Bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurashish umumjahon miqyosida jinoyatchilikning oldini olishdagi eng ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylanib ulgurdi. Bois, uning ayanchli oqibatlari ayrim davlatlar chegarasidan chiqib, butun insoniyat genofondi uchun xavotirli tahdid tusini olmoqda.
Birlashgan Millatlar
Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC)
tomonidan 2025-yilda eʼlon qilingan xalqaro hisobot bu tahdidning koʻlamini
yaqqol koʻrsatadi. Maʼlumotlarga koʻra, global giyohvand moddalar savdosining
yillik aylanmasi qariyb 800 milliard AQSH dollariga baholanmoqda. Dunyo boʻylab
psixofaol moddalar isteʼmol qiluvchilar soni 316 million kishiga yetgan boʻlib,
bu sayyoramizning mehnatga layoqatli (15–64 yosh) aholisining taxminan 6
foizini tashkil qiladi. Bunda kannabis hanuzgacha eng keng tarqalgan vosita
boʻlib qolmoqda – undan 244 millionga yaqin inson foydalanmoqda.
Global miqyosdagi bunday murakkab vaziyat, tabiiyki, hech bir
davlatni chetlab oʻtmaydi. Shu bois, yurtimizda ham jamiyatimiz salomatligi va
milliy genofondimizni turli yot illatlardan himoya qilish, qolaversa, jahondagi
narkovaziyat oʻzgarishlariga mos ravishda giyohvandlikka qarshi kurashish
tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirib borish ehtiyoji yuzaga kelmoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 19-20-aprel kunlari
Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini
taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi
xalqaro forum ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida taʼkidlaganidek: “Bugun
narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega boʻlib
borayotgani xavf-xatarlarni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, jinoiy guruhlarning
shifrlangan aloqa kanallari, kontaktsiz muloqot va murakkab moliyaviy
vositalardan foydalanayotgani narkotiklarga qarshi kurashishda bizdan zamonaviy
yechim va yondashuvlarni talab qilmoqda”.
Aynan ushbu zamonaviy chaqiriqlarga munosib javob qaytarish
va Prezidentimiz taʼkidlagan yangicha yondashuvlarni amaliyotga joriy etish
maqsadida, soʻnggi yillarda mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, psixotrop
va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga barham berish
borasida salmoqli hamda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Xususan, mazkur
yoʻnalishda sohaning huquqiy bazasi tubdan mustahkamlanib, huquqni muhofaza
qiluvchi organlarning oʻzaro hamkorligi yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda narkojinoyatlar va giyohvandlikka
qarshi kurashish oddiy vazifa doirasidan chiqib, keng qamrovli umummilliy
harakat darajasiga koʻtarildi hamda bu borada barcha zarur kuch va vositalar
toʻlaqonli safarbar etilmoqda. Xususan, soʻnggi davrda mazkur yoʻnalishdagi
profilaktika mexanizmlarini takomillashtirish va davlat idoralari oʻrtasidagi
hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar
hayotga tatbiq etildi.
Ayniqsa, 2024-yilda giyohvandlikka qarshi kurashishga oid
milliy strategiyaning qabul qilinishi mazkur yoʻnalishdagi eng muhim va
strategik qadamlardan biriga aylandi.
Amalga oshirilayotgan mazkur tizimli chora-tadbirlar oʻz navbatida
salmoqli natijalarni bermoqda. Jumladan, oxirgi yillarda narkotiklarning
noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq jinoyatlarni fosh etish va aniqlash
koʻrsatkichi ikki yarim barobarga oshdi.
Biroq, shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi axborot asri har
qanday sohada boʻlgani kabi, mazkur yoʻnalishda ham yangidan-yangi
chaqiriqlarni keltirib chiqarmoqda. Jahon amaliyotida kuzatilayotganidek,
anʼanaviy vositalar oʻrnini yanada xavfliroq boʻlgan sintetik narkotiklar
egallashi, ularning aksariyat hollarda internet tarmogʻi orqali, yashirin
(“kontaktsiz”) usullarda sotilishi xavotirli holatdir. Qolaversa, mahalliy
sharoitda baʼzi xufiyona laboratoriyalarni tashkil etishga boʻlgan
urinishlarning uchrab turgani sohadagi huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni
bugungi realliklarga moslashtirishni, shuningdek, zamonaviy va taʼsirchan
profilaktik yondashuvlarni ishlab chiqishni talab etmoqda.
Raqamlarga yuzlanadigan boʻlsak, Ichki ishlar vazirligi
maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda mamlakatimizda narkojinoyatlar sohasida 15 412
ta jinoyat qayd etilib, 3 tonna 775 kg giyohvandlik vositalari musodara
qilingan, 15 ta narkolaboratoriya aniqlangan. Narkojinoyat sodir etgan 11 049
nafar shaxslar javobgarlikka tortilgan. Achinarlisi, jinoyatchilarning 59
nafarini maktab oʻquvchilari, 124 nafarini talabalar tashkil etganligi jamiyatimiz
oldida qanchalik jiddiy vazifalar turganini koʻrsatadi. Yosh avlodning bu illat
qurboniga aylanishi qanday ogʻir oqibatlarga olib kelishi haqida Davlatimiz
rahbari mazkur xalqaro forumda taʼkidlaganidek: “Xalqimizda “Bir bola yoʻldan
chiqsa – jamiyat izdan chiqadi”, degan hikmatli gap bor. Shu maʼnoda, bir
farzandning giyohvandlik tuzogʻiga tushib qolishi, bu nafaqat uning oilasi,
yaqinlari, balki butun bir mahalla uchun fojia”.
Bugungi kunning eng murakkab chaqiriqlaridan biri – bu
raqamli vositalardan jinoiy maqsadlarda foydalanish holatlaridir. Jumladan,
soʻnggi besh yil ichida poytaxtimizda sintetik narkotiklar aylanmasining 11
baravarga oʻsganligi mutaxassislarni jiddiy tashvishga solmoqda. Xavotirli
tomoni shundaki, bunday moddalarning qariyb 95 foizi internet tarmogʻi orqali
tarqatilib, oʻzaro hisob-kitoblar kriptovalyuta koʻrinishida, yashirin tarzda
amalga oshirilmoqda.
Bu borada Prezident oʻz murojaatida alohida toʻxtalib oʻtdi:
“Bugun narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega boʻlib
borayotgani xavf-xatarlarni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, jinoiy guruhlarning
shifrlangan aloqa kanallari, kontaktsiz muloqot va murakkab moliyaviy
vositalardan foydalanayotgani narkotiklarga qarshi kurashishda bizdan zamonaviy
yechim va yondashuvlarni talab qilmoqda”
Shu nuqtayi nazardan, mazkur qonunning asosiy maqsadi aynan
yuqorida qayd etilgan noxush holatlarni bartaraf etish hamda giyohvandlik
vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish
boʻyicha milliy qonunchiligimizni zamon talablariga mos ravishda
takomillashtirishdan iborat.
Taʼkidlash lozimki, mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston
Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga va Maʼmuriy
javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga hamda ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik
vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining hamda kuchli taʼsir
qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlganligi uchun
javobgarlikni belgilovchi normalarni tizimlashtirish va takomillashtirish bilan
bogʻliq, shuningdek qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirishga, boshqa
qonun hujjatlari bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va
oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Qonun bilan Jinoyat kodeksining XIX bobi “Aholi
salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” deb nomlandi, bu orqali aholi,
ayniqsa, yoshlar salomatligiga tahdid solayotgan yangi xavfli qilmishlar
kiritilib, tegishli jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.
Xususan, narkojinoyatlarning zamonaviy usul va shakllari
inobatga olinib, gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning
noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi
qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilandi, 10 dan ortiq xavfli qilmish
boʻyicha jazo choralari kuchaytirildi.
Shu bilan birga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi
kodeksning bir qator moddalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilib,
giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini oz
miqdorda gʻayriqonuniy ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki
joʻnatish uchun javobgarlik kuchaytirildi, jamoat joylarida giyohvandlik
vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini yoxud kuchli
taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilish uchun maʼmuriy javobgarlik
belgilandi.
