Cho‘qqining balandligi 6200 metrni tashkil etadi. Xitoyning robototexnika sohasidagi ishlab chiquvchi kompaniyasi “Uch karra toj” nomli keng ko‘lamli ekspeditsiyani rejalashtirgan. Rejaga ko‘ra, robot keyinchalik Everestni zabt etishi kerak.
Robot maxsus haroratni boshqarish va shamollatish tizimlari bilan jihozlangan. Bu tizimlar uning elektron qurilmalarini qattiq sovuq va cho‘qqidagi keskin harorat o‘zgarishlaridan himoya qildi.
Shu bilan birga, olimlar Pembaning toqqa ko‘tarilishida yordamga muhtoj bo‘lganini ham ta’kidlashdi. Robot qiyaligi 30 darajadan kam bo‘lgan hududlarni mustaqil bosib o‘ta oldi. Biroq undan tikroq yonbag‘irlarda hamrohlari gumanoidni ko‘tarib olib chiqishlariga to‘g‘ri keldi. Butun ko‘tarilish jarayoni 16 soat davom etdi.
Kelgusida ishlab chiquvchilar robotning imkoniyatlarini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Ular avtonom o‘qitish tizimlarini joriy etish orqali Pembani murakkabroq releflarda ham mustaqil harakatlana oladigan qilishni maqsad qilgan.
Jamoaning uzoq muddatli maqsadi — gumanoidni Himolayga yuborish. Rejaga ko‘ra, robot Everest bazaviy lageri bilan deyarli 8000 metr balandlikda joylashgan IV lager o‘rtasida sinovdan o‘tadi. Biroq loyiha kutilmagan muammoga duch keldi. Hozircha Nepalda Everestda robotlashtirilgan ekspeditsiyalarni tartibga soluvchi huquqiy baza mavjud emas, deb xabar berdi mir24.tv.
“Pemba” loyihasi robotlar insonlar va oddiy texnikalar yetib bora olmaydigan qiyin hududlarda qay darajada foydali bo‘lishi mumkinligini namoyon etadi. Masalan, ulardan baland tog‘lardagi qutqaruv ishlarida yoki tabiatni muhofaza qilish hududlarini monitoring qilishda foydalanish mumkin.