Prezidentimiz tomonidan ana shunday ko‘makni taqdim etuvchi tarixiy farmon imzolandi.

Unga ko‘ra, «Ijodga investitsiya» davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Istiqbolli ijodiy loyihalarni moliyalashtirish uchun ushbu jamg‘armaga har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Endilikda kontsert tashkilotchiligi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, film va serial tasvirga oluvchi kinokompaniyalar, bolalar uchun kontent ishlab chiqaruvchilar, xususiy teatr va studiyalar, madaniyat sohasidagi xususiy ta’lim muassasalari qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma, yer, mulk soliqlari hamda xodimlarning ish haqidan olinadigan jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod etiladi.

Xorijiy kino kompaniyalari uchun ham qulay sharoitlar yaratiladi: ularning O‘zbekiston hududida kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari norezidentlarning daromadi sifatida soliq bazasiga kiritilmaydi.

Nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi: gran-pri va birinchi o‘rin uchun tegishli ravishda 300 va 100 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 200 va 50 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun esa 100 va 25 million so‘m beriladi.

Pedagoglar ham qo‘llab-quvvatlanadi: g‘oliblarni tayyorlagan o‘qituvchi va kontsertmeysterlarga yil davomida oylik maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, har yili madaniyat, san’at va ijod sohalari vakillari orasidan uy-joyga muhtoj bo‘lgan ming nafar xodimga ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.