O‘n uch yildan keyin berilgan javob
O‘zbekistonda yaratilgan RNK interferensiyasiga asoslangan gen-nokaut texnologiyasi dunyo paxtachiligida rayonlashtirilgan ilk gen-nokaut texnologiyalaridan biri bo‘ldi. Bu bir kunlik yoki bir mavsumlik loyiha emas edi. G‘oya fundamental genetikadan, ya’ni g‘o‘zada yorug‘likni qabul qiluvchi fotoretseptor genlar oilasining tuzilishi va DNK ketma-ketligini o‘rganishdan boshlandi. Keyin laboratoriyada dastlabki gen-nokaut hujayralari olindi, bir hujayradan butun o‘simlik qayta tiklandi (regeneratsiyalandi), foydali belgilar tasdiqlandi, texnologiya xalqaro patent himoyasiga olindi, genetik samaralar mahalliy g‘o‘za navlariga o‘tkazildi, «Porloq» nav seriyasi yaratildi va 2013-yildan fermer dalasiga chiqdi. Endi esa o‘n uch yil o‘tib, o‘sha texnologiyaning eng muhim savoliga javob berish vaqti keldi: u vaqt sinovidan o‘tdimi, avlodlar almashinuvi, urug‘ ko‘paytirish va turli dala sharoitlari uning asosiy belgilarini susaytirib yubormadimi? Bu savol bejiz emas edi. Molekular genetikada ayrim RNK-interferensiya konstruksiyalarining ta’siri avlodlar davomida susayishi, xususan DNK metillanishi va konstruksiyaning o‘z-o‘zini sukutga tushirishi natijasida samaradorlik pasayishi mumkinligi haqida jiddiy ilmiy savol mavjud edi. «Porloq»ning o‘n uch yillik dala hayoti ana shu savolga yangi javob berdi.
Bu javob Nature Portfolio tizimidagi npj Science of Plants jurnalida nashrga qabul qilingan yangi tadqiqotimizda dunyo ilmiy hamjamiyatiga taqdim etildi. Biz 2012-2025-yillardagi tajriba stansiyasi ma’lumotlari va 2013-2025-yillarda O‘zbekistonning 13 hududida fermer maydonlaridan yig‘ilgan ko‘p yillik ko‘rsatkichlarni tahlil qildik. Natija shuni ko‘rsatdiki, «Porloq» navlarining asosiy fenotipik xususiyatlari, ayniqsa tola uzunligi va umumiy sifat profili, raqobatbardosh hosil salohiyati bilan birga o‘n yildan ortiq keng dala yetishtirish sharoitida saqlanib qolgan. Demak, laboratoriyada boshlangan texnologiya fermer dalasiga yetganidan keyin ham o‘z mazmunini yo‘qotmadi. Bugun biz uning taqdirini bir mavsumlik tajriba emas, o‘n uch yillik dala tarixi orqali baholayapmiz.
Bu tarix Texasda boshlangan edi
Bu natijaga qanday kelinganini tushunish uchun tarixni biroz orqaga qaytarish kerak. 1997 yilda universitetni tugatganimdan keyin «Umid» jamg‘armasi orqali AQShning Texas A&M universitetida tahsil olish va ilmiy tadqiqot olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldim. O‘sha yerda rahmatli ustozim professor Kamol El-Zik menga paxta tolasini uzaytirish muammosi ustida ishlashni topshirdi. Professor Alan Pepper esa g‘o‘zaning fitoxrom genlari oilasini o‘rganishni taklif qildi. G‘oya o‘sha davr uchun juda jasur edi: yorug‘likni qabul qilib, o‘simlikning o‘sishi, gullashi va rivojlanishini boshqaradigan genlar orqali tola uzunligi va boshqa muhim belgilarni o‘zgartirish mumkinmi? Menga bu g‘oya juda yaqin tuyildi. Chunki soyada yoki qorong‘u sharoitda o‘sgan o‘simlik poyasi tez cho‘zilib ketishini ko‘p kuzatgan edim va yorug‘lik signali bilan o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik meni qiziqtirardi. Shu tariqa g‘o‘za fitoxrom genlari oilasining genetik belgilari, ularning tuzilishi va funksional imkoniyatlarini o‘rganishga kirishdim. 2001-yilda bu ishlarni doktorlik dissertatsiyamda himoya qildim, keyinchalik natijalarimiz BMC Plant Biology jurnalida ham e’lon qilindi.
O‘zbekistonga qaytgach, ushbu ilmiy yo‘nalishni to‘xtatmaslik eng katta vazifa edi. 2003-yildan USDA-ARS xalqaro ilmiy dasturlari doirasida olingan grantlar yordamida kichik molekular genetika laboratoriyasini shakllantirdik, zamonaviy uskunalar olib keldik va bir guruh yosh olimlarni tayyorladik. Laboratoriyamiz katta emas edi, ammo maqsad aniq edi: fitoxrom genlari faolligini gen-nokaut texnologiyasi orqali boshqarish, natijani butun o‘simlik darajasida ko‘rish va keyin uni seleksiyaga olib chiqish. Bir necha yillik mehnatdan so‘ng birinchi avlod yangi liniyalar paydo bo‘ldi. Ularda tola uzaygan, gullash va pishish ertalashgan, ildiz va vegetativ o‘sish yaxshilangan, eng muhimi, hosildorlik pasaymagan edi. Laboratoriyadagi fundamental savol asta-sekin fermer uchun ahamiyatli bo‘lgan amaliy natijaga aylana boshladi. Aytishim kerak, ustozim akademik Abdusattor Abdukarimovning menga AQShda qaytganimdan keyin o‘z laboratoriyalarida yaratib bergan sharoitlari beqiyos ahamiyat kasb etdi va muvaffaqiyatlarga sabab bo‘ldi.
2008 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘sha paytda Bosh vazir sifatida Fanlar akademiyasiga tashrifi chog‘ida bizning kichik laboratoriyamiz va yangi liniyalar bilan tanishdi. Men o‘sha vaqtda yosh olim edim. U natijani ko‘rib, eng avvalo fermer nuqtayi nazaridan savol berdi: Amerika genetik fonidagi bu liniyalar yaxshi, ammo o‘zbek fermeri ularni ekmaydi, shu belgilarni mamlakatimizda keng tarqalgan mahalliy navlarga o‘tkazish mumkinmi? U AN-Boyovut-2, S-6524, Toshkent-6 va Namangan-77 kabi o‘sha davrning muhim navlarini tilga oldi va ishni mahalliy seleksiya bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi. Ana shu savol laboratoriyadagi natijani navga, navni esa fermer mahsulotiga aylantirish vazifasini biz uchun mutlaqo aniq qilib berdi.
Keyingi ikki-uch yil davomida RNAi belgisi mahalliy navlarga qayta-qayta chatishtirish orqali o‘tkazildi. 2011-yilda yangi genotiplar dalada ko‘rsatilganida, Shavkat Mirziyoyev ularning kelajagi haqida so‘rab, «kelajagi porloq ekan» degan ma’noda navlar seriyasiga «Porloq» nomini taklif qildi. O‘sha yilning o‘zida navlarni turli hududlarga chiqarish, ishonchli fermerlarga urug‘ berib ko‘paytirish va 13 hudud sharoitida baholashga yo‘l ochildi. Yangi texnologiyaga munosabat hammada bir xil bo‘lmagan bir paytda, bu ishlardan natija chiqmaydi deb taxmin qilganlarga «Biz o‘zbeklarmiz, bu ishlarni albatta oxiriga yetkazamiz», degan qat’iy munosabati va qarorlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Agar urug‘ laboratoriya va tajriba uchastkasidan tashqariga chiqmaganida, qimmatli genotiplar ilmiy kolleksiyada qolib ketishi ham mumkin edi. Ularni fermerga yetkazish esa «Porloq»ning haqiqiy agronomik va tijorat hayotini boshlab berdi.
Shu davrda yana bir muhim masala, intellektual mulkni himoya qilish masalasi ham kun tartibiga chiqdi. Texnologiyani faqat ilmiy maqola sifatida emas, O‘zbekistonning ilmiy mahsuloti va litsenziyalash imkoniyatiga ega ishlanmasi sifatida himoya qilish zarur edi. Prezidentimizning davlat darajasidagi qo‘llab-quvvatlashi bilan O‘zbekiston, Texas A&M va USDA-ARS hamkorligida AQSh patent tizimiga ariza berildi, keyin xalqaro PCT tartibi bo‘yicha himoya yo‘li ochildi va O‘zbekiston, AQSh, Xitoy, Rossiya, Misr va Hindistonda milliy patentlar olindi. 2014-yilda esa texnologiyaning fundamental ilmiy natijalari Nature Communications jurnalida chop etildi. Shu tariqa bir vaqtning o‘zida uchta yo‘nalish birlashdi: fundamental ilmiy natija, xalqaro intellektual mulk himoyasi va texnologiyaning fermer dalasiga chiqishi. Prezidentimizning ushbu jarayonga shaxsiy e’tibori ilmiy bilimning nav va amaliy texnologiyaga aylanishida muhim institutsional tayanch bo‘ldi.
«Porloq» tarixi keyinchalik Genomika va bioinformatika markazining shakllanishiga ham turtki berdi. Kichik laboratoriya atrofida tayyorlangan yosh olimlar jamoasi, yangi genetik texnologiyalar va seleksiya ishlari uchun alohida zamonaviy infratuzilma kerak edi. Shu ehtiyoj asosida Markaz tashkil etildi, zamonaviy sekvenatorlar va boshqa genom uskunalari bilan jihozlandi, tajriba stansiyasi uchun yer ajratildi. 2013-yilda Markazning yangi binosi va zamonaviy tajriba stansiyasi ishga tushdi. Ilm-fan uchun oson bo‘lmagan o‘sha yillarda bu qo‘llab-quvvatlash juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Keyin 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Markaz Fanlar akademiyasi tizimida yanada mustahkamlandi. Bugun orqaga qarab aytsak, «Porloq» faqat navlar seriyasini emas, butun bir ilmiy maktab va genom texnologiyalari platformasini shakllantirishga xizmat qildi.
Paxta seleksiyasidagi eski muammoga boshqacha yondashuv
«Porloq»ning ilmiy ahamiyatini tushunish uchun paxta seleksiyasidagi eski bir muammoni eslash kerak. Dunyo seleksionerlari uzoq yillar davomida bir vaqtning o‘zida yuqori tola sifati, ertapisharlik va yuqori hosildorlikni bir genotipda uyg‘unlashtirishga intildi. Lekin bu belgilar ko‘p hollarda bir-biri bilan salbiy bog‘langan. Tola sifatini keskin yaxshilashga harakat qilinsa, hosildorlik yoki ertapisharlikdan yutqazish mumkin; hosilni ko‘tarishga urg‘u berilsa, tola sifati cheklanishi mumkin. Shuning uchun bu oddiy seleksion vazifa emas, paxta genetikasining uzoq yillik fundamental muammolaridan biri edi.
Biz bu muammoga g‘o‘zaning yorug‘likni qabul qilib, o‘sish, gullash, pishish va qator rivojlanish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi fitoxrom A1 geni orqali yondashdik. Uning faolligini RNAi gen-nokaut texnologiyasi bilan susaytirish natijasida kutilganidan kengroq o‘zgarish kuzatildi. Tola uzunligi va mustahkamligi yaxshilandi, mikronayr pasaydi, gullash va pishish ertalashdi, ildiz va vegetativ o‘sish kuchaydi, biroq hosildorlik yo‘qotilmadi. Asosiy yangilik bitta belgini yaxshilashda emas edi. Muhimi, seleksiyada ko‘pincha bir-biriga qarshi harakat qiladigan bir nechta agronomik belgi bir vaqtning o‘zida ijobiy tomonga siljigan edi.
Keyingi molekular tadqiqotlar bu holatning sababini yanada chuqurroq ko‘rsatdi. Fitoxrom A1 geni faolligi susayganda boshqa fitoxrom genlarining faolligi kuchaydi, ya’ni o‘simlik ichki kompensatsion mexanizmlarni ishga tushirdi. Kichik boshqaruvchi RNA molekulalari, hujayra devori, rivojlanish va stress javobi bilan bog‘liq genlar tizimida ham o‘zgarishlar kuzatildi. Muhimi, ta’sir bitta gen bilan cheklanib qolmadi: yuqori darajadagi boshqaruv nuqtasiga ta’sir qilish o‘simlikning ichki gen tarmoqlarini qayta muvozanatlashga olib keldi. Ana shu jihat «Porloq» texnologiyasiga oddiy bir belgi texnologiyasidan ancha keng fundamental mazmun berdi.
Ilm, patent va fermer dalasi bir yo‘lda
2014-yilda Nature Communications jurnalida chop etilgan maqola fitoxrom A1 geni faolligini pasaytirish orqali tola sifati, ertapisharlik va hosil salohiyatini bir vaqtda yaxshilash mumkinligini molekular va agronomik dalillar bilan xalqaro ilmga olib chiqdi. Ammo bu natijaning amaliy yo‘li undan oldinroq boshlangan edi. RNAi belgisi Coker-312 genetik fonidagi dastlabki liniyadan O‘zbekistonning mahalliy elita navlariga besh avlod davomida qayta chatishtirish orqali o‘tkazildi. Natijada Porloq-1, Porloq-2, Porloq-3 va Porloq-4 navlari shakllandi. Ular turli mahalliy genetik fonlarni saqlagan holda umumiy fitoxrom A1 gen-nokaut belgisini oldi.
2012-2014-yillarda navlar 13 tuproq-iqlim hududida kengaytirilgan sinovlardan o‘tdi, 2013 yildan fermer maydonlariga chiqdi, keyin urug‘ ko‘paytirish va ishlab chiqarish jarayonlari bosqichma-bosqich kengaydi. 2015-yilga kelib ular 60 ming gektardan ortiq maydonda sinov, urug‘ ko‘paytirish va ishlab chiqarish jarayonlariga kirgan edi. Umumiy joriy etish hisoblarida «Porloq» seriyasining o‘n yildan ortiq davrdagi jami ekish maydoni 500 ming gektardan oshdi. Bu texnologiya faqat tarixiy loyiha bo‘lib qolmaganini keyingi milliy ma’lumotlar ham ko‘rsatadi: 2026-yilda Scientific Reports jurnalida chop etilgan O‘zbekiston paxtachiligining milliy tahlili «Porloq» seriyasini mintaqada ilk tijoratlashtirilgan RNAi paxta navlari qatorida baholadi va 2025-yilning o‘zida RNAi navlari 24 786 gektarda ekilganini qayd etdi. Ushbu milliy tahlilda RNAi, markerga asoslangan seleksiya va yangi Bt/Gt navlari birgalikda 2025 yilga kelib mamlakat paxta maydonining 38,51 foizini tashkil etgan zamonaviy texnologiyalar portfelining bir qismi sifatida ko‘rsatildi. Bu raqamlar «Porloq»ning ahamiyatini faqat bir navning muvaffaqiyati emas, mamlakatda biotexnologik seleksiyaga yo‘l ochgan birinchi amaliy maktablardan biri sifatida ko‘rsatadi.
Nega o‘n uch yillik dala hayoti yangi fundamental bilim?
RNAi texnologiyasi kuchli imkoniyatlarga ega bo‘lsa ham, uning uzoq muddatli turg‘unligi ilmda doimo muhim savol bo‘lib kelgan. Ayrim RNAi genetik konstruksiyalarida vaqt o‘tishi bilan DNK metillanishi kuchayishi va konstruksiyaning o‘z faolligini susaytirib qo‘yishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Boshqacha aytganda, laboratoriyada yaxshi ishlagan gen-nokaut ta’siri ko‘p avloddan keyin pasayishi ehtimoli bor edi. Shuning uchun «Porloq»ning bir necha yil emas, o‘n uch yil davomida urug‘ ko‘paytirish, seleksiya va fermer dalalari sharoitida qanday yashagani butun RNAi texnologiyasi nuqtayi nazaridan ham muhim ilmiy savol bo‘ldi.
Yangi tadqiqotda tajriba stansiyasidagi «Porloq» navlari ular kelib chiqqan qayta chatishtirilgan ota-ona navlari bilan, fermer maydonlarida esa mamlakatda uzoq yillar eng ko‘p ekilgan an’anaviy navlardan biri bo‘lgan «Sulton» bilan taqqoslandi. Tajriba stansiyasida RNAi navlarining o‘rtacha hosildorligi an’anaviy taqqoslash guruhidan 14 foiz yuqori bo‘ldi, tolasi esa uzunroq, ingichkaroq va mustahkamroq bo‘lib qoldi. Hududiy ma’lumotlarda ham «Porloq» navlari raqobatbardosh hosil ko‘rsatkichlarini saqladi, eng barqaror ustunlik esa tola uzunligida kuzatildi. Muhit hosil o‘zgarishining katta qismini belgilagan bo‘lsa-da, genotip ta’siri ham ahamiyatli bo‘lib qoldi. Ya’ni texnologiya real dehqonchilikdagi suv, tuproq, iqlim va agrotexnika farqlari ichida ham o‘zining asosiy sifat «imzosi»ni saqlab qoldi.
Porloq-2 va Porloq-4 barqarorlik tahlillarida yaxshi ko‘rsatkichlar berdi. Keyinroq Porloq-1 fonida fermer dalalarida individual tanlash orqali Porloq-5 va Porloq-7 ajratib olindi. Porloq-5 Sirdaryoning sho‘r va qurg‘oqchilik xavfi yuqori sharoitida, Porloq-7 esa Farg‘ona vodiysining Namangan hududida tanlangan. Ularning hozirgi ma’lumotlari hali keng ko‘lamli xulosa uchun yetarli emas, ammo bu tarix bir muhim narsani ko‘rsatadi: texnologiya fermer maydoniga chiqqanidan keyin seleksiya to‘xtamaydi. Aksincha, turli muhitlar navning yangi imkoniyatlarini ochadi va kelgusi seleksiya uchun tabiiy tanlash maydoniga aylanadi.
Shuning uchun npj Science of Plants dagi yangi ishning ahamiyati faqat «Porloq» yaxshi hosil berdi degan gapda emas. Asosiy natija shundaki, avval molekular va seleksion jihatdan tavsiflangan RNAi fenotipi urug‘ ko‘paytirish, qayta chatishtirish va fermerlar qo‘lidagi uzoq yillik yetishtirish davomida saqlandi. Bu RNAi asosidagi murakkab, ko‘p belgili fenotipning dala sharoitida uzoq davom etishi bo‘yicha kam uchraydigan dalillardan biridir. Ya’ni o‘n uch yillik kuzatuv faqat navning taqdirini emas, gen-nokaut texnologiyasining agronomik turg‘unligi haqida yangi fundamental bilimni ham berdi.
Bitta gen emas, butun tizimning muvozanati
Bugun genom tahriri texnologiyalari seleksiya uchun ulkan imkoniyat ochmoqda. Aniq bir genda kerakli o‘zgarish kiritish, zararli variantni tuzatish yoki foydali allelni mustahkamlashda ularning qiymati juda katta. Lekin qishloq xo‘jaligidagi eng muhim belgilarning ko‘pi bitta genning oddiy «bor» yoki «yo‘q» holati bilan boshqarilmaydi. Hosildorlik, ertapisharlik, tola sifati, ildiz rivojlanishi, suv va stressga javob kabi xususiyatlar ko‘plab genlar va signallar birgalikda ishlaydigan tarmoqlar natijasidir. Shuning uchun ba’zi vazifalarda genni butunlay yo‘qotish emas, uning faolligini kerakli darajada boshqarish ko‘proq foyda berishi mumkin.
RNAi gen-nokaut texnologiyasining kuchli tomoni shundaki, u ana shu tarmoqning yuqori qismida turgan boshqaruv genining faolligini ma’lum darajada susaytirib, o‘simlikning o‘zida kompensatsion javobni ishga tushirishi mumkin. Fitoxrom A1 geni misolida xuddi shunday bo‘ldi. Bir gen faolligi pasaydi, boshqa fitoxromlar faolligi kuchaydi, rivojlanish va tola hosil bo‘lishiga bog‘liq qator tizimlar qayta muvofiqlashdi. Natijada seleksiyada odatda bir-biriga zid deb qaraladigan belgilarni bir vaqtda ijobiy tomonga surish imkoni paydo bo‘ldi. Bu gen-nokaut texnologiyasining «bir gendan bir belgi» tushunchasidan ancha keng ekanini va to‘g‘ri boshqaruv nuqtasi tanlanganda butun biologik tarmoqning foydali muvozanatini topish mumkinligini ko‘rsatdi.
2026 yilda Frontiers in Plant Science jurnalida chop etilgan RNAi texnologiyasiga bag‘ishlangan sharh maqolamda ham shu g‘oya keng tahlil qilindi. Kelajak «RNAi yoki genom tahriri» degan tanlovdan iborat emas. Aksincha, ular bir-birini to‘ldirishi mumkin. RNAi orqali qaysi boshqaruv geni va qay darajadagi susaytirish eng yaxshi ko‘p belgili holatni berishi aniqlansa, keyin genom tahriri, pangenomika va klassik seleksiya orqali shu foydali holatni yanada aniq va barqaror genetik fonlarda mustahkamlash mumkin. Dunyo fani va biz uchun «Porloq» ana shu integratsiyalangan seleksiya mantig‘ining ilk amaliy misollaridan biri bo‘lib qolmoqda.
«Porloq»dan keyin platforma yanada kengaymoqda
«Porloq»ning o‘n uch yillik natijasi bizga faqat orqaga qarab xulosa chiqarish uchun emas, keyingi bosqichni ishonchliroq qurish uchun kerak. Bugun Genomika va bioinformatika markazida gen-nokaut, RNAi va boshqa zamonaviy genom texnologiyalari asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarining istiqbolli nav va liniyalarini yaratish hamda mavjud navlarni takomillashtirish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Eng yaqin yo‘nalishlardan biri «Porloq» navlarining o‘zini yangi himoya belgilari bilan kuchaytirishdir. Porloq-1, Porloq-2 va Porloq-4 navlariga ko‘sak qurtiga chidamlilikni ta’minlovchi Bt hamda gerbitsidga chidamlilikni ta’minlovchi Gt genlari kiritildi va hozir ushbu materiallarning BC2F1 avlodlari olingan. Maqsad «Porloq»ning ertapisharlik va yuqori tola sifati kabi afzalliklarini saqlagan holda, uni bugungi fermerga kerak bo‘lgan zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi himoya bilan birlashtirishdir.
Platformaning yana bir muhim yo‘nalishi iqlim stresslariga chidamlilik bilan bog‘liq. Qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va past haroratga javobda ishtirok etuvchi boshqaruv genlaridan birini nokaut qilish orqali stressga chidamli g‘o‘za liniyalari olindi. Bu belgi Porloq-1 foniga o‘tkazilib, «Matonat-1» navi yaratildi. 2025-yilda u Xorazm viloyatida 20 gektar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 40 gektar maydonga ekildi va ijobiy natijalar qayd etildi. Bu hali oxirgi xulosa emas, ammo laboratoriyadagi yangi genetik g‘oyaning navga, navning esa dala sinovigacha yetib kelgan navbatdagi muhim bosqichidir.
Ertapisharlik bo‘yicha ham ishlar davom etmoqda. Yorug‘lik signallariga javob beruvchi boshqaruv genlaridan birini nokaut qilish natijasida ertapishar «Renesans» navi yaratildi. Fitoxrom B geni faolligini nokaut qilish orqali esa ertapishar va mikronayr ko‘rsatkichi yaxshilangan istiqbolli g‘o‘za liniyasi olindi, hozir uning BC4F5 avlodi mavjud. G‘o‘zaning gullash jarayonida ishtirok etuvchi kriptoxrom geniga ta’sir qilish orqali ham yangi genotiplar shakllantirildi va ularning T1 avlodi olingan. Bu ishlar yorug‘likni qabul qilish va rivojlanishni boshqarish tizimi hali ko‘plab yangi seleksion imkoniyatlarni saqlab turganini ko‘rsatadi.
Kasalliklarga chidamlilik yo‘nalishida ham yangi natijalar bor. Fuzarioz vilt kasalligi qo‘zg‘atuvchisining molekular mexanizmlaridan foydalanish asosida viltga chidamli «Bardosh» navi yaratildi va 2025-yilda Jizzax viloyatida 25 gektar maydonga urug‘lari ko‘paytirildi. Shu bilan birga, viltga chidamlilikka qaratilgan yana bir gen-nokaut genotipi Porloq-1 va Porloq-4 navlari bilan chatishtirildi, hozirda BC2F1 avlod o‘simliklari olingan. Demak, «Porloq» endi faqat tayyor navlar seriyasi emas, yangi belgilarni qabul qiladigan va keyingi avlod navlarini yaratishga xizmat qiladigan genetik platformaga aylanmoqda.
Platforma paxta bilan cheklanib qolmadi
Fitoxromlarni boshqarish va RNAi orqali murakkab belgilarni qayta muvozanatlash g‘oyasi paxta bilan cheklanib qolmadi. Genomika va bioinformatika markazida fitoxrom A1 geni faolligini boshqarish asosida «Barkamol» bug‘doy navi yaratildi. Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, bu nav gektaridan 78-80 sentnergacha hosil berish salohiyati, standart navlarga nisbatan 5-7 kun erta pishishi, yirik don va yaxshi nonboplik ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi. 2026 yilda 168 tonna urug‘lik tayyorlanmoqda; 2027 yilda 560 gektar maydonga ekish, 2028 yilda esa maydonni 7,5 ming gektargacha kengaytirish rejalashtirilgan. Bu «Porloq»da boshlangan ilmiy mantiqning boshqa strategik ekinga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Kartoshkada esa o‘simlik rivojlanishini muvofiqlashtiruvchi fitoxrom B geni faolligini RNAi texnologiyasi bilan susaytirish asosida «Bisyor» biotexnologik navi yaratildi. Uning o‘suv davri 80-85 kun, o‘rtacha hosildorligi gektariga 41 tonna atrofida deb baholangan. 2025 yilda texnologiya va nav bo‘yicha O‘zbekistonda ixtiro va seleksiya yutug‘i patentlari olindi, shu yili Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida fermer va xonadon sharoitida dastlabki ekishlar o‘tkazildi. Ya’ni RNAi platformasi paxta tolasidan boshlangan bo‘lsa-da, bugun oziq-ovqat ekinlarida ham amaliy seleksiya vositasiga aylanmoqda.
Qishloq xo‘jaligi endi iqlim yechimiga ham aylanishi mumkinmi?
Yana bir yangi yo‘nalish qishloq xo‘jaligi bilan iqlim masalasini bir nuqtada birlashtiradi. 2022-yildan boshlab Markazda g‘o‘za ildizlarida suberin deb ataladigan tabiiy biopolimerning to‘planishini kuchaytirish ustida tajribalar olib borilmoqda. Suberin nima o‘zi? Sodda qilib aytganda, suberin o‘simlik fotosintez orqali atmosferadan o‘zlashtirgan uglerodning bir qismini ildiz to‘qimalarida nisbatan barqaror shaklda saqlashga yordam beradigan tabiiy moddadir. Oddiy o‘simlik qoldiqlari vaqt o‘tishi bilan parchalanib, ulardagi uglerod yana tabiat aylanmasiga qaytishi mumkin. Suberin esa fermentativ parchalanishga ancha chidamli bo‘lgani uchun uglerodning ildiz va tuproq tizimida uzoqroq saqlanishiga xizmat qilishi mumkin.
Bu yo‘nalishda dastlabki natija ham bor. Suberin sintezini boshqarishga aloqador genlar bilan ishlash natijasida ildiz to‘qimalarida ushbu biopolimerni nazorat o‘simliklariga nisbatan 3,1 baravar ko‘p to‘playdigan dastlabki g‘o‘za genotiplari olindi. Hozir ularning urug‘lari ko‘paytirilmoqda va ushbu xususiyatni «Porloq» hamda «Ravnaq» kabi mahalliy navlarga o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Agar keyingi dala sinovlarida ham bu xususiyat o‘zini tasdiqlasa, kelajakda g‘o‘za faqat tola va hosil beradigan ekin emas, balki atmosferadan yutilgan uglerodning bir qismini tuproqda uzoqroq saqlashga xizmat qiladigan qishloq xo‘jaligi vositasiga ham aylanishi mumkin.
Bu misollarning rivojlanish bosqichi bir xil emas. Ayrimlari dala sinoviga chiqqan, ayrimlari seleksiya avlodlarida, yana ayrimlari hali laboratoriya va dastlabki ko‘paytirish bosqichida. Lekin ularni birlashtirib turadigan bitta mantiq bor: o‘simlikning yuqori darajadagi boshqaruv tizimlarini tushunish, kerakli gen faolligini aniq boshqarish va olingan foydali holatni fermerga mos mahalliy genetik fonga o‘tkazish. «Porloq» bu yo‘lning birinchi katta amaliy maktabi bo‘ldi, keyingi nav va liniyalar esa shu platformaning kengayib borayotgan davomidir.
Bir texnologiyadan ilmiy maktabga
Bugun «Porloq» tarixini faqat bir nav yoki bir maqola tarixi sifatida ko‘rish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning boshida Texas A&Mdagi fundamental genetik tadqiqot, keyin O‘zbekistonda tashkil etilgan kichik laboratoriya, USDA-ARS bilan xalqaro hamkorlik, yosh kadrlar tayyorlash, mahalliy navlar bilan seleksiya, fermer dalalari, patent himoyasi va davlatning uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashi turibdi. Ana shu zanjir natijasida laboratoriyadagi bir ilmiy savol Markazga, navlar seriyasiga va yangi avlod genom texnologiyalari dasturiga aylandi. 2021-2025-yillarni qamrab olgan Scientific Reports milliy tahlilida zamonaviy RNAi va markerga asoslangan mahalliy navlar keyinchalik kirib kelgan Bt/Gt texnologiyalari bilan birga O‘zbekiston paxtachiligida diversifikatsiyalangan texnologiyalar portfelini shakllantirayotgani ko‘rsatildi. Bu ham «Porloq»ning eng katta meroslaridan biri: u mamlakatni tayyor texnologiyani qabul qiluvchi emas, o‘z biotexnologik yechimlarini yarata oladigan tizimga olib kirdi.
Bu tarixning yana bir muhim sabog‘i shuki, ilmiy g‘oyaning qiymati faqat uning laboratoriyada qanchalik qiziq ekani bilan o‘lchanmaydi. G‘oyaning navga aylanishi uchun seleksioner, molekular biolog, to‘qima madaniyati mutaxassisi, urug‘chi, agronom, fermer, patentshunos va davlat boshqaruvi bir zanjirda ishlashi kerak. Zanjirning bir halqasi uzilsa, yaxshi genotip yo‘qolib ketishi yoki maqola darajasida qolishi mumkin. «Porloq»ning o‘n uch yillik dala hayoti esa bu zanjir uzilmay ishlaganda ilmiy texnologiya qanday qilib milliy seleksiya mahsulotiga, keyin esa yangi texnologiyalar uchun poydevorga aylanishini ko‘rsatdi.
O‘n uch yillik dala hayoti nimani ko‘rsatdi?
Endi maqola sarlavhasidagi savolga javob berish mumkin. O‘zbekistonda yaratilgan gen-nokaut texnologiyasining taqdiri nima bo‘ldi? U laboratoriyada qolmadi. U fundamental genetik g‘oyadan xalqaro patentlangan texnologiyaga, keyin mahalliy «Porloq» navlariga, undan fermer dalasiga va o‘n uch yillik agronomik hayotga aylandi. O‘n yildan ziyod davrda jami 500 ming gektardan ortiq maydonda yetishtirilgan bu navlarning asosiy fenotipik belgisi, ayniqsa tola uzunligi va sifat profili saqlanib qoldi. Shu jihatdan npj Science of Plants dagi yangi tadqiqot nav haqidagi yana bir hisobot emas. U RNAi gen-nokaut ta’sirining agronomik turg‘unligi haqidagi yangi bilimdir.
Bu natija yana bir fundamental xulosani mustahkamlaydi. Agar to‘g‘ri boshqaruv geni tanlansa, uning faolligini ma’lum darajada susaytirish orqali o‘simlikning ichki regulyator tarmog‘i qayta muvozanatlanishi va odatda bir-biriga zid deb qaralgan bir nechta belgilarni bir vaqtda yaxshilash mumkin. «Porloq»da biz tola sifati, ertapisharlik va hosil salohiyati o‘rtasidagi uzoq yillik seleksion muammoga ana shunday yo‘l bilan yondashdik. O‘n uch yillik dala tarixi esa bu ko‘p belgili holatning faqat laboratoriya fenomeni emasligini, u real fermer dehqonchiligida ham uzoq yashay olishini ko‘rsatdi.
Endi navbat keyingi bosqichga keldi. «Porloq» navlarini ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamlilik belgilari bilan takomillashtirish, stressga chidamli «Matonat-1», ertapishar «Renesans» va viltga chidamli «Bardosh» kabi yangi navlarni dala sinovlari orqali rivojlantirish, fitoxrom texnologiyasini bug‘doy va kartoshkada kengaytirish, genom texnologiyalarini uglerodni tuproqda uzoqroq saqlash kabi yangi vazifalarga yo‘naltirish ishlari davom etmoqda. Ya’ni o‘n uch yil avval fermer dalasiga chiqqan «Porloq»ning eng katta natijasi faqat o‘zi emas. U O‘zbekistonda yangi avlod genom seleksiyasi uchun ishlaydigan, fermerga yaqinlashib borayotgan va tobora kengayib borayotgan ilmiy platforma qoldirdi.
Ibrohim Abdurahmonov,
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik