Bu borada ilgari surilayotgan tashabbuslar zamirida inson kapitaliga sarmoya kiritish, intellektual salohiyatni yuksaltirish va ilm-fanni iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveriga aylantirishdek ulkan maqsadlar mujassam.
Prezidentimizning “Oliy taʼlim, fan va
innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi farmoni esa ushbu jarayonlarga yanada kuchli surʼat baxsh etadi.
Mazkur hujjat sohadagi islohotlarni izchil davom ettirib, oliy taʼlim va
ilm-fanni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam poydevor
yaratadi.
Besh tayanch tamoyil
Islohotlar markazida “5 T” tamoyili —
taʼlim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish
ustuvor oʻrin tutadi. Bu yondashuv oliy taʼlim tizimiga mutlaqo yangi mazmun
bagʻishlaydi. Endilikda universitetlar bilim beruvchi muassasa boʻlish bilan
birga yosh avlodning dunyoqarashi, masʼuliyati va ijtimoiy faolligini
oshirishga xizmat qiladigan muhit sifatida shakllanadi.
Taʼlim zamonaviy bilim va koʻnikmalarni
berishni anglatsa, tarbiya yoshlarda
vatanparvarlik, fuqarolik masʼuliyati va qadriyatlarga sadoqatni
mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadqiqot esa universitetlarning ilmiy salohiyatini
oshirish, yangi bilim va yechimlar yaratishga yoʻnaltirilgan. Bunda xalqaro
taʼlim va ilmiy dasturlarda faol ishtirok etish, ilgʻor xorijiy tajribani joriy
qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng
muhim yangiliklardan biri — tijoratlashtirish tamoyili. U ilmiy ishlanmalarni
amaliyotga joriy etish, innovatsiyalarni iqtisodiyotga olib kirish va ulardan
qiymat yaratishni nazarda tutadi. Ayniqsa, hududlardagi dolzarb muammolarga
yechim boʻladigan amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni
tijoratlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu
bilan birga, tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi,
bitiruvchilar bandligini taʼminlash masalasi ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Tizimli takomillashtirish esa ushbu jarayonlarning barchasini uzviy va samarali
tashkil etishga xizmat qiladi.
Bu
yondashuv oliy taʼlimni faqat bilim berish tizimi doirasidan chiqarib, uni
mamlakat taraqqiyotining muhim drayveriga aylantiradi. Endi universitetlarda
yaratilgan ilmiy gʻoyalar laboratoriyalarda qolib ketmaydi, balki ishlab
chiqarishga, biznesga va jamiyat hayotiga kirib boradi.
Eng
muhimi, universitetlar endilikda ilmiy gʻoyalar shakllanadigan, startaplar
paydo boʻladigan, innovatsiyalar tijoratlashtiriladigan va iqtisodiyotga real
hissa qoʻshadigan zamonaviy intellektual markazlarga aylanmoqda. Bu esa, oʻz
navbatida, yoshlarning tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, ularni ilmiy izlanish
va yangilik yaratishga undash, eng asosiysi, bilimga asoslangan iqtisodiyotni
shakllantirishga zamin yaratadi.
“U-10”: Milliy tadqiqot
universitetlari
Yangi
tizimning eng muhim va strategik yangiliklaridan biri “U-10” loyihasi doirasida
milliy tadqiqot universitetlarini shakllantirishdir. Bu tashabbus orqali
mamlakatimizda ilmiy salohiyatni birlashtirish, taʼlim va tadqiqotni
uygʻunlashtirish hamda universitetlarni global ilmiy makonning faol ishtirokchisiga
aylantirish maqsad qilingan.
“U-10”
doirasida ilmiy tadqiqot faoliyati ustuvor boʻlgan, yuqori intellektual muhitga
ega, innovatsiya yaratishga qodir zamonaviy universitetlar tanlab olinadi. Ular
faoliyatining asosini ilmiy klasterlar tashkil etadi. Yaʼni bir universitet
atrofida mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy tashkilotlar,
sanoat korxonalari va biznes subyektlarini birlashtirgan yagona ekotizim
vujudga keladi.
Bunday
yondashuv ilmiy gʻoyalarni tezkor ravishda amaliyotga joriy etish, ishlab
chiqarish bilan ilm-fan oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni taʼminlash imkonini
beradi. Eng muhimi, tadqiqot natijalari laboratoriya doirasida qolib ketmay,
iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etiladi.
