Jahon iqtisodiyotida ham sanoat sohasi iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi muhim tarmoqlardan. Hozir sanoat global yalpi ichki mahsulotning taxminan 26 foizini tashkil etadi. Uning tarkibida qayta ishlash sanoati alohida ahamiyatga ega. U jahon YAIMning 16-17 foizini taʼminlaydi hamda sanoat qoʻshilgan qiymatining qariyb 80 foizini shakllantiradi.

Shuningdek, jahon iqtisodiyotida ish bilan band aholi soni taxminan 3,5 milliardni tashkil etib, ularning qariyb 24 foizi sanoat tarmoqlarida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, global miqyosda asosiy kapitalga kiritilayotgan xorijiy investitsiya va kreditlarning asosiy qismi sanoat tarmoqlariga yoʻnaltirilmoqda. Bu holat sanoatning global iqtisodiyotda ish oʻrinlari ochish va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutishini koʻrsatadi.

BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti tomonidan tayyorlangan 2026-yilgi Sanoat rivojlanishi hisobotiga koʻra, sanoat sohasi texnologik taraqqiyot va barqaror rivojlanishni taʼminlashda asosiy drayverlardan. Xususan, xalqaro tashkilotlar hisobotida taʼkidlanishicha, kelgusi oʻn yilliklarda global iqtisodiy rivojlanish raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalari, “yashil” energetika, yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish va elektr transport vositalari kabi yangi texnologik yoʻnalishlar taʼsirida shakllanadi. Shu bilan birga, sanoatlashuv ish oʻrinlari ochish, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va qiymat zanjirlarini kengaytirish orqali iqtisodiy nomutanosibliklarni kamaytirish hamda barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Shu nuqtayi nazardan, jahon tajribasi barqaror iqtisodiy oʻsishga erishgan mamlakatlar sanoatni modernizatsiya qilish va texnologik rivojlantirishni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilaganini koʻrsatadi.

Oʻzbekistonda ham 2017-yildan boshlab iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Bu jarayon Harakatlar strategiyasi doirasida boshlanib, keyinchalik Taraqqiyot strategiyasi orqali izchil davom ettirildi. Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi sanoat sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan uygʻunligi mamlakatning global maydondagi pozitsiyasini mustahkamlab, ­sanoat sohasidagi islohotlarni jadallashtirdi. Strategiyaning 48-maqsadi doirasida sanoatda qoʻshilgan qiymatni hozirgi 36,5 milliard dollardan 60 milliard dollarga yetkazish, togʻ-kon sanoatida mahalliylashtirish, ­sanoat kooperatsiyasi hamda shatakka olish tizimi doi­rasida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmini hozirgi 1,5 milliard dollardan 2 milliard dollargacha yetkazish, toʻqimachilikda kalava ipni qayta ishlash darajasini hozirgi 65,9 foizdan 100 foizga yetkazish boʻyicha vazifalar belgilangan.

Natijada qayta ishlash sanoatini kengaytirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va “yashil” industrial rivojlanishni taʼminlash ustuvor vazifalarga aylandi. Shu jihatdan 2017-2025-yillarni Oʻzbekiston sanoatida tarkibiy transformatsiya bosqichi sifatida baholash mumkin.

Makroiqtisodiy holat va investitsiya

Keyingi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyo­ti barqaror oʻsish tendensiyasini ­namoyon qildi. Ushbu davrda yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning oʻrtacha yillik oʻsish surʼati taxminan 6 foizni tashkil etdi. Jumladan, iqtisodiy oʻsish 2017-yilda 4,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 6,1 foizga koʻtarildi hamda 2025-yilda 7,7 foiz darajasida qayd etildi. Natijada 2025-yilga kelib, mamlakat YAIM hajmi tarixda ilk bor 147 milliard dollardan oshdi. Mazkur oʻsishda sanoat tarmoqlarining hissasi sezilarli boʻldi. Jumladan, 2025-yilda sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foiz oʻsdi.

Sanoat tarmoqlarida yalpi qoʻshilgan qiymat hajmi ham sezilarli darajada kengaydi. Xususan, mazkur koʻrsatkich 2017-yilda 73,3 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, 472,7 trillion soʻmga yetdi. Inflyatsiya taʼsirini hisobga olganda, oʻsish surʼati taxminan 2,8 barobarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, YAIM tarkibida sanoatning ulushi ham oʻsish tendensiyasini namoyon qildi. Jumladan, 2017-yilda ­sanoat yalpi qoʻshilgan qiymatining YAIMdagi ulushi 22 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, 26,8 foizga yetdi. Bu holat sanoat tarmoqlarining milliy iqtisodiyotdagi ahamiyati ortayotgani va iqtisodiy oʻsishda sanoatning drayver sifatidagi roli kucha­yib borayotganini koʻrsatadi.

2017-2025-yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan umumiy xorijiy investitsiya hajmi taxminan 130 mil­liard dollarni tashkil etdi. Ushbu davrda asosiy kapitalga kiritilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlarning oʻrtacha hisobda qariyb 70 foizi sanoat tarmoqlariga ­yoʻnaltirildi. Bunda togʻ-kon, ishlab chiqarish sanoati, elektr energiyasi, gaz va bugʻ bilan taʼminlash, shuningdek, suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlari asosiy inves­titsiya qabul qiluvchi sohalar boʻldi.

2025-yilda yangi asosiy fondlarni yaratishga qaratilgan xorijiy investitsiya va kreditlar 33,5 milliard dollar (422,1 trillion soʻm)ni tashkil etdi. Ularning tarmoqlar kesimida taqsimlanishiga koʻra, 33,2 foizi ishlab chiqarish sanoatiga, 17,1 foizi elektr va gaz taʼminotiga, 11,9 foizi togʻ-kon sanoatiga, 2,1 foizi esa suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlariga toʻgʻri keldi.

Umuman olganda, 2025-yilda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 591,1 trillion soʻmni tashkil etib, shundan 24,75 milliard dollari sanoat tarmoqlariga yoʻnaltirildi. Natijada ushbu tarmoqqa yoʻnaltirilgan investitsiyalar ulushi 2017-yildagi 45 foizdan 2025-yilda 53 foizgacha oshdi.

Yirik investitsiya loyihalari asosan metallurgiya, misni qayta ishlash, neft-gaz kimyosi, qurilish materiallari hamda avtomobilsozlik sohalarida amalga oshirildi. Investitsiyalar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish va mahalliylashtirish darajasini oshirishga xizmat qildi.

Qayta ishlash va tarkibiy transformatsiya

Ushbu sarmoyalar asosida qayta ishlash sanoatida sezilarli oʻsish kuzatildi. 2017-2025-yillarda Oʻzbekiston sanoati tarkibida qayta ishlash sanoati yetakchi oʻrinni egallab, iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveriga aylandi. Bu davrda sanoat tarkibi diversifikatsiyalanib, qurilish materiallari, mashinasozlik va avtosanoat kabi tarmoqlarda yuqori oʻsish surʼati kuzatildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2017-yilda 148,8 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, 1101,1 tril­lion soʻmga yetdi. Inflyatsiyani hisobga olganda real oʻsish taxminan 3,2 barobarni tashkil qildi.

Qayta ishlash sanoatining sanoat tarkibidagi ulushi 2017-yildagi 78,1 foizdan 2025-yilga kelib, 86 foizgacha oshdi. Nominal hajm esa 112,7 trillion soʻmdan 947,2 trillion soʻmgacha koʻpaydi. Ayniqsa, qurilish materiallari va mashinasozlik tarmoqlarida sezilarli oʻsish kuzatildi. Xususan, sement ishlab chiqarish 2017-yildagi 8,5 million tonnadan 2025-yilda 20,2 million tonnagacha oshdi, yengil avtomobillar ishlab chiqarish esa qariyb 135,5 ming donadan 403,5 mingdan ortiqqa yetdi.

Shu bilan birga, sanoat tarkibida togʻ-kon sanoati ulushi 2017-yildagi 12,7 foizdan 2025-yilga kelib, 7 foizga tushdi. Elektr, gaz va bugʻ bilan taʼminlash hamda suv taʼminoti tarmoqlarining ulushi ham bir oz qisqargan boʻlsa-da, ularning nominal ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshdi. Umuman olganda, bu davrda sanoat tarkibidagi oʻzgarishlar iqtisodiyotda diversifikatsiya jarayonlari kuchayib, yuqori qoʻshilgan qiymatga asoslangan industrial rivojlanish modeli shakllanayotganini koʻrsatadi.

Eksport va diversifikatsiya

Keyingi 9-10 yilda Oʻzbekiston tashqi savdosida sanoat eksporti tarkibiy jihatdan diversifikatsiyalandi. Umumiy eksport hajmi 13,9 milliard dollardan 33,8 milliard dollargacha oʻsdi. 2025-yilda ­sanoat tovarlari eksporti qariyb 4 milliard dollarga yetdi va uning umumiy eksportdagi ulushi 11,8 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, eksport tarkibida oltin (29,3 foiz) va xizmatlar (28,9 foiz) asosiy ulushni saqlab qoldi.

2017-yilga nisbatan 2025-yilga kelib, eksport tarkibida xomashyoga bogʻliqlik muayyan darajada qisqarib, qayta ishlangan mahsulotlar ulushi ortdi. Ayniqsa, metallar (rux, alyuminiy, mis), mashina va uskunalar, kimyo mahsulotlari hamda toʻqimachilik tayyor mahsulotlari eksporti sezilarli oʻsdi. 2025-yilda sanoat eksporti tarkibida toʻqimachilik mahsulotlari 7,8 foiz va kimyo sanoati mahsulotlari 6,3 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, eksport geografiyasi ham kengaydi. 2017-yilda mamlakatimizning asosiy savdo hamkorlari Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston va Turkiya boʻlgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, ular bilan bir qatorda Fransiya, BAA, Afgʻoniston va Pokiston kabi yangi bozorlarning ahamiyati ortdi. Umuman olganda, mazkur davrda sanoat eksporti tarkibi va geografiyasidagi oʻzgarishlar Oʻzbekiston iqtisodiyotida diversifikatsiya jarayonlari kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Mehnat bozori va texnologik rivojlanish

2024-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotida band boʻlgan aholi soni 14,3 millionni tashkil etgan. Shundan 12,1 foizi sanoat tarmoqlarida faoliyat yuritgan. Ushbu koʻrsatkich sanoatning mamlakat mehnat bozorida muhim oʻrin tutayotgani va iqtisodiy rivojlanishda aholini barqaror ish bilan taʼminlash manbai sifatida xizmat qilayotganini ifodalaydi.

Sanoat tarmoqlarida bandlik asosan ishlab chiqarish va togʻ-kon sanoati, elektr va gaz taʼminoti hamda kommunal xizmatlar sohalari hissasiga toʻgʻri keladi. Bu tarmoqlar yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish imkoniyatiga ega. Mehnat unumdorligini oshirish va sanoatlashuv jarayonini chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, sanoatda bandlikning oʻsishi mamlakat iqtisodiyotida tarkibiy oʻzgarish­lar va industrial rivojlanish jarayonlarining faollashayotganini anglatadi.

Sanoatda texnologik daraja va innovatsiya jarayonlari mamlakatimizning raqobatbardoshligi va barqaror oʻsishini belgilaydigan asosiy omillardan. Yuqori texnologik darajaga ega tarmoqlar avtomatizatsiya, raqamli yechimlar va “aqlli” ishlab chiqarish tizimlari orqali samaradorlikni oshirsa, innovatsiya jarayonlari yangi mahsulotlar, resurstejamkor texnologiyalar va global bozorga moslashuvchan modellarni yaratadi.

Oʻzbekistonda sanoat rivojlanishini ekologik barqarorlik tamoyillari asosida shakllantirishga qaratilgan “yashil” industrial transformatsiya jarayonlari faollashmoqda. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 2017-yildagi 12,7 foizdan 2025-yilga kelib, 31 foizga yetdi. Bu esa energetika tizimini diversifikatsiya qilish va sanoatda energiya taʼminoti barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Strategik rejalarga koʻra, 2030-yilgacha mazkur koʻrsatkichni 54 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, iqtisodiyotga energiya tejamkor va ilgʻor texnologiyalarni joriy etish natijasida resurslardan samarali foydalanish darajasi oshib bormoqda. Xususan, 2025-yilda 1 dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish uchun sarflanadigan energiya xarajati 15 foiz kamaydi. Bu tendensiya sanoat tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga xizmat qilmoqda.

Kelgusida “yashil” sanoat rivojlanishini yanada chuqurlashtirish maqsadida 2030-yilga qadar qator strategik vazifalar belgilangan. Jumladan, sanoatda mehnat unumdorligini hozirgi 16,5 ming dollardan 30 ming dollargacha oshirish, ming dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish uchun sarflanadigan energiya miqdorini 1,5 barobar kamaytirish hamda yalpi ichki mahsulot ­birligiga nisbatan issiqxona gazlari chiqindisini 2010-yildagiga nisbatan 35 foiz qisqartirish rejalashtirilgan. Bu choralar sanoatning ekologik barqarorligini taʼminlash va uzoq muddatli “yashil” iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Zarurat va xulosalar

Oʻzbekiston sanoatida soʻnggi yillarda sezilarli oʻsish va tarkibiy oʻzgarishlar kuzatilgan boʻlsa-da, sohaning barqaror va raqobatbardosh rivojlanishini taʼminlash bilan bogʻliq ayrim dolzarb masalalar saqlanib qolmoqda. Xususan, BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (United Nations Industrial Development Organization) tomonidan tayyorlangan 2026-yilgi ­Sanoat rivojlanishi hisobotiga koʻra, jahon sanoatida texnologik transformatsiya, raqamlashtirish va global qiymat zanjirlarining qayta shakllanishi jarayoni jadallashib bormoqda va bu mamlakatlar sanoat siyosatiga yangi talablar qoʻymoqda.

