Bu yerda fors, arab, turkiy va xitoy anʼanalari mahalliy urf-odatlar bilan uygʻunlashgan. Mintaqaga Buyuk ipak yoʻli orqali savdogarlar, olimlar va sayohatchilar kelib-ketgan. Bu zaminda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar va meʼmoriy yodgorliklar butun insoniyat merosiga aylangan.

Bugun ana shu boy maʼnaviy va ilmiy meros Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent markazida barpo etilgan Oʻzbekis­tondagi Islom sivilizatsiyasi markazida jamlangan. 65 metrli gumbaz ostida islom dini, madaniyat, fan va zamonaviy texnologiyalar uygʻunlashgan. Bu oddiy muzey emas, balki “Yangi Oʻzbekiston” deklaratsiyasi, ilmiy xab va zamonaviy bilimlar platformasidir.

Markaz ochilishi va maʼnaviy ahamiya­ti. Mamlakatimiz yetakchisi ishtirokida markazning ochilishi nafaqat davlat ahamiyatiga ega voqea, balki maʼnaviy tiklanish, tarixiy vorislik va davlatimizning kelajakka intilishining chuqur ramzi boʻldi. Bu voqea milliy oʻzlikni anglashda yangi bosqichni anglatib, oʻtmish, bugun va ­kelajakni oʻzaro bogʻliq yagona tizim sifatida talqin etishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning markaz ochilish marosimidagi nutqi jamiyatga qaratilgan mazmunan boy va konseptual jihatdan puxta murojaat sifatida yangradi. Unda tarix arxiv emas, balki bilim, saboq va qadriyat­larning tirik manbai ekani gʻoyasi yaqqol ifoda etildi. Aynan tarixiy tajribaga murojaat qilish orqali jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlaydigan mustahkam qadriyatlar tizimi shakllanadi.

Nutqda islom dinining insonparvarlik mohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. U, avvalo, ilm, maʼrifat va axloqiy kamolotga yoʻnaltirilgan din ekani taʼkidlandi. Markaz arxitekturasiga jo etilgan “Iqro!” (“Oʻqi!”) oyati ramzi strategik gʻoyani ifoda etadi: kuchli va rivojlangan davlatning poydevori taʼlim va ilm-fandir. Bu gʻoya Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansni shakllantirish siyosati bilan uzviy bogʻliq.

Yaratish falsafasi: jaholatga qarshi maʼrifat. Markazni barpo etish tashabbusini davlatimiz rahbari 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surdi. Uning binosi ham Prezidentimizning meʼmoriy gʻoya va takliflari asosida loyihalashtirildi. Majmuaning asosiy gʻoyasi islomning haqiqiy insonparvarlik mohiyatini himoya qilishdir.

Bugungi global sharoitda — islomofobiya kuchayib borayotgan bir paytda Oʻzbekis­ton yangi gumanitar kun tartibini ilgari surmoqda. Islom tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dini ekani taʼkidlanmoqda. Majmuaning arxitekturasi chuqur falsafiy maʼno kasb etadi. Balandligi 65 metr boʻlgan markaziy gumbaz olamning birligi va maʼnaviy hamda ilmiy bilim uygʻunligini ifoda etadi.

Ichki makon esa tarixiy merosni ang­lashdan kelajak tasavvurini shakllantirishgacha boʻlgan intellektual sayohat tarzida tashkil etilgan. Zamonaviy multimediali va interaktiv texnologiyalar eksponatlarni namoyish etish bilan birga ziyoratchilarda toʻliq “anglash” effektini hosil qiladi.

Qurʼon zali — maʼnaviy yurak. Markazning maʼnaviy qalbi — Qurʼon zali. Bu yerda VII asrga mansub Usmon Musʼhafi saqlanadi. U kufiy xatida kiyik terisiga yozilgan. Maʼlumotlarga koʻra, sahifalariga xalifa Usmonning qoni tomgan. Bu noyob qoʻlyozmaning tarixi juda murakkab: Amir Temur tarafidan Samarqandga olib kelingan bu muqaddas kitob keyinchalik Toshkent, Sankt-Peterburg va Ufa orqali oʻtib, 1941-yilda Oʻzbekistonga qaytarilgan. Oʻtgan davrda murakkab sharoitlarda saqlab kelingan bu noyob qoʻlyozma faqat yangi Oʻzbekiston paytidagina oʻzining munosib oʻrni va maqomiga ega boʻldi.

Bu yerda Usmon Musʼhafi bilan bir qatorda Qurʼoni karimning yurtimizga tegishli boʻlgan, turli sulolalar davrida yaratilgan nodir qoʻlyozmalari jamlangan. Ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, gʻaznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davrlarga mansub noyob nusxalar bor. Bu qoʻlyozmalar nafaqat diniy, balki ulkan tarixiy, ilmiy va badiiy qimmatga ega.

Xorijdagi tarixiy merosimizning Vatanga qaytishi. Markaz faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri madaniy merosimizning Vatanga qaytarilishi va saqlanishidir. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi bilan xalqaro hamkorlik, ilmiy ekspeditsiyalar va auksionlar orqali mingga yaqin noyob artefakt yurtimizga qaytarildi. Ular qatorida Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino kabi buyuk allomalarning qoʻlyozmalari, shuningdek, noyob amaliy sanʼat namunalari va arxeologik topilmalar mavjud.

Ilmiy konsepsiya va renessanslar. Markazning tarixiy konsepsiyasi mintaqaning koʻp asrlik taraqqiyotini qamrab oladi va toʻrt bosqichga eʼtibor qaratilgan: islomgacha boʻlgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans davridagi ilmiy-madaniy yuksalish va Yangi Oʻzbekistondagi zamonaviy islohotlar.

Birinchi Renessans. Birinchi Renessans islom olamida ilm-fan rivoji bilan bogʻliq boʻlib, bu jarayonda Markaziy Osiyo olimlari muhim oʻrin tutgan. Ulardan biri — Muhammad Xorazmiy zamonaviy matematika asoslarini yaratgan boʻlsa, Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy tabiiy fanlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Imom Buxoriy va Imom Termiziy esa islomiy ilmlar taraqqiyotiga sabab boʻlgan. Ekspozitsiya Birinchi Renessansni faqat tarixiy bosqich sifatida emas, balki zamonaviy Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun intellektual va maʼnaviy asos sifatida namoyon qiladi.

Asosiy eʼtibor islom sivilizatsiyasi ilm, maʼrifat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanganini koʻrsatishga qaratilgan. Zalning ilmiy iftixori — Abu Rayhon Beruniyning X asrda ilk bor yaratilgan globusining qayta tiklangan nusxasi. Asl nusxa yoʻqolgan boʻlsa-da, Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti olimlari uni saqlanib qolgan qoʻlyozmalar va chizmalar asosida qayta tikladi.

Ikkinchi Renessans. Ikkinchi Renessans temuriylar davriga toʻgʻri kelib, nafaqat siyosiy va iqtisodiy yuksalish, balki ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyatning taraqqiy etgan davri sifatida tarixda alohida oʻrin tutadi. Bu davr Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarning serqirra faoliyati bilan chambarchas bogʻliq.

Mirzo Ulugʻbek Samarqandda barpo ettirgan rasadxona va uning atrofida shakllangan ilmiy maktab astronomiya, matematika va geografiya fanlari rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari oʻsha davr ilmiy yutuqlarining yorqin namunasi sifatida butun dunyoda tan olingan.

Alisher Navoiy esa boy adabiy merosi orqali nafaqat turkiy adabiyotni yuksak bosqichga olib chiqdi, balki insonparvarlik, maʼrifat va maʼnaviy kamolot gʻoyalarini targʻib qildi.

Markazdagi asosiy sovgʻa sifatida ziyo­ratchilarni Amir Temur bilan “uchrashuv” kutib turibdi. Muzeyda ilgʻor sunʼiy intellekt faoliyat yuritmoqda. Toʻliq avtonom serverlarda Oʻzbekiston va dunyo kutubxonalari arxivlaridan skaner qilingan mil­lionlab sahifalar asosida neyron tarmoqlar joriy etilgan.

Bu davrda Samarqand dunyoning eng yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan biriga aylanib, turli mamlakatlardan olim va mutafakkirlar jalb etilgan. Shu tariqa temuriylar davrida ilm va madaniyatning global muloqoti shakllandi.

Sunʼiy intellekt va interaktiv platforma. Markazning oʻziga xos jihatlaridan biri zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanishdir. Sunʼiy intellekt, virtual va interaktiv multimedia orqali tarixiy materiallar yangi uslubda taqdim etilmoqda. Bu, ayniqsa, yoshlar uchun jozibador va qiziqarli.

Markazda sunʼiy intellekt qoʻlyozmalarni oʻqish, tarjima qilish va tiklashda qoʻllanadi, raqamlashtirish esa noyob manbalarni elektron shaklda saqlash va ­ommalashtirishga xizmat qiladi. Multimediali, interaktiv ekranlar va VR/AR texnologiyalari orqali tarix va madaniyat zamonaviy usulda namoyish etiladi.

Xalqaro ilmiy hamkorlik. Markaz xalqaro ilmiy xab sifatida ham faoliyat yuritib, turli mamlakatlardan tadqiqotchilarni birlashtiradi. Bu yerda madaniy merosni oʻrganish, restavratsiya qilish va ­ommalashtirishga qaratilgan yirik loyi­halar amalga oshiriladi. Zamonaviy laboratoriyalar qadimiy artefaktlarni saqlash imkonini beradi.

Markaz faqat oʻtmish yutuqlarini namoyish etish uchun emas, balki kelajak bilimlarini yaratish maydoni sifatida ham rejalashtirilgan. Ikkinchi qavatda dunyoga tanilgan xalqaro ilmiy markaz tashkil etilmoqda. YUNESKO, Oksford islom tadqiqotlari markazi, AYSESKO, IRSIKA, TURKSOY va boshqa nufuzli global tuzilmalar oʻz vakolatxonalarini ochishni rejalashtirmoqda. Hozir 40 davlatdan olimlar faoliyat yuritib, 800 dan ortiq ilmiy-tadqiqot lo­yihalarini amalga oshirmoqda.

Yosh avlod va milliy qadriyatlar. Markazda yosh avlod tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Asosiy maqsad — yoshlarda milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, ilmiy tafakkur va maʼnaviy yetuklikni shakllantirish.

Bu yerda zamonaviy taʼlim texnologiyalari, interaktiv ekspozitsiyalar va raqamli platformalar orqali yoshlar tarixiy merosni chuqur oʻrganish imkoniga ega boʻladi. Buyuk allomalarning ilmiy merosi yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, ularda tanqidiy fikrlash va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Markaz yoshlarga islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini namoyon etishda muhim vazifani bajaradi. U islom sivilizatsiyasi tarixan bagʻrikenglik, insonparvarlik, ilm-fan, taʼlim va madaniyat bilan bogʻliq ekanini koʻrsatadi.

Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessans. Ekspozitsiyaning yakuniy akkordi — Uchinchi Renessans konsepsiyasini aks ettiruvchi “Yangi Oʻzbekiston” zali. Bu yerda tarixiy anʼanalar taraqqiyot bilan uygʻunlashib, respublikadagi islohotlar ulkan LED panellar va VR makonda vizual tarzda namoyon etiladi.

Markaziy badiiy obyekti — katta hajm­li kinetik daraxt. U mahalla — jamiyat ijtimoiy tuzilmasining asosini tashkil etuvchi noyob qoʻshnichilik anʼanasini ifodalaydi. 14 ming optik tola yonib, tanish milliy ramzlarni hosil qiladi. Kinetik ekranda navbatma-navbat bayroq matosi, milliy naqshlar namoyish etiladi va yakunda ekran ulkan oynaga aylanadi. Har bir ziyoratchi unda oʻz aksini koʻradi — bu yangi Oʻzbekistonning eng oliy qadriyati — INSON gʻoyasini namoyon etadi.

Soʻngsoʻz oʻrnida. Islom sivilizatsiyasi markazi anʼana va innovatsiya uygʻunligining yorqin namunasidir. U muzey, ilmiy, taʼlimiy va diplomatik vazifalarni bajarsa-da, asosiy missiyasi — oʻtmishga hurmat va kelajakka intilishga asoslangan yaxlit dunyoqarashni shakllantirish.

Markaz rasman toʻliq ochilishidan oldin ham jahon siyosiy, ilmiy va madaniy elitasi uchun muhim jalb etuvchi nuqtaga aylanib ulgurdi. Davlat rahbarlari, diplomatlar, lordlar va mashhur shaxslar allaqachon markaz bilan tanishgan. Bu yirik loyiha nafaqat arxitektura obyekti, balki Yangi Oʻzbekistonning intellektual va maʼnaviy markaziga aylanmoqda. U tarixiy meros nafaqat saqlanishi lozim boʻlgan boylik, balki jamiyatni umumiy qadriyatlar va strategik maqsadlar atrofida birlashtiradigan kuchli rivojlanish manbai ekanini namoyon etadi.

Bahrom Abduhalimov,

Fanlar akademiyasi

vitse-prezidenti, xalq deputatlari

Toshkent shahar kengashi deputati