“U-10”
universitetlari nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik
qiladi. Bu esa qoʻshma taʼlim dasturlari, ikki diplomli tizimlar, xalqaro ilmiy
loyihalar va akademik almashinuvlarni kengaytirishga yoʻl ochadi. Natijada
milliy universitetlarimiz xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallash, eng
ilgʻor taʼlim va tadqiqot standartlarini joriy etishga erishadi.
Mazkur
universitetlar davlat tomonidan kuchli moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi. Ilmiy
klasterlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalarga yirik hajmda mablagʻ
ajratilishi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilishi, iqtidorli olimlar va
yosh tadqiqotchilarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
“U-10”
nafaqat universitetlarni rivojlantirish loyihasi, balki butun bir ilm-fan va
innovatsiya ekotizimini shakllantirish modeli hisoblanadi. Ushbu tizim orqali
Oʻzbekistonda kuchli ilmiy maktablar paydo boʻladi, yangi avlod tadqiqotchilari
shakllanadi.
Shu
tariqa “U-10” loyihasi mamlakatimizni Markaziy Osiyoda taʼlim va ilm-fan
markaziga aylantirish yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biri boʻladi.
Endi faqat reja bajarish
emas...
2027-yildan
boshlab oliy taʼlim muassasalarini moliyalashtirish tizimida mutlaqo yangi
yondashuv joriy etiladi. Bu universitetlar faoliyatini samaradorlik, sifat va
aniq natijalarga bogʻlashga qaratilgan tizimli islohotdir.
Oliy
taʼlim muassasalari milliy reyting asosida baholanadi. Ushbu reytingda
universitetlarning oʻquv jarayoni, ilmiy salohiyati, xalqaro faolligi,
raqamlashtirish darajasi, shuningdek, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi oʻrni
kabi muhim koʻrsatkichlar inobatga olinadi. Yaʼni taʼlim muassasasi qanchalik
sifatli bilim bersa, qanchalik ilmiy yangilik yaratsa va uning bitiruvchilari
hayotda oʻz oʻrnini topsa, shunchalik yuqori baholanadi.
Shunga
mos ravishda moliyalashtirish ham differensial tarzda amalga oshiriladi. Yuqori
natija koʻrsatgan, samarali faoliyat yuritgan universitetlar koʻproq moliyaviy
ragʻbatga ega boʻladi. Bu esa resurslarni adolatli taqsimlash, ularni eng
samarali ishlayotgan muassasalarga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Yana
bir jihat — bir nafar talabani oʻqitish xarajatlari ham aniq mezonlar asosida
hisoblanishi. Bunda professor-oʻqituvchilar yuklamasi, taʼlim yoʻnalishining
murakkabligi, moddiy-texnik bazasi, universitetning ilmiy yoʻnaltirilgani va
hududiy xususiyatlari kabi omillar inobatga olinadi. Bu esa har bir yoʻnalish
va har bir muassasaning oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda
moliyalashtirishni taʼminlaydi.
Eng
muhimi, ushbu tizim universitetlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini
shakllantiradi. Endi har bir oliy taʼlim muassasasi faqat reja bajarish emas,
balki aniq natija — sifatli taʼlim, kuchli ilmiy faoliyat va bitiruvchilarning
bandligini taʼminlash uchun harakat qiladi. Natijada oliy taʼlim tizimida
“samaradorlik — asosiy mezon” tamoyili qaror topadi.
Ilm-fan: sifat va
samaradorlikka oʻtish
Bugungi
islohotlar doirasida ilm-fan sohasiga munosabat mutlaqo yangi bosqichga
koʻtarilmoqda. Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimi tubdan qayta koʻrib
chiqilib, uning asosiga sifat, samaradorlik va amaliy natija tamoyillari
qoʻyilmoqda.
Endilikda
davlat tomonidan ajratiladigan mablagʻlar aniq ustuvor yoʻnalishlarga
qaratiladi. Bu esa ilmiy tadqiqotlarning mamlakat taraqqiyoti bilan uzviy
bogʻliq boʻlishini taʼminlaydi. Ilmiy loyihalar tanlovi esa faqat ichki baholash
bilan cheklanib qolmay, xalqaro ekspertiza asosida amalga oshiriladi. Nufuzli
xorijiy tashkilotlar va yetakchi universitetlar ishtirokidagi baholash tizimi
tadqiqotlar sifati va xolisligini kafolatlaydi.
Eng
muhim oʻzgarishlardan biri amaliy natijaga yoʻnaltirilganlikdir. Endi ilmiy
ishlanmalardan aniq iqtisodiy va ijtimoiy samara berish talab etiladi.
Yaratilgan ilmiy gʻoyalar ishlab chiqarishga joriy etilishi, yangi
texnologiyalar, mahsulot va xizmatlarga aylanishi ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Shuningdek,
ajratilayotgan mablagʻlarning kamida yarmi mamlakat iqtisodiyoti uchun
strategik ahamiyatga ega boʻlgan ustuvor sohalarga yoʻnaltirilishi
belgilanmoqda. Bu esa energiya, qishloq xoʻjaligi, sanoat, axborot
texnologiyalari kabi tarmoqlarda ilmiy yechimlarni jadal joriy etishga xizmat
qiladi.
Moliyalashtirish
tizimining ochiq va natijaga bogʻliqligi taʼminlanmoqda. Loyihalar belgilangan
samaradorlik koʻrsatkichlariga erishgan taqdirda moliyalashtirish davom
ettiriladi. Bu esa har bir ilmiy jamoani masʼuliyat bilan ishlash, aniq
natijaga erishishga undaydi. Umuman olganda, ushbu yondashuv ilm-fanni
iqtisodiy oʻsishning muhim omiliga aylantirishga zamin yaratadi.
Jahon talablariga mos
Islohotlar
doirasida mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini xalqaro maydonga olib chiqish,
Oʻzbekistonni mintaqadagi nufuzli taʼlim markaziga aylantirish ustuvor
vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. Bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar
yurtimizning ochiqlik siyosati, intellektual salohiyati va taʼlim sifatining
oʻsib borayotganini dunyoga namoyon etyapti.
Shu
maqsadda “Study in Uzbekistan” platformasini yanada takomillashtirish va
rivojlantirish koʻzda tutilgan. Mazkur platforma xorijlik abituriyentlar uchun
mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalariga kirish jarayonlarini soddalashtiradi,
ularga qulay va shaffof qabul imkoniyatlarini yaratadi. Eng muhimi,
universitetlarga xorijlik talabalarni mustaqil qabul qilish vakolati berilishi
ularning xalqaro raqobatbardoshligini oshiradi, taʼlim dasturlarini jahon
talablariga mos ravishda takomillashtirishga turtki beradi.
Har
yili 500 nafargacha iqtidorli xorijlik talaba uchun grantlar ajratilishi koʻzda
tutilmoqda. Bu mamlakatimiz taʼlim muassasalariga xorijlik fuqarolar orasidan
iqtidorli yoshlarni yanada faol jalb qilish, turli madaniyat va tajribalar
almashinuvini kuchaytirish, akademik muhitni yanada boyitish imkonini beradi.
Bunday muhit, oʻz navbatida, talabalarimizning dunyoqarashini kengaytiradi,
ularni global fikrlaydigan mutaxassislar sifatida shakllantiradi.
Mazkur
islohotlar orqali Oʻzbekiston taʼlim eksportini izchil amalga oshiradi, xalqaro
taʼlim bozorida oʻrnini mustahkamlaydi. Kelayotgan har bir xorijlik talaba
bilim olish asnosida yurtimiz madaniyati, salohiyati va imkoniyatlari bilan
yaqindan tanishadi.
Shu
tariqa Oʻzbekiston bosqichma-bosqich mintaqadagi taʼlim xabiga aylanib boradi.
Bu esa nafaqat taʼlim sohasida, balki mamlakatimizning xalqaro nufuzini
oshirishda ham muhim omil boʻladi.
Raqamlashtirish va zamonaviy
infratuzilma
Farmonda
raqamlashtirish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi zamonda
raqamli texnologiyalar taʼlim sifatini oshirish, boshqaruvni samarali tashkil
etish va inson omili taʼsirini kamaytirishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois, oliy
taʼlim tizimida zamonaviy raqamli infratuzilmani shakllantirish ustuvor
vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Jumladan,
“Karyera” platformasi ishga tushirilishi bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashda
mutlaqo yangi yondashuvni joriy etadi. Ushbu platforma orqali talabalarning
bilim va koʻnikmalari, qiziqishlari hamda mehnat bozori ehtiyojlari oʻrtasida
samarali bogʻliqlik taʼminlanadi. Bu esa bitiruvchilarning oʻz mutaxassisligi
boʻyicha ish topish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
“Talabaning
raqamli pasporti” joriy etilishi har bir talaba haqidagi barcha maʼlumotlar —
oʻqish koʻrsatkichlari, faolligi, yutuqlari va koʻnikmalarini yagona tizimda
jamlash imkonini beradi. Bu maʼlumotlar taʼlim sifatini tahlil qilish,
individual yondashuvni kuchaytirish va talabalarni ragʻbatlantirishda muhim
ahamiyat kasb etadi.
Shu
bilan birga, barcha elektron xizmatlarni birlashtiruvchi yagona taʼlim
portalini yaratish rejalashtirilgan. Ushbu platforma orqali talabalar,
professor-oʻqituvchilar va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar
soddalashadi, xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatiladi. Bu esa
vaqt va resurslarni tejash, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirishga
xizmat qiladi.
Yana
bir muhim yoʻnalish — sunʼiy intellekt asosida baholash tizimlarini joriy
etishdir. Bu orqali bilimlarni baholash jarayonida xolislik, aniqlik va
shaffoflik taʼminlanadi, inson omili bilan bogʻliq subyektivliklar bartaraf
etiladi. Ayni paytda masofaviy taʼlimni yanada takomillashtirish, uning
sifatini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Talaba — eʼtibor markazida
Amalga
oshirilayotgan islohotlarning eng muhim va ustuvor jihati inson omiliga, yaʼni
talabaga qaratilayotgan eʼtiborning keskin ortishidadir. Yangi yondashuvda
talabaga faqat taʼlim jarayoni ishtirokchisi emas, balki butun tizimning
markaziy figurasi sifatida qaralmoqda.
Endilikda
taʼlim jarayoni talabaning mustaqil fikrlashini, tahlil qilish qobiliyatini va
amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. Baholash tizimi ham
aynan shu mezonlarga asoslanadi, yaʼni yodlash emas, balki tushunish, fikr
yuritish va yechim topish qobiliyati ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu esa
yoshlarni tayyor bilim isteʼmolchisidan mustaqil fikrlovchi, tashabbuskor
shaxsga aylantirishga imkon beradi.
Taʼlim
va amaliyot uygʻunligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oliy taʼlim
muassasalari ishlab chiqarish, biznes va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda
faoliyat yuritib, talabalarning oʻqish jarayonidayoq amaliyot oʻtashi, real ish
muhitini his qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu bitiruvchilarning
mehnat bozoriga tayyor holda kirib kelishini taʼminlaydi.
Ijtimoiy
himoya va imkoniyatlarni kengaytirish ham islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan
biridir. Talabalar uchun qulay taʼlim muhiti yaratish, ularni
qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, ijtimoiy ehtiyojmand yoshlarga keng imkoniyatlar
berish orqali taʼlimda tenglik va adolatga erishiladi.
Shuningdek,
bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishi taʼlim sifatiga berilgan asosiy baho
mezoniga aylanmoqda. Endi universitet faoliyati faqat diplom berish bilan emas,
balki uning bitiruvchilari qay darajada hayotda oʻz oʻrnini topayotgani bilan
baholanadi. Bu esa oliy taʼlim tizimini yanada masʼuliyatli, natijaga
yoʻnaltirilgan va hayot bilan uzviy bogʻlangan tizimga aylantiradi. Eng muhimi,
bunday yondashuv orqali bilimli, raqobatbardosh va zamon talablariga javob
beradigan yangi avlod shakllanadi.
Bugun
boshlangan islohotlar mohiyatiga koʻra faqat bir sohadagi oʻzgarishlar emas,
balki mamlakatimiz taraqqiyotining uzoq muddatli yoʻnalishini belgilab beruvchi
muhim strategik qadamdir. Chunki oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimi har
qanday davlatning intellektual salohiyati, iqtisodiy qudrati va kelajak
taraqqiyotini belgilaydigan asosiy ustunlardan biridir.
Amalga
oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida yangi Oʻzbekistonda oliy
taʼlim tizimi mazmunan va mohiyatan yangi qiyofaga kirmoqda. U
raqobatbardoshligi bilan ajralib turadigan, innovatsiyalarni yaratish va joriy
etishga qodir, xalqaro maydonda munosib oʻrin egallay oladigan tizimga aylanib
bormoqda. Universitetlar faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki ilmiy va
iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi zamonaviy intellektual markaz
koʻrinishini olmoqda.
Asosiysi,
bu islohotlar orqali inson kapitaliga eʼtibor mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilib, ularning bilim olishi, izlanishi
va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun mustahkam zamin yaratilyapti. Ana
shu jarayonlar natijasida bilimli, tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan va
global raqobatga tayyor yangi avlod shakllanadi.
Aynan
shunday avlod mamlakatimizning ertangi kuni, uning barqaror taraqqiyoti va
xalqaro maydondagi muvaffaqiyatining eng ishonchli kafolatidir.
Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,
oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri