Yangi nomlar WGSBN Bulletenining 6-jild, 11-sonida e’lon qilindi. Endilikda xalqaro astronomik kataloglarda ushbu osmon jismlari (131358) Kamolergashev va (121339) Otabekburkhonov nomlari bilan qayd etiladi.

Xalqaro kataloglarda dastlab 2001 KA2 raqami bilan ro‘yxatga olingan asteroid 2001-yil 19-mayda Chexiyadagi Ondřejov observatoriyasida chex astronomlari tomonidan kashf etilgan. Ushbu asteroidga Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev sharafiga “Kamolergashev” nomi berildi.

Rasmiy nomlash izohida Kamoliddin Ergashev 2007-yilda Astronomiya institutining Asteroidlar tadqiqotiga qo‘shilgani va 2024-yilda shu yo‘nalishda falsafa doktori ilmiy darajasini olgani ta’kidlangan. Uning ilmiy faoliyati asteroidlar fotometriyasi, ravshanlik egri chiziqlarini tahlil qilish, asteroidlarning fizik xususiyatlarini aniqlash, shuningdek, asteroid juftliklari, klasterlari va qo‘shaloq asteroid tizimlarini kuzatib o‘rganishga qaratilgani keltirilgan.

Xalqaro kataloglarda dastlab 1999 TO15 vaqtinchalik belgilanishiga ega bo‘lgan asteroid 1999-yil 13-oktabrda chexiyalik astronomlar tomonidan kashf etilgan. Asteroidga Astronomiya instituti laboratoriya mudiri Otabek Burxonov sharafiga “Otabekburkhonov” nomi berildi.

Rasmiy izohda Otabek Burxonov 2000-yildan buyon Ulug‘bek nomidagi Astronomiya institutida faoliyat olib borayotgan astronom sifatida qayd etilgan. U 2005-yilda fan nomzodi ilmiy darajasini olgan. Olimning tadqiqotlari optik fotometriyaga bag‘ishlangan bo‘lib, asteroidlarning ravshanlik egri chiziqlarini o‘rganish, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar hamda Maydanak observatoriyasida gamma-chaqnashlarning keyingi optik kuzatuvlarini qamrab oladi.

Asteroidlarga olimlarning ismini berish ularning ilmiy faoliyati va fan rivojiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda e’tirof etishning o‘ziga xos shaklidir. Tasdiqlangan nomlar xalqaro astronomik nomenklaturaga kiritiladi hamda kelgusidagi ilmiy maqolalar, kataloglar va efemeridalarda obyektlarning rasmiy nomi sifatida qo‘llanadi.

O‘zbekistonlik ikki astronomning nomi asteroidlarga berilgani O‘zbekiston astronomiyasi uchun quvonchli va faxrli voqeadir.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti jamoasi Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonovni ushbu yuksak xalqaro e’tirof bilan samimiy muborakbod etadi hamda ularga yangi ilmiy natijalar, muvaffaqiyatli kuzatuvlar va kelgusi tadqiqotlarida ulkan zafarlar tilaydi.

Ma’lumot o‘rnida: Avvalroq bu ikki olim NASAning sayyoraviy modofaa tajribasi doirasidagi faol ishtiroki va hissasi uchun NASA tomonidan “Group Achievement Award” mukofoti bilan taqdirlangan edilar.