Yangi Oʻzbekistonda kechayotgan shiddatli islohotlar, ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishi har bir sohada raqobatbardosh, zamonaviy bilim va koʻnikmaga ega kadrlarga ehtiyojni tobora oshirmoqda. Ayniqsa, taʼlim tizimi uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlash masalasi mamlakatning ertangi taraqqiyotini belgilaydigan strategik vazifalardan biri sifatida namoyon boʻlyapti. Chunonchi, pedagogika yoʻnalishida yoʻl qoʻyilgan zarracha xato ham taraqqiyotda yillab ortda qolishga olib kelishi mumkin.
Bu jarayonda oʻqituvchining
bilimdonligi, dunyoqarashi, kasbiy mahorati va yangilikka intilishi hal qiluvchi
ahamiyat kasb etadi, albatta. Shunday ekan, ayni paytda maktabga, universitetlarga
kelayotgan pedagog kadrlarning bilimi, va salohiyatini yanada oshirish zarurati,
buning uchun oliy oʻquv yurtlari qanday faoliyat yuritishi kerakligi soha masʼullari
qatori koʻpchilikni oʻylantiradi. Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori,
Oʻzbekiston fan arbobi, professor Gʻofurjon
MUHAMEDOV bilan suhbatimizda asosan shu masalalar doirasida fikr almashdik.
— Gʻofurjon Isroilovich,
bugun jamiyatga diplomli bitiruvchi emas, ish joyiga kelganidanoq natija koʻrsata
oladigan kuchli kadrlar kerak boʻlyapti. Shu maʼnoda, Chirchiq davlat
pedagogika universiteti bitiruvchilari ayni talabga nechogʻliq javob beryapti?
Ular raqobatchi oliygohlar bitiruvchilaridan qaysi jihatlari bilan farqlanib
turadi?
— Juda toʻgʻri
taʼkidladingiz, bugun oliy taʼlim bitiruvchilariga qoʻyilayotgan zamon talabi
butunlay oʻzgardi. Ayniqsa, oxirgi yillardagi yangilanishlar — bozor
iqtisodiyotiga keskin oʻtish talabalarning oʻz mutaxassisligi doirasida chuqur
bilimga ega boʻlishini taqozo qilyapti. Avvalgidek aksariyat yoshlarning diplom
olish uchungina oʻqishi endi hech kimni qanoatlantirmaydi.
Aynan bizning
bitiruvchilarga kelsak, ular hozirgi zamon talabiga mos bilim, kompetensiyaga
ega boʻlgan va muammolarni mustaqil yecha oladigan yoki muammoga toʻgʻri javob
bera oladigan mutaxassis boʻlishi kerak. Negaki oliygohimiz 2017-yilda Toshkent
viloyatida aynan pedagog kadrlar va ularning malakasi yetishmasligini hisobga
olgan holda Prezidentimiz farmoni bilan tashkil qilingan. Shu maʼnoda, biz
ishni farmonda qoʻyilgan talablarni bajarish uchun Toshkent viloyatida,
ayniqsa, Chirchiq shahrida pedagog kadrlarga ehtiyoj va ularning muammosini
oʻrganishdan boshlaganmiz. Butun viloyat boʻyicha maktab direktorlari orasida
anonim soʻrovnoma oʻtkazganimizda oʻqituvchilarda kasbiy mahorat bilan birga
amaliy tajriba yetishmayotgani koʻringan.
Shuningdek, taʼlim ishtirokchilari alohida-alohida,
oʻz holicha ishlayotgani va bu holat tarqoqlikka olib kelgani maʼlum boʻlgan.
Eng yomoni, mana shu tarqoqlik biz tayyorlab beradigan kadrlar hayotida ham oʻz
aksini topishi mumkin edi. Uzoq oʻylanishlardan soʻng institutning asosiy
strategik yoʻnalishi sifatida “Pedagogik taʼlimning innovatsion klasteri”
loyihasini yoʻlga qoʻydik. Zero, taʼlim tashkilotlarini birlashtirish uchun ham
yangicha yondashuv —
klaster tizimi kerak edi. Mazkur tizim asosida institut rahbariyati, xodimlari,
xalq taʼlimi boʻlimlari, maktab direktorlari va taʼlimni boshqaruvchi
tashkilotlar hamda hokimlik vakillaridan iborat kengash tuzdik. Oʻquv
rejalariga oʻzgartirishlar kiritdik. Shundan soʻng taʼlimda ishtirok etayotgan
har bir subyekt oʻziga qandaydir masʼuliyatni olishga majbur boʻldi,
oʻz-oʻzidan birlashish kuzatildi.
Muhimi, bu
birlashuvni talabalar his qila boshladi. Biz esa ularga maktablarni oʻrganib
kelish vazifasini topshirdik. Bu borada bizga “4+2” usuli katta yordam berdi.
Yaʼni talaba 4 kun universitetda oʻqiydi, 2 kun maktabda amaliyot oʻtaydi.
Talabalarimizni maktablarga kiritish orqali u yerdagi kamchiliklarni koʻra
boshladik. Aniqlangan muammolarni professor-oʻqituvchilar bilan birga hal
qilish yuzasidan har hafta seminarlar tashkil qilindi va bu oʻz natijasini
berdi.
Oʻziga ishonch
bildirilgan har qanday yosh oʻsha ishonchni oqlash uchun qayerdan boʻlmasin,
kuch topadi, izlanadi. Bizda ham shunday boʻldi. Muammolarni yechishda
mustaqil ishtirok etayotgan talaba esa oʻzini ijrochi sifatida koʻra boshladi
va zimmasiga masʼuliyat yuklanganini tushunib yetdi. Shuningdek, klasterning
samarasi oʻlaroq, bitiruvchilarimizning maktabga moslashuv davri qisqardi.
Maktab direktorlari orasida oʻtkazilgan soʻrovnomadan maʼlum boʻldiki, talaba-bitiruvchilar
oʻrta hisobda 4-5 yilda maktab muhitiga toʻla singishib ketar ekan. Ana shu
davrni qisqartirish esa oʻquv davridanoq, yaʼni 2-kursdan maktab hayotiga kirib
borishni taqozo etadi.
— Tan olish kerak,
nazariya va amaliyot uygʻunligi eng ogʻriqli nuqtalarimizdan. Talabalarning
tayyor mutaxassis sifatida maktabga borishi, taʼlim muassasasiga tezroq
moslashib ketishi uchun yana nimalar qilish kerak?
— Oʻquv davridanoq
talabaning oldiga muammolar bazasini qoʻyish kerak. Nazariy bilimlar berilayotganda
professor-oʻqituvchi savolni toʻgʻri qoʻya bilsa, yaʼni “mana shu muammoning
yechimini oʻtilayotgan mavzu bilan bogʻlab tushuntira olasizmi?” desa, talaba chuqur mulohaza yuritish, aniq
fikrlashga harakat qiladi. Talaba maktabga amaliyotga borganida, mayli,
qiynalsin, mayli, yanglishsin, lekin muammoni aniqlab olish — uning
yarim yechimi.
Yuqorida
aytilganidek, bu borada ham taʼlim subyektlari bilan birgalikda ishlashni
tashkil qilish kerak. Tuman xalq taʼlimi boʻlimlari, maktab direktorlari va maktab
oʻqituvchilari talabalarning oldiga muammoni qoʻyib, uning munosib yechim
berishiga erishishi lozim. “Ustoz-shogird” anʼanasi esa talabaning jamoaga
koʻnikib ketishida katta oʻrin tutadi. Tajribali ustozlar yoshlarni suyab,
bilmaganini oʻrgatib, oʻrni kelganda darslarini tez-tez kuzatib, tahlil qilib
tursa, yoshlar maktabga, jamoaga mehr qoʻyadi.
Amaliyot
oʻtayotgan talabalarimizning bilim saviyasi, bolalar bilan qanday til
topishayotgani haqida maktab direktorlaridan soʻrab turamiz. Rosti, “Sizning talabalaringiz
boshqa talabalarga nisbatan tez moslashib ketdi”, degan fikrlarni tez-tez
eshitamiz. Albatta, bu quvonarli. Demak, bu yoʻldagi saʼy-harakatlarimiz
bitiruvchilarimizning boshqalardan farqli boʻlishiga, sof raqobatga xizmat
qilyapti. Aksincha holatda esa talabamizning qaysi jihatlarda oqsayotgani bilan
qiziqamiz. Ana shu sohalarni aniqlab, talabalar universitetda boʻladigan vaqtda
ular bilan kafedralarda alohida ishlanadi va oʻziga xos natija seziladi.
Shunday paytlar
boʻldiki, aniqlangan muammoning oʻziga ham, uning yechimiga ham guruh-guruh
boʻlib, differensial yondashish talab qilindi. Har bir fan boʻyicha kanallar,
botlar ochildi, savol-javob yoʻlga qoʻyildi. Maktab oʻqituvchilari,
direktorlaridan asosan laboratoriya mashgʻulotlarini oʻtkazish, laboratoriya
qurilmalarining yetishmovchiligi, aniq fanlarda masalani qanday ishlash
boʻyicha savollar kelib tushdi. Barchasiga yechim topishga harakat qildik.
Toʻgʻri, bu oson
kechmadi, kamida 4 yil vaqt sarflandi. Shu vaqt mobaynida talabalarning oʻzlari
ham jarayonni tushunib yetdi. Keyin boshqa muammolar chiqib kela boshladi.
Demak, ish bor joyda muammo yuzaga keladi. Shuning uchun yoshlarni mustaqil
ishlashga, muammolar yechimini qidirishga oʻrgatishimiz muhim. Masalan, agar
bir talabani kitob oʻqishga, undan foydalana olishga, oʻziga kerakli maʼlumotni
topish va oʻqiganini tahlil qila olishga oʻrgatsak, oʻylaymanki, uning
faoliyatida hammasi yaxshi boʻladi.
— Kerakli
maʼlumotni topish haqida gap ketganda, bevosita sunʼiy intellekt va uning
talabalar hayotidagi oʻrni namoyon boʻladi. Zero, u oʻzining cheksiz
imkoniyatlari bilan ayrim yoshlarni mustaqil ishlash, izlanishdan cheklab
qoʻyyapti. Talabalarni shunday xavotirli taʼsirlardan himoyalash uchun
universitet qanday choralar koʻryapti?
— Aytganingizdek,
sunʼiy intellektning hayratimizni oshirgudek yaxshi jihatlari bilan birga
xavotir uygʻotadigan zararlari ham bor. Biz talabalarga bilim berishda undan
faqat vosita, qurol sifatida foydalanishimiz kerak. Yaʼni birinchi oʻrinda —
talaba, inson. Ikkinchi oʻrinda — sunʼiy intellekt.
Hozir sunʼiy
intellektdan foydalanish uchun maktabgacha taʼlim hamda boshlangʻich taʼlimda
shaharlar, viloyatlarda situatsion markazlar tashkil qilinyapti. Biz bunday
markazlarni axborot-tahlil markazi deb atash tarafdorimiz va bu tarafdorlik
asosida oʻzimizda ham shunday markaz tashkil qilinyapti. U bilan talabaning
davomati, kontrakt toʻlovlarini toʻlashi, darsga kelib ketishi va oldidagi
muammolarga qaysi adabiyotlarda javob berilganini oʻrganishiga erishishni
koʻzda tutganmiz.
Ayni paytda ikkita
fakultetimizda “Alisa” nomli sunʼiy intellektdan foydalanilyapti. Masalan,
talaba unga savol beradi. Javob HEMIS dasturiga, internetga ulangan. Aytaylik,
talaba sunʼiy intellektdan nimalarnidir oʻrgandi. Lekin imtihon paytida u
“Alisa” bergan javobni yodlab olib, aynan shundayligicha aytib berdimi yoki
oʻzi tahlil qilib, mustaqil javob bera oldimi, shu yaqqol koʻrinib qoladi.
Buning uchun professor-oʻqituvchilar talabalar bilan mana shunday usulda ishlay
boshladi. Demak, bundan mustaqil taʼlimni tashkil qilishda unumli foydalanish
mumkin.
Bundan tashqari,
“Kelajak oʻqituvchisi” konsepsiyasini boshladik va loyihani barcha talabalarga
tarqatdik. Bu “Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri” tarkibida boʻladi. Asosiy
maqsad — bitiruvchi qanday kompetensiyaga ega boʻlishi lozim, mustaqil ishlarni
qanday tashkil qilish, talaba bilan qanday ishlash kerakligini oʻrgatish.
Bu yil har bir
yoʻnalish boʻyicha “Kelajak oʻqituvchisi” yoʻnalishida katta tanlov oʻtkazamiz.
U boʻlajak pedagoglarda kasb mahorati, etikasini tarbiyalashda muhim omil
boʻladi deb umid qilamiz. Chunonchi, tanlovga tayyorlanish jarayonining
oʻzidayoq talabada boʻlgʻusi kasbiga muhabbat paydo boʻladi, nechogʻliq
mashaqqatli boʻlmasin, oʻqituvchilikning sharafli ekanini tushunib boradi.
Shuningdek, bola
bilan ishlash hammaga ham ishonib topshirilavermasligi, buning masʼuliyati
katta ekanini ham anglab yetadi. Zero, keyingi paytlarda bogʻchada bolani
urish, maktablarda oʻquvchilar bilan nizoli holatlar koʻpaydi. Mana shunday holatlarda
bola bilan, oʻquvchi bilan qanday muloqotda boʻlish, vaziyatni qanday nazorat
qilish kerakligini tushunib yetishda yuqoridagidek tadbirlarning taʼsir kuchi
katta boʻladi.
— Chirchiq
kengayayotgan, sanoatlashgan, endi esa ziyolilar maskani boʻlishi kutilayotgan
shaharlardan. Shu maʼnoda, universitetga yoshlarni jalb qilishda shaharning
oʻziga xos salohiyatidan qanday foydalanilyapti? Bu oliygohning reytinglardagi
natijalariga qay darajada taʼsir etadi?
— 2022-yilda
davlatimiz rahbari farmoni bilan oliy taʼlim muassasamizga Chirchiq davlat
pedagogika universiteti maqomi berildi. Albatta, ushbu maqom bilan yelkamizga
ulkan masʼuliyat yuklandi. Bu masʼuliyatni koʻtara bilish, universitet maqomida
ish yuritish, yaʼni katta-katta vazifalarni bajarish oson emas.
Dastlab bittagina
binoga ega kollej oʻrnida boʻlgan oliygohimizning hozir 5000 dan ortiq oʻquv
joyiga ega 12 ta yangi oʻquv korpusi mavjud. Oʻsha paytda bizga ajratilgan 200
oʻrinli talabalar turar joyi ham taʼmirdan chiqarildi. Ayni vaqtda 2500 oʻrindan
ortiq sigʻimli talabalar turar joyiga egamiz. Yana 4 ta kollej ixtiyorimizda.
Umuman olganda,
avvalo, moddiy-texnik baza mustahkamlandi. Ikkinchidan, shu joylarda ilmiy
laboratoriyalar qurildi. Eng asosiysi, xodimlarga “professor-oʻqituvchi, jamoa
— talabalar uchun” degan tamoyilni singdirdik. Imkon qadar barcha
talabalarimizni, professor-oʻqituvchilarimizni maktablarni oʻrganishga
yoʻnaltirdik. Bu orqali maqsadimiz keng miqyosli tanitish, tanilish boʻldi.
Aniqrogʻi, imkon qadar mazkur oliy oʻquv yurti shu xalq uchun, Chirchiq atrofi,
Toshkent viloyatiga xizmat qilish uchun tashkil qilinganini odamlarga
singdirishga harakat qildik.
Ana shu tanilish
bizga juda katta effekt berdi. Xususan, muammolarini yechishda, bolasini tarbiyalashda
qiynalayotgan ota-onalar farzandlarini olib kela boshladi. Art pedagogika
laboratoriyasi, psixologik yoʻnalishdagi laboratoriyalarni tashkil qildik.
Inklyuziv taʼlim muassasasida
3 ta laboratoriya ishlab turibdi. Natijada talabalarning, ota-onalarning
institutga kelishi koʻpaydi. Hatto 1-2-kursni bitirib, oʻqishini boshqa
institutlarga koʻchirib ketgan talabalarning 50-60 foizi yarim oy-bir oyda
qaytib keldi. “Oʻzimizning oliygoh yaxshi ekan, auditoriyamiz, oʻqituvchimiz
ham yaxshi”, degan gaplar bizga qanchalar kuch berishini tasavvur qiling.
Quvonarlisi, ular bizga mutaxassis sifatida qaraydi. Albatta, bunda
professor-oʻqituvchilarning xizmati beqiyos.
Ayni paytda respublikamizning hamma viloyatidan yigit-qizlar
— talabalarimiz bor. Eng koʻpi Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm viloyatidan
kelgan. Qoraqalpogʻiston, Toshkent shahridan ham kelib oʻqishadi. Bu esa,
oʻz-oʻzidan, raqobatdosh oliygohlar, umuman, barcha OTMlar orasida reytingimiz
oshib borishida muhim omil boʻlmoqda.
— Pedagogika universiteti faqat oʻqituvchi
emas, kelajakdagi maktab rahbari, metodist va taʼlim islohotlarini amalga
oshiradigan menejer ham tayyorlashi kerak, toʻgʻrimi? Shu maqsadda lider
talabalar bilan alohida ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilganmi?
— Albatta, bu bizning oltin fondimiz. Shunaqa liderlarni
topish, tanlash uchun har bir fakultetda “Talabalar akademiyasi” tashkil
qilingan. Akademiya ilgʻor, oʻzining loyihasi, startapi bor yoshlarni jamlaydi.
Buning yaxshi jihati shundaki, viloyatlardan kelgan ayrim talabalar tarbiya,
xarakter nuqtayi nazaridan oʻzining tashabbuslari, yangi gʻoyalari haqida
professor-oʻqituvchilarga ochiq gapiravermaydi. Akademiyada esa tengdoshlari
bilan ochiq gaplashadigan, gʻoyalarini oʻrtaga tashlaydigan muhit shakllangan.
Maqsad, oʻsha tortinchoq talabalar lider talabalarga bemalol gapirsin,
koʻnglini ochsin. Liderlar esa bu haqda biz, ustozlarga gapiradi. Shu tariqa
har qanday ezgu niyat, harakat roʻyobga chiqishiga erishamiz.
Demak, talaba uchun iqtidorini koʻrsatish, oʻzini hayotga
tayyorlash shu yerdan boshlanadi. Masalan, sunʼiy intellekt elementlarini
kiritgan holatda psixologik test oʻtkazuvchi apparat ixtiro qilgan yoshlar bor.
Kimlardir boshlangʻich taʼlim, maktab taʼlimiga “Science” — bir necha fanlar
toʻplamini yangilik sifatida kiritdi. Ana shu fanlar toʻplamini oʻzlashtirish,
oʻsha fanlar toʻplamida dars berish metodikasini yaratish boʻyicha takliflar
berildi. Maktabgacha taʼlim mutaxassisligida bogʻcha laboratoriya, maktab
taʼlimida maktab laboratoriyalari qurdik. Har bir yoʻnalishda shunday
laboratoriyalar mavjud.
Ikki magistrimiz Kembrijga borib keldi va Kembrij metodikasi
asosida dars oʻtish usullarini taklif qildi. Mana bular — bizning iqtidorli
talabalar. Asosiysi, iqtidorlarni kashf etib, ularga toʻgʻri yoʻnalish, sharoit
yaratish eng birlamchi vazifa. Hali bu borada yana koʻplab ishlar qilinyapti.
Zero, iqtidorli yoshlar shu universitetga ham, keyinchalik butun pedagogik
taʼlimga ham oltin fond boʻlib qoladi.
— Universitet talabalari orasida
oʻqituvchi boʻlishni istamaydigan, tasodifan kelib qolganlarni aniqlash va
kasbga saralash mexanizmi bormi?
— Toʻgʻri, yuqorida aytganimizdek, hozir ham barcha yoshlarni
birdek diplom emas, bilim uchun, oʻzi sevgan kasbni egallash maqsadida
oʻqiyapti deb boʻlmaydi. Shundan kelib chiqib, universitetimizning maʼnaviyat-maʼrifat
ishlari boʻyicha prorektori oʻquv ishlari boʻyicha prorektor bilan birgalikda
har yili ikki marta anonim soʻrov oʻtkazadi. Soʻrovnomada “Siz keyingi
kelajagingizni qanday tasavvur qilasiz?”, “Maktabda ishlaysizmi?”, “Pedagog
boʻlasizmi?” kabi savollar bor. Soʻnggi tahlillarga koʻra, 15 foizgacha
talabalar “Yoʻq, men oliy oʻquv yurtini bitirgandan keyin oʻqituvchi boʻlib
ishlamayman”, degan javobni tanlagan boʻlsa, aksariyat talabalar “Men ilmiy ish
bilan shugʻullanaman, pedagog boʻlaman”, deya javob bergan.
Biz mana shunday
oʻrganishlar bilan, avvalo, bakalavriatdan magistraturaga kiruvchi talabalarni
tanlab olishga harakat qilishimiz kerak. Ayni paytda bu amaliyot 30-40
foizgacha oʻzini oqlayapti, deya olamiz. Bu borada yanada rivojlanish yoʻlidamiz.
Yaʼni haqiqatan ilmiy ish qilaman, izlanaman degan yoshlarga magistraturaga
kirishi uchun chet tilini oʻqitsak, asl yetuk kadrlar koʻpayishiga xizmat
qilamiz. Bu yildan shunday yoshlarni chet tiliga oʻqitish boshlanadi.
Doktorantlarga ham
ochiqchasiga “Bizga kiradigan boʻlsangiz, mana ilmiy izlanishlar bazasi, qaysi
soha boʻyicha ishlaysiz? Agar ishlamasangiz, bizning doktoranturani band
qilmang”, deyapmiz. Universitetda pedagogika sohasida yechilmagan muammolar
bor. Ularning qaysi birini hal qilishga yordam berasiz, qaysi yoʻnalishda
ishlamoqchisiz, deyapmiz. Afsuski, koʻpi qaytib ketyapti. Biroq shu orqali
soha kelajagi uchun jon kuydirishni istagan, butun borini shu yoʻnalishga
bagʻishlay oladigan kadrlarni saralab olishga erishyapmiz.
— Gʻofurjon aka,
nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham yirik olim, universitet
rahbari sifatida hali toʻliq amalga oshira olmagan maqsadlaringiz bormi?
— Amalga oshmagan
orzular juda koʻp. Birinchidan, talabalarimiz ularni umid bilan shu yerga
yuborgan xalqning, davlatning ishonchini oqlasin. Ikkinchidan, ular chet
ellarda ishlaydigan nufuzga ega boʻlsin. Yaʼni malakasi, tilni bilish darajasi
va kompetensiyasi shu darajaga borib yetsin. Yana bir asosiy maqsadim —
bugunning talabi, davlatimiz rahbari ham bot-bot gapirayotgan dual taʼlimni
haqiqiy maʼnoda yoʻlga qoʻyib olish, mutaxassis tayyorlash.
Biz dual taʼlimda
qoʻshmutaxassislikka asoslangan shunday tizimni yoʻlga qoʻymoqchimizki, unda
talabalarimiz ham tilni yuqori saviyada bilsin, ham yana bir mutaxassislikka
ega boʻlsin. Umuman, bir-biriga yaqin ikki yoʻnalishni birdek oʻzlashtirish
imkoni yaratilishi darkor. Masalan, maktabgacha taʼlim yoʻnalishida — ham
maktabgacha taʼlim mutaxassisi, ham enagalik yoxud boshlangʻich taʼlimda —
ham boshlangʻich taʼlim mutaxassisi, ham uy hamshirasi tayyorlanadi. Xuddi shu
kabi boshqa sohalarda ham oʻziga turdosh, oʻxshash yoʻnalishlar berishni koʻzda
tutyapmiz. Boisi, yoshlar oliygohni tamomlaganidan keyin yurtimizda ham, chet
elda ham egallagan bilimini, ichki imkoniyatini toʻliq realizatsiya qila olishi
muhim.
Yana bir katta ish
boshlaganmiz. Yangi kompozitsion materiallar yaratish, ularni qishloq va suv
xoʻjaligiga tatbiq etish borasida ishlayapmiz. Katta laboratoriya gen
injeneriyasi bilan shugʻullanyapti. Nasib qilsa, keyingi yilga tuganakdan
chiqqan urugʻni sotamiz. Shu ishlarning barchasida muvaffaqiyatga erishish ham
ezgu maqsadlarimizdan.
— 2027-yilda
universitet tashkil etilganiga 10 yil, kichik bir yubiley boʻladi. Chirchiq
davlat pedagogika universiteti haqida gap borganida, mehnatlaringiz bir soʻz
bilan qanday ifodalansa, sizga maʼqul kelgan boʻlardi?
— Ha, chetdan
qaragan kishiga vaqt juda tez oʻtgandek, 10 yil arzimagan fursatdek koʻrinadi.
Aslida, har bir yilni natija bilan tamomlash, vaqtni bildirilgan ishonchni
oqlagan holda ortda qoldirishning zahmati oʻziga yarasha. Shu maʼnoda ham
“Chirchiq pedagogika universiteti oʻzining oldiga qoʻyilgan masalani yechishda
faol ishtirok etdi va yecha oldi” tarzida fikr bildirilsa, bu, menimcha, eng
yuqori baho boʻlardi.
Yuqorida
aytilganidek, turli usullarni, yangicha yondashuvlarni qoʻllab boʻlsa-da,
erishganimiz — “Jamoa boʻlib ishlashga koʻnika oldi, risoladagi jamoa boʻldi”,
deyilsa, boshimiz koʻkka yetadi, mehnatlarimiz zoye ketmaganini his qilamiz.
“Bu oliygoh farzandlarimiz uchun yetarli, koʻngildagidek bilim berdi”, degan
eʼtirof esa biz uchun eng qadrli, eng yaxshi taʼrif boʻladi.
— Gʻofurjon aka,
suhbatimiz eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz — istiqlolimizning 35 yilligi
arafasida boʻlyapti. Shu fursatdan foydalanib, minglab talabalarning ustozi
sifatida tolibi ilmlarga, sohada faoliyat yuritayotgan shogirdlaringizga,
xalqimizga qanday tilaklaringiz bor?
— Avvalambor oʻsha
oʻzining kasbiga sodiq, fidoyi boʻlish, vazifalarni
sidqidildan bajarish hammamizga nasib etsin.
Talabalarimizga birinchi navbatda vaqtni bekor oʻtkazmaslikni maslahat
beraman. Har bir soat, har bir kunni gʻanimat bilib, kelajak uchun asos yaratib
olishlari kerak. Binobarin, Prezidentimiz zimmamizga qoʻyayotgan masalalarga
javob bera oladigan mutaxassis boʻlishcin.
Bugungi kunda til oʻrganish, raqamlashtirish, kompyuterni bilish masalasi siyosat darajasiga yetdi. Tilni bilgan,
mutaxassisligini chuqur tushungan, kompyuterda mukammal ishlay oladigan yoshlar
hech qachon ishsiz qolmaydi. Aniqroq aytganda, ish topib berishni birovdan
soʻramaydi, oʻziga oʻzi topadi ishni. Bunday yigit-qizlar oʻzining nurli
hayotini, kelajagini doim taʼminlay oladigan kadr boʻladi.
Ikkinchidan, yoshlarimiz xalqni oʻylantirayotgan, zamonning oʻzi oldimizga
qoʻyayotgan masalalarni yechishda toʻlaqonli ishtirokchi boʻlsin. Sohaning
fidoyisi boʻlish faqat oʻsha tarmoqqa emas, insonning oʻziga ham koʻp manfaat
keltiradi. Axir oʻzingiz oʻylang, bugungi pedagog majburiy mehnatdan ozod
qilinibgina qolmay, tizim tarixida boʻlmagan imtiyozlarga ham ega boʻlib
turibdi.
Ustozlarini
sharaflab, ilmni eʼzozlagan buyuk el yashaydigan muqaddas tuproq —
ona yurtning asl farzandlari tinchlikni saqlash va tinchlik uchun kurashuvchi
ham boʻlishi kerak. Zero, tinchlik — eng oliy neʼmat. Tinchlik boʻlgani uchun
siz bilan dildan suhbatlashyapmiz, kelajak ishlarni rejalashtiryapmiz. Biz
ertamiz egalari uchun osoyishtalikni taʼminlashni oliy burchimiz deb bilar
ekanmiz, farzandlarimiz ham keyingi avlodlar uchun goʻzal, farovon hayot qoldirishga
qodir boʻlsinlar. Ustozni otadek ulugʻ sanaydigan bagʻrikeng, olijanob xalqimiz
esa farzandlarining faqat yaxshi kunlarini koʻrib, quvonib yursin.
— Mazmunli suhbat uchun sizga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz, mustaqilligimizning 35 yillik tantanasi siz va siz orqali koʻp sonli jamoangizga muborak boʻlsin!