Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, halollik tamoyillarini mustahkamlash hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 22-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1155-son Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan profilaktik mexanizmlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qonun bilan bir qator muhim yangiliklar joriy etildi. Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlar tushunchasi qonunchilik darajasida aniq belgilandi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestrini yuritish tartibi joriy etildi hamda ayrim korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga doir cheklovlar belgilandi. Shuningdek, davlat xizmatiga qabul qilish va davlat xaridlari, davlat-xususiy sheriklik, litsenziyalash hamda ruxsat berish tartib-taomillarida korrupsion xavflarni kamaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar yanada takomillashtirildi. Ushbu yangiliklar korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat javobgarlikni kuchaytirish, balki korrupsiyaning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan kompleks yondashuvni mustahkamlaydi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi faoliyati uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki vazirlik mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari – investitsiyalarni jalb etish, sanoatni modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish, hududlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda muhim o‘rin egallaydi. Ushbu jarayonlarning ochiq, shaffof va qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etilishi investorlar ishonchini mustahkamlashning eng muhim omillaridan biridir.
Bugungi kunda vazirlikda korrupsiyaning oldini olish va halollik tamoyillarini qaror toptirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Komplayens bo‘limi tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, ularni kamaytirishga qaratilgan “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, komplayens nazorat tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya etishini monitoring qilish hamda korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish bo‘yicha kompleks choralar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 1155-son Qonuni mazkur faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi. Xususan, vazirlik tizimida korrupsiyaviy xavflarni muntazam tahlil qilish va ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish, ichki nazorat va komplayens tizimlarini zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirish, investitsiya loyihalari, davlat xaridlari va subsidiyalar ajratish jarayonlarida shaffoflikni yanada kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvini barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish ustuvor vazifalar sifatida belgilanmoqda.
Shu bilan birga, vazirlik tizimida korrupsiyaviy xavflarni boshqarish tamoyillarini barcha tarkibiy va hududiy bo‘linmalar faoliyatiga izchil joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada normativ-huquqiy hujjatlar va ichki tartib-taomillarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali inson omilini qisqartirish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish hamda qarorlar qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash korrupsiyaning oldini olishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi.
Qonunda belgilangan talablar vazirlik xodimlaridan ham yuqori mas’uliyatni talab etadi. Har bir davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat vazifalarini bajarishda qonuniylik, xolislik, halollik va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga qat’iy amal qilishi, xizmat vakolatidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanmasligi hamda korrupsiyaga oid har qanday holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi zarur. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat nazorat tuzilmalarining emas, balki har bir xodimning kasbiy mas’uliyati va fuqarolik burchidir.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, investorlar, avvalo, ochiq, adolatli va korrupsiyadan xoli boshqaruv tizimi shakllangan davlatlarga ishonch bildiradi. Shu bois vazirlik tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha samarali komplayens mexanizmlarini joriy etish nafaqat boshqaruv sifatini oshiradi, balki mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlaydi, xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga, tadbirkorlik subyektlari uchun teng va sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda profilaktika asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Vazirlikda muntazam ravishda xodimlar uchun o‘quv-seminarlar, davra suhbatlari va treninglar tashkil etilishi, korrupsiyaga oid qonunchilikdagi yangiliklar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilishi, anonim murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va ichki audit natijalarini tahlil qilish orqali korrupsion xavflarni erta aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Komplayens bo‘limi O‘zbekiston Respublikasining 1155-son Qonuni talablaridan kelib chiqib, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning profilaktik mexanizmlarini yanada takomillashtirish, komplayens nazorat tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, korrupsiyaviy xavflarni boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish, xodimlarning huquqiy ongi va halollik madaniyatini yuksaltirish hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.
Zero, halollik, shaffoflik va qonun ustuvorligiga asoslangan boshqaruv tizimi – investitsiyalarni faol jalb etish, sanoatni jadal rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashning eng muhim omillaridan biridir. O‘RQ–1155-son Qonun esa ushbu maqsadlarga erishishda vazirlik tizimi uchun ishonchli huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Bobur Ibadullayev,
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,
Komplayens bo‘limi boshlig‘i