Yangi Oʻzbekiston maktab bitiruvchisi portretida bilim bilan bir qatorda zamonaviy koʻnikmalar, axborot texnologiyalarini puxta egallash, ijodiy va mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish qobiliyati muhim oʻrin tutadi. Darsliklar va taʼlim mazmunini yangilash ishlari ana shu maqsadga qaratilgan.

Taqdimotda avvalgi darsliklar tahlilining natijalari koʻrib chiqildi. Jumladan, 260 ta darslikda 1 ming 257 ta xato, 51 ta darslikda 464 ta tarjima xatosi aniqlangan. Ayrim materiallar oʻquvchilarning yoshiga mos kelmagan, mavzular murakkab bayon qilingan. Yodlashga ustuvorlik berilgani esa bolalarning mustaqil tahlil qilishi va olgan bilimini hayotda qoʻllashiga yetarlicha xizmat qilmagan.

Shu bois, yangi oʻquv adabiyotlarini tayyorlashda xalqaro tajribaga murojaat qilindi. Boshlangʻich sinf darsliklari Finlyandiya taʼlim alyansi sertifikatsiyasidan oʻtgan, 5-7-sinflarning matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari Singapur darsliklari asosida ishlab chiqildi.

Yangi yondashuvda oʻquvchining har bir sinf yakunida nimani bilishi va bajara olishi aniq belgilanadi. Taʼlim standarti, oʻquv dasturi, darslik va baholash oʻzaro bogʻliq holda shakllantirilib, mavzularning yoshga mosligi, izchilligi hamda bilimni amaliyotda qoʻllash imkoniyatiga eʼtibor qaratiladi. 2027-yilga qadar jami 1 ming 342 nomdagi darslik va oʻquv-metodik materialni tayyorlash rejalashtirilgan.

Darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan topshiriqlar oʻrin olmoqda. Bola tayyor javobni eslab qolish bilan cheklanmay, savol berishi, maʼlumotni tahlil qilishi, oʻz fikrini asoslashi va birgalikda yechim topishi koʻzda tutilgan.

Oʻquv materiallarida kasbga yoʻnaltirish ham alohida oʻrin egallaydi. Ayni yoʻnalishda 255 ta dars ishlab chiqilgan boʻlib, ular bolalarga oʻz qiziqishlarini anglash va kelgusida kasbni ongli tanlashga yordam berishga qaratilgan. Darsliklardagi qahramonlar orqali doʻstlik, masʼuliyat, jasorat va hurmat kabi qadriyatlar ham bolalarga yaqin misollarda ochib beriladi.

Ekologik savodxonlikka oid 300 dan ortiq mavzu suvni tejash, tabiatni asrash va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Moliyaviy savodxonlik boʻyicha pulni hisoblash, tejash, jamgʻarish hamda xaridni rejalashtirish, raqamli savodxonlik boʻyicha esa internetdan foydali va xavfsiz foydalanish masalalari qamrab olingan.

Taqdimotda yangi darsliklarning samarasi oʻqituvchining ular bilan ishlashga tayyorligiga bevosita bogʻliq ekaniga alohida eʼtibor qaratildi. Shuning uchun oʻzgarishlar maktabgacha taʼlimdan boshlab pedagoglarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va oʻquvchilar bilimini baholashgacha boʻlgan jarayonni qamrab olmoqda.

Xususan, “Ilk qadam” dasturi asosida bolalarning nutqi, tafakkuri, muloqot va ijodiy qobiliyatlarini birinchi sinfga qadar rivojlantirish yoʻlga qoʻyilgan. Pedagogika oliygohlarida yangi avlod oʻqituvchilarini tayyorlashga kirishilgan. Pedagoglar uchun tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muloqot va hamkorlikka asoslangan darslarni tashkil etish boʻyicha maxsus oʻquv modullari ishlab chiqilgan.

Malaka oshirish dasturlari ham yangi darsliklar mazmuniga moslashtirildi. Shu asosda 110 ming nafar boshlangʻich sinf oʻqituvchisi malaka oshirdi. Singapurlik hamkorlar bilan 121 nafar master-trener va 739 nafar murabbiy-oʻqituvchi tayyorlanib, ular orqali 90 ming nafar pedagog oʻqitildi.

Darslarda oʻquvchini mavzuga qiziqtirish, mustaqil tadqiq etishga undash, tushuntirish, bilimni qoʻllash va natijani baholashga asoslangan usullarni kengaytirish koʻzda tutilmoqda. Videodarslar, animatsiya, audiomateriallar va interaktiv topshiriqlar ham oʻqituvchi hamda oʻquvchi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.

Pedagoglarning kasbiy oʻsishini baholash va ragʻbatlantirish mexanizmlari takomillashtirildi. Kasbiy sertifikatlashda oʻqituvchining fan boʻyicha bilimi bilan birga pedagogik tayyorgarligi ham baholanmoqda.

Shuningdek, yangi taʼlim mazmuniga mos, aniq mezonlarga asoslangan baholash tizimi 5 mingta maktabda joriy etildi. Bu oʻquvchining faqat maʼlumotni yodlaganini emas, balki uni tushunishi va qoʻllay olishini ham baholashga qaratilgan.

Iqtisodiyot tarmoqlariga ish jarayonini biladigan, zamonaviy koʻnikmalarga ega mutaxassislar zarur. Shu maqsadda talabaning oliygohdagi nazariy taʼlimini korxonadagi amaliy mashgʻulotlar bilan bogʻlash boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.

Bundan uch oy avval oʻn nafar rektor Germaniyaga dual taʼlim tizimini oʻrganish uchun yuborilgan edi. Ushbu mamlakat tajribasida bitiruvchilarning 70-75 foizi oʻzi amaliyot oʻtagan korxonada ishlab qolmoqda. Taqdimotda Germaniya tajribasini mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish va bu jarayonda korxonalarning kadrlar tayyorlashdagi ishtirokini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekistonda ham mazkur yoʻnalishda amaliy tajriba shakllanmoqda. Jumladan, Andijon viloyatida 11 ming nafar talaba 2 mingta korxonada dual taʼlim asosida amaliyot oʻtamoqda. Davlatimiz rahbari barcha rektorlarni Andijonga yuborib, ushbu tajribani joyida oʻrganishni topshirdi. Germaniyada boʻlgan rektorlar hududlar hokimlariga biriktirilib, dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha aniq strategiya va ilmiy asoslangan takliflar tayyorlaydi.

Uchinchi va toʻrtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini, yaʼni 185 ming nafar yoshni dual taʼlim bilan qamrab olish maqsadi belgilandi. Dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga ustuvorlik berish taklif etilmoqda. 2027/2028-oʻquv yilida ushbu shakldagi taʼlimga 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb qilib, 12,5 ming nafar talaba uchun oʻqish va amaliyotni birgalikda tashkil etish rejalashtirilgan.

Yangi modelda oliygoh, korxona va talaba oʻrtasidagi munosabatlar shartnoma asosida yoʻlga qoʻyiladi. Oʻquv dasturi korxona ehtiyojiga moslashtirilib, talabaga ish joyida malakali murabbiy biriktiriladi. Amaliyot oʻqish bilan bir vaqtda yoki soha xususiyatidan kelib chiqib alohida davrda tashkil etilishi mumkin.

Talabalarni amaliyotga qabul qilgan, ular uchun oʻqish sharoitini yaratgan va keyinchalik ishga joylagan korxonalarni ragʻbatlantirish choralari ham taqdimot qilindi.

Xususan, talabaga toʻlangan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash, bojxona toʻlovlari va amortizatsiya boʻyicha imtiyozlar berish, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga olgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qoʻllash taklif qilinmoqda. Bunday qoʻllab-quvvatlashni inson omilini kamaytirgan holda raqamli platforma orqali amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, dual taʼlimni samarali tashkil etgan korxonalar va oliygohlarni ragʻbatlantirish uchun tanlov oʻtkazish taklifi ham koʻrib chiqildi. Bunda talabalarning qamrovi, ish haqi, oʻzlashtirishi va bitiruvchilarning bandligi asosiy natija sifatida baholanadi.

Taqdimot davomida Xitoyning Lyaonin pedagogika universitetining Oʻzbekistondagi filiali faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi. Mazkur tashabbus xitoy tilini biladigan kadrlar tayyorlash, oliygohlar, texnikumlar va maktablarda uni oʻqitishni kengaytirishga qaratilgan. Lyaonin universiteti Xitoyning pedagogika yoʻnalishidagi yetakchi oliygohlaridan biri boʻlib, ayniqsa, psixologiya, xitoy tili filologiyasi va taʼlim fanlari boʻyicha katta tajribaga ega.

Xiva shahrida joylashgan filialda xalqaro xitoy tili taʼlimi, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va sunʼiy intellekt yoʻnalishlari ochiladi. Taʼlim oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi, bitiruvchilarga Oʻzbekiston va Xitoyda tan olinadigan diplom beriladi. Jarayon 2026/2027-oʻquv yilida boshlanishi koʻzda tutilmoqda.

Filialning mahalliy oliygohlar bilan akademik hamkorligi, talabalar va pedagoglar almashinuvi hamda qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. Xitoy tajribasi asosida texnikumlar dasturlarini takomillashtirish, informatika oʻqituvchilari uchun sunʼiy intellekt boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish ham koʻzda tutilmoqda.

Davlatimiz rahbari dual taʼlimni hududlardagi korxonalarning kadrlarga boʻlgan aniq ehtiyoji bilan bogʻlash, Lyaonin universiteti filialida esa taʼlim sifati va qabul jarayonlarini puxta tashkil etish zarurligini taʼkidladi. Masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.