Nizom giyohvandlik vositalari va psixotrop ustidan davlat nazorati choralarini kuchaytirish maqsadida ularni O‘zbekistonga olib kirish va O‘zbekistondan olib chiqishda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni (sertifikat) berish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, sertifikatdan faqat 1 marta foydalaniladi va uning amal qilish muddati 1 yilni tashkil qiladi.

Giyohvandlik vositalarini olib kirish, olib chiqishga ruxsat berish uchun sertifikat olish talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:

ariza beruvchida giyohvandlik vositalari muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning mavjudligi;

giyohvandlik vositalarini olib kirish va olib chiqishda qonunchilikka majburiy rioya qilinishi;

sertifikatni olish uchun taqdim etiladigan ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash va boshqalar.

Arizani ko‘rib chiqish va sertifikatni rasmiylashtirish uchun BHMning 8 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi arizani qabul qilingan kundan boshlab 30 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqib, sertifikat beradi yoki sertifikat berishni rad etadi.

Sertifikatlar reyestri “Litsenziya” axborot tizimida elektron shaklda har bir sertifikat bo‘yicha alohida yuritiladi va undagi ma’lumot barcha uchun ochiq hisoblanadi.