O‘zbekis¬ton xalq shoiri Erkin Vohidovning haykali o‘rnatildi.

Prezidentimiz mazkur bog‘ni borib ko‘rdi. Erkin Vohidov haykali poyiga gul qo‘ydi.

Shuningdek, Oltiariq tumanidagi “Ismoil Nozim obod” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi. Qapchig‘oy mahallasidagi “Smart kids” maktabgacha ta’lim tashkilotini borib ko‘rdi.

Tashrifning ikkinchi kuni O‘zbekiston Res¬publikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismga keldi. Havo desantchilari tayyorgarligini oshirib borish uchun aerodinamik trenajyorlar o‘rnatish, “Vatanparvar” tashkilotlari huzurida parashyutchilar to‘garaklari ochish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shundan so‘ng Farg‘ona shahridagi Mus¬taqillik mavzesida barpo etilgan ko‘p qavatli uy-joylarni ko‘zdan kechirdi.

2019 YIL:

har bir soha bo‘yicha izlanishda, tinimsiz harakatda

Prezidentimiz 2019 yil 6 may kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida bo‘ldi. Mazkur korxona o‘z vaqtida vodiydagi neft konlarini o‘zlashtirish va mintaqa davlatlariga neft mahsulotlari yetkazib berish maqsadida bunyod etilgan. Davlatimiz rahbari zavod ishchilari va investorlar bilan suhbatlashdi.

— Bu ishlardan asosiy maqsad — korxonani to‘liq quvvat bilan ishlatish, odamlarni ish bilan ta’minlash. Bu Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining yangi davri bo‘ladi, — dedi davlatimiz rahbari.

— Hamma iqtisodiy sohalarda asosiy mezon — daromad, — dedi Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona tumanidagi “Komiljon ota Mamajonov” fermer xo‘jaligi dalasida viloyat dehqonlari bilan suhbatda.

Farg‘ona shahrida viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda Prezidentimiz yig‘ilganlarni, butun xalqimizni Ramazon oyi hamda yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi.

Davlatimiz rahbari Xalqaro hunarmandchilik festivalining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 14 sentyabr kuni yana Farg‘ona viloyatiga bordi.

Shu kuni “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, “Shaffof omadli sanoat” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi, uy-joylar qurilishiga oid loyihalarni qayta ko‘rib chiqish, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik reja qilish zarurligini ta’kidladi.

Qo‘qon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida viloyat faollari, nuroniylar, ziyolilar bilan muloqot qildi.

— Vaqt shiddat bilan o‘tyapti. Har bir soha bo‘yicha izlanishda, tinimsiz harakatdamiz. O‘zgarishlar bor, lekin hali bizni qanoatlantirmaydi, — dedi Prezidentimiz.

Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimida barchani chin yurakdan qutlab, yurtimizga, ushbu anjumanga bo‘lgan katta hurmat va e’tibori uchun xorijiy mehmonlarga tashakkur izhor etdi.

Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qo‘qon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak unvon berildi.

2020 YIL:

maqtovlarga

chek qo‘yilgan yil

O‘zbekiston Prezidenti 2020 yil 5 iyun kuni Farg‘ona viloyatiga amaliy tashrif bilan keldi.

Mamlakatimiz yetakchisi Qo‘shtepa tumanidagi “Tursunov Yusufjon yeri” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, g‘alla rivojini ko‘zdan kechirdi. Daraxt qatorlari orasiga sarimsoqpiyoz va dukkakli ekinlar ekish, bunday bog‘larni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Toshloq tumanidagi “O‘z-Segang” qo‘shma korxonasida ish jarayoni bilan ham tanishdi. Bu yerga Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoydan ilg‘or texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.

Farg‘ona tumanida ishga tushirilgan “Ekokerama” MCHJda bo‘lgan Prezidentimiz yurtimiz foydali qazilmalarga boyligi, lekin ular asosida tayyorlanadigan materiallar katta miqdorda chetdan keltirilayotganiga e’tibor qaratdi.

— Shuncha imkoniyat bo‘la turib, biz kimni boqyapmiz? Xalqimizni boqsak bo‘lmaydimi? — deya haqli savol qo‘ydi Prezidentimiz. — Mamlakatimizning har bir qarich yeri, har bir boyligi aholi jon boshiga daromadni ko‘paytirishga xizmat qilishi kerak.

Shu yerda viloyatda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari Marg‘ilondagi Hunarmand¬lar markazini ham borib ko‘rdi.

Tashrifning ikkinchi kuni Farg‘ona shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari xalq bilan ochiqcha gaplashib, muammolarni birgalikda hal etish, odamlarning og‘irini yengil qilish maqsadida kelganini ta’kidladi.

— Men qisqa, sizlar ko‘proq gapirsalaringiz to‘g‘ri bo‘ladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov bo‘lib bo‘lgan — bu xalq ishonchi. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija bo‘lmaydi, — dedi Prezidentimiz.

Yig‘ilishda so‘xlik yoshlar uchun vodiy viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarida 2020/2021 o‘quv yilida davlat granti asosida maqsadli ravishda qo‘shimcha 500 ta o‘rin ajratilishi ma’lum qilindi.

2021 YIL:

loyihalar amalda bo‘y ko‘rsata boshladi

O‘zbekiston Prezidenti 2021 yil 4 fevral kuni Farg‘ona viloyatiga keldi. Tashrif dasturi juda tig‘iz va mazmunan boy bo‘ldi. Oltiariq tumanidagi “Fayzli bog‘lar sari” uzumchilik kooperatsiyasidagi muloqotda yer ajratib berish orqali Farg‘ona viloyatida 200 ming yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari Rishton tumanida qurilgan Xalqaro kulollik markazini borib ko‘rdi. Taniqli kulollar Muzaffar Saidov va Sharofiddin Yusupov xonadoniga ham kirib, ular bilan samimiy suhbatlashdi.

Shuningdek, Farg‘ona tumanidagi “Vodiy Shoes” korxonasi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Birinchi bosqichda 1 million juft poyab¬zal ishlab chiqarilmoqda, 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan.

Prezidentimiz 2019 yil 6 mayda Farg‘ona viloyatida bo‘lganida toshdan qog‘oz ishlab chiqarish loyihasi taqdimot qilingan edi. Ikki yil o‘tib, ushbu loyiha Farg‘ona shahrida “Fergana stone paper” korxonasi bo‘lib amalga oshdi. Tashrif arafasida ushbu korxona sinov rejimida ishga tushirildi.

Shu kuni Farg‘ona shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Xalq deputatlari sessiyasidan so‘ng Prezidentimiz kutilmaganda Farg‘ona shahridagi Shodiyona mahallasiga bordi. Mahalla oralab yurib, aholi bilan uchrashdi. Shuningdek, Farg‘ona shahri Tarona ko‘chasida qurilgan 16 qavatli yangi uy-joylarni ham borib ko‘rdi.

Farg‘ona mamlakatimizning aholi eng zich joylashgan shaharlaridan. Shu bois, bu kabi zamonaviy ko‘p qavatli uylar aholining o‘sib borayotgan talabini qondirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Mamlakatimiz yetakchisi 2021 yil 28 sentyabr kuni Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumaniga keldi. Tumanda o‘sha vaqtlar 218 mingdan ziyod aholi yashar, uzoq vaqt qurilishga e’tibor bo‘lmagani tufayli odamlarning uy-joyga ehtiyoji yuqori edi. Davlatimiz rahbari mahalladagi yangi uylardan biriga ko‘chib kelgan Abduqahhor ota va Oyzoda aya xonadonida bo‘ldi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 28 sentyabr kuni viloyat saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvdan so‘ng Bag‘dod tumani Guliston mahallasida bunyod etilgan Madaniyat markazida san’at namoyandalari bilan suhbatlashdi.

Shundan so‘ng Prezidentimiz Qo‘shtepa tumaniga borib, g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyasini ko‘zdan kechirdi. Tumandagi Namuna mahallasida aholi hayoti bilan tanishdi. Jumaboy Ismoilov xonadonida mehmon bo‘ldi.

2022 YIL:

katta sakrash yili

Davlatimiz rahbari 2022 yil 12 may kuni Oltiariq tumaniga tashrif buyurdi. Olti¬ariqning ustuvorligi dehqonchilikda, odamlarining omilkorligida. Ayniqsa, Oltiariq uzu¬mi chet ellarda ham taniqli brendga aylangan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasi, Buvayda tumanida qurilgan mebelsozlik majmuasini borib ko‘rdi. Uchko‘prik tumanidagi Yengil sanoat va logistika markaziga bordi.

Bu majmua ham Prezidentimiz tashabbusi natijasi. Davlatimiz rahbari to‘qimachilikda qayta ishlash darajasini va mahsulotlar sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

— Bugun bozor beshafqat. Bu raqobatga munosib bo‘lish uchun tadbirkorning kamida besh yillik mo‘ljali, sifat kafolati, tannarxda o‘zining rezervi bo‘lishi kerak, — dedi ¬Shavkat Mirziyoyev.

Marg‘ilon shahridagi Navro‘z mahallasi hududi ilgari toshloq, foydalanilmaydigan yer edi. Lekin kommunikatsiya va logistika jihatidan juda qulay. Prezidentimiz tashabbusi bilan u yerda Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etildi. Davlatimiz rahbari ushbu hudud hamda Toshloq tumanidagi “Agro impex valley” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. Toshloq tumanida ishlab chiqarilayotgan sanoat va hunarmandlik mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.

Shu kuni Prezidentimiz ishtirokida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

— Biz Farg‘onadan katta natijalar kutamiz. Bu el tarixdan ilm, tartib, madaniyat, hunarmandlik bo‘yicha namuna bo‘lgan, — dedi Prezidentimiz.

Farg‘ona shahrida ochilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishgandan so‘ng “Yangi O‘zbekiston” massivining qurilish maydonida bo‘ldi. Massiv o‘rtasidagi 70 gektar maydonda Yangi O‘zbekiston bog‘i va sun’iy ko‘l tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bugun ushbu ishlar to‘liq natijasi bilan aholini xursand qilmoqda.

2023 YIL:

qat’iy nazorat va barqarorlik yili

Davlatimiz rahbari 2022 yil may oyida viloyatga tashrifi chog‘ida “Global textile infinity” klasterining ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. O‘shandagi ko‘rsatmalar asosida loyiha jadallashtirilib, dekabrda ishga tushirildi.

Prezidentimizning 2023 yil 2 fevral kungi Farg‘ona viloyatiga tashrifi Qo‘shtepa tumanidagi mazkur to‘qimachilik korxonasini ko‘zdan kechirishdan boshlandi.

Tashrif davomida Quvasoy shahridagi “Art soft ceramics” korxonasi, Farg‘ona shahridagi “Meridian” tibbiyot markazi, Marg‘ilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markazini ham borib ko‘rdi.

Mamlakatimiz yetakchisi aholi hayoti, hududlar iqtisodiyoti bilan tanishish maqsadida 2023 yil 27 iyul kuni yana Farg‘ona viloyatiga keldi.

2020 yilda “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligi tomonidan 75 gektarda uzumchilik plantatsiyasi tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu tokzorni ko‘rgani keldi. Oldinlari bu maydonda paxta ekilib, o‘rtacha 25 sentnerdan hosil olingan. Endi uzumning narxi bilan solishtirganda, bir gektardan daromad qariyb 10 barobar oshgan.

Davlatimiz rahbari Bag‘dod tumanidagi Xitoy mahallasida bo‘lib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi. Shu yerlik Abdug‘affor Halilov xonadonida mahalla vakillari bilan suhbatlashdi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida “BNBM Building Materials Central Asia” korxonasi ochildi. Prezidentimiz ushbu korxonani ko‘zdan kechirdi.

Tashrifning ikkinchi kuni davlatimiz rahbari raisligida hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda yo‘ldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi yana bir bor ko‘zdan kechirildi.

2024 YIL:

o‘sish, rivojlanish va investorlar oqimi

2024 yil mart oyida Qo‘qon aeroporti yangidan ochilgan edi. O‘zbekiston Prezidentining samolyoti 11 iyul kuni ilk bor bu yerga qo‘ndi.

Sobiq Qo‘qon superfosfat zavodi moliyaviy sog‘lomlashtirish va diversifikatsiya qilish maqsadida 2019 yilda Singapurning “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga investitsiya majburiyatlari bilan sotilgan edi. Uning negizida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasi tashkil etildi. Mamlakatimiz yetakchisi mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi.

Shu kuni viloyatda rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari ham taqdimot qilindi.

Sharoit va talabchanlik tufayli bugun barcha hududlarda ish sur’ati yuqori. Bir korxona ishga tushib, boshqalari qurilyapti. Ayniqsa, sanoat tarmoqlarida loyihalar shunchalik ko‘pki, hammasiga ulgurish qiyin. Shu bois, davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi chog‘ida eng muhim loyihalarga to‘xtalish an’anaga aylangan. Farg‘ona viloyatida ham yangi korxonalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi.

— Ilgari viloyatda 6 ta loyiha qilish amri mahol edi. Bugun 6 milliard dollarlik lo¬yihalar haqida gapiryapmiz. Nima uchun? O‘sdik, rivojlandik, investorlarni ishontirdik, sharoit yaratdik. Bunday ishlarni yana davom ettiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimiz yetakchisi Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi, universitet yonidagi Tepaqo‘rg‘on arxeologiya yodgorligini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, Bag‘dod tumanidagi Yuksalish mahallasida bo‘lib, “Gulnora Matqulobod bodomlari” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Marg‘ilon shahrida aholi zich yashaydi. Yaqin kelajakda bu nufus oshib boradi. Yosh oilalarga va kelgusi avlodlarga munosib sharoit yaratish maqsadida Prezidentimiz shaharda yangi massiv qurish g‘oyasini ilgari surdi. Tashrif chog‘ida bu borada marg‘ilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashildi.

Tashrif chog‘ida Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi ochildi.

Shu kuni Farg‘ona shahrida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi. Massivni ekoshahar deyish mumkin. Sababi 70 gektar maydonda Yangi O‘zbekiston bog‘i, so‘lim xiyobonlar, sun’iy ko‘l, to‘rt ming o‘rinli amfiteatr barpo qilindi. Bog‘ hududiga buta va manzarali daraxtlar ekilgan. Turli attraksionlar o‘rnatilgan.

Quva tumanida 12 iyul kuni viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng Prezidentimiz “O‘z-Segang” qo‘shma korxonasi bog‘ini ko‘zdan kechirdi. Tadbirkorning muammo va takliflarini so‘radi.

2024 yil 3 dekabr kuni poytaxtimizda Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

2026 YIL:

natijalar mo‘l, ko‘lam tagdor, aholi esa rozi

Prezidentimiz 2026 yil 4 fevral kuni poytaxtimizda Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda So‘x tumanida Ugam va Miraki tajribasi asosida turizm majmualarini tashkil etish, Qo‘qon shahrida 17 ta davlat idorasini “Yangi O‘zbekiston” massiviga ko‘chirish, viloyat iqtisodiyotining muhim drayveri sifatida AT yo‘nalishni jadal rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Prezidentimiz 2026 yil 9 aprel kuni So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivoj-lantirish chora-tadbirlari yuzasidan ham yig‘ilish o‘tkazdi.

2026 yil 27 aprel kuni esa Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, Qo‘qon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massividagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezdda Prezidentimiz jamoatchilik vakillari bilan birga Qo‘qon shahridan Marg‘ilon shahriga keldi.

Quvasoy shahridagi “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasida keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni hamda “Quva agrostar” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari “Quva agrostar” erishgan natijalarni yuqori baholadi, viloyatda 50 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida ilg‘or agrotexnologiyalarga asoslangan qishloq xo‘jaligi tizimi joriy etilishi belgilandi.

Shuningdek, Quva tumanida agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan qishloq xo‘jaligi majmuasi va “Karkidon” suv ombori hududida barpo etilgan yangi turizm majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Bu maskan Farg‘ona vodiysida yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarish uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Tumandagi 1-texnikumda yoshlarni zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish ishlari bilan tanishdi.

Prezidentimiz Farg‘ona viloyatining gavhari bo‘lgan Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarini borib ko‘rdi.

Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “O‘tkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uyg‘unlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom ¬teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.

Shu kuni ilmiy-ma’rifiy va turizm maj¬muasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari tashrifning ikkinchi kuni Farg‘ona shahridagi Investorlarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi va viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Shuningdek, Farg‘ona shahridagi AT park majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, “Neftchi” bolalar futbol akademiyasida bo‘ldi.

Farg‘ona xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi.

Yuqoridagilardan ko‘rib turganingizdek, davlatimiz rahbarining bir viloyatga yoki bir sohaga e’tiborini bitta maqolada qamrab olish imkonsiz. Lekin qisqa satrlarda bo‘lsa ham islohotlar dinamikasini ko‘rsatishga urinib ko‘rdik.

Haqiqiy manzarani bilmoq istasangiz, Farg‘onaga boring! Farg‘onaliklar bilan suhbatlashing, ularning yuzidagi, ko‘zidagi, hayotidagi o‘zgarishlarni yaqqol ko‘rasiz.

Abu Bakir O‘ROZOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri