Miqyosi va tabiati turlicha bu ikki musobaqa mamlakatimiz sportining bugungi imkoniyatlari qayerga yetgani va xalqaro maydonda oldiga qanday vazifalar qoʻyayotganini koʻrsatadigan muhim jarayon sifatida kechmoqda.

Sentyabrning ikkinchi yarmi oʻzbek sporti uchun ana shunday qizgʻin, tigʻiz va oʻziga xos tarixiy davrga aylandi. 15 sentyabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi va ertasiga asosiy bahslarga start berildi.

Erkaklar oʻrtasida asosiy jamoamiz Vengriyaga hech bir taxtada imkon qoldirmadi. Toʻrt partiya, toʻrtta gʻalaba va yakunda 4:0! Olimpiada darajasida bunday yirik hisob jamoamizning kuchi, ishonchini koʻrsatib turibdi. Ayollar oʻrtasida ham asosiy jamoamiz kuchli AQSH terma jamoasiga qarshi munosib bahsga kirishib, durang qayd etdi. Kuchli raqibga qarshi bunday natija keyingi bahslar oldidan yanada katta ishonch beradi.

Ushbu muvaffaqiyatlar birdaniga paydo boʻlib qolgani yoʻq, ularning poydevori aynan katta sinovlar, unutilmas dramatik bahslar va tarixiy lahzalarda toblangan. Jamoamiz xarakterining ildizlarini his etish uchun yaqin oʻtmishga, shaxmat olamini larzaga keltirgan oʻsha mashhur turnirga bir nazar tashlash kifoya qiladi.

2022 yilgi Chennay Olimpiadasi. 10-tur. Dunyo yoshlar shaxmatining eng ramziy va shiddatli toʻqnashuvi: Hindiston-2 va Oʻzbekiston. Oʻsha kuni hisob 2:1 koʻrinishida raqib foydasiga hal boʻlayotgan, jamoamiz qaltis vaziyatda turgan ogʻir pallada barchasini bitta oʻyin hal qilishi kerak edi.

Mezbonlarning 16 yoshli vunderkindi Dommaraju Gukesh turnirda qatorasiga
8 ta gʻalaba bilan fenomenal oʻyin koʻrsatib, oʻyin davomida ustunlikka ega boʻlib turgandi. Biroq eng masʼuliyatli va hal qiluvchi pallada Gukesh qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi — Nodirbek Abdusattorov bu imkoniyatni qoʻldan boy bermay, fantastik gʻalabani ilib ketdi va jamoamiz uchun hisobni tenglashtirdi. Boshqa taxtalarda Rameshbabu Sindorovdan ustun kelgan boʻlsa, Nodirbek Yoqubboyev va Jahongir Vohidov oʻz partiyalarini ishonchli durang bilan yakunladi. Natijada yakuniy hisob yana 2:2 boʻldi. Bu shiddatli bahs orqali Oʻzbekiston magʻlubiyatsiz seriyasini saqlab qoldi, soʻnggi tur oldidan peshqadamlik imkoniyatini boy bermadi va 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chem­pionligini keltirgan tarixiy yoʻlni muvaffaqiyatli davom ettirdi.

Yaqin yillarda bu ikki terma jamoa olimpiada doirasida ikki bor toʻqnash keldi va har ikkala bahs ham 2:2 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi. 2022 yil Chennayda oʻtgan uchrashuvdan soʻng Oʻzbekis­ton sensatsion tarzda olimpiada chempioniga aylangan boʻlsa, 2024 yilda Budapeshtdagi turnir yakunida oltin medallar Hindistonga nasib etdi.

Oʻsha tarkiblarning asosiy vakillari bugun jahon shaxmatining yetakchi grossmeysterlariga aylangan va endi ular yana, uchinchi bor olimpiada doirasida qarama-qarshi kelmoqda.

Oʻzbekiston ayni damda 1-oʻrinni egallab turibdi. Vengriyaga qarshi kechgan oʻyinda 4:0 hisobida gʻalaba qozonib, ajoyib shiddat bilan barchani hayratda ­qoldirmoqda. Jamoamizning oʻrtacha reytingi — 2720. Turnirning 2-raqamli jamoasi va 2024 yilgi olimpiada chempionlari boʻlmish Hin­diston hozir 3-pogʻonada bormoqda. Ularning oʻrtacha reytingi — 2735.

Nega bu oʻyin turnirda hal qiluvchi ahamiyatga ega? Musobaqaning asosiy daʼvogarlaridan biri boʻlgan AQSH terma jamoasi ochko yoʻqotdi. Germaniya kabi kuchli raqiblar ham oldinda, biroq amaldagi chempion Hindiston ustidan qozonilgan gʻalaba shaxmatchilarimizga chempionlik poygasida ulkan ustunlik taqdim etadi va oltin medallar sari juda jiddiy qadam tashlanadi. Hindiston jamoasi bilan kechgan juda muhim bahsda Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov va Shamsiddin Vohidov raqiblari bilan durang oʻynagan boʻlsa, Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Sarindan ustun kelishi 2,5:1,5 hisobidagi gʻalabani taʼminladi. Asosiy raqobatchilar ochko yoʻqotayotgan pallada bu imkoniyatni qoʻldan boy bermaslik muhim.

Shu paytda Oʻzbekistondan qariyb olti ming kilometr sharqda yana bir ulkan sport marafoni boshlangan. 19 sentyabr kuni Yaponiyaning Nagoya shahrida XX yozgi Osiyo oʻyinlari rasman ochildi. Keyingi 16 kun davomida, yaʼni 4 oktyabrga qadar 11 mingga yaqin sportchi 43 ta sport turi boʻyicha 469 ta medal jamlanmasi uchun kurashadi. Yaponiya uchun bu Tokio (1958) va Xirosimadan (1994) keyin uchinchi Osiyo oʻyinlaridir. Mamlakat uni oxirgi marta qabul qilganiga 32 yil boʻldi.

Oʻzbekiston terma jamoasi oʻz tarixidagi eng yirik tarkiblardan biri bilan bordi: 42 ta sport turi boʻyicha (ularning 36 tasi olimpiya turi) 396 sportchi (224 erkak va 172 ayol). Bitta raqamning oʻzi soʻnggi yillarda oʻzbek sporti geografiyasi qanchalik kengayganini anglatadi. Endi Osiyo ­oʻyinlari biz uchun bir necha anʼanaviy kuchli yoʻnalishlargagina bogʻliq musobaqa boʻlib qolmayapti. Delegatsiyaning koʻlami turli sport maktablari qitʼa miqyosidagi raqobatga chiqayotganini koʻrsatadi.

Kuzatish marosimi 12-sentyabr kuni Toshkentdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida boʻlib oʻtdi. Nagoyadagi paradda bayroqni boks boʻyicha jahon chempioni Toʻrabek Habibullayev va qilichbozlik boʻyicha Osiyo oʻyinlari gʻolibi Guliston Pardaboyeva olib oʻtdi.

Jamoaning maqsadi aniq: “Xanchjou-2023” natijasini yaxshilash. Oʻshanda Oʻzbekiston 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida beshinchi oʻrinni egallagan edi.

Oʻzbekiston sportchilari ilk bor Osiyo oʻyinlarida plyaj voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA boʻyicha ishtirok etadi. Bir qator sport turlari, jumladan, kamondan otish, chim ustida xokkey, tennis, syorfing, triatlon va skvosh boʻyicha Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan 2028-yilgi Olimpiya oʻyinlari uchun litsenziyalar oʻynaladi.

Ayni kunga qadar Oʻzbekiston delegatsiya­si “Aichi-Nagoya-2026” XX yozgi Osiyo oʻyinlarining dastlabki kunlarida uchta medalni qoʻlga kiritdi.

21-sentyabr kuni karate boʻyicha 67 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan ­Abdulvahob Rashidov Oʻzbekiston delegatsiyasiga musobaqadagi dastlabki oltin medalni taqdim etdi. Hal qiluvchi bahsda hamyurtimiz mezbon Yaponiya vakili Yugo Kozakidan ustun kelib, Osiyo oʻyinlari chempioni boʻldi.

20-sentyabr kuni karate boʻyicha 55 kilogramm vazn toifasida bahsga kirishgan Humoyunmirzo Halimov ham finalga qadar yetib bordi. Hal qiluvchi bosqichda u qozogʻis­tonlik Joloman Bigabilga imkoniyatni boy berdi va musobaqani kumush medal bilan yakunladi.

21-sentyabr kuni aralash jang sanʼatining modern yoʻnalishida 71 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Nodirbek Shavkatov Oʻzbekistonning musobaqadagi ikkinchi medalini rasmiylashtirdi. Oʻzbekistonlik yarim finalda qozogʻistonlik Qodirbek Shinboyevga imkoniyatni boy berib, uchinchi oʻrinni egalladi va bronza medalga sazovor boʻldi. Shu tariqa Oʻzbekiston delegatsiyasi “Aichi-Nagoya 2026” Osiyo oʻyinlarida hozircha bir oltin, bir kumush va bir bronza medalni qoʻlga kiritdi.

Albatta, sport taraqqiyotini bir turnirdagi gʻalaba yoki medallar soni bilangina oʻlchab boʻlmaydi. Uning haqiqiy koʻlami tizim qanchalik barqaror ishlayotgani, yangi sportchilar yetishib chiqayotgani, raqobat muhiti kuchayayotgani va bugungi natijalardan keyingi bosqich uchun qanday xulosa chiqarilishida bilinadi. Samarqand va Nagoyadagi musobaqalar ham ayni jihatdan muhim: biri Oʻzbekistonning dunyo shaxmatidagi oʻrnini yana bir bor sinovdan oʻtkazayotgan boʻlsa, ikkinchisi mamlakat sportining qanchalik koʻp yoʻnalishda rivojlanayotganini koʻrsatyapti.

Hozircha oldinda bahslar koʻp, yakuniy natijalar haqida gapirishga erta. Shaxmatchilarimizni ham, Yaponiyadagi katta delegatsiyamizni ham hali jiddiy sinovlar kutmoqda. Shu sabab bu kunlarning eng toʻgʻri taʼrifi ehtimol maqola sarlavhasining oʻzida mujassam: biz ayni paytda gʻalabaga ishonch ruhi mujassam kunlarni boshdan kechiryapmiz.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri