Koʻpincha biz kasalliklarga qarshi kurashamiz. Balki hayot tarzini oʻzgartirish uchun kurashish vaqti kelgandir? Zero, kasallikning sababini aniqlamay turib, uning oqibatlarini yengishga urinish — teshik idishga suv toʻldirishday gap.
Bugun sogʻlom turmush
masalasiga yana bir nuqtai nazardan qarash vaqti keldi. Salomatligimizga malakali
munosabatda boʻlish har birimizdan masʼuliyat talab qiladi. Sogʻlom inson tasodifan
shakllanmaydi. Uni sogʻlom muhit tarbiyalaydi.
“Biz
yurakni davolaymiz, hayotni emas”
Soʻnggi maʼlumotlarga
koʻra, Oʻzbekistonda yurak-qon tomir xastaliklari umumiy oʻlim sonining 57 foizini
tashkil etmoqda. Statistika qiziq: u hamma narsani hisoblaydi, lekin eng muhim
narsani emas. Masalan, qancha odam yurak xastaligidan vafot etganini aytadi.
Ammo nega inson oʻz yuragini kundalik turmushida asta-sekin charchatib
borishini aytib bera olmaydi. Deylik, chap koʻksingizda ogʻirlik, bosim va
sanchiq his qildingiz. Shifokorga murojaat qilishingiz tabiiy. U yuragingizni
davolaydi. Ammo yurakka olib boruvchi yoʻlni kim davolaydi? Bugun goho gʻijim,
goho ogʻriq orqali sogʻligʻingiz haqida signal berayotgan yuragingizni
asrayapsizmi? Hech u bilan gaplashib koʻrdingizmi? Bugungi ogʻriqlar oqibati
nima bilan tugashi mumkinligini bilasizmi?
— Yurak xastalanishi
— hayot uchun jiddiy xavf, — deydi Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud
Saidov. — Biz, shifokorlar yurak salomatligini tiklashimiz mumkin, ammo hayotni
emas. Baʼzan shunday hollar boʻladiki, uni samarali davolaganimiz bilan xatar
butunlay ortda qolmaydi. Shifokor tomonidan buyurilgan dori-darmon, xususan,
qon bosimini tushiruvchi, qon ivishining oldini oluvchi, xolesterin miqdorini
pasaytiruvchi preparatlarni oʻz vaqtida va belgilangan miqdorda qabul qilish
kasallikni yengishga yordam beradi. Ammo baribir gap insonning oʻzida qoladi.
Inson vaqtni
qadrlasa, harakatni hayotning bir qismi deb bilsa, ortiqcha isteʼmolga emas,
meʼyorga oʻrgansa salomatligida muammo kuzatilmaydi. Asta-sekinlik bilan olib
boriladigan ruhiy barqarorlik va jismoniy faollik kasallikka qarshi kurashishda
bebaho omil sanaladi.
— Infarkt va
insult kabi jiddiy kasalliklar xavfini kamaytirishda jismoniy mashgʻulotlarning
ahamiyati beqiyos, —
deydi mutaxassis. — Ayniqsa, piyoda yurishning foydasi katta. Kuniga 30 daqiqa
yayov harakatlanish yurak faoliyatini yaxshilaydi. Bunda tananing barcha
muskullari harakatga keladi. Qolaversa, u ichki organlar faoliyatiga ham ijobiy
taʼsir etadi. Natijada organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanib, yurak
tomirlari, shuningdek, nafas va asab tizimi mustahkamlanadi. Ertalab ishga
ketayotgan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda inson kechasi uxlab,
dam olgani sababidan toʻxtamay,
30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi.
Jismoniy yuklama
bemor holatiga qarab, shifokor koʻrsatmasiga binoan, bosqichma-bosqich oshirib
borilishi mumkin. Ushbu jarayonda velotrenajyor, yengil jismoniy mashqlar ham
foydali. Reabilitatsiya davrida shoʻr, yogʻli, xolesterin va glyukozaga boy
mahsulotlar, gazlangan ichimliklar, qovurilgan taomlar isteʼmol qilishdan
tiyilish lozim.
— Kasallikdan keyingi davrda imkon qadar
stress, qoʻrquv, tushkunlik va xavotir hissidan saqlanishga harakat qilish
zarur. Ruhiy barqarorlikda gap koʻp, — deydi mutaxassis.
Ruhning
sokin boʻlishi ahamiyati
Zamonamiz
kishilari stressdan xoli boʻlishi imkonsiz. Ishdagi bosim, ijtimoiy talablar va
moliyaviy majburiyatlar ortishi inson ruhini toliqtiradi. Bu oʻz-oʻzidan yurak
salomatligida iz qoldiradi. Chunki yurak faqat qon haydovchi aʼzo emas,
hayotning har bir muyulishida duch keladiganimiz umid va umidsizlik, xiyonat,
iztirob, quvonchni avval oʻzidan oʻtkazib, keyin bizga his qildiradigan nozik
aʼzodir. Yurakning charchogʻi hamma vaqt ham ishning koʻpligidan boʻlavermaydi.
Koʻpincha uni ish emas, ogʻir oʻylar toliqtiradi.
Fikr gigiyenasi
degan tushuncha bor. Bu his-tuygʻular muvozanati ham deyiladi. Ruhiy
barqarorlikni oʻrganish sogʻlom yashashning asosi. Xoʻsh, bunga qanday erishish
mumkin?
— Baʼzan inson ketma-ket boshidan kechirgan
koʻngilsizliklar taʼsirida hamma narsadan salbiy oqibat kutadigan boʻlib
qoladi, — deydi tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori Gulasal Ernayeva. —
Bunday fikrlash insonning ruhiy va hissiy holatiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi,
depressiya, xavotir va boshqa psixologik muammolarga olib kelishi mumkin.
Uning asosiy
shakllaridan biri oq-qora (mutlaq) fikrlashdir. Ushbu yondashuv bilan inson
dunyoni faqat “yaxshi” yoki “yomon”, “toʻgʻri” yoki “notoʻgʻri” nuqtayi
nazaridan koʻradi. Haqiqatni idrok etishda gradatsiya (asta-sekin
yuksalish)ning yoʻqligi, vaziyatni sunʼiy murakkablashtirish cheksiz norozilik
va umidsizlik hissini keltirib chiqarishi mumkin. Eng yomonini oldindan koʻrish
shakli ham keng tarqalgan boʻlib, unda inson har doim haqiqiy sharoitlardan
qatʼi nazar, voqealarning eng salbiy rivojlanishini kutadi. Bu haddan tashqari
xavotir va kelajakdan qoʻrqishga olib kelishi mumkin. Yurak atalmish nozik aʼzo
esa toliqqandan toliqib boraveradi.
Salbiy
fikrlaringizni tushunish va tan olish sizning aqliy idrokingizni
oʻzgartirishning birinchi qadamidir. Mutaxassislar bu odatni yengish uchun
maxsus strategiya va texnikani tavsiya qilishadi.
Birinchidan,
xavotirni yenging. U diqqatni notoʻgʻri boʻlgan hamma narsaga qaratadi. Buni
tan olish muhim. Hayotdagi ijobiy jihatlar va muvaffaqiyatlarga eʼtibor
qaratishni mashq qilish kerak. Keyin bu odatga aylanadi. Odatlar esa turmush
tarzimizni belgilaydi.
Ikkinchidan,
salbiy bashoratlar notoʻgʻri va asossiz boʻlishi mumkinligini tan olish kerak.
Fikrlaringizni hamda vaziyatlarni baholashingizni oqilona tahlil qilish
foydalidir.
Uchinchi
strategiya — diqqatingizni ijobiy fikrlashga yoʻnaltiring. Faqat muammolarga
eʼtibor qaratish oʻrniga, imkoniyatlar va yechimlarga koʻproq yondashilsa,
maqsadga muvofiq.
