Prezidentimizning “Pragmatik muloqot — barqaror kelajak sari yo'l” shiori ostida o'tgan 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig'ilishi va Toshkent investitsiya forumida ishtirok etib, nutq so'zlagani, Chirchiq shahriga tashrifi, qator xorijiy davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro delegatsiyalarni qabul qilgani kabi katta ahamiyatli voqealarni iqtisodiy yo'nalishlar qatorida tilga olish mumkin.

Shuningdek, oyning dastlabki kