Dastur Tourism Malaysia tomonidan Malaysia Healthcare Travel Council (MHTC) bilan hamkorlikda hamda Batik Air aviakompaniyasi koʻmagida tashkil etildi. Aviakompaniya delegatsiya ishtirokchilari uchun maxsus aviachipta tariflarini taqdim etdi.

Safarning asosiy maqsadi — Malayziya va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi professional hamkorlikni mustahkamlash hamda bemorlarni davolanish uchun yoʻnaltirish imkoniyatlarini kengaytirish. Tashabbus, shuningdek, Malayziya turizm sanoatining istiqbolli va yuqori daromad keltiruvchi yoʻnalishlaridan biri boʻlgan tibbiy turizmni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Loyiha Markaziy Osiyoda Malayziya tibbiy xizmatlariga qiziqish tobora ortib borayotganini koʻrsatadi. U mutaxassislar oʻrtasida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirish, shuningdek, Malayziya va Markaziy Osiyo tibbiyot muassasalari oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, dastur Oʻzbekiston va Qozogʻiston vakillarini Malayziyaning turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish va mamlakatning Markaziy Osiyo bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Tanishtiruv safari 2026-yil 3-10-avgust kunlari boʻlib oʻtmoqda. Unda Oʻzbekiston va Qozogʻistondan 16 nafar sogʻliqni saqlash sohasi vakili, jumladan, amaliyotchi shifokorlar, professorlar va tajribali tibbiyot mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Professional dastur davomida ishtirokchilar Malayziyaning xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan sogʻliqni saqlash tizimi hamda mamlakatning tibbiy turizmni tashkil etishga kompleks yondashuvi bilan bevosita tanishadilar.

2027-yilgacha uzaytirilgan Visit Malaysia 2026 kampaniyasi doirasida mazkur tashabbus turizm sohasining yuqori qiymatli segmentlarini rivojlantirish orqali barqaror oʻsishni taʼminlashga qaratilgan asosiy vazifalardan birini qoʻllab-quvvatlaydi.

Tourism Malaysia tomonidan tashkil etilgan bir haftalik dastur davomida delegatsiya Malayziyaning toʻrtta yetakchi xususiy tibbiyot muassasasiga tashrif buyuradi:

Gleneagles Hospital Kuala Lumpur;
Pantai Hospital Kuala Lumpur;
Prince Court Medical Centre;
● Sunway Medical Centre.

Ishtirokchilar shifoxonalar rahbariyati, shifokorlar va soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar oʻtkazadilar. Muzokaralarda klinik xizmatlar sifati va standartlari, xalqaro bemorlar bilan ishlash tajribasi, shuningdek, xorijiy bemorlar uchun davolanish jarayonini imkon qadar qulay va uzluksiz tashkil etishning amaliy jihatlari muhokama qilinadi.

Ushbu tashabbus Malayziya sogʻliqni saqlash tizimiga xalqaro qiziqish izchil oshib borayotgan bir davrda amalga oshirilmoqda. MHTC maʼlumotlariga koʻra, har yili Malayziyaga 1,84 milliondan ortiq xorijiy bemor, jumladan, Oʻzbekiston va Qozogʻistondan kelgan fuqarolar davolanish maqsadida tashrif buyuradi. Tibbiy turizmdan olinadigan daromad esa 770 million AQSH dollaridan oshadi.

Bu oʻsish xorijiy bemorlarning Malayziyadagi yuqori sifatli va xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan tibbiy xizmatlarga boʻlgan ishonchi ortib borayotganini koʻrsatadi.

MHTC koʻmagidagi Malayziya sogʻliqni saqlash ekotizimi 80 dan ortiq hamkor shifoxona va tibbiyot muassasalarini birlashtiradi. Ular kardiologiya, onkologiya, ortopediya, reproduktiv tibbiyot va stomatologiya kabi koʻplab yoʻnalishlarda xalqaro miqyosda tan olingan tibbiy xizmatlarni taklif etadi.

Professional dasturdan tashqari, delegatsiya Malayziyaning boy madaniy va turistik merosi bilan ham tanishadi. Safar davomida ishtirokchilar Kuala-Lumpur, mamlakatning maʼmuriy poytaxti Putrajaya hamda UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan tarixiy Melaka shahriga tashrif buyuradilar.

2025-yilda Malayziyada jami 42,1 million xalqaro tashrif qayd etildi. Bu 2024-yildagi 37,9 million koʻrsatkichga nisbatan 11,2 foizga koʻp.

Tourism Malaysia bosh direktori janob Mohd Amirul Rizal Abdul Rahimning taʼkidlashicha, Malayziya xorijiy bemorlarga faqat davolanish bilan cheklanib qolmaydigan kompleks tibbiy sayohat tajribasini taklif etadi. U jahon darajasidagi tibbiy xizmatlar, mashhur malayziyalik mehmondoʻstlik, zamonaviy infratuzilma, rang-barang gastronomiya va keng turistik imkoniyatlarni birlashtiradi.

«Tibbiy turizm 2027-yilgacha uzaytirilgan Visit Malaysia 2026 — VM2026–2027 kampaniyasining, shuningdek, Malaysia Year of Medical Tourism 2026 — Malayziya tibbiy turizm yilining asosiy yoʻnalishlaridan biridir.

Bu yoʻnalish Malayziyaning jahon darajasidagi tibbiy xizmatlarni yuqori sifatli mehmondoʻstlik va turli turistik imkoniyatlar bilan uygʻunlashtira olish salohiyatini namoyon etadi.

Biz Oʻzbekiston va Qozogʻistondan kelgan nufuzli sogʻliqni saqlash mutaxassislari delegatsiyasini mamnuniyat bilan kutib olamiz. Ular Malayziya sogʻliqni saqlash tizimining yuqori sifati bilan bevosita tanishish bilan birga, mamlakatimizning mashhur mehmondoʻstligi, boy madaniy merosi, jahon darajasidagi gastronomiyasi va turli turistik imkoniyatlarini ham kashf etishlari mumkin.

Ushbu tanishtiruv safari Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan professional hamkorlikni yanada mustahkamlashga, Malayziya sogʻliqni saqlash tizimiga boʻlgan ishonchni oshirishga hamda koʻproq bemorlarni tibbiy turizm uchun Malayziyani afzal yoʻnalish sifatida tanlashga undashiga umid qilamiz», — dedi janob Mohd Amirul Rizal Abdul Rahim.

Tourism Malaysia haqida

Malaysia Tourism Promotion Board, yaʼni Tourism Malaysia, Malayziya Turizm, sanʼat va madaniyat vazirligi — Ministry of Tourism, Arts and Culture Malaysia (MOTAC) huzuridagi agentlikdir.

Tashkilot Malayziyani sayohat uchun afzal yoʻnalish sifatida xalqaro bozorlarda targʻib qiladi va tashkil etilganidan buyon mamlakatning jahon turizm bozoridagi mavqei hamda raqobatbardoshligini mustahkamlashda muhim rol oʻynab kelmoqda.

Visit Malaysia 2026 kampaniyasi Malayziyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq turizmni barqaror rivojlantirishga sodiqligini namoyon etadi.

Kampaniya Malayziyaning rang-barang tabiiy diqqatga sazovor joylari, boy madaniy merosi va turli turistik imkoniyatlarini targʻib qilish bilan birga, mahalliy hamjamiyatlar va turizm sohasi vakillari uchun inklyuziv oʻsish hamda uzoq muddatli manfaatlarni taʼminlashga qaratilgan.

Qoʻshimcha maʼlumotni Tourism Malaysia rasmiy sayti - www.tourism.gov.my, shuningdek, tashkilotning Facebook, Instagram, X, YouTube va TikTokʼdagi rasmiy sahifalaridan olish mumkin.

Reklama