Birinchidan, sanoat tarmoqlarida texnologik darajani yanada oshirish zarurati mavjud. Qayta ishlash sanoatida hozircha asosan past va oʻrta texnologiyali tarmoqlar ustunlik qilayotgani yuqori texnologiyali mahsulotlar ulushini bosqichma-bosqich kengaytirishni talab etmoqda. Yuqori texnologiyali tarmoqlar sanoatning eng yuqori qoʻshilgan qiymat yaratuvchi segmentlari va ular global qiymat zanjirlarida raqobatbardoshlikni belgilaydi.

Ikkinchidan, sanoatda mehnat unumdorligini yanada oshirish zarur. Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, sanoat tarmoqlarida texnologik modernizatsiya va raqamlashtirish jarayonlari mehnat unumdorligini oshirishning asosiy omillaridan. Shu bois, ishlab chiqarish jarayoniga raqamli texnologiyalar, avtomatizatsiya hamda ­innovatsion boshqaruv usullarini keng joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchinchidan, eksport tarkibini yanada diversifikatsiya qilish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirish vazifasi ham muhim. Qayta ishlangan sanoat mahsulotlari eksporti iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlashda zarur omildir.

Yuqorida qayd etilgan masalalarni hal etish maqsadida sanoat siyosatini yanada takomillashtirish va qator strategik yoʻnalish­larga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.

Avvalo, yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan sanoat siyosatini izchil takomillashtirish sanoatning texnologik salohiyatini bosqichma-­bosqich oshirish va raqobatbardoshlikni mustahkamlash imkonini beradi. Xususan, elektronika, kimyo sanoati, farmatsevtika, mashinasozlik hamda raqamli texnologiyalar sohalarida innovatsion ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish sanoatning texnologik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, sanoat korxonalarida raqamli transformatsiya jarayonlarini kengaytirish mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarish samaradorligini bosqichma-bosqich yaxshilash imkoniyatini beradi. “Industriya 4.0” elementlari — avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish, raqamli boshqaruv tizimlari va maʼlumotlarga asoslangan qaror qabul qilish mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish imkonini beradi.

Uchinchidan, sanoat klasterlarini rivojlantirish va mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish muhim yoʻnalish­lardan. Bu ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlaydi, kichik va oʻrta biznes subyektlarining sanoat kooperatsiyasidagi ishtirokini kengaytiradi.

Toʻrtinchidan, eksportni qoʻllab-quvvatlash siyosati izchil davom ettirilib, qayta ishlangan va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Yangi tashqi bozorlarni oʻzlashtirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda savdo tartib-taomillarini ­soddalashtirish bu jarayonni yanada faollashtirishi mumkin.

Beshinchidan, “yashil sanoat” tamoyillarini keng joriy etish sanoatning ekologik barqarorligini taʼminlash va uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashda strategik ahamiyatga ega. Energiya tejamkor texnologiyalarni tatbiq etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hamda ekologik standartlarga rioya etish sanoat tarmoqlarining ekologik barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oxirgi yillarda Oʻzbekiston sanoati rivojlanishida muhim tarkibiy oʻzgarish­lar va sifat jihatdan yangi bosqich bilan tavsiflanadi. Bu davrda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va xususiy sektor faolligini ragʻbatlantirishga qaratilgan islohotlar sanoat oʻsishi uchun mustahkam asos yaratdi.

Natijada sanoat ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar oshdi, qayta ishlash sanoatining ulushi sezilarli darajada kengaydi va iqtisodiyotda diversifikatsiya jarayoni faol­lashdi. Sanoat tarkibida xomashyo sektorining nisbiy ulushi qisqarib, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish zanjirlari shakllana boshladi. Shu bilan birga, investitsiya oqimi va infratuzilmaning rivojlanishi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga xizmat qildi.

Sanoatni yanada modernizatsiya qilish, texnologik darajani oshirish, innovatsiyalarni keng joriy etish va “yashil” industrial rivojlanishga oʻtish kelgusi yillardagi asosiy vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Agar ushbu yoʻnalishlardagi islohotlar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangani kabi izchil davom ettirilsa, sanoat iqtisodiyotimizning yetakchi drayveri sifatida yanada mustahkamlanishi, mamlakatimizning global iqtisodiy tizimdagi raqobatbardoshligi sezilarli darajada oshishi shubhasiz.

Iskandar OʻROQBOYEV,

Barqaror rivojlanish markazi boʻlim boshligʻi