Ishtihon marmaridan tayyorlangan, qariyb 60 tonna og‘irlikka ega monument festival ishtirokchilari uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Tuman markazidagi Ustozlar xiyobonida qad rostlagan mazkur inshoot hududdagi ma’naviy-ma’rifiy muhitga uyg‘un tarzda barpo etilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva mamlakatda kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom etayotganini ta’kidladi.

Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha ummummilliy harakatga start berildi. Kuni kecha adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalari bilan uchrashuvda ham sohadagi muhim yangiliklar haqida so‘z yuritildi. Bugungi festival ana shu sa’y-harakatlarning amaliy davomi bo‘lib, tuman markazida kitobga bag‘ishlab o‘rnatilgan monument ko‘lami jihatidan mamlakatimizdagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi, — dedi u.


Festival doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva hamda viloyat faollari tuman va shaharlar tomonidan tashkil etilgan kitob ko‘rgazmalari bilan tanishdi.

Ustozlar xiyobonida o‘tayotgan tadbir yuzlab kitobsevarlar, ijodkorlar va intellektual o‘yinlar ishqibozlarini bir maydonga jamladı. Festival davomida kitob mutolaasini keng tarғib qilish, ayniqsa yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish va ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Shuningdek, ishtirokchilar uchun kitob yarmarkalari, ijodiy chiqishlar, tanlovlar va intellektual bellashuvlar ham o‘tkazilmoqda.