Optimizm universal
xususiyat emas. Ijobiy his-tuygʻular ong ostiga salbiy his-tuygʻularga
qaraganda mustahkam oʻrnashishi uchun koʻproq vaqt talab etadi. Ammo salbiy
fikrlashni kuzatib borish va “ortiqcha reaksiya”ning oldini olish muhim.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, meditatsiya amaliyotlari bunga yordam berishi
mumkin. Olimlar meditatsiya bilan shugʻullanadiganlar hayotga nisbatan
optimistik nuqtayi nazar va ijobiy his-tuygʻular bilan ajralib turishini
isbotlagan.
Meditatsiyaning
boshqa koʻplab ijobiy jihatlari ham bor. Masalan, u odamlarga koʻproq atrofdagi
voqea-hodisalarga ongli ravishda yondashish va ijtimoiy hayotga yaxshiroq
moslashishga imkon beradi. Bu mashgʻulot bilan shugʻullanadiganlar ruhiy
kasalliklarga kamroq moyil boʻladi. Shunday ekan, fikrlaringizni kuzatib boring
va faqat oʻzingiz xohlagan xatti-harakatlar modellarini yarating. Chunki biz
miyamizning “meʼmorlarimiz” va oʻzimizni oʻzimiz shakllantiramiz.
Tana
vaznining ortishi
Jahon sogʻliqni
saqlash tashkiloti tahliliga koʻra, dunyo boʻyicha har sakkiz kishidan biri
semizlikdan aziyat chekadi. Qolaversa, 18 yosh va undan katta aholi orasida 2,5
milliard odam ortiqcha vaznga ega. Bu esa koʻplab kasalliklarni keltirib
chiqaruvchi omildir. Tanada ortiqcha yogʻ toʻplanishi, ayniqsa, yurak faoliyati
uchun juda zararli.
— Har bir hujayra
uchun kislorod va ozuqa zarur, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan
kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi maslahat poliklinikasi mudiri Oybek
Oʻrinov. — Shuning hisobidan organizmda qon aylanishi yaxshilanadi. Yurak
meʼyorida urib, tana boʻylab yetarli miqdorda qon haydaydi.
Bunday vaziyatda
doimiy zoʻriqish yurak mushaklarini toliqtiradi. Oqibatda uning hajmi
kattalashadi. Koʻpincha “asosiy nasos” vazifasini oʻtovchi chap qorincha aziyat
chekadi va uning gipertrofiyasi boshlanadi.
Odatda, qorincha kengayishi birdan noxush alomatlarga olib kelmasa-da,
vaqt oʻtishi bilan u qonni samarali haydash qobiliyatini yoʻqotadi. Natijada
yurak yetishmovchiligi xavfi ortadi.
Ushbu aʼzo
atrofida va ichida hosil boʻlgan yogʻ oʻzidan miokard yalligʻlanishiga olib
keluvchi moddalar ajratadi. Oqibatda aritmiya (yurakning qisqarish ritmining
buzilishi) ehtimoli yuzaga keladi. Shuningdek, yogʻ toʻqimalari qon tomirlarini
toraytirish va organizmda natriy saqlash xususiyatiga ega moddalarni ishlab chiqaradi.
Bu esa qon bosimini oshirib, gipertenziya rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Tana vazni ogʻir
odamlarda koʻpincha xolesterin va triglitserid miqdori koʻpayib,
arteriyalarning ichki devorlarida tiqinlar hosil boʻladi, qon tomirlarini
toraytiradi. Qolaversa, semizlik natijasida yurakda kislorod yetishmasligi
(ishemiya) yuzaga keladi. Mazkur holat infarkt, stenokardiya va boshqa jiddiy
xastaliklar keltirib chiqarish ehtimoli bor.
Yana bir fakt:
ortiqcha vaznli odamlarda insulinga nisbatan sezgirlik kamayadi. Mazkur holat
qandli diabetning 2-turi paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Bu esa yurak-qon
tomir kasalliklarining rivojlanishini tezlashtiradi.
Unutmang, tana
vaznining, hatto 5-10 foizga kamayishi ham yurak-qon tomir tizimidagi
zoʻriqishni sezilarli darajada pasaytiradi va salomatlikni yaxshilaydi.
