Mazkur hujjat 2025-yilda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumining mantiqiy davomi bo‘lib, ikki tomonlama ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirish hamda fundamental va amaliy tadqiqotlar sohasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan.

Chora-tadbirlar rejasi fizika-matematika, texnika, kimyo-biologiya hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishlarini qamrab oladi. Unda ustuvor ilmiy yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, olimlar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy anjumanlar va seminarlar tashkil etish, shuningdek, ikki akademiya tizimidagi ilmiy tashkilotlar o‘rtasida bevosita aloqalarni kengaytirish nazarda tutilgan.

Rejaning amalga oshirilishi tomonlarning ilmiy salohiyati va mavjud infratuzilmasidan samarali foydalanish, istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirish hamda ilmiy ishlanmalar natijalarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yosh olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ilmiy kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish va yosh avlod vakillarining xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi an’anaviy ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, uzoq muddatli ilmiy sheriklikni rivojlantirish hamda o‘zaro hamkorlikni aniq amaliy natijalar bilan boyitish yo‘lidagi muhim qadamdir.