Uni sotib olib kiyasiz-u, bir haftadan so‘ng tagcharmi ko‘cha boshlaydi. Sotuvchining oldiga borsangiz, u “Bizda sotilgan narsa qaytarib olinmaydi” deya yelka qisadi. Ko‘pchilik bunday paytda “Arzonning sho‘rvasi tatimas ekan” deb qo‘l siltaydi qo‘yadi. Maqol to‘g‘ri, ammo qo‘l siltashga shoshilmang, chunki bunday vaziyatda qonun sizning tarafingizda turadi.
Avvalo, kontrafakt nima ekanini oydinlashtirib olaylik. Har bir taniqli brendning nomi va belgisi xuddi uyingiz yoki mashinangiz kabi egasining mulki hisoblanadi. Kimdir shu nomni egasidan so‘ramay o‘z mahsulotiga yopishtirib sotsa, bunday mahsulot kontrafakt deb ataladi. Boshqacha aytganda, qadoqda mashhur kompaniyaning nomi yozilgan bo‘lsa-da, ichidagi narsani o‘sha kompaniya umuman ishlab chiqarmagan bo‘ladi. Ba’zan ayyorlar nomning bir-ikki harfini o‘zgartirib qo‘yishadi va shoshib turgan xaridor buni sezmay ham qoladi.
Soxta mahsulotni tanib olish uncha qiyin emas, chunki ko‘pincha uning o‘zi “men soxtaman” deb turadi. Bunday mahsulotning narxi aql bovar qilmas darajada arzon, qadog‘idagi yozuvlarda xatolar ko‘p, bosmasi xira bo‘ladi, ishlab chiqaruvchining manzili va kafolat taloni esa umuman bo‘lmaydi. Mahsulot haqida o‘zbek tilida biror og‘iz ma’lumot berilmagani ham shubha uyg‘otishi kerak, negaki qonunga ko‘ra bu ma’lumot xaridorga davlat tilida yetkazilishi shart.
Soxtani aniqlashning yanada ishonchli yo‘li ham bor, buning uchun telefoningizga “Asl Belgisi” nomli bepul ilovani o‘rnatib olish kifoya. Qadoqdagi kichkina to‘rtburchak kodni skanerlasangiz, ilova mahsulot O‘zbekistonda qonuniy muomalada ekani yoki yo‘qligini darhol ko‘rsatib beradi. Hozircha bu usul dori-darmon, maishiy texnika, ichimliklar, tamaki mahsulotlari kabi raqamli markirovka joriy etilgan tovarlarda ishlaydi. Agar kod o‘qilmasa yoki ilovadagi ma’lumot qadoqdagiga to‘g‘ri kelmasa, shu ilovaning o‘zi orqali mahsulot surati va chekni yuborib, shikoyat qilish mumkin.
Endi eng asosiy masala soxta narsa sotib olgan xaridorning huquqlari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Mamlakatimizda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun amal qiladi va u aynan oddiy xaridorni himoya qilish uchun qabul qilingan. Agar sotib olgan narsangizda nuqson chiqsa, uni sifatlisiga almashtirib berishni, narxini tushirishni yoki pulingizni to‘liq qaytarishni talab qilishga haqlisiz, qaysi birini tanlash esa sotuvchining emas, sizning ixtiyoringizda. Nuqson bor-yo‘qligini aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazilib, nuqson tasdiqlansa, uning xarajatini ham sotuvchi to‘laydi.
Bundan tashqari, qonun xaridorga tovar haqida to‘g‘ri ma’lumot olish huquqini kafolatlaydi, “original” deb sotilgan narsaning soxta chiqishi esa aynan shu huquqning buzilishidir. Demak, sotuvchiga talab qo‘yish uchun qo‘lingizda bitta emas, ikkita asos bo‘ladi.
Hech qanday kamchiligi bo‘lmagan kiyim yoki poyabzalning o‘lchami yoki rangi to‘g‘ri kelmasa ham, uni xarid qilingan kundan boshlab 10 kun ichida almashtirib olish mumkinligini bilib qo‘ygan ma’qul. Agar do‘konda shunday tovar qolmagan bo‘lsa, pulingiz qaytarib beriladi. Faqat buning uchun narsa ishlatilmagan, uning yorlig‘i, plombasi va tashqi ko‘rinishi saqlangan bo‘lishi hamda aynan shu sotuvchidan xarid qilingani tasdiqlanishi kerak.
Shu o‘rinda qonunchilikda sifati talabga javob bergan taqdirda qaytarib olinmaydigan va boshqa o‘lcham, rang yoki fasondagi shunday tovarga almashtirilmaydigan mahsulotlar ro‘yxati ham borligini aytib o‘tish joiz. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan ushbu ro‘yxatga, jumladan, dori vositalari va tibbiy texnika, uy sharoitida kasalliklarning oldini olish va davolash uchun mo‘ljallangan tovarlar, og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi vositalari, ko‘zoynak linzalari, bolalarni parvarishlash buyumlari, shaxsiy gigiyena buyumlari, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari, ichki kiyim, paypoq va ayrim trikotaj buyumlari kiradi. Shuningdek, metrlab sotiladigan mato, kabel, qurilish va pardozlash materiallari, oziq-ovqat bilan aloqada bo‘ladigan polimer idishlar, maishiy kimyo tovarlari, pestitsid va agrokimyoviy vositalar, mebel garniturlari va to‘plamlari, qimmatbaho metall va toshlardan yasalgan ayrim buyumlar, avtomobil, mototsikl va ayrim boshqa transport vositalari, kafolat muddati belgilangan murakkab maishiy texnika, hayvon va o‘simliklar ham shu ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Biroq bu cheklov faqat sifatli tovarlarga taalluqli ekanini yoddan chiqarmaslik kerak, chunki ro‘yxatdagi mahsulot nuqsonli bo‘lib chiqsa, xaridorning talab qo‘yish huquqi to‘liq saqlanib qoladi. Shunday ekan, sotuvchi “atir qaytarib olinmaydi” degan bahona bilan sifatsiz, soxta atir uchun javobgarlikdan qochib qutula olmaydi. Ustki kiyim-kechak esa bu ro‘yxatga umuman kiritilmagan, shu bois kiyim do‘konlari devoriga osib qo‘yilgan “Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi” degan yozuv qonunga zid va hech qanday kuchga ega emas. Internet orqali buyurtma qilganlar ham qutini ochib, narsani ko‘zdan kechirgani uchun uni qaytarish huquqidan mahrum bo‘lmaydi.
Bularning barchasida kichkina bir qog‘oz – chek katta ahamiyatga ega. Uni hech qachon tashlab yubormang, negaki nizo chiqqanda aynan chek eng asosiy dalilingizga aylanadi.
Muammo chiqqanda birinchi navbatda sotuvchining o‘ziga yozma talabnoma berish kerak. Unda nimani, qachon va qanchaga sotib olganingizni, nimani talab qilayotganingizni oddiy so‘zlar bilan yozib, chek nusxasi va mahsulot suratini ilova qiling. Talabnomaning ikkinchi nusxasiga sotuvchidan “qabul qildim” degan belgi qo‘ydirib olsangiz, ko‘p hollarda shuning o‘zi muammoni hal qilishga yetarli bo‘ladi.
Agar sotuvchi baribir ko‘nmasa, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qiling. Bu yo‘l amalda ishlayotganini raqamlar ham tasdiqlaydi, xususan, 2026-yilning birinchi yarmida qo‘mitaga iste’molchilardan 28 953 ta murojaat kelib tushgan. Mahsulotda aniq bir brend nomi soxtalashtirilgan bo‘lsa, o‘sha brend egasiga ham xabar bering, chunki nomi o‘g‘irlangan aynan u bo‘lib, soxtakorga qarshi eng kuchli choralarni ham u ko‘ra oladi. Brend nomi o‘zgartirib ishlatilgan hollarda esa adliya organlari huquq egasi bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazadi. Hech qaysi yo‘l natija bermasa, sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, pulingizni va ko‘rgan zararingizni undirib olishingiz mumkin.
Soxta mahsulot sotgan sotuvchini nima kutadi, degan savol ham tug‘ilishi tabiiy. So‘nggi yillarda bu borada qonunlar ancha qattiqlashdi. 2024-yil 12-dekabrdan boshlab brend egasi huquqbuzardan ko‘rgan zararini isbotlab o‘tirmasdan ham bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon undira oladi, soxta tovarlar esa sud qarori bilan muomaladan olib qo‘yilib, yo‘q qilinadi. 2025-yil 10-noyabrdan esa boshqa birovning tovar belgisidan qonunga xilof foydalanish ko‘p miqdorda zarar keltirgan bo‘lsa, bu qilmish jinoyat hisoblanadi va buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Shunday ekan, oddiy bir xaridorning shikoyati ba’zan butun boshli soxta mahsulot tarmog‘ini fosh etishga sabab bo‘lishi mumkin.
Xullas, soxta narsa sotib olgan xaridor ojiz emas, faqat u o‘z huquqlarini bilishi va ulardan foydalana olishi kerak. Shubhali darajada arzon tovar belgisini ko‘rsangiz, bir to‘xtab o‘ylang, imkoni bo‘lsa uni “Asl Belgisi” orqali tekshiring va chekni doim saqlang. Muammo chiqsa jim turmang, avval sotuvchiga, keyin vakolatli idoraga, zarur bo‘lsa sudga murojaat qiling. O‘z haqini talab qilish faqat pulni qaytarib olish emas, balki yillar davomida mehnat qilib nom chiqargan halol ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish hamdir. Zero, har bir sotilgan soxta mahsulot kimningdir peshona teri bilan yaratgan brendiga berilgan zarbadir.
Mavludbek Ismoilov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Intellektual mulk huquqi sho‘basi o‘qituvchisi