Chunki ortiqcha vazn faqat estetik muammo
emas. U yurak va butun qon aylanish tizimi uchun jiddiy xavf manbaidir. Vaznni
nazorat qilish, sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik bunday xastaliklarning
oldini olishda muhim rol oʻynaydi.
Madaniy
kategoriya
Salomatlik haqida
gap ketganda koʻz oldimizga, eng avvalo, tibbiyot xodimlari va muassasalari
keladi. Yangi klinikalar, zamonaviy uskunalar, malakali shifokorlar... Lekin
bir savol ochiq qoladi: agar salomatlikni faqat tibbiyot yaratsa nega eng koʻp
shifoxonasi bor mamlakatlarda ham jamiyat toʻliq sogʻlom holatda emas?
— Koʻpchilik
oʻzining salomatlikka boʻlgan umidini aynan tibbiy omil bilan bogʻlaydi, —
deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Ergashev. — Ammo ushbu
omilning javobgarlik darajasi kutilmagan darajada past boʻladi. Tibbiyotning
asosiy maqsadi odamlar salomatligini mustahkamlash, umrini uzaytirish,
kasalliklarning oldini olish va davolashdir.
Taraqqiyot bilan
birga kasalliklarning ancha keng tarqalib borishi sababli tibbiyot asosan
kasalliklarni davolashga ixtisoslashib, salomatlikka kamroq eʼtibor qarata
boshladi. Aynan dorilar bilan davolash koʻpincha salomatlik zaxiralarini
pasaytiradi. Shu jumladan, dori vositalarining salbiy taʼsiri organizm
zaxiralari rivojlanishiga imkon bermaydi. Oxir-oqibatda davolovchi tibbiyot
har doim ham salomatlikni mustahkamlaydi, deyish oʻrinli emas.
Toʻgʻri, ayrim
rivojlangan mamlakatlarda insonlar umri davomiyligi sezilarli oshgan. Ammo buni
tibbiyotning yutuqlari bilan emas, balki oʻsha mamlakatlarda hayot darajasi,
aholining mehnat qilish va dam olish sharoitlari takomillashtirilgani bilan
bogʻlasak, maqsadga muvofiq boʻladi.
Hozirgi zamon
odamining kasallanishi koʻproq turmush tarzi va har kungi tartibi bilan
bogʻliq. Bunda uning hayotida tibbiy madaniyatning nechogʻliq qaror topgani
muhim ahamiyatga ega. Tibbiy madaniyat bu, avvalo, oʻzining salomatligi va
ehtimoliy kasalliklari haqidagi elementar bilimlar, shifokorlarning qabuliga
faqat qandaydir betoblik yoki kasalliklar bilan emas, balki organizm holatini
tahlil qilish va tekshirish maqsadida borishdir. Rivojlangan mamlakatlarda
aholining eng katta qismi salomatligidan hech qanday shikoyati boʻlmasa-da,
tez-tez tibbiy tekshiruvdan oʻtib turadi.
Afsuski,
salomatlikni saqlash va mustahkamlash imkoniyati qandaydir moʻjizakor
xususiyatlarga ega vositaning (haddan tashqari harakat faolligi, ozuqaga boy
qoʻshimchalar, psixotreninglar, organizmni tozalash...) hisobiga juda tez
amalga oshirilishi taklif etilmoqda. Shubhasiz, salomatlikka qandaydir bir
vosita hisobiga erishish notoʻgʻri. Chunki taklif qilinayotgan yondashuvlarning
birortasi ham inson organizmini tashkil qiluvchi funksional tizimlarning hamma
qirralarini, oxir-oqibatda insonning tabiat bilan aloqadorligini, shu bilan
birga, salomatligi va hayot sifati uygʻunligini qamrab ololmaydi. Eng yaxshi
chora — sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish. Sogʻlom turmush tarzi uchta
bir-birini toʻldiruvchi elementlar va oʻzaro bogʻliq boʻlgan madaniyat
yoʻnalishlaridan tashkil topgan: ovqatlanish, harakatlanish va hissiyotlar
madaniyati.
Demak, sogʻliq
shifoxonada emas, insonning kundalik qarorlarida yaratiladi. Uni ertalabki
nonushta, kechqurungi sayr, kitob oʻqish madaniyati, mehnat va dam olish
muvozanati, hatto muloqot uslubi shakllantiradi.
Shu maʼnoda,
sogʻlom turmush tibbiy tushuncha emas. U madaniy kategoriyadir.
JSST
nima deydi?
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2050-yilgacha 11,5 millionta
kasallanish holatining oldini olish boʻyicha tavsiyalarini eʼlon qilgan edi.
Tashkilotning avvalgi hisobotida keyingi oʻn yil davomida dunyo boʻyicha
kattalar oʻrtasida jismoniy faollik darajasi 5 foizga pasaygani maʼlum
qilingan, agar bu tendensiya davom etsa, 2030-yilgacha kamharakatlik
koʻrsatkichi 35 foizgacha oshishi mumkinligi ham aytilgandi.
Ushbu tahlillarga
asoslanib tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi eʼlon qilgan yangi
qoʻllanmada jismoniy faollik targʻibotiga urgʻu berilgan. Undan oʻrin olgan koʻrsatmalar sport
mashgʻulotlari orqali aholi salomatligini mustahkamlashni koʻzda tutadi.
Xususan, qoʻllanmada haftasiga 150 daqiqa oʻrtacha intensivlikdagi jismoniy
faollik bilan shugʻullanish tavsiya qilingan. Yoki 75 daqiqalik kuchli jismoniy
faollik ham buning oʻrnini bosa oladi. Aks holda, kamharakatlik infarkt,
insult, 2-tur qandli diabet, demans, koʻkrak va yoʻgʻon ichak saratoni kabi
kasalliklarning rivojlanish xavfini oshiradi.
Xoʻsh, bu
tavsiyalarga amal qilish orqali qanday natijalarga erishish mumkin?
Yangi qoʻllanmada bu savolning javobi ham aks etgan. Qayd etilishicha,
agar Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi haftasiga 150 daqiqalik
jismoniy faollikka erishsa, 2050-yilgacha 11,5 millionta kasallanish holatining
oldini olsa boʻladi. Jumladan, 3,8 million kishi yurak-qon tomir
xastaliklariga, 400 ming nafar odam saratonga chalinish xavfidan himoyalanadi.
Qolaversa, bu
orqali mintaqa boʻyicha yiliga bemorlar salomatligini tiklashga sarflanadigan 8
milliard yevro tejaladi.
Bu
nega muhim?
Sogʻlom turmush
targʻiboti baʼzan yuragingizga yetib bormasligi mumkin. “Sport bilan
shugʻullaning”, “Toʻgʻri ovqatlaning”, “Zararli odatlardan voz keching” kabi
chaqiriqlar sizga taʼsir qilishi ham bahstalab mavzu. Chunki insonni faqat
maʼlumot emas, maʼno oʻzgartiradi. Nega u sogʻlom yashashi kerak? Bu savolga
shaxsiy va ijtimoiy javob topilmaguncha, eng yaxshi tavsiya ham navbatdagi
targʻibot boʻlib qolaveradi. Har bir tongni umid bilan qarshi olish, har bir
nafasni bebaho neʼmat deb bilish, berilgan umrni munosib yashab oʻtishga
intilish hayotni goʻzal qiladi. Tanasida ogʻir dardni koʻtarib yurgan odamning
qalbiga ilm, ijod, muhabbat, el-yurtga xizmat qilish, jondan aziz farzandlar
kamolini koʻrish baxti sigʻmaydi. Sogʻliq hayotning oddiy neʼmati emas. U
orzular roʻyobi, yuksak maqsadlar poydevori, umr atalmish yoʻlning goʻzal
maʼnosi. Hayotni qanday kechirish esa oʻzingizga bogʻliq. Sogʻlom turmush
tarzini tabiiy hayot meʼyoriga aylantiradigan madaniyatni shakllantiring. Bu
tanangizga kuch-quvvat, ruhingizga osoyishtalik, hayotga mehr uygʻotadi.
Oilangizda esa Vatan koriga yaraydigan asl farzandlar voyaga yetadi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri