Bunday loyihalar uchun “mahalla yettiligi”ga 10 million so‘mdan grant ajratiladi. Agar 8 ming 992 ta mahallaning har birida bittadan shunday loyiha amalga oshirilsa, hududlardagi muhit sezilarli o‘zgaradi.
Ushbu maqsadlar uchun jami 240 milliard so‘m resurs shakllantiriladi.
Mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi bo‘lishi shart. Buning uchun u hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlab beradi. Rais “yettilik” a’zolariga aniq vazifa qo‘yib, ulardan so‘rov qilib boradi.
Shuningdek, “yettilik” faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash va hududdagi muammolarga ilmiy yondashish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. U “yettilik”ni o‘qitadi, mahallalardagi dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.