Taʼkidlanganidek, Hindistonning soʻnggi yillardagi jadal taraqqiyoti hamda xalqaro maydonda tobora ortib borayotgan nufuzi bevosita mamlakat yetakchisining samarali faoliyati bilan bogʻliq. Muvaffaqiyatli dastur va strategiyalar tufayli zamonaviy Hindiston barcha sohalarda olamshumul yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, bu qaror Hindiston Bosh vazirining ikki xalq oʻrtasidagi azaliy doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga qoʻshayotgan beqiyos hissasi uchun Oʻzbekiston xalqi va davlatining yuksak ehtiromi ifodasi ekanini aytib oʻtdi.

Ushbu tarixiy tashrif va oʻtkazilgan sermahsul muzokaralar natijasida doʻst mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga erishildi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yangi sifat bosqichiga olib chiqilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mazkur mukofot ikki xalq oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishiga ishonch bildirildi.

– Umumiy intilish va harakatlarimiz bilan koʻp qirrali va uzoq muddatli aloqalarimiz kelgusida ham jadal rivojlanib borishiga aminman, – dedi Prezidentimiz.