Bunda mamlakatdagi yangi tizim, oʻsish va oʻzgarishlar hisobga olinadi.Bizningcha, tarixiy voqealarning koʻpligi va shiddatiga qaraganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik davrini ikki bosqichga boʻlish mumkin. Birinchisi bu – avvalgi muammolarni hal qilish va inson qadrini koʻtarish davri.
Prezidentimiz
lavozimga kirishgan ilk yillarni eslaylik. Odamlarning oddiy hayot tarzi,
yashashi, huquqlari bilan bogʻliq qancha muammolar yigʻilib yotgandi. Bolalar
mehnati, paxta safarbarligi, iqtisodiyot yopiqligi, biznesning qiyinligi,
chegara muammolari, uy-joy yetishmasligi, xorijga chiqish, fuqarolik olish va
propiska cheklovlari... Va hokazo.
Bularning
qadrini tushunish uchun 3 ta voqeani eslashni oʻrinli deb oʻylayman.
Birinchi voqea
2017-yil
21-sentyabr, Nyu-York shahri. BMT Bosh Assambleyasi yigʻilishiga borgan Shavkat
Mirziyoyev koʻplab manfaatli uchrashuvlar oʻtkazdi.
Lekin
Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashuv juda asabiy kechdi. Sababi
— Oʻzbekistonda odamlarni majburiy mehnatga va bolalarni paxta terimiga jalb
etish holatlari edi. Inson huquqlarini qadrlagan xalqaro tashkilotlar bu
mezonga toʻgʻri kelmaydigan davlatlar bilan hamkorlikni xushlamasdi.
Paxta
oʻlkamizda XX asr boshlaridan buyon keng yetishtirilayotgan boʻlsa, majburiy
mehnat har doim boʻlgan. Faqat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davriga kelib,
xalq kutgan qatʼiyat topildi — 100-yilda boʻlmagan islohot boʻldi.
2017-yildan
boshlab dalalarda bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qoʻyildi. Byudjet
tashkilotlari xodimlari va talabalarni paxta terimiga chiqarish taqiqlandi.
Paxtaga daxli boʻlmaganlarning qoʻli boʻshadi. Buni Xalqaro mehnat tashkiloti
ham koʻrib, kuzatib bordi.
Endi
voqeaning davomini eshiting. Jahon bankining prezidenti 3 oy oʻtib, 2018-yil
yanvarda yurtimizga vakillarini yubordi. Davlatimiz rahbari bilan uchrashishni
taklif qilib, Oʻzbekiston bilan sheriklikni kengaytirishga tayyor ekanini
bildirdi.
Oʻsha
yili may oyida Prezidentimizning Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifi
chogʻida ikkinchi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu safar munosabat tamomila
boshqacha! Davlatimiz rahbarini Jahon banki prezidentining oʻzi ochiq yuz bilan
kutib oldi. “Men Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning surʼati,
miqyosi va koʻlamidan chuqur hayratdaman”, dedi u.
Bu
Prezidentimizning qatʼiyati va shijoatiga tan berish edi. Ayonki, buning ortida
qanday hurmat, hurmatning zamirida esa katta mehnat-mashaqqat bor!
Albatta,
bu bilan paxtachilik zarar koʻrgani yoʻq. Iqtisodiyot uchun u ham kerak. Faqat
bozor tamoyillari va manfaatdorlik toʻgʻri yoʻlga qoʻyildi. Endi paxtani
bolalar emas, “manfaat” teryapti.
Paxta
bir asr davomida elimizning asosiy tashvishi boʻlib keldi. Bu odamlarning
turmush tarziga, hatto ongiga singib ketgandi. Qishloq bolalari kuzda oylab
paxtaga chiqib, bir yilda 6 oy oʻqirdi. Lekin xalqimizning “kosasi oqarmadi”.
Qaytaga zahmat, kasallik, isnod keltirdi.
Paxtamizning
oʻzi oq, nomi qora edi. Shu tufayli ham “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi
Oʻzbekiston paxtasiga boykot eʼlon qilgandi. Yuqoridagidek ijobiy oʻzgarishlar
va davlatimizga ishonch taʼsirida 2022-yilga kelib, bu “tavqi laʼnat” bekor
qilindi.
Qolaversa,
mamlakatimiz GSP+ imtiyozlar tizimiga aʼzo boʻldi. Bu orqali 6200 turdagi
mahsulotlarni Yevropa bozorlariga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratildi.
“ZARA”, “Collins”, “LC Waikiki”, “De Facto”, “Piere Cardin”, “Baldessarini”,
“Digel”, “Carl Gross” kabi mashhur kompaniyalar bilan hamkorlikka yoʻl ochildi.
Ilgari
paxtamizni xomashyo holida sotolmay yurgan boʻlsak, endi tayyor mahsulot qilib
sotyapmiz. Ham odamlarga ish oʻrni, ham qoʻshilgan qiymat yaratilyapti. Mana, birgina
islohotning xalq hayotidagi oʻrni!
Ikkinchi voqea
2017-yil
5-sentyabr. Shu kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi
bilan Qirgʻizistonga boradi. Salom-alikdan soʻng Qirgʻiziston Prezidenti
birinchi boʻlib Oʻzbekistondagi vaziyatni soʻraydi.
Gap
shundaki, bundan bir-ikki kun oldin davlatimiz rahbarining valyuta siyosatini
liberallashtirish boʻyicha farmoni eʼlon qilingan edi. Unga koʻra, 2017-yil
5-sentyabrdan boshlab, Oʻzbekistonda chet el valyutasini sotish va sotib olish
erkinlashtirildi.
Oʻshanda
koʻpchilik bu revolyutsion qadamdan xavotirga tushgani rost. Endi Oʻzbekistonda
narxlar osmonga chiqib ketadi, xaos boshlanadi deb oʻylaganlar ham boʻldi.
Lekin
unday boʻlmadi. Vaziyat har tomonlama tahlil qilingani, ham tadbirkorlar, ham
moliyachilar fikri oʻrganilgani, xalqaro ekspertlarning maslahatlari olinib,
puxta tayyorgarlik koʻrilgani natijasida konvertatsiyaga oʻtish ravon kechdi.
Hozirgi
yoshlar bilmasligi mumkin. Ilgari yurtimizda xorijiy valyuta sotib olish
cheklangandi. Oqibatda rasmiy va bozor kursi paydo boʻlib, orasidagi farq ikki
barobar edi.
Investorlar
ham anoyi emas. Bunday sharoitdagi joyga pul tikkisi kelarmidi? Investitsiya
kiritsayam, foydasini olish ming daxmaza edi. Yoki mahsulotini eksport qilgan
tadbirkor topgan xorijiy valyutasini oʻzi uchun ziyonli boʻlgan rasmiy kurs
boʻyicha sotardi.
Shuning
uchun investitsiya ham, eksport ham sust edi. Masalan, 2016-yilda sarmoyalar
hajmi 15 milliard dollar nari-berisida boʻlgan. Oqibatda iqtisodiy rivojlanish
sekinlashgan, ijtimoiy infratuzilmaga esa aytarli pul yetib bormasdi.
2017-yilda
soʻmning erkin konvertatsiyasi ochilgani biznes rivojiga juda katta turtki
berdi. Bu savdo, ishlab chiqarish, eksport, umuman, iqtisodiyot erkinlashdi
degani. Oʻzbekistonga katta-katta kompaniyalar kela boshladi. Turli majmualar
qurilib, odamlar ishli boʻldi.
Soʻnggi
yillarda yurtimizga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya
kiritilibdi. Endi oʻylang, 15 milliard qayoqda-yu, 150 milliard qayoqda? Yaʼni
10 yilda 10 barobar oʻsish!
Biz
hali faqat chet el investitsiyasini aytyapmiz. Hozir oʻzimizning tadbirkorlar
ham katta-kichik investorlarga aylandi. Turli sohalarga yoʻnaltirilgan jami
pulni qoʻshsak, 230 milliard dollardan oshib ketadi.
Bu
nimadan? Iqtisodiyotga ishonchdan!
Bu
nimadan? Erkinlik borligidan!
Shunday
sharoitlar natijasida minglab kichik korxonalar katta shirkatlarga aylandi.
Boshqalarni oʻz ortidan ergashtiradigan “chempion tadbirkorlar” degan ibora
paydo boʻldi. Ularning hisob raqamlarida million-million dollar bor. Xohlasa
soʻmda, xohlasa xorijiy valyutada biznes qilyapti. Avvalgiday taqiqlar va
taʼqiblar yoʻq. Ishbilarmonlarimiz dunyoga chiqib, global qoʻshilgan qiymat
zanjirida faol qatnashyapti.
Eslasangiz,
oldinlari chet ellar bilan muzokaralarda Oʻzbekiston delegatsiyasida faqat
davlat mulozimlari boʻlardi. Hozir koʻpi ishbilarmonlar. Prezidentimizning
xorijga safarlari chogʻida har doim biznes-forumlar oʻtkazilyapti. Bu —
yurtimizda tadbirkorlar sinfi yetakchi oʻringa chiqayotganidan dalolat.
Bunday
oʻzgarishlar odamlar hayotida aks etmay qolmaydi, albatta. Ochilgan korxonada
baribir kimdir ishlaydi. Mahsulotni birov sotadi, sotib oladi. Ularga xizmat
koʻrsatishda yana qancha odam daromad topadi. Xullas, gʻildirak yurib ketdi.
Masalan,
hozir xususiy sektorda oʻrtacha oylik 4-5 million soʻm. Uyiga daromad kirgan
odamning kayfiyati koʻtarinki boʻladi, oʻziga, sogʻligʻiga qaraydi,
farzandlarini yaxshi oʻqitadi. Butun jamiyatda shunday muhit boʻlsa, mamlakat
ilgarilab boraveradi.
Uchinchi voqea
Shavkat
Mirziyoyev xalq ichidan chiqqan, hayotning pastu balandini koʻrgan inson.
Yoshligida koʻp qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazgan. Oila qurgach, ijarada
yashagan, “propiska” degan gʻalvalarga duch kelgan.
Keyinchalik
viloyat hokimi, Bosh vazir boʻlib ishlaganida ham doim pastda yurib, xalqning
dardini yaxshi bilardi.
Oʻsha
paytda eng katta muammo uy-joy yetishmasligi edi. Misol uchun, 1991-yilda
Oʻzbekiston aholisi 20 million kishi boʻlgan, 2016-yilda esa 32 millionga
yetgan. Lekin uylar-chi? Shunga yarasha uylar qurildimi? Shuncha aholi, yosh
oilalar qayerga koʻchib chiqdi?
Vaqt
oʻtgani sayin bu muammo kattalashib bordi. Bir hovlida toʻrt-besh kelin siqilib
yashayotgan oilalar ham bor edi.
Aslida,
farovon yashashning birlamchi sharti — uy-joy, boshpana. Shuning uchun
Prezidentimiz bu masalaga birinchi navbatda eʼtibor qaratdi. Uning davlat
rahbari sifatidagi ilk qarorlaridan ikkitasi qishloq va shaharlarda arzon
uy-joylar qurish toʻgʻrisida boʻldi. Birinchisi 2016-yil oktyabrda, ikkinchisi
noyabrda qabul qilingan edi.
“Mening
eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson oʻzining “kichik
vatani”ga — uy-joyiga ega boʻlsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi
boʻladi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev oʻsha vaqtlarda.
Shunday
boʻlyapti ham. 2017-2025-yillarda yurtimizda 620 mingdan ziyod xonadon
qurilibdi. Bu yil yana 140 ming xonadonli uylar barpo etish rejalashtirilgan.
Ilgari hech qachon bunday katta qurilish boʻlmagan.
Endi
oʻzingiz oʻylang: oxirgi 10 yilda uy-joylar sanogʻi 800 mingtaga boryapti. Agar
oilalar oʻrtacha 4-5 jon deb olsak, 4 million odamning hayoti oʻzgaryapti.
Bogʻcha, maktab, poliklinika, sport maydoni, ish joyi va eng yaxshi xizmatlar
yonida boʻladi. Prezidentimiz maqsad qilganidek, hayotdan rozi boʻlib yashaydi.
Bunday
ishlar davom etyapti. Xususiy kompaniyalar qurayotgan turar joylardan tashqari
“Yangi Oʻzbekiston” massivlari degan harakat paydo boʻldi. Qoraqalpogʻiston va
viloyatlarda 56 ta shunday zamonaviy mavze qad rostladi. Kelgusi besh yilda
ularning soni 100 taga yetadi.
Yana
bir jihati, sharoiti ogʻir oilalarga uy-joyning boshlangʻich badali davlat
byudjeti hisobidan toʻlab berilyapti. Yaʼni mablagʻi yoʻq odam ham salgina
harakat qilsa, yangi uy olyapti, asta-sekin oyoqqa turib ketyapti.
Inson
qadri yana tenglik, emin-erkinlik ham degani. Lekin uzoq yillar yurtimizda
fuqarolik va “propiska” bilan bogʻliq koʻp cheklovlar bor edi. Toshkent
shahrida doimiy roʻyxatga oʻtish azob edi. Oramizda yigirma yillab yashab,
bolalari ulgʻayib, lekin teng huquqli fuqaro boʻlmaganlar qancha?! Ular xuddi
aybdorday, oʻz yurtida begonaday edi.
Bu
ishi tushmaganlarga bilinmasligi mumkin. Ishi tushganlar hozirgi erkinlik
nafasini juda teran sezadi. Bugun ularning yelkasidan togʻ agʻdarilgan. Ilgari
qisilib, qimtinib yurgan boʻlsa, endi hamma bilan teng, emin-erkin yashayapti.
Bemalol uylar olyapti, davlat xizmatlarida ishlayapti, saylovlarda
qatnashyapti.
Axir
shu emasmi, inson huquqlari! Shu emasmi, islohotlarning odamlar hayotiga
taʼsiri!
* * *
Bular
oxirgi yillardagi real islohotlardan ayrimlari, xolos. Bunday xayrli ishlar
juda koʻp.
Maqola
boshida qayd etganimizdek, ilk islohotlar muammolarni hal qilishga qaratildi,
aholining birlamchi ehtiyojlarini yuzaga chiqardi, rivojlanishga zamin yaratdi.
Endi
Oʻzbekiston islohotlarning ikkinchi davriga qadam qoʻydi. Bu — yaratilgan
sharoitlarga tayanib, natijadorlikni oshirish, strategik rivojlanish davri.
Bizningcha,
bu bosqichning ikkita muhim huquqiy asosi bor. Birinchisi, yangi tahrirdagi
Konstitutsiya boʻlsa, ikkinchisi, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi. Bosh
qonunimizda davlatchiligimiz asoslari va taraqqiyot yoʻli, strategiyada esa
kelgusi reja va maqsadlari mujassamlashgan. Xuddiki biri mustahkam poydevor
boʻlsa, ikkinchisi unda quriladigan ulkan imorat.
Masalan,
davlatimiz rahbarining “inson qadri uchun” gʻoyasidan oʻsib chiqqan “inson —
jamiyat — davlat” degan yondashuv Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur
singgan. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ham “har bir insonga oʻz
salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” bobi
bilan boshlanadi.
Prezidentimiz
faoliyatining ilk kunlaridanoq “xalq davlat organlariga emas, davlat organlari
xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan talabni qoʻygan edi. Strategiyada
belgilangan “xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” vazifalari ana
shu siyosiy kursning izchil davomidir.
Bunday
parallellarni koʻplab keltirish mumkin. Sirasini aytganda, yurtimizdagi
islohotlar bilan rejalar uzviy, bir-birini toʻldiradi. Jumladan, milliy
strategiyamiz ham zamon talabi va aholi kutilmalariga asoslangan. Taʼbir joiz
boʻlsa, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi xalq bilan davlat oʻrtasidagi murosa,
burch va masʼuliyatdir.
Shu
paytgacha qilingan ishlar marrani baland olish imkonini beryapti. Ularning
roʻyobini, umuman, mamlakat kelajagini bilimli kadrlar hal qiladi. Davlatimiz
rahbari asos solgan Prezident maktablari, al-Xorazmiy va al-Beruniy maktablari,
zamonaviy universitetlarda ana shunday yangi avlod tarbiyalanmoqda. “Prezident
iqtidorli farzandlari” tashabbusi, “Bir million dasturchi” va “Besh million
sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihalari yoshlarni zamonaviy kasblarga
yoʻnaltirmoqda.
Bilimning
qadrlanishi butun mamlakatda oʻqish-oʻrganish toʻlqinini paydo qildi. Hozir
rahbarlardan tortib, oddiy ishchigacha — hamma ota-ona farzandini yaxshi
oʻqitish harakatida. Xudo xohlasa, yaqin yillarda bu avlod hayotga kirib kelib,
jamiyatimizni koʻtaradi, Uchinchi Renessansga poydevor boʻladi.
Yana,
xalqning yuksalishi uchun milliy gʻurur va koʻtarinki ruh ham kerak. Islom
sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasida ana shunday ulkan iftixor
manbasini koʻramiz. Bunday ulugʻ meroslar oʻzbek xalqining salohiyatini yaqqol
namoyon etadi, yosh avlodda gʻurur va oʻziga ishonch uygʻotadi.
Qaysi
sohada boʻlmasin, hamma islohot va harakatlarning bir umumiy jihati bor.
Bu —
xalqchillik, xalq manfaati. Barcha strategik maqsadlar aholi fikri va
ehtiyojlarining ifodasi. Shunday ekan, ularning hayotga koʻchishi hammamiz
uchun kerak. Bu jamiyatdan jipslik va islohotlarga daxldorlikni talab qiladi.
Eng muhimi, yoʻlimiz toʻgʻri, marralar aniq, qadamlar esa dadil.
Anvar SAMADOV,
jurnalist