Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari, tizim muhandislari, “Temiryo‘l infra tuzilma” AJ Navoiy signallashtirish va aloqa masofasi filiali mutaxassislari, OAV vakillari hamda yosh dasturchilar ishtirok etdi.
“MPS Turon” o‘zi qanday tizim? Bu — temir yo‘l stansiyalaridagi strelkalar va signallarni to‘liq raqamli boshqarish imkonini beruvchi milliy mikroprotsessorli markazlashtirish tizimidir.
Markazning tashkil etilishi sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, mahalliy dasturiy va texnik yechimlarni keng joriy etish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Import o‘rnini bosuvchi mahalliy texnologiya
Bugungi kunda temir yo‘l infratuzilmasida poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashda signallar, strelkali o‘tkazgichlar va boshqa qurilmalarni boshqarish tizimlari muhim o‘rin tutadi. Ilgari mazkur yo‘nalishda xorijiy texnologiya va mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan bo‘lsa, endilikda mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan “MPS Turon” tizimi bu borada yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. “MPTS Turon” — stansiyalardagi strelkalar va signallarni raqamli boshqarish imkonini beruvchi mikroprotsessorli markazlashtirish tizimidir. Uning eng muhim jihatlaridan biri — mahalliy sharoit va milliy temir yo‘l infratuzilmasi talablari asosida ishlab chiqilganidadir. Loyiha ustidagi ishlar 2020-yilda boshlangan. Bir necha yil davomida takomillashtirilgan tizim 2024-yil boshida Surxondaryo viloyatidagi Surxonobod stansiyasida dastlabki sinovdan o‘tkazildi. Bir yillik sinov natijalari muvaffaqiyatli bo‘lgach, tizimni boshqa stansiyalarda ham joriy etishga kirishildi. Keyinchalik Toshkent uzelidagi Oqko‘prik stansiyasida ham “MPTS Turon” tizimi ishga tushirildi.
Shuningdek, Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeliga qarashli G‘allaorol — Bulung‘ur uchastkasidagi stansiyalarga mazkur tizim o‘rnatildi. Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan ishga tushirilgan yangi stansiyaga “Mustaqillikning 35 yilligi” nomi berildi. Tizim qamrovi kengayib, yaqinda Urganch aeroporti stansiyasi ham “MPS Turon” yechimi asosida ish boshladi.
Har bir stansiyada milliardlab so‘m mablag‘ tejaladi
Mahalliy texnologiyaning asosiy afzalliklaridan biri uning iqtisodiy jihatdan manfaatli ekanida ko‘rinadi. Mas’ullarning ta’kidlashicha, yangi qurilayotgan har bir stansiyada “MPS Turon” tizimini joriy etish orqali o‘rtacha 10 milliard so‘m, rekonstruksiya qilinayotgan stansiyalarda esa 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ tejaladi. Ayrim obyektlardagi amaliyot bu raqamlarning hayotiyligini ko‘rsatdi. Jumladan, Oqko‘prik stansiyasini modernizatsiya qilish ishlari xorijiy muqobillariga nisbatan ancha kam xarajat bilan bajarildi. Bundan tashqari, mahalliy tizimdan foydalanish faqat mablag‘ni tejab qolmay, xorijiy kompaniya mutaxassislarini kutish, ehtiyot qismlar va texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq vaqt yo‘qotishlarini ham bartaraf etadi. Bu haqda “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” Filiali boshlig‘i Sanjar Asrorov shunday deydi: “Iqtisodiyotimizga “Turon” mikroprotsessorli tizimini joriy etish orqali stansiyaning hajmiga qarab, yangi quriladigan stansiyalarda 10 milliard so‘m, rekonstruksiya qilinadiganlarida esa o‘rtacha 5 milliard so‘m atrofida mablag‘ni tejash imkoniyati yaratilmoqda”.
Mutaxassisning fikricha, tizimni respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etish nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki yagona texnologik muhitni shakllantirish imkonini ham yaratadi.
Xorijiy texnologiyaga qaramlikka barham beriladi
“MPS Turon” loyihasining yana bir muhim jihati — temir yo‘l avtomatikasi sohasida texnologik mustaqillikni ta’minlashidir. Avvallari sohada qo‘llanilgan mikroprotsessorli tizimlar xorijda ishlab chiqilgani bois dasturiy ta’minot, ehtiyot qismlar va servis xizmati ko‘rsatishda tashqi hamkorlarga qaramlik mavjud edi. Endilikda tizimni ishlab chiqish, dasturlash, montaj qilish, sinovdan o‘tkazish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini to‘liq mahalliy mutaxassislar bajarmoqda.
“MPS Turon” tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida sohada salmoqli yutuqlarga erishdik. Ilgari dasturiy ta’minot va montaj ishlari bilan sanoqli mutaxassislar shug‘ullangan bo‘lsa, yangi tizim va o‘quv jarayonlari tufayli ko‘plab yosh dasturchilar hamda montaj ustalari shakllandi”, dedi “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” Filiali Navoiy signallashtirish va aloqa masofasi bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Hasan Mahmudov.
Vaqt tejaladi, xavfsizlik oshadi
Mahalliy tizimning ustunligi iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan birga harakat xavfsizligining yuqori darajada ta’minlanishida ham namoyon bo‘ladi. Tizim stansiyalardagi signallar va strelkali o‘tkazgichlarni nazorat qilish va boshqarish imkoniyatlarini kengaytiradi. Masofaviy monitoring olib borish, jarayonlarni kuzatish va zarur hollarda tezkor boshqaruvni amalga oshirish qulaylashdi. Eng asosiysi, tizimdagi texnik o‘zgartish yoki nosozliklarni bartaraf etish uchun chet ellik mutaxassislarni kutish zarurati qolmadi. “Temiryo‘l infra tuzilma” AJ Navoiy signallashtirish va aloqa masofasi filiali boshlig‘i Jamshid Temirov buni shunday izohlaydi: “Biz uchun eng asosiy masala — poyezdlar harakati xavfsizligi. Bundan tashqari, xorijiy mutaxassislarga bo‘lgan qaramlikning yo‘qolishi katta ahamiyatga ega. Ilgari chet ellik kompaniya mutaxassislarini kutishga oylab vaqtimiz ketar edi. Endilikda esa o‘z mutaxassislarimiz har qanday o‘zgartish yoki ta’mirlash ishlarini joyining o‘zida, tezkor va mustaqil ravishda amalga oshirish imkoniyatiga ega. Bu nafaqat mablag‘ni, balki eng muhimi — vaqtni ham sezilarli darajada tejamoqda”.
Bir stansiyani ikki oyda ishga tushirish imkoni
“MPS Turon” tizimining yana bir afzalligi — tayyorlash va foydalanishga topshirish muddatining qisqaligidir. Bugungi kunda qurilmalarni maxsus sexda yig‘ish va tayyorlash uchun taxminan bir oy sarflanmoqda. Shundan so‘ng ular obyektga yetkazilib, stansiyada montaj va sozlash ishlari boshlanadi.
“Qurilmalarni sexda montaj qilib tayyorlashga bir oy, obyektda o‘rnatib, to‘liq ishga tushirishga esa yana bir oy talab etiladi. Demak, butun jarayon atigi ikki oyda yakunlanadi. Ilgari bunday ishlarga kamida olti oy vaqt ketardi”, deydi “MPS Turon” sexi yo‘riqchisi Husan Mahmudov.
Yangi markaz — yangi avlod mutaxassislari maktabi
“MPS Turon” o‘quv-amaliyot markazining faoliyat boshlashi loyihaning yangi bosqichidir. Markazda mutaxassislar nazariy bilimlar bilan birga bevosita amaliy ko‘nikmalarni ham egallaydilar. Bu yerda zamonaviy o‘quv xonalari, loyihalash va dasturlash kabinetlari, montaj hamda sinov uskunalari, strelkali o‘tkazgichlar va svetoforlar bilan jihozlangan poligonlar tashkil etilgan. Uzoqdan keluvchilar uchun yotoqxona sharoitlari ham yaratilgan. Markazda yiliga 8 nafar dasturchi va 20 nafarga yaqin montaj mutaxassisini tayyorlash ko‘zda tutilgan. Bu esa sohadagi malakali kadrlar zaxirasini muntazam kengaytirib boradi.
Raqamlashtirish — rivojlanishning yangi bosqichi
Bugungi kunda tizimdagi raqamlashtirish ko‘lami faqat avtomatika bilan cheklanib qolmay, kompleks tarzda olib borilmoqda.
2024-yil 31-dekabrdagi tegishli topshiriqlardan so‘ng sohada tizimli islohotlar faollashdi. Nufuzli KPMG konsalting kompaniyasi ishtirokida raqamli tizimlar auditi o‘tkazilib, uzoq muddatli raqamli strategiya belgilab olindi. Yuk tashish: “Yagona darcha” tizimi orqali hujjatlar to‘liq onlayn rasmiylashtirilmoqda, uning mobil ilovasi ham amaliyotga kiritildi.
Jumladan, yo‘lovchi tashish: Chiptalarning 80 foizdan ortig‘i elektron shaklda sotilmoqda. Boshqaruv va xavfsizlik: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikdagi kredit bitimlari asosida amaldagi tizimlar zamonaviy Transport Management System (TMS) va Traffic Management System (TrMS) yechimlariga almashtirilmoqda, kiberxavfsizlik kuchaytirilmoqda.
Innovatsiyalar: BI-tahlil, ERP, raqamli tarozi, aqlli kesishma, “Chat Railway”, “Railway Observatory” va “Vagon Vision” kabi qator raqamli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Maqsad — yagona tizim va to‘liq mahalliylashtirish.
Mutaxassislar “MPTS Turon” loyihasini tarmoqni texnologik suverenitetga olib chiquvchi muhim milliy dastur sifatida baholamoqda. Kelgusida turli xorijiy mikroprotsessorli tizimlarni bosqichma-bosqich yagona mahalliy standartga birlashtirish, shuningdek, Jizzax — Arnasoy hamda Nurafshon — Bo‘ka — Yangiyer kabi yangi temir yo‘l qurilishlarida to‘liq “MPS Turon” yechimlaridan foydalanish rejalashtirilgan. “MPS Turon” — shunchaki raqamlashtirish emas, balki iqtisodiy tejamkorlik, harakat xavfsizligi va yurtimiz temir yo‘l sohasidagi mustaqil texnologik taraqqiyot kafolatidir.
Zulxumor Akbarova