Binobarin, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Raqobat bo‘lsa, aholining tanlash imkoniyati va sotib olish qobiliyati oshadi, odamlar rozi bo‘ladi”.

Raqobat bor joyda tadbirkor sifat va samaradorlik uchun kurashadi. Texnologiya va sarmoya kirib keladi. Iste’molchida tanlov paydo bo‘ladi. Shu ma’noda, raqobat siyosati iqtisodiy o‘sish vositasigina emas, balki iqtisodiy erkinlik va aholi farovonligining institutsional kafolatidir.

2017-yildan boshlangan o‘zgarishlar raqobat siyosatini alohida kampaniyadan davlat iqtisodiy siyosatining doimiy institutiga aylantirdi. Halol raqobat uchun sharoit yaratish, iqtisodiy faoliyat erkinligini kafolatlash va monopol faoliyatni qonun bilan cheklash prinsiplari Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.

2023-yilda yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, ustun mavqeni suiiste’mol qilish va kartel kelishuvlariga qarshi kurashish, davlat yordami va iqtisodiy konsentratsiyani nazorat qilish, davlat korxonalari hamda raqamli platformalar faoliyatida raqobatni himoya qilishning zamonaviy vositalari joriy etildi.

Nazoratning mazmuni ham o‘zgardi: e’tibor qonunbuzilish sodir bo‘lgandan keyin chora ko‘rishdan ko‘ra, raqobatga to‘siqni oldindan aniqlashga qaratilmoqda. Shu asosda 4000 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi o‘rganilib, ularning 52 foizida raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan normalar aniqlandi.

Davlat organlari va mahalliy hokimliklarning raqobatga zid 6700 ta qarori bekor qilindi yoki qonunchilikka muvofiqlashtirildi. Shuningdek, raqobatga zid 3500 ta harakat bartaraf etilib, asossiz olingan 912 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qaytarildi.

Iqtisodiy konsentratsiya nazoratida 2019-2026 yillarda umumiy qiymati 13,2 milliard dollarlik 1181 ta bitimga rozilik berildi. Raqobatga salbiy ta’sir xavfi mavjud 31 ta bitim rad etildi. Shu bilan birga, 400 dan ortiq yirik korxona va davlat idoralarida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi amal qilmoqda.

Davlat ulushi qisqarmoqda

Iqtisodiy modeldagi asosiy burilish davlatning bozordagi rolini qayta belgilash bilan bog‘liq. Davlat xususiy biznes bilan ma’muriy ustunliklarga tayanib raqobatlashmasligi, balki hamma uchun bir xil qoidalarni ta’minlashi lozim.

Shu maqsadda “Sariq sahifalar tamoyili” (Yellow Pages Rule) joriy etildi: muayyan bozorda kamida beshta xususiy tadbirkor faoliyat yuritsa, u yerda yangi davlat korxonasini tashkil etish cheklanadi. Bu xususiy sektor ishlay oladigan sohada davlatning asossiz kengayishini to‘xtatishga xizmat qiladi.

O‘tgan davrda davlat ishtirokidagi korxonalarning YAIMga nisbatan tushumi bo‘yicha ulushi 55 foizdan qariyb 30 foizgacha qisqardi. Ularning soni 3200 tadan 1700 tagacha kamaydi.

Tadbirkorlik faoliyatiga kirish shartlari ham yengillashtirildi: 160 turdagi litsenziya va ruxsat berish tartiblari bekor qilindi yoki soddalashtirildi, qator yo‘nalishlarda litsenziya o‘rniga xabardor qilish mexanizmi joriy etildi. Shu tariqa davlat ishtirokini qisqartirish xususiylashtirish bilan cheklanmay, davlat va xususiy korxona uchun haqiqiy teng raqobat maydonini shakllantirishga qaratilmoqda. Natijada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 2016-yilda 257,7 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib 474,9 mingtaga yetdi, ya’ni qariyb 85 foiz oshdi.

Shuningdek, 2016-yilda yalpi ichki mahsulot 199,3 trillion so‘mdan, 2025-yil yakuniga kelib 1849,7 trillion so‘mga yetdi. Bu iqtisodiyot hajmining qariyb 9,3 barobar oshganini ko‘rsatadi.

Eksklyuziv huquqdan ochiq bozorga

Bozorga kirishni cheklagan eksklyuziv huquqlar va individual imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish raqobat islohotlarining amaliy yo‘nalishiga aylandi. 24 ta faoliyat turi bo‘yicha eksklyuziv huquqlar bekor qilindi,

39 ta sohadagi individual imtiyozlar qisqartirildi yoki qayta tartibga solindi.

Masalan, 2025-yildan “O‘zbekekspertiza”, “O‘zInjiniring”, Milliy PR markazi, “Sag agro MTP” va O‘zbekiston standartlar institutiga berilgan ayrim eksklyuziv huquqlarning bekor qilinishi yuzdan ortiq tadbirkorlik subyekti uchun tegishli xizmat bozorlariga kirish imkonini ochdi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 28-fevraldagi “Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan eksklyuziv huquq faqat jamoat xavfsizligi, aholi salomatligi, milliy mudofaa, tabiiy ofat va epidemiya kabi obyektiv zaruratlar mavjud hollarda hamda uch yildan oshmagan muddatga berilishi belgilandi. Natijada bozordagi ustunlikni ma’muriy qaror emas, samaradorlik, sifat va innovatsiya belgilashi uchun huquqiy asos kuchaydi.

Tabiiy monopoliyalarga yondashuvda korxona emas, aniq xizmat va bozor markazga qo‘yildi. Shu asosda asosiy faoliyati tabiiy monopoliya sharoitida amalga oshirilmaydigan 56 ta korxonaning maqomi qayta ko‘rib chiqildi. Raqobat shakllangan sohalardagi 6 ta xizmat turi tabiiy monopoliyalar ro‘yxatidan chiqarildi.

Natijada tabiiy monopoliya subyektlari soni 2018-yildagi 140 tadan 2026-yilga kelib 78 taga, ya’ni 44 foiz qisqardi. Bu bozorda texnologiya va yangi ishtirokchilar paydo bo‘lgan sari monopol maqomi ham qayta baholanishi kerakligini ko‘rsatadi.

Aviatsiya bu jarayonning ko‘rinarli misolidir. 2017-yilda bitta mahalliy aviatashuvchi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 15 taga yetdi. Yo‘lovchilar oqimi qariyb besh baravar o‘sib, 15 millionni tashkil etdi. Shundan 12 millioni xalqaro qatnovlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Narxni talab va taklif shakllantirishi kerak

Bozor iqtisodiyotining asosiy sharti narxning talab, taklif va raqobat ta’sirida shakllanishidir. Shu maqsadda un, non, paxta moyi, don, yonilg‘i, mineral o‘g‘itlar va boshqa tovarlarni qamrab olgan 28 turdagi tovar va xizmat bo‘yicha ma’muriy narx belgilash mexanizmlari qayta ko‘rib chiqildi.

Liberallashtirish bilan bir vaqtda til biriktirish, sun’iy taqchillik, ustun mavqeni suiiste’mol qilish va birja manipul­yatsiyalariga qarshi nazorat kuchaytirildi. Ko‘rilgan choralar natijasida ayrim bozorlarda suyultirilgan gaz narxi 38 foiz, bug‘doy 14 foiz, fermerlar uchun karbamid bahosi 25 foiz pasaydi. 145 ta subyektda 78 milliard so‘mlik sun’iy narx oshirishning oldi olindi. Birja savdolaridagi 344 ta manipulyatsiya holati bo‘yicha 105 milliard so‘mni qaytarish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Iste’molchi huquqlarini himoya qilishda ham natija bevosita aholi manfaatida aks etmoqda. 2025-yilda qariyb 41 mingta murojaat ko‘rib chiqilib, 383,4 milliard so‘mlik mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish chorasi ko‘rildi. Gaz, kommunal xizmatlar, yonilg‘i va dori-darmon kabi yo‘nalishlarda o‘tkazilgan tizimli o‘rganishlar 17 million iste’molchining huquqlarini tiklashga xizmat qildi.

Raqamli nazorat

Bozorlar raqamlashgani sari nazorat ham ma’lumotlarga tayanishi zarur. Fair Tech yagona axborot tizimi, Fair Price, Product Info va Pharm Info modullari 32 ta davlat organining axborot resurslari bilan integratsiya qilindi.

Ilgari 10-20 kun talab etilgan ayrim ma’lumotlarni olish muddati 15 daqiqagacha qisqardi. Tahlil jarayoni 5 baravar tezlashdi. Ushbu imkoniyatlar asosida 204 ta subyekt va 165 ta tovar moliya bozorida ustun mavqega ega deb e’tirof etildi, 93 ta korxonada ustun muzokara kuchi, 9 ta raqamli platformaning 6 turdagi xizmatida ustun mavqe aniqlandi.

Raqamlashtirish nazorat bilan cheklanmay, qarorlarni chuqur tahlil va prognozga tayangan holda qabul qilishga ham xizmat qilmoqda. Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi Garvard universitetining Iqtisodiy murakkablik indeksi metodologiyasi asosida Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida dastlabki tahlillarni o‘tkazdi. Bu yondashuv hududning ishlab chiqarish salohiyatiga yaqin, ammo yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi mahsulotlarni aniqlash imkonini beradi.

Sirdaryo viloyati misolida 500 dan ortiq tovardan iqtisodiy murakkabligi yuqori 40 turdagi mahsulot bo‘yicha investitsiya imkoniyatlari ajratib olindi. Ularning ehtimoliy bozori qo‘shni mamlakatlarda 2,6 milliard, Rossiyada 8 milliard, Turkiyada 4 milliard dollardan ortiq deb baholangan.

Ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar bozorida ekonometrik modellar orqali narx dinamikasini oldindan baholash amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi.

2025-2026-yillarda tuxum, sut, kartoshka, guruch, shakar, sabzi, piyoz, parranda va mol go‘shti bahosi bo‘yicha prognozlarning o‘rtacha aniqligi 80 foizni tashkil etdi. Bu xavflarni narx keskin oshganidan keyin emas, oldinroq ko‘rish va tegishli choralarni asosli belgilash imkonini oshiradi.

2025-yildan “Biznes faolligi indeksi” amaliyotga joriy qilinib, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi

400 dan ortiq yirik korxona muntazam so‘rovga qamrab olinmoqda. Shuningdek, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Meksika tajribasi asosida Hududiy raqobatbardoshlik indeksi shakllantirilib, 14 ta hudud investitsiya, mehnat, infratuzilma, ijtimoiy barqarorlik va raqobat muhiti bo‘yicha baholanmoqda.

Bunday indekslar islohot samarasini respublika miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar emas, hudud va tarmoq kesimida ko‘rishga yordam beradi.

Xususiy tashabbus uchun keng iqtisodiy makon

Islohotlarning asosiy samarasi xususiy tashabbus uchun iqtisodiy makon kengayganida ko‘rinadi. Paxta va g‘alla, fuqarolik aviatsiyasi, elektron to‘lovlar, sement va qurilish materiallari, kabel va metallurgiya mahsulotlari kabi ilgari yuqori darajada konsentratsiyalashgan 30 ga yaqin sohada raqobat muhiti yaxshilandi.

Jumladan, xalqaro aviatashish, elektron to‘lovlar, sement, qurilish oynasi, kabel, metall mahsulotlari, paxta va bug‘doy kabi yirik tovar bozorlarida raqobat muhiti yaxshilandi va xususiy sektor ulushi sezilarli oshdi.

Bozorda taklifning kengayishi ham shu jarayonni ifodalaydi: 2019-yilda tovar nomenklaturasi 4100 tur atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda 5600 turga yetdi. Yangi mahsulot ortida yangi ishlab chiqaruvchi, sarmoya, ish o‘rni va iste’molchi uchun qo‘shimcha tanlov turadi.

Shuning uchun davlat ishtirokini qisqartirishning haqiqiy mezoni faqat xususiylashtirilgan obyektlar soni emas. Asosiy ko‘rsatkich — xususiy biznes uchun ochilgan bozorlar, tenglashgan shartlar va raqobat tufayli paydo bo‘layotgan yangi imkoniyatlardir.

Islohotlarning ortga qaytmasligi, avvalo, ularning huquqiy va institutsional asosi shakllangani bilan belgilanadi. Raqobat va iqtisodiy erkinlik prinsiplari Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlandi. Raqobat ta’sirini oldindan baholash, “Sariq sahifalar tamoyili”, davlat yordami nazorati va monopoliyaga qarshi komplayens kundalik boshqaruv amaliyotiga kirdi.

Ikkinchi tayanch — xususiy sektorning o‘zi. Bozorga yangi ishtirokchilar kirishi, yopiq sohalarning ochilishi va iste’molchi tanlovining kengayishi islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatdor doirasini kengaytirdi.

Uchinchi omil — O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi. Jahon savdo tashkilotiga a’zolik bo‘yicha muzokaralar eksklyuziv huquqlarni qisqartirish, davlat yordamini tartibga solish, litsenziyalarni soddalashtirish va raqobat neytralligini ta’minlash kabi o‘zgarishlarni yanada mustahkamlamoqda. Shu ma’noda, raqobatni rivojlantirish vaqtinchalik chora emas, yangi O‘zbekiston iqtisodiy modelining uzoq muddatli qoidasiga aylanmoqda.

Hal qiluvchi mezon

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu xususiy investitsiyalarga yangi bozorlarni ochish va raqobat mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan sohalarda davlatning bevosita xo‘jalik ishtirokini yanada qisqartirishni talab qiladi.

2030-yilgacha 16 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich bekor qilish, temir yo‘l tashuvlari, avtomobil yo‘llarini qurish va boshqarish, gaz hamda elektr ta’minoti kabi yo‘nalishlarda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Keyingi bosqichda 15 ta bozorda monopoliya va ustun mavqeni cheklash, 10 dan ortiq eksklyuziv huquqni bosqichma-bosqich bekor qilish, parallel import cheklovlarini bartaraf etish va tovar belgilaridan foydalanishda zamonaviy xalqaro tamoyillarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Energetikada to‘laqonli gaz va elektr energiyasi ulgurji bozorlarini shakllantirish, xususiy ishlab chiqaruvchilarning infratuzilmaga teng kirishini ta’minlash; temir yo‘lda infratuzilma va tashish funksiyalarini ajratish; aviatsiyani yanada liberallashtirish; asosiy infratuzilma tarmoqlarida mustaqil iqtisodiy regulyatorlarni rivojlantirish ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi.

Bunda maqsad davlatni iqtisodiyotdan butunlay chiqarish emas. Strategik energetika va transport infratuzilmasi, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq obyektlarda davlatning zarur ishtiroki saqlanadi. Asosiy masala — davlat ishtirokining oqilona chegarasini belgilash va u kamaygan sari bozor qoidalarining sifati hamda nazorat samaradorligini oshirish.

Mustaqillik xalqning o‘z taqdiri va taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilash huquqidir. Uning iqtisodiy mazmuni esa insonning mulkdor bo‘lish, tadbirkorlik qilish, yangi g‘oyani amalga oshirish va o‘z mehnati hamda bilimi bilan muvaffaqiyat qozonish imkoniyatida namoyon bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan, raqobatni rivojlantirish va davlatning iqtisodiyotdagi bevosita ishtirokini qisqartirish mustaqillik g‘oyasining mantiqiy davomidir. Bozorda kimning ma’muriy resursi kuchli ekani emas, kim samarali, innovatsion va iste’molchiga kerakli ekani hal qiluvchi mezonga aylanishi lozim.

2030-yilga borib, xususiy sektor yetakchilik qiladigan, raqobat innovatsiya va samaradorlikni harakatga keltiradigan, davlat esa adolatli qoidalar kafili bo‘lgan iqtisodiyotni barpo etish — kelgusi taraqqiyotning asosiy shartlaridan.

Mustaqilligimizning 35 yilligi ana shu yo‘lda erishilgan natijalarga munosib baho berish, bir vaqtning o‘zida istiqboldagi marralarga qat’iy ishonch bilan qarash uchun tarixiy fursatdir.


Xalilillo TO‘RAXO‘JAYEV,

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi