Qayd etilishicha, amalda bunday mahsulotlarni realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, ayrim savdo nuqtalarida ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan tovarlarni muomalaga chiqarish holatlari saqlanib qolmoqda. Bu esa iste’molchilar salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, mazkur holatlar iste’mol bozorida xavfsizlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va tadbirkorlik subyektlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda.
Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini mazkur ma’lumotlarsiz realizatsiya qilish va sotish maqsadida qabul qilganlik uchun jarimalar miqdorini oshirish nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va aholi hayoti hamda salomatligiga xavf tug‘diruvchi holatlarning oldini olishga qaratilgan.