Bojxona qo‘mitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi va “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining transchegaraviy noqonuniy aylanuviga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. 

Germaniyadan xalqaro kuryerlik jo‘natmasi orqali yuborilgan boks qopi va qo‘lqopini ko‘zdan kechirish davomida bojxona xodimlari ushbu tovarlarning ichiga mohirlik bilan 4 kg. og‘irlikdagi narkotik moddalar yashirilganini fosh qilishdi. 

Shundan so‘ng joriy yilning 3-sentyabr kuni poytaxtning Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu jo‘natmani qabul qilib olayotgan 25 yoshli Chernagoriya fuqarosi qo‘lga olindi. 

Markaziy bojxona laboratoriyasida olib borilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra jo‘natmadadi narkotik moddalar 3 kg. “klefedron” sintetik narkotik moddasi va 1 kg. “gashish” ekanligi ma’lum bo‘ldi. 

Aniqlanishcha, ushbu shaxs “Signal” messendjirida “Mayk” akkaunti ostidagi shaxsning topshiriqlari asosida muqaddam Qozog‘iston va Gruziyada yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanib kelgan. 

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaroning vaqtincha yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, bu yerda ham keyinchalik tarqatish uchun 30 gr og‘irlikdagi “Α-PVP” sintetik giyohvand moddasi joylangan 11 dona tayyor o‘ramlar, zip-paketlar va elektron tarozi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida vaqtincha saqlovga olindi. 

Faqatgina shu emas! Tezkor tadbir davomida mazkur fuqaroning akasining nomiga ham xuddi shunday pochta jo‘natmasi kelayotgani ma’lum bo‘ldi. 

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, 2026-yil 8-sentabr kuni Germaniyadan yuborilgan ikkinchi pochta jo‘natmasida ham 4 kg og‘irlikdagi “Gashish” va “Klefedron” giyohvandlik moddalari borligi aniqlanib, to‘xtatib qolindi. 

Shunday qilib olib borilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbir davomida 6 kg. “klefedron” va 2 kg. “gashish” – jami 8 kg. giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishining oldi olindi. 

Ushbu holatda 8 kilogramm narkotik — o‘rtacha 45 mingta dozani anglatadi va dastlabki tahlillarga ko‘ra qora bozordagi narxi iste’molchiga yetib borguniga qadar 780 ming AQSh dollarini tashkil etadi. 

45 mingta doza – geometrik o‘sish tarzida bugun bir yosh insonni, ertaga uning do‘stini, keyin esa yana boshqalarni o‘z domiga tortib ketishi muqarrar edi. 

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.