Anjuman Oʻzbekistonning mustaqillik yillaridagi madaniy taraqqiyoti, xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarni ilmiy jihatdan oʻrganish va tahlil qilishga bagʻishlangan.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-maʼrifiy memorial majmua rahbari Temur Shirinov ishtirok etdi.

Mehmonlarni Fargʻona davlat universiteti rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov hamda Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari Sherzod Polvonov kutib oldi.

Anjuman doirasida universitetda tashkil etilgan, Islom Karimovning hayoti va faoliyati, mamlakat mustaqilligi hamda taraqqiyoti yoʻlidagi faoliyatiga bagʻishlangan fotosuratlar va nashrlar koʻrgazmasi namoyish etildi.

Koʻrgazma davomida Islom Karimovning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi faoliyati, mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakat oldida turgan vazifalar hamda tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash borasidagi tashabbuslari haqida fikr almashildi.

Anjumanda mustaqillik yillarida Oʻzbekiston madaniyatining rivojlanish bosqichlari, tarixiy obidalar va madaniy merosni muhofaza qilish, milliy sanʼat va adabiyot taraqqiyoti, maʼnaviy qadriyatlarning jamiyat hayotidagi oʻrni kabi yoʻnalishlarda ilmiy maʼruzalar tinglandi.

Tadbir olimlar, tadqiqotchilar, professor-oʻqituvchilar, soha mutaxassislari hamda talaba-yoshlar oʻrtasida ilmiy fikr va tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun maydon boʻlib xizmat qilmoqda.

«Islom Karimov oʻqishlari» doirasidagi mazkur anjuman milliy tarix va madaniy merosni chuqur oʻrganish, mustaqillik davridagi madaniy jarayonlarni ilmiy tahlil qilish hamda ularning ahamiyatini yosh avlodga yetkazishga qaratilgan.

Hamkorlik materiali