Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘prikning uzunligi 321 metr, kengligi esa 32 metrni tashkil etadi. Unda har ikki yo‘nalishda uchtadan harakatlanish bo‘lagi, shuningdek, piyodalar va velosipedchilar uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi.
Ma’lum qilinishicha, ko‘prik soatiga 10,5 mingta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi.
Inshoot qurilishida 38 metrlik oraliq balkalardan foydalanilmoqda. Ko‘prik tayanchlari ostida har biri 38 tadan 48 tagacha qoziq o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bu konstruksiyaning mustahkamligini ta’minlash, jumladan, zilzila va boshqa tabiiy ofatlar ta’siriga chidamliligini oshirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda ko‘prik tayanchlaridan birida qoliplash ishlari olib borilmoqda.
Yangi Toshkentni barpo etishda nafaqat turar joy va jamoat binolari, balki yo‘llar, ko‘priklar hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari kabi infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi ko‘prik esa shaharlar o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.