FVVning xabar berishicha, shu yilning 15 sentyabr kuni soat 10:30 da «112» tizimi orqali Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Qorovulbozor tumani «Cho‘lquvar» MFY hududida joylashgan neft mahsulotlarini saqlash omboridagi rezervuarlardan birida yong‘in chiqqanligi haqida xabar kelib tushgan.

Qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, yong‘inni soat 11:18 da to‘liq bartaraf etgan. Yong‘inni o‘chirish ishlariga 14 ta qutqaruv bo‘linmasi jalb qilingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ombordagi 1 dona yoqilg‘i rezervuari yonib, zararlangan.

Hodisa natijasida 3 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish tan jarohatlarini olgan. Ular Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Voqea joyida viloyat FVB, IIB, SSB rahbariyati hamda hamkor xizmatlar xodimlari ish olib bormoqda.