Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tizimni modernizatsiya qilish, zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda yoshlarni aniq kasb-hunarga yoʻnaltirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Endi kasb oʻrganishga nafaqat ehtiyoj, balki har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi uchun mustahkam poydevor sifatida qaraladi.

Xususan, Kasbiy taʼlim agentligining tashkil etilishi yoshlarda amaliy koʻnikmalar va zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish samaradorligini oshirish, shuningdek, kasbiy taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan yangilashga keng imkoniyat yaratdi.

Shuningdek, texnikumlar faoliyatini takomillashtirish, dual taʼlim tizimining joriy qilinishi, ishlab chiqarish bilan integratsiyaning kuchaytirilishi, zamonaviy oʻquv dasturlari va xalqaro standartlarning tatbiq etilishi ushbu yoʻnalishdagi islohotlarning amaliy ifodasidir. Eʼtiborli jihati shundaki, kasbiy taʼlim tizimi kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda ishonchli vositaga aylanib bormoqda. Yangi Oʻzbekistonda “inson qadri uchun” tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etar ekan, kasbiy taʼlim aynan shu gʻoyaning amaliy ifodasi sifatida namoyon boʻlmoqda. Chunki malakali, oʻz kasbining ustasi boʻlgan inson nafaqat oilasi tayanchi, balki butun jamiyat va davlat taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuchga aylanadi.

Mazmun va zarurat

Bugun mehnat bozori talablari kun sayin, soat sayin oʻzgarib bormoqda. Eskirgan, anʼanaviy kasblar oʻrnini innovatsion, raqamli texnologiyalar va kreativ yondashuv talab qiluvchi yangi mutaxassisliklar egallamoqda. Aynan shu tizimli muammolarni tubdan hal qilish, taʼlim va mehnat bozori oʻrtasida mustahkam koʻprik barpo qilish maqsadida Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida kasbga tayyorlashning mutlaqo yangi, zamonaviy arxitekturasini yaratish boʻyicha tarixiy tashabbuslarni ilgari surgan edi. Qabul qilinayotgan yirik davlat dasturlari yoshlarni erta kasbga yoʻnaltirishdan tortib, xalqaro darajadagi yuqori malakali mutaxassis qilib yetishtirish va kafolatli ish bilan taʼminlashgacha boʻlgan uzluksiz zanjirni oʻzida mujassam etmoqda. Kasbiy taʼlim tizimi oldidagi eng dolzarb masala bitiruvchi taqdiri, uning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa olishidir. Zero, kasbiy taʼlim natijasi auditoriya bilan emas, balki ishlab chiqarish maydoni va real iqtisodiyotda oʻz tasdigʻini topadi. Shu maʼnoda, mehnat bozori bilan uygʻunlik kasbiy taʼlim sohasidagi barcha qarorlarning bosh mezoni.

Mamlakatimizda bu borada tub burilish yuz bermoqda desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Endi taʼlim tizimi iqtisodiyot ehtiyojlari bilan hamohang rivojlanmoqda. Har bir yangi yoʻnalish, oʻquv dasturi va qabul kvotasi ortida aniq hisob-kitob, chuqur tahlil va eng muhimi, mehnat bozorining real talabi turibdi. Bugungi yondashuvning ustuvor jihati shundaki, unda ish beruvchi oddiy kuzatuvchi emas, balki jarayonning bevosita ­ishtirokchisiga aylanmoqda. Bu esa kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda. Qaysi sohada qanday mutaxassis kerakligi, u qanday koʻnikmalarga ega boʻlishi zarurligi nazariy farazlar emas, balki amaliy ehtiyojlar asosida belgilanmoqda. Natijada kasbiy taʼlim tizimi “natija uchun taʼlim” prinsipiga oʻtdi. Eng muhimi, bunday yondashuv taʼlim tizimiga ham moslashuvchanlik baxsh etmoqda. Chunki bugungi mehnat bozori muttasil oʻzgarib, yangi kasblar paydo boʻlmoqda, ayrimlari esa tarixga aylanmoqda. Bunday sharoitda faqat mehnat bozori bilan hamnafas tizimgina samarali ishlay oladi.

Mehnat bozori bilan uygʻunlikni taʼminlash, tabiiyki, taʼlim mazmunini qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi. Sababi yangi yoʻnalish va kasblarning paydo boʻlishi bozor talabini oʻzgartirmoqda. Qolaversa, sunʼiy intellektning jadal kirib kelishi ham bu masalalar ustida bosh qotirishga undaydi. Shu sababli zamon ehtiyojlariga javob beradigan bilim va koʻnikmalar ham muntazam yangilab borilishi shart. Bugun kasbiy taʼlim tizimida oʻquv dasturlarini modernizatsiya qilish jarayoni izchil davom ettirilmoqda. Endi dasturlar eskicha yondashuv asosida emas, bevosita soha ehtiyojlari, ishlab chiqarish talablari va zamonaviy texnologiyalar rivojidan kelib chiqib shakllantirilmoqda.

Asosiy ustun

Kasbiy taʼlim tizimida shakllanayotgan yangi model markazida dual taʼlim turibdi. Bu yondashuv oʻqitish va ishlab chiqarish oʻrtasidagi anʼanaviy uzilishni bartaraf etib, ikkisini yagona tizimga birlashtirayotgan muhim mexanizmga aylanmoqda. Bugun

510 dan ortiq texnikum, 14 mingdan ziyod korxona va tashkilot hamda 67 mingdan ortiq oʻquvchi “ustoz-shogird” tamoyili asosida faol hamkorlik qilayotgani dual taʼlimning amalda keng qamrovli tizimga aylanganini koʻrsatadi. Eng eʼtiborlisi, ishlab chiqarishning oʻzidan jalb etilgan 17 mingdan ortiq malakali mutaxassisning ustoz sifatida ishtirok etayotgani taʼlim jarayonini real mehnat muhiti bilan bevosita bogʻlamoqda. Bu jarayon kasbiy taʼlim mohiyatini tubdan oʻzgartirdi. Endi oʻquvchi faqat auditoriyada oʻtirib bilim olmaydi, balki ishlab chiqarish jarayonining toʻlaqonli ishtirokchisiga aylanadi. Bu diplom uchun emas, aksincha, real koʻnikma uchun taʼlim tamoyiliga asoslanmoqda. Natijada bitiruvchi mehnat bozoriga moslashish bosqichi uchun ortiqcha vaqt sarflamaydi, tayyor mutaxassis sifatida kirib keladi. Dual taʼlimning yana bir muhim jihati — uning iqtisodiyot bilan toʻgʻridan toʻgʻri integratsiyalashganidadir. Hududlarda “investor — tarmoq — texnikum” zanjiri yoʻlga qoʻyilgani va

4000 dan ortiq yirik ish beruvchining texnikumlarga biriktirilgani kadrlar tayyorlashni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Endi qaysi hududda qanday mutaxassisga ehtiyoj borligi aniq prognoz qilinmoqda. Kadrlar tayyorlash esa aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib rejalashtirilmoqda. Bu esa ortiqcha yoki talab qilinmaydigan mutaxassislar tayyorlashning oldini olib, bitiruvchilar bandligini taʼminlashda hal qiluvchi omilga aylanmoqda. Bundan tashqari, ushbu model korxonalar uchun ham manfaatli. Ular oʻziga zarur kadrlarni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etadi. Oʻquvchi esa oʻqish jarayonidayoq kelajakdagi ish joyiga moslashadi. Bundan tashqari, dual taʼlimda oʻqiyotgan yoki oʻqishni tugatganiga 3 yildan koʻp boʻlmagan mutaxassisni ishga olgan tadbirkorlar uchun qoʻshimcha reyting ballari beriladi hamda daromad soligʻini toʻlashda imtiyozlar davri uzaytirilishi nazarda tutilgan. Natijada “taʼlim — ishlab chiqarish — bandlik” zanjiri mustahkamlanib, iqtisodiyotning real sektori bilan taʼlim tizimi oʻrtasida uzviy bogʻliqlik yuzaga keladi. Shu tariqa dual taʼlim kasbiy taʼlim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqayotgan, uni zamonaviy iqtisodiyot talablariga moslashtirayotgan va eng muhimi, yoshlarni hayotga, aniq kasb va barqaror bandlikka tayyorlayotgan ­strategik ustunga aylanmoqda.

Ijtimoiy tenglik va inklyuzivlikni taʼminlash

Kasbiy taʼlim tizimida ijtimoiy adolat va inklyuzivlikni taʼminlash ustuvor vazifalardan. Tizimda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning turli ijtimoiy sharoitda ekani inobatga olinib, ular uchun moslashuvchan malaka oshirish mexanizmlari joriy etilmoqda. Xususan, uch yoshgacha farzandi bor, nogiron yoki nafaqa yoshiga yetgan pedagog va rahbar kadrlar uchun masofaviy hamda aralash shakldagi malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. Bu esa har bir pedagogning ehtiyojidan kelib chiqib, kasbiy rivojlanishini uzluksiz taʼminlash imkonini bermoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida band boʻlmagan fuqarolar va ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarning ishsiz aʼzolarini kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik koʻnikmalari boʻyicha oʻqitish tizimi keng joriy etilmoqda. Bu yoʻnalishda davlat va nodavlat taʼlim muassasalari negizida qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilib, ularning aniq roʻyxati shakllantirilmoqda. Eng muhimi, ushbu jarayon vaucher tizimi asosida moliyalashtirilib, Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoʻllab-quvvatlanadi. Natijada umumiy hisobda 400 mingga yaqin band boʻlmagan fuqaro va kam taʼminlangan oilalarning ishsiz aʼzolarini kasbga oʻqitish, ularga yangi daromad manbai yaratish va ijtimoiy faolligini oshirish imkoniyati beriladi. Bu esa kasbiy taʼlim tizimini nafaqat kadrlar tayyorlovchi, balki kambagʻallikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish va ijtimoiy tenglikni taʼminlashga xizmat qiluvchi samarali mexanizmga aylantirmoqda. Kasbiy taʼlimning nufuzini oshirish maqsadida Prezident sovrini uchun “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi tashkil etilib, unda texnikum oʻquvchilari, yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida eng dolzarb 10 ta kasb boʻyicha musobaqalar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Tanlov doirasida minglab ishtirokchilar qamrab olinib, gʻoliblar munosib ragʻbatlantiriladi hamda xalqaro musobaqalarga tayyorlanadi.

Boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida texnikum direktori va oʻrinbosarlari uchun menejerlik sertifikatlash tizimi joriy etilib, 600 dan ortiq rahbar kadr maxsus oʻquv kurslarida tayyorlanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash maqsadida “Karyera” elektron platformasi ishga tushiriladi. Ushbu tizim orqali talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatilib, sunʼiy intellekt asosida mos ish oʻrinlari va nomzodlar tavsiya etiladi.

Mahalliy va xalqaro integratsiya

Tizimda mahalliy va xalqaro integratsiyaning kuchayishi bugungi sharoitda ­strategik ahamiyat kasb etadi. Bu jarayon, avvalo, tayyorlanayotgan kadrlarning faqat ichki bozor talablariga emas, balki global mehnat bozori ehtiyojlariga ham mos boʻlishini taʼminlaydi. Natijada bitiruvchilar uchun nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham munosib ish topish imkoniyatlari kengayadi. Shu bilan birga, xalqaro standartlar va ilgʻor tajribalarning joriy etilishi taʼlim sifatini oshirib, kasbiy tayyorgarlik darajasini yangi bosqichga olib chiqadi.

Bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan hamkorlik oʻrnatilgan boʻlib, xorijiy mamlakatlarning ish beruvchi korxonalaridagi aktual boʻsh ish oʻrinlari soni, shuningdek, mutaxassislarga qoʻyiladigan talablar boʻyicha toʻliq maʼlumotlar Kasbiy taʼlim agentligiga taqdim etilmoqda. Shu orqali oʻquv dasturlari nafaqat milliy, balki xalqaro mehnat bozori standartlariga moslashtirilmoqda. Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik doirasida respublikamiz boʻyicha yetakchi 125 korxona va tashkilot hamda davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlar uyushmalari bilan texnikumlarda dual taʼlim tizimini joriy etish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur hamkorlik doirasida oʻquvchilar amaliyotini tashkil etish, bitiruvchilar bandligini taʼminlash, texnikumlardagi ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining malakasini oshirish kabi muhim yoʻnalishlarda ishlar bajarilmoqda. Shu tariqa oʻquvchilar amaliy koʻnikmalarni egallab, bitiruvchilar ish bozorida oʻz oʻrnini topadi, texnikumlar esa malakali kadr tayyorlashda samarali markazga aylanadi.

Taʼlim dasturlarini yangilash masalasi tizimning yana bir muhim yoʻnalishidir. Prezidentimizning 2025-yil 23-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yilda 60 ta, 2027-yilda 150 ta, 2028-yilda esa qolgan barcha kasbiy taʼlim dasturlari kasbiy standartlar va xalqaro taʼlim dasturlari asosida yangilanishi belgilandi. Bu esa oʻquv jarayonini nafaqat milliy, balki global mehnat bozori talablariga moslashtirishni taʼminlaydi. Hozir esa ichki va tashqi mehnat bozoridagi kasblar tahlil qilinib, ular orasidan talab eng yuqorilari tanlab olindi. Kasblar boʻyicha taʼlim dasturlarini ishlab chiqish jarayonida rivojlangan davlatlarning kompetensiyaga asoslangan taʼlim standartlari oʻrganildi. Natijada kasbiy taʼlimning barcha darajasi boʻyicha uzviylik saqlanib, yangi modulli oʻquv dasturlar loyihasi tayyorlanmoqda. Ushbu modul tizimi oʻquvchilarga nafaqat bilim, balki amaliy koʻnikmalarni bosqichma-bosqich egallash imkonini beradi, bitiruvchilarni esa mehnat bozoriga toʻliq tayyorlaydi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 23-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yil boshidan eng yaxshi natija koʻrsatgan pedagoglar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari malakasi xorijiy va milliy platformalar orqali oshiriladi. Shu tariqa ularning kasbiy salohiyati tizimli tarzda rivojlantirilmoqda. Taʼlim jarayoni esa yanada sifatli va amaliy natija beradigan tizimga aylanmoqda. Hozir respublikamiz boʻyicha kasbiy taʼlim tashkilotlaridagi 21 ming 504 oʻqituvchi va 6531 ishlab chiqarish taʼlimi ustasi Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti, tayanch oliy taʼlim muassasalari huzuridagi 4 ta mintaqaviy, 15 ta tarmoq markaz hamda 4 ta ilgʻor professional tayyorgarlik markazida 85 yoʻnalish boʻyicha malaka oshirish kurslarida oʻqitildi. Bugungacha malaka oshirish markazlarida jami 4018 oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari Italiya, Germaniya, Belarus, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar tajribasiga asoslangan kurslarda nazariya va amaliyot uygʻunligi taʼminlangan holda malaka oshirdi. Bundan tashqari, eng yaxshi natija koʻrsatgan 50 nafar ishlab chiqarish taʼlimi ustasi, umumtaʼlim va maxsus fan oʻqituvchilari malakasini oshirish uchun xorijga yuborish imkoniyati yaratildi.

Ayollar ulushi qanday?

Hozir respublikamiz boʻylab 595 ta kasbiy taʼlim tashkilotida 438 mingga yaqin oʻquvchi 329 kasb va mutaxassislik boʻyicha taʼlim olmoqda. Xususan, ularning 192 ming 185 nafari xotin-qizlardir. 2025-2026 oʻquv yili uchun tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida 108 ming 686 ayol-qiz oʻqish uchun kasbiy taʼlim tashkilotlariga qabul qilindi. Shuningdek, 284 kasbiy taʼlim tashkilotida mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan 75 kasb boʻyicha 25 ming 721 yosh va ishsiz aholiga qisqa muddatli kurslar tashkil etildi. Tinglovchilardan 15 ming 772 nafari ayol-qizlardir. Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish maqsadida 495 kasbiy taʼlim tashkilotida xorijiy til kurslari ochilgan. Hozir 8063 oʻquvchi turli tillarni oʻrganmoqda. 2024/2025 oʻquv yilida texnikumlarning qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalari boʻyicha 790 ayol-qiz davlat granti asosida taʼlim olib, xarajati toʻliq davlat hisobidan qoplandi. Shu bilan birga, “prof-emis.edu.uz” platformasi orqali 859 ayol-qiz axborot texnologiyalari sohasidagi qisqa muddatli kurslarda oʻqitildi. Ushbu kurslarda jami 2949 ayol oʻqitilgan va oʻqish yakunida ularga davlat namunasidagi sertifikatlar berilgan.

Raqamlashtirish — davr talabi

Mamlakatimizdagi yetakchi tashkilotlar bilan hamkorlikda kasbiy standartlar va xalqaro taʼlim dasturlari asosida oʻquv dasturlarini yangilash ishlari davom etmoqda. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilgʻor taʼlim dasturlari joriy etilmoqda. Natijada mehnat bozorida ayni vaqtda talab yuqori boʻlgan 60 ta kasb roʻyxati shakllantirildi. Ushbu roʻyxat nafaqat soha ehtiyojlarini, balki kelajakdagi rivojlanish istiqbollarini ham inobatga olgan holda tuzildi. Bu esa ­tayyorlanayotgan kadrlar raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi.

Kasbiy taʼlim tizimi samaradorligini oshirish va yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash borasidagi yana bir muhim qadam tizimni raqamlashtirish boʻldi. Raqamlashgan tizimning birinchi afzalligi vaqt va resurslarni tejashda namoyon boʻlmoqda. Endi maʼlumotlarni qogʻoz shaklida yuritish, qoʻlda hisob-kitob qilish va murakkab hisobotlarni tayyorlashga sarflanadigan vaqt qisqardi. Shu bilan birga, inson ­omili ishtiroki kamayib, qarorlar adolatli va asosli qabul qilinmoqda. Kelgusida esa raqamlashtirish imkoniyati yanada kengayib, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mehnat bozoridagi tendensiyalarni oldindan baholash, qaysi kasblarga talab oshishi yoki kamayishini prognoz qilish imkoniyatlari yaratilishi ham rejalashtirilgan.

“Kasblar shaharchasi” — yoshlarga imkoniyat

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Fargʻona viloyatlaridagi ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari negizida “Kasblar shaharchalari” tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbus maktab oʻquvchilarini qurilish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport va “yashil” energetika kabi zamonaviy kasblarga erta bosqichda yoʻnaltirish imkonini beradi.

“Kasblar shaharchalari” doirasida oʻquvchilar uchun amaliy mashgʻulotlar, ekskursiyalar va interfaol sinovlar tashkil etilib, ular kasblar bilan bevosita tanishish, oʻz qiziqish va moyilligini aniqlash imkoniyatiga ega boʻladi. Mazkur tizimni qoʻllab-quvvatlash maqsadida hududlarda 24 ta malakani baholash markazini tashkil etish, dolzarb kasblar boʻyicha sertifikatlash amaliyotini joriy etish ham koʻzda tutilgan. Aholining ushbu xizmatlardan foydalanishi vaucher tizimi orqali qoʻllab-quvvatlanadi. Bundan tashqari, “Kasbiy rivojlanish platformasi” orqali 100 dan ortiq kasb boʻyicha mustaqil taʼlim olish, bilim va koʻnikmalarni baholatish hamda sertifikat olish imkoniyati yaratilmoqda.

Yangi rivojlanish bosqichidagi kasbiy taʼlim tizimi oldidagi strategik vazifalar aniq belgilangan. Ustuvor yoʻnalishlar dual taʼlim ulushini keskin oshirish, qisqa muddatli kasbga oʻqitish tizimini kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot va raqamli kasblar ulushini koʻpaytirish, hududiy ixtisoslashuv asosida oʻrta boʻgʻin kadrlar tay­yorlash hamda mehnat bozori ehtiyojlarini real vaqt rejimida monitoring qilishdan iborat. Kasbiy taʼlim tizimining asosiy manbasi boʻlgan texnikumlarni zamonaviy talablar darajasiga olib chiqish uchun keng koʻlamli islohotlar, ilgari surilayotgan tashabbuslar doirasida 9-sinf bitiruvchilari fanlar va kasbiy qiziqishlarga qarab saralab olinsa, oliygohlarga kirish istagi boʻlmagan yoshlar texnikumlarga yoʻnaltiriladi.

Umuman olganda, kasbiy taʼlim endi faqat bilim beruvchi soha emas, balki mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti, ijtimoiy barqarorligi va mehnat bozorining sifatli rivojlanishi uchun strategik ahamiyatga ega tizimga aylangan. Izchil va maqsadli chora-tadbirlarni davom ettirish, salohiyatli yoshlarni ish bilan taʼminlash hamda mamlakat kelajagi uchun zarur kadrlarni tayyorlash bizning asosiy vazifamiz boʻlib qoladi.

Azimjon HUSANOV,

Kasbiy taʼlim agentligi direktori