Mazkur hikmatda taʼkidlanishicha, oʻtgan “sovuq kunlar”, qiyinchiliklar unutiladi. Kun mavzusiga navbatdagi masalalar, aytaylik, yangi muammolar chiqaveradi.
“Oʻzbekiston bundan oʻn yil burun qanday edi, hayotimiz, sharoitlarimiz,
turish-turmushimiz, tafakkurimiz, biyron tilimizning holi nechogʻliq edi oʻsha
paytlari? Afsuski, odam bolasi tez unutadi. Qadriga yetish, shukr qilish degan
oddiy insoniy tuygʻularni ham esdan chiqaradi. Koʻz oʻngimizda yuz berayotgan
katta oʻzgarishlarning farqiga bormaydi yoki bilib turib, takabburlik qiladi”,
deb yozdi taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqov “Millat Shavkati”
maqolasida.
Haqiqatan shunday. Odam bolasi tabiatan na issiqqa, na sovuqqa chidaydi.
Lekin baribir har bir iymon-eʼtiqodli, yaxshi-yomonning farqiga boradigan,
yaxshilikning qadriga yetadigan, bir soʻz bilan aytganda, odamgarchiligi bor
kishi bugungi oʻzgarishlarni, beqiyos imkoniyatlarni, albatta, eʼtirof etadi.
Zero, bugunning qadriga yetish uchun kechagi kunni eslash kerak-ku!
Bu, albatta, kechani yomonlash yoxud kimnidir yomonotliq qilish uchun
emas. Kecha — kecha edi. U oʻtdi. Uning muvaffaqiyatlari ham, muammolari, yoʻl
qoʻyilgan kamchiliklari ham kechagi kunniki. Maqsad esa bugunning qadriga
yetish, ertamizning yanada yorugʻ, farovon boʻlishiga hissa qoʻshish. Buning
uchun esa kecha yoʻl qoʻyilgan xatolarni qaytib qilmasligimiz, ulardan saboq
chiqarishimiz lozim.
Inson bu dunyoda, albatta, erkin va ozod yashashni istaydi. Bu eng ulugʻ
baxt. Oʻylab koʻring, bundan oʻn yil avval mamlakatimizda soʻz va matbuot
erkinligi qanday edi? Mabodo biror nashrda ozgina tanqidiy maqola eʼlon qilinsa
yoki biror efir orqali achchiqroq gap aytilsa, xudo urdi, deyavering edi:
tanqid obyekti emas, tanqid qiluvchi nishonga olinardi. Shuning uchun hamma
“aqlli” boʻlib qolgan edi. Hech kim haq soʻzni aytishga botinolmasdi. Bu
qoidani buzganlar ham boʻlgandir. Lek shunisi aniqki, undaylar tugʻilganiga
pushaymon boʻlmaguncha tinch qoʻyilmasdi.
Endi ayting, bu gaplar yolgʻonmi? Axir hammasi haqiqat-ku. Prezidentimiz
2023-yili Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bir guruh ziyolilar bilan
suhbatlashar ekan, kechagi soʻz erkinligi haqida, ochiqlik masalasida quyidagi
mazmunda gapirgan edilar:
“Yopiq davlat boʻlib, ommaviy axborot vositalarini
qoʻllab-quvvatlamaganimiz uchun xalqning ovozini eshitmadik... Erkinlik nafasi
yoqadimi? Menga yoqadi... yana oldingidek... boʻlaversinmi? Biz niyatimizga
yetdikmi? Birimiz ikki boʻldimi? Shuning uchun erkinlik nafasini, ommaviy
axborot vositalarini doʻst bilamiz. Gapirsin, adolatni gapirsin. Tanqid qilsin,
toʻgʻri tanqid boʻlsin. Shu qishloqqa, maktabga, taʼlimga foydasi boʻlsa, nur
ustiga nur. Men har kuni oʻqiyman, internetni ham oʻqiyman. Kim qanday
gapirganini vaqtim boricha, qoʻlimga qalam olib, oʻzimga yozib olaman. Baribir
10 ta fikrdan 9 tasi toʻgʻri boʻlib chiqadi. Bu toʻgʻri yoʻnalishmi? Agar bizda
ommaviy axborot vositalari yopiq boʻlsa, sizlarni ham hech kim eshitmaydi”.
Mamlakatimiz yetakchisining bunday ochiq va samimiy fikrlari barcha
ziyolilar, xalqimizni, jumladan, qalam ahlini ham birdek juda-juda quvontiradi.
Yaratganga shukr, bugun yangi Oʻzbekistonda soʻz va matbuot erkinligi,
xolislik va adolat tamoyili tiklandi. Ijod ahliga eʼtibor yuksak darajada.
Bunga Prezidentimizning yaqinda madaniyat, sanʼat va adabiyot ahliga koʻrsatgan
eʼtibori yana bir yorqin dalil boʻldi.
Mustaqillikka erishganimizdan soʻng muayyan vaqt oʻtib yurtimizda
avtomashina ishlab chiqarilishi, Oʻzbekiston oʻz avtomobiliga ega boʻlishi
haqida koʻp bong urilgan edi. Albatta, bundan xursand boʻlganmiz. Nega
quvonmaylik, vatanimiz dunyoda avtomobil ishlab chiqaradigan mamlakatlardan
biriga aylanadigan boʻlsa?! Lekin oʻzimizda ishlab chiqarilgan bu
avtomobillarga ega boʻlish uchun
yurtdoshlarimiz ne qiyinchiliklarga ham uchraganini hech kim unutgan boʻlmasa kerak.
Sababi oʻzimizda ishlab chiqarilgan mashinalar xalqimizga milliy
valyutamiz — soʻmda emas, dollarda sotilgan paytlar boʻldi. Chet el valyutasini
esa odamlar koʻpincha bankdan emas, koʻchadan — qora bozordan sotib olishga
majbur edilar. Juda katta muammo edi-da bular. Bu, birinchidan.
Ikkinchidan, banklardagi valyuta ayirboshlash siyosati bir guruh
korchalonlarning qoʻlida boʻlib, ochiqdan-ochiq uzoq yillar korrupsion sxemaga
aylanib ulgurgan edi. Xalqimiz uchun esa chetdan qulayroq usulda mashina xarid
qilish yoʻli yopilgan, istaysizmi-yoʻqmi, oʻzimizda chiqqan mashinalar uchun
avvaldan qanchadir qiymatini toʻlab
qoʻyib, mashina chiqishini bir yil, hatto undan ham ortiq kutish odatiy holga
aylangandi. Hatto ayrim bozori chaqqon rusumli mashinalarga “shapka” berish
kerak boʻlgani-chi? Shunisi qiziqki, avtomashinalar uchun navbat kelgunicha,
uning narxi bir-ikki bor oʻzgarar, albatta, qimmatlashar, oldindan toʻlab
qoʻyilgani esa hisobga olinmas, yana ustama narxni toʻlab, avtoulov egasi
boʻlish “baxti” xuddi olimpiada gʻolibi boʻlishdek mushkul vazifa edi.
Xoʻsh, ayting, bu voqealarning qay bir jihatini gapirganda “kechagi kunni
yomonotliq qilish”, deya olamiz?
Hammasi haqiqat emasmi?
Haqiqat shuki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari boʻlgach,
bu bedodliklarning bariga barham berildi. Hozir mamlakatimizda avtomobil xarid
qilish masalasida u paytlardagidek sunʼiy navbatlar, aytaylik, yil boʻyi yana
60-70 foiz toʻlovini oldindan amalga oshirish shart degan “majburiyat”lar
yoʻq-ku! Buni bugun hatto tasavvur ham qilisha olmaydi yurtdoshlarimiz. Nega?
Negaki sohada adolat mezonlari oʻrnatib qoʻyildi. Marhamat, avtoulovlarning
istalgan rusumini bir kunda olib ketavering. Hatto maʼlum foizlarni toʻlab,
qolganini uch yilda yoki besh yilda toʻlang!
Banklardan xorijiy valyuta xarid qilish masalasida-chi, bugungi kunda bu
borada birorta muammo bormi? Bir paytlardagidek bir-ikki ming dollar sotib
olish uchun ne-ne kazo-kazolarga uchrashish, tanish-bilish axtarish kerakmi?
Yoʻq, albatta!
Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim shu yil may oyida yetakchi nashrlarda
eʼlon qilgan “Riyosiz soʻzlar” maqolasida kuyinib yozdi:
“Bozorga borasan. Har qadamda “dollarchi”lar shaykasi... Dollarning narxi
rasmiy kursdan ikki barobar baland. Koʻr boʻlib olasan”.
Xalq shoiri yana eslaganidek, butun xalq — oʻqituvchidan tortib,
shifokorgacha, quruvchidan tortib, ijodkorlargacha, hatto pensionerlar
shundogʻam 10-15 kun kechikib oladigan maoshini, pensiyasini 20-30 foizga
naqdlashtirish uchun yana oʻsha bozordagi olgʻirlarga borganlari-chi, bu ham
notoʻgʻrimi? Bular axir bundan bor-yoʻgʻi 10-11 yil avvalgi hayotimiz
manzaralari emasmi?
Albatta, hech kim bu narsalarni eslagisi kelmaydi. Eslamaganimiz ham
tuzukdir, ehtimol. Chunki har eslaganda yuraklar zirqiraydi, beixtiyor achinib
ketasan...
Ayniqsa, yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish
borasidagi turli gʻirromliklarni bugungi yoshlar bilishmas. Garchi taʼlimdagi
yangiliklar, ilgʻor tajribalar, har xil test sinovlarining joriy etilgani
yuksak shiorlarmonand targʻib-tashviq qilingan boʻlsa-da, aslida, manzara
butunlay teskari edi. Buni hamma bilardi. Shunday vaqtlar boʻldiki,
tanish-bilish, pora bilangina oʻqishga kirish mumkinligini hatto maktab
oʻquvchilari ham tushunib qolgandi.
Oliy taʼlim muassasalarida “bunker”lar tashkil etilar, bu “bunker”larda
ertaga oʻzlari taʼlim beradigan oʻqituvchilar, hatto professorlar, fan
doktorlari joylashar, qoʻshimcha ravishda barcha adabiyotlar, qoʻllanmalar
bilan qurollangan holda “adolatli” test oʻtayotgan xonalardan “baxtli
roʻyxat”ga ilingan abituriyentlarning sinov varaqalarini bexato ishlab berish
bilan band boʻlishardi. Bunday olganda, endigina maktabning 10-sinfini bitirib
kelgan pok yurakli oʻgʻil-qizlarimiz bilan nohaqlarcha kurashilar, yoshlar esa
jamiyatning bunday nohaq, kir oʻyinlariga duch kelib, shaffof orzu-umidlari
chilparchin boʻlardi.
Aynan shu masalada uzoqqa bormay, oʻzimning oilamda kechgan voqealarni
eslay. 2007-yili boʻlsa kerak adashmasam, oʻgʻlim Oʻzbekiston Milliy
universiteti huzuridagi litseyni tugatib, Toshkentdagi obroʻli universitetlardan
biriga hujjatlarini topshirdi. Kechayu kunduz imtihonlarga tayyorgarlik koʻrdi.
Qoʻshimcha tayyorlov kurslariga qatnadi. Lekin... test natijalari eʼlon
qilinganda 174 ball (nazarimda, oʻsha paytda ham bu yaxshi koʻrsatkich edi)
olgani, lekin oʻqishga kirishiga aqalli bir-ikki ball “yetmagani”ni koʻrib,
koʻzida juda katta alam, nohaqlikka, nohalollikka, adolatsizlikka boʻlgan yosh
miltillaganida uning emas, mening butun vujudim yonib-kuyib ketgan edi. Shundan
soʻng u mamlakatimizdagi xalqaro universitetlarning biriga hujjat topshirdi va
hech qanday muammosiz oʻqishga qabul qilindi.
Afsuski, qizimning oliy oʻquv yurtiga kirishi ham xuddi shunday muammoli
kechgan. U poytaxtimizdagi tibbiyot yoʻnalishiga oid oliy taʼlim muassasasiga
kirishni maqsad qilgandi. Lekin izma-iz ikki yil test javobi eʼlon qilinganda
qandaydir 0,1 mi, 0,5 mi qiyqim ballar “yetmay qolgani” uchun tinimsiz
tayyorgarlik koʻrganiga qaramay, oʻqishga kira olmadi. Shundan soʻng qiz bola
boʻlsa-da, noiloj Moskva shahridagi tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha universitetga
oʻqishga yubordik. Bir yil xorijda oʻqigach, ne-ne azob-uqubatlar bilan
oʻzimizdagi oliy oʻquv yurtlaridan biriga oʻqishini koʻchirishga muvaffaq
boʻldik. Shundayam oʻzimiz Toshkentda yashasak-da, Samarqanddagi tibbiyot institutiga
qayta koʻchirib berishgani uchun ham doʻppimizni osmonga otganmiz. Men shunga
ishonamanki, mabodo farzandlarim bugun yurtimizdagi oliy taʼlim maskanlariga
oʻqishga kirish uchun sinovlarni topshirishganlarida edi, hech shubhasiz,
davlat granti asosida qabul qilingan boʻlar edi. Chunki bugun oliy taʼlimdagi
shaffoflikka hammamiz guvohmiz. Kechagi yaqin oʻtmishimizda esa ming-minglab
yurtdoshlarimiz bu boradagi nohaqliklarga, adolatsizliklarga guvohlar.
Darhaqiqat, bugun ilm olaman, oʻqiyman degan yoshlarda yuqoridagidek
muammolarning qaysi biri bor?
Insof bilan aytganda, Prezidentimiz oliy taʼlim sohasidagi chirib ketgan
unsurlarni yoʻq qildi. Toʻliq shaffof tizim yaratildi. Oʻzbekistonda keyingi
yillarda yuzga yaqin yangi oliy taʼlim muassasasi ochildi. Qancha ilgʻor
mamlakatlarning oliy taʼlim maskanlari filiallari tashkil etildi.
Farzandlarimizning qoʻlga kiritayotgan, jahonni hayratga solayotgan
muvaffaqiyatlari, demakki, oʻz-oʻzidan roʻyobga chiqayotgani yoʻq.
Xalqimiz nihoyatda mehnatkash, ishdan qochmaydigan xalq. Lekin ana shunday
ogʻir mehnatlarni bajaradigan el, sizningcha, nima uchun mustaqillikka
erishganidan keyin ham oʻsha avvalgi sobiq shoʻrolar davridagidek paxta
dalalariga haydalar edi?
Negaki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgunicha talabalar
ham, maktab oʻquvchilariyu muallimlaridan tortib, davlat
tashkilot-korxonalarida ishlovchilar, xullas, hamma-hammani xuddi “yoppasiga
frontga” deganlaridek, paxta yigʻim-terimiga safarbar qilish toʻxtamadi. Shu
asnoda dunyo boʻylab “bolalar mehnatidan foydalanish” degan ayb qoʻyilib,
maʼlum sanksiyalarga mahkum etilmaganmidik?!
Kun boʻyi paxta dalasidan chiqmagan ana shunday xalq garchi istiqlolga
erishganiga qancha yillar boʻlsa-da, ariq-zovurlardan suv ichishga, 15-16
soatlab elektr energiyasidan mosuvo yashashga majburligicha qolavergan edi.
Birgina Surxondaryo viloyati misolida aholini toza ichimlik suv bilan
taʼminlash masalasida Prezidentimiz eʼtibori bilan qilingan islohotni misol
keltirsak. Vohada eng ogʻir muammolardan biri odamlarning toza ichimlik suvga
ehtiyoji masalasi boʻlib kelgan edi. Aholining katta qismi ariq va zovurlardan
suv olib ichishga majbur boʻldi. Shunda davlatimiz rahbari viloyat ahlining bu
muammosini keyingi 3-4 yilda ijobiy hal qildi. Bugun viloyat markazi — Termiz
shahridan qariyb 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Sariosiyo tumanidagi
“Toʻpolang” suv omborining toza suvidan viloyatning qariyb barcha tumanlari
aholisi bahramand boʻlmoqda. Bunday savobli ishlarga bir necha milliardlab
sarmoya ajratildi.
Ehtimol, ayrim joylarda bugun ham ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda muammolar
boʻlishi mumkin. Hayot muammolarsiz boʻlmaydi. Lekin kasb taqozosiga koʻra,
mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham boʻlamiz. Yaratganga shukrki,
bugun biror joyda har kuni 15-16 soatlab svet oʻchishi ham, uncha cheklovlar
ham yoʻq. Demak, qilsa boʻlar ekan-ku! Xalqni oʻylasa, xalq uchun yashasa
boʻlar ekan-ku!
Xalqimizda “Qoʻshning tinch — sen tinch” degan hikmat bejiz aytilmagan.
Ming afsuski, istiqlolga erishganimizdan keyin uzoq yillar qoʻshni boʻlgan,
xuddi etu tirnoqdek yaqin mamlakatlar bilan ahil boʻla olmadik. Chegaralar
taqa-taq yopib tashlandi. Nima uchun? Bunday munosabat kimga foyda berdi? Axir
azaldan aka-uka, quda-anda boʻlgan qoʻshni xalqlar bizga begona emas edi-ku. U
mamlakatlarda yashaydiganlar bilan bir qatorda yurtimizda yashayotgan qancha
fuqarolar bunday ahvoldan qiynalgani, azob chekkanini hech qachon unutolmasa
kerak.
Masalan, suhbatlarning birida taniqli noshir, Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan jurnalist, taqdir taqozosiga koʻra qoʻshni Qirgʻizistonning Oʻsh
viloyatida dunyoga kelgan Ahror Ahmedov bunday degan edi:
“Ota-onamiz, hamma qarindosh-urugʻlarimiz Oʻshda yashagandan keyin
ularning toʻyi, turli quvonchli kunlarida borishga harakat qilardik. Lekin
buning sira iloji yoʻq edi. Hatto eng yaqinlarimizdan kimdir vafot etganida ham
borib-kelishga ruxsat ololmaganmiz...”.
Aynan shu mavzuda taniqli jurnalist Olimjon Oʻsarov gurunglarning birida
juda qiziq bir holatni gapirgani yodda qolgan: “Toʻgʻrisi, bugun bu voqeaga
oʻzimning ham ishongim kelmaydi.
Bilasiz, Samarqand viloyatining Bulungʻur va Urgut tumanlari Tojikiston
Respublikasi bilan chegaradosh. Togʻli, bahavo joylar. Qarab koʻzing quvnaydi.
Bu yerdagi qoʻshni qishloqlarni soy yoki adirlar ajratib turadi.
Oʻz vaqtida bu qishloqlar aholisi bordi-keldi qilgan, quda-anda boʻlgan.
Qishloqni esa soy ustidagi osma koʻprik bogʻlab turgan.
Qoʻshni respublika bilan chegaralar taqa-taq yopilib, bordi-keldi uzilib
qolgan yillar. Shu vaqtlarda bir doʻstimiznikiga mehmonga borgandik. Soyning
narigi tarafida toʻy boʻlayotgan ekan. Bu tarafidagi doʻstimizning otasi
jiyanining toʻyiga bormabdi, ruxsat boʻlmabdi. Shunda hovlisida stol-stul
qoʻyib shartta toʻy uchun joy hozirlab, tanish-bilishlar va qishloqdoshlarni
toʻyga taklif etibdi.
Soyning u tarafida ham manzara — toʻy boʻlyapti. Ovoz kuchaytirgichlardan
xonandayu sozandalarning kuy-qoʻshiqlarini eshitib oʻtiribmiz. Kutilmaganda
ovozkuchaytirgichdan toʻy boʻlayotgan narigi qishloqdan togʻaga
jiyanini tabriklash uchun soʻz berib qolishdi. Toʻyni olib borayotgan
boshlovchi “Endi navbat kelin-kuyovni qutlash uchun oʻzbekistonlik togʻasi
falonchi-pistonchiga” dedi.
Ana endi koʻring holatni. Hammaning koʻzida yosh. Togʻa bechora qoʻlida
mikrofon, lekin gapiray desa ovozi chiqmaydi. Jiyanlari toʻyiga borishni, quvonchli kunida yonlarida shunchalar istaganki, ovozi chiqmasa-da,
qadoq qoʻllari bilan artayotgan koʻz-yoshlari buni aytib turardi. Ammo nachora,
oʻrtada chegara bor...
Ana shunday yonma-yon, quda-andali qishloqlar ahli hatto bir-birlarining
toʻy yoki azasiga ham borib-kelolmasdi. Chegaralar ochilgach, yana avvalgidek
doʻstona aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Odamlar bordi-keldi qila boshladi,
toʻy-azada birga boʻlishdi, bir-birining mehriga qondi. Buning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan qoʻshni Tojikistonga
qarashli qishloq ahli ham, oʻzimizning qorakoʻzlar ham shunchalar mamnun ediki,
buni soʻz bilan taʼriflab berolmayman”.
Bugun bu singari muammolar ortda qoldi. Qoʻni-qoʻshni respublikalardagi
yaqinlar bilan bordi-keldi qilish, qiz olib, qiz berish, toʻylarda ishtirok
etish yoʻlga qoʻyildi...
Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar qamrovi juda keng. Aytaylik, Shavkat
Mirziyoyev davlat rahbari boʻlguniga qadar oddiy odamlar tugul masʼul
vazifalarda ishlaydiganlarning hammasi ham “davlat xizmatlari” degan
tushunchani bilmasdi, desak xato boʻlmaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan
yoʻlga qoʻyilgan “davlat xizmatlari” tizimida millionlab fuqarolarning
yumushi sanoqli daqiqalarda hal boʻlmoqda.
Bundan oldin-chi? Aqalli fuqarolik pasporti yoki birorta maʼlumotnomani
olish, uy-joy yoxud boshqa mulkni rasmiylashtirish uchun qancha yugur-yugur,
necha kunlab, kerak boʻlsa, haftalab, oylab vaqt ketardi. Eng yomoni, har
qadamda bu yumushlarni ado qilish ilinjida korrupsion holatlarga deyarli
koʻnikib ketilgandi. Albatta, tanish-bilish qilinmasa yoki “choʻtali”
uzatilmasa, sarson-sargardon boʻlish tayin edi.
Kecha yoʻllarda har qadamda turli postlar, yoʻltoʻsar kuchlar bemalol
yurishga yoʻl qoʻymagan boʻlsa, bugun xalqimizni, agar yoʻl qoidalarini
buzmasa, hech kim toʻxtatib, ovora-yu sarson qilishga botina olayotgani yoʻq.
Toʻgʻri, bugun yoʻllarda radarlar koʻpligidan shikoyat qilamiz. Lekin bu ham
yoʻl qoidalariga amal qilish, haydovchilar, yoʻlovchilarning xavfsizligi uchun majburiy
chora aslida.
Xoʻsh, bundan avval-chi? Birgina Surxondaryodan Toshkentga yoki
Samarqandga borish qanday kechar edi? Men bu haqda bundan ancha yillar avval
yozgan maqolalarimning birida bunday holatlarni qalamga olgan edim:
“Aytaylik, Termiz shahridan Toshkentga mashinada yoʻlga chiqdingiz.
Viloyat markazidan Qashqadaryo viloyatiga oʻtguncha, yaʼni bir viloyatdan
ikkinchi viloyatga borguningizcha 5-6 joydagi postlarda tekshirilasiz. YPX
postlaridan tashqari oraliq yoʻllardagi yashirinib turadigan yana necha-necha
YPX xodimlari ham sizga peshvoz chiqadi. Yoʻlda yursangiz, shunday fikrga
kelishingiz tayin: bularning maqsadi nima ekan, yoʻlovchilarning xavfsizligimi
yo nima qilib boʻlsa-da, ularning biror xatosini topib jazolashmi? Ayniqsa,
Boysun tumanidagi Darband postida ancha yillardan buyon hech qayerda va hech
qachon boʻlmagan bir tartib joriy etilgan. Bu postga yetib kelgan har bir
avtoulov toʻxtatilib, hamma yoʻlovchilar tushiriladi. Yuklari bilan! Bittadan,
xuddi xorijiy yurtga chiqib ketayotganingizdek yuklaringiz terminaldan
oʻtkaziladi. Bunda yosh bolali ayollar, qariyalarning ahvolini koʻring. Soatlab
vaqt yoʻqotadi. Qancha qiy-chuv, baqir-chaqir, asablar temirdan boʻlsa ham erib
ketadi. Avtomashinalar esa maxsus maydonchaga kiritilib, haydovchining
hujjatlari olib qoʻyiladi. Turnaqator mashinalar navbatma-navbat koʻzdan
kechiriladi. Bu yerda hatto iskovuch itlar xizmatidan ham foydalaniladi. Keyin
haydovchiga hujjatlarini qaytarib olishi uchun “talon” — qoʻlbola usulda
yozilgan qogʻozcha beriladi. Yana navbat bilan haydovchi bechora oʻzini
roʻyxatdan oʻtkazdiradi. Necha kishi qayerdan qayerga ketayotgani boʻyicha
“maʼlumot” beradi. Shundan soʻnggina yoʻlovchilar, ularning yuklari mashinaga
qaytadan olinadi. Bu jarayonda qancha asabbuzarlik, vaqt ketadi. Endi ayting,
uzoq manzilga chogʻlangan bu shoʻrpeshona haydovchining, yoʻlovchilarning
ahvoli qanday boʻladi?..”.
Ha, bu holatlar odatiy boʻlib qolgandi. Xuddi shuningdek, poytaxtdan
vodiyga chogʻlangan yoʻlovchilar dovonda bittadan tekshirilar, mabodo
kimningdir pasporti esidan chiqib qolib ketgan boʻlsa-chi, tamom, iziga
qaytishga majbur boʻlar edi.
Toʻgʻri, bunday harakatlar bir qarashda siyosat, odamlar xavfsizligi
uchundek tuyulardi. Lekin aslida bu eski davrlarda qolib ketgan qattol tuzumning
koʻrinishlaridan boshqa narsa emasdi. Odamlarni ezish, qoʻrquvda ushlashning
oddiy elementlariga oʻxshardi.
Mana, 9-10 yil boʻldiki, bunday bedodliklar yoʻq. Bariga Prezidentimiz
Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan xalqparvar siyosat barham bera oldi!
Bugun mamlakatimizdagi bunyodkorliklar, oʻzgarishlar haqida butun dunyo
matbuotida ham yozilmoqda, haqli eʼtirof etilmoqda. Yaqinda internet tarmogʻida
xorijdan yurtimizga kelgan bir qancha odamlarning taassurotini eshitib qoldim.
Ularning soʻzlari shu qadar samimiy, koʻtarinki ediki, ochigʻi, juda faxrlanib
ketdim. Ular Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda
Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida soʻzlardi. Mehmonlarning fikricha,
Oʻzbekistonda milliy merosga, boqiy qadriyatlarga, ulugʻ qadamjolarga eʼtibor
dunyo ahlini hayratga solmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazini jahondagi
yetti moʻjizaning biri deb ataladigan Tojmahalga mengzashibdi.
Oʻtgan yili 26-dekabr kuni Prezidentimiz
Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnoma yoʻllagan edi. Unda men ham
ishtirok etgandim. Murojaatnomani tinglab, qalbim hapriqib ketdi oʻshanda.
Murojaatnoma 2025-yilning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy
manzarasini toʻla-toʻkis tahlil etgan muhim hujjatgina emas, balki
mamlakatimizda yaqin besh yilda, yaʼni 2030-yilga qadar roʻyobga chiqariladigan
ustuvor vazifalar dasturining taqdimoti boʻldi.
Unda davlatimiz rahbari qanchalik ogʻir
boʻlmasin, yurtimizda boshlangan demokratik islohotlar koʻzda tutilgan
natijalarni berganini alohida taʼkidladi. Shu jumladan, 2025-yilni “murakkab
yil” deb taʼriflagani bejiz emas edi. Chunki bugungi algʻov-dalgʻov davrda
tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, xalqning yashash tarzini yuksaltirish,
iqtisodiy imkoniyatlarni oshirishning oʻzi murakkab jarayon boʻlib bormoqda.
“Eʼtibor bering. Bundan toʻqqiz yil oldin
iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta
marra boʻlib koʻrinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki
mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi”, dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari bunday yuksak natijalar
xalqimizning ulkan ishlarga qodir ekaniga yaqqol misol ekanini taʼkidladi.
Darhaqiqat, ulugʻ shoir aytganidek, “Xalq
toʻlqindir, xalq dengizdir. xalq kuchdir!”. Bunga shubha yoʻq. Shu bois, Prezidentimiz
kuch birlikda, hamjihatlikda ekanini, “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar”
naqlini esga oldilar.
Eng muhim yutuqlarimiz haqida soʻz
yuritilganda, bugun Yangi Oʻzbekistonni dunyo tan olayotganigina emas,
yurtimizga havas koʻzi bilan qarayotgani ham bor gap. Ayniqsa, Oʻzbekiston
futboli uchun tarixiy voqelik sodir boʻldi. Milliy terma jamoamiz ilk bor jahon
chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Xudo xohlasa, oʻzbek futbolchilari
xalqimizning, Prezidentimizning ishonchini qozonadi. Chiroyli oʻyinlar
koʻrsatib, jahon chempionatida munosib ishtirok qiladi.
Bundan tashqari, aql va zakovat mashqi —
shaxmat boʻyicha jahon kubogi musobaqalarida ulkan yutuqlar qoʻlga kiritildi.
Yosh shaxmatchi Javohir Sindorov erishgan yutuqlardan quvongan Prezidentimiz u
bilan bogʻlanib, har tomonlama qoʻllab-quvvatladi, unga ragʻbat, kuch berdi.
Bunday ulkan muvaffaqiyatlar yurtimizda sport sohasiga yuksak eʼtibor tufayli
emasmi? Albatta, shunday!
Tan olish joiz, Prezidentimiz rahbarligida
barcha sohada juda katta ishlar, oʻzgarishlar roʻyobga chiqmoqda. Bularning
oʻzagi mamlakatdagi iqtisodiy, huquqiy, siyosiy ochiqlikka borib taqaladi.
Oʻzingiz ayting, bundan atigi 10 yil avval biror tadbirkor, u xoh yirik
sarmoyador, xoh biznesini endigina boshlagan inson boʻlsin, hozirgi paytdagidek
emin-erkin ishlay olarmidi? Yoʻq, albatta. Salgina boyigan insonga yoki hatto
qimmatroq avtoulov mingan kishiga sabab boʻlsa, boʻlmasa “Sen buni qayerdan
topding?!” degan savol nazari bilan qaralgan. Shu bois, odamlar mulkini, mablagʻini ming xil usul bilan yashirishga harakat
qilgan.
Yurtimizda tadbirkorlikka koʻrsatilayotgan
eʼtibor, aholini ish bilan taʼminlashga, kambagʻallikni yoʻq qilishga
qaratilgan saʼy-harakatlar, gʻamxoʻrliklar bugungidek boʻlganmi? Yoʻq,
albatta!
Eng muhimi, bular hammamizning koʻz
oʻngimizda sodir boʻlayotgan haqiqatlardir. Shu maʼnoda, mamlakatimiz
yetakchisi ona diyorimizda taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologik muammolar
yechimini topish, ishsizlikni, kambagʻallikni yanada kamaytirish, yoshlarni
kasb-hunarga jalb etish, zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt kabi
yoʻnalishlardan samarali foydalanish va boshqa koʻpdan-koʻp sohalardagi
muammolar, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalarni oʻrtaga
tashlamoqda.
2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va
jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlanishida ham juda katta maʼno va mazmun,
ulugʻ maqsadlar mujassam. Zero, mahallalarimiz rivoj topsagina, jamiyatimiz
yuksaladi. “Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun
20 trillion soʻmni viloyatlarning oʻziga beryapmiz. Eng muhimi, bu
mablagʻlarning har bir soʻmi aholimiz uchun qoʻshilgan qiymat yaratishi zarur.
Shu bois, bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish
oʻrinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga
yoʻnaltiriladi”, deyildi Murojaatnomada.
Albatta, odamlarning ertangi kunga ishonchi,
umidi adolatli jamiyat barpo etilishida, inson haq-huquqlarining muqaddas deb
bilinishidadir. Tan olish kerak, bugun bu borada muammolar yoʻq emas. Lekin avvallari
mamlakatda prokuratura, ichki ishlar idorasi yoki sudga ishi tushgan kishi
borki, osonlikcha oʻzining haqligini isbotlay olmagan. Shuning uchun ham
sudlarga oshirilgan ishlar hamisha “aybdorlik” tamgʻasi bilan yakun topgan.
Ishi suddami, boʻldi, hech kimga oqlov hukmi chiqarilmasligi yolgʻonmidi yo?
Oʻtgan 10 yilda huquq-tartibot sohasida ham anchagina ijobiy qadamlar
tashlandi. Minglab yurtdoshlarimiz sud zalidan oqlanib chiqayotgani shundan.
“Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim
tegmaydi deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng!”. Bunday qatʼiy talab
mamlakatimiz rahbari tomonidan qoʻyilganining oʻzi juda koʻp narsani anglatadi.
Bu adolat va haqiqatga ishonch va umidni yanada mustahkamlamoqda.
Xalqimiz cheksiz xazina. Uning ming-ming
yillik boy tarixi, betimsol qadriyatlari,
ulugʻ avliyolari, mutafakkirlari, donishmandlari bor. Shunday ekan, oʻz
erkiga, istiqloliga 35 yil toʻlayotgan yurtimiz yaqin yillar ichida dunyoning
eng oldi mamlakatlaridan biriga aylana oladi. Zero, bugungi nurafshon kunlar,
yangilanishlar shunday fikr qilishga asos beradi.
Abdurasul JUMAQULOV,
jurnalist