Ma'lumot uchun, "Hisor" davlat qo‘riqxonasi 1983-yilda Qashqadaryo viloyatida “Hisor” tizmasi shimoli-g‘arbiy tarmoqlari tabiiy komplekslarini asl holicha saqlab qolish, ulardagi tabiiy jarayonlarning borishini o‘rganish, tabiatni muhofaza qilishning ilmiy asoslarini amaliyotga tatbiq etish hamda yovvoyi tabiatdagi noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan. Qo‘riqxona G‘elon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlaridan iborat.
"Hisor" maydoni jami 80986,1 gektarga teng bo‘lib, 24 308 gektari o‘rmon bilan qoplangan, shundan 12 203 gektari qalin o‘rmonzorlar, 56 678 gektari (shundan 171 gektar daryo va ko‘llar, 31 819 gektar qoya va jarliklar, 24 688 gektari yaylovlar) o‘rmon bilan qoplanmagan. 35 000 gektar maydon esa baland tog‘lar, qoyalar, jarliklar va muzliklardan iborat.