Qayd etish lozimki, ushbu qonun zamonaviy xalqaro
hamjamiyatda yuzaga kelgan giyohvand moddalar savdosi uchun jazolarni
kuchaytirish standartlariga toʻlaqonli mos keladi. Jumladan, bugungi kunda
ilgʻor xalqaro va xorijiy tajribada qattiq jinoiy sanksiyalarni (shu jumladan,
umrbod qamoq jazosini) belgilash koʻzda tutilgan.
Misol uchun, AQSH, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda
narkojinoyatlar uchun umrbod va uzoq muddatli qamoq jazosini keng qoʻllash
mumkin, Osiyo mintaqasi bir qator mamlakatlarida (Singapur, Eron, Xitoy) “nol
tolerantlik” siyosati doirasida giyohvand moddalarni koʻp miqdorda ishlab
chiqarish, saqlash va sotish oʻlim jazosi bilan jazolanishi mumkin.
Qonun bilan giyohvandlikka qarshi jinoiy jazolarni belgilash
barobarida, mazkur jinoyatlarga qoʻl urishni oldini olishda preventiv chora
sifatida yana bir muhim chora koʻzda tutiladi. Endilikda giyohvandlik
vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini qonunga xilof
muomalasi, narkolaboratoriya tashkil etish bilan bogʻliq jinoyatlar, ushbu
jinoyatlarga homiylik qilganlik bilan bogʻliq har qanday jinoyatni sodir etgan
shaxslar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi taqiqlanadi.
Bu esa, jinoyatga qoʻl urishdan oldin shaxslarni yana bir bor oʻylab koʻrish,
jinoyat yoʻliga qadam bosishdan oʻzini tiyishga sabab boʻladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mazkur Qonunning hayotga
tatbiq etilishi shunchaki jazo choralarini qatʼiylashtirish emas, balki butun
jamiyatimizni, ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlarimizni asrab qolish
yoʻlidagi kuchli va aniq yoʻnaltirilgan huquqiy qadamdir.
Uning amaliyotga joriy etilishi, eng avvalo, mamlakatimizda
narkojinoyatlarga nisbatan qatʼiy murosasiz muhitni – oʻziga xos “nol
tolerantlik”ni shakllantiradi. Jinoyatchilar uchun jazoni muddatidan oldin
yengillashtirish imkoniyatining bekor qilinishi va sanksiyalarning
ogʻirlashtirilishi jazoning muqarrarligi prinsipini amalda namoyon etadi. Bu
esa oson va harom boylik orttirishni koʻzlab, jinoyat koʻchasiga kirmoqchi
boʻlganlarni oʻz niyatidan qaytaruvchi kuchli psixologik va huquqiy toʻsiq
vazifasini oʻtaydi.
Qolaversa, zamonaviy tahdidlar – sintetik narkotiklarning
internet makoni va kriptovalyutalar orqali yashirin tarqatilishiga hamda
xufiyona laboratoriyalar tashkil etilishiga qarshi keskin huquqiy
mexanizmlarning ishlab chiqilgani sohadagi jinoiy tarmoqlarning ildiziga
berilgan zarba boʻladi. Natijada, farzandlarimizni virtual makondagi pinhona
tuzoqlardan asrash, ularning ongi va sogʻligʻini zaharlanishining oldini
olishda sezilarli ijobiy burilish yasaladi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu tarixiy hujjat nafaqat
jinoyatchilikka qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun oʻtkir
qurol, balki millat salomatligi, jamiyat xavfsizligi va sogʻlom genofondimizni
turli yot tahdidlardan himoya qiluvchi mustahkam qalqon boʻlib xizmat qiladi.
Oxir-oqibat, bu oʻzgarishlar har bir oilaning xotirjamligini taʼminlab,
davlatimizning xavfsiz va barqaror taraqqiyotiga zamin yaratadi.
Shuxrat Mirzayev,
Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va
huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi
Doniyorov Dilyor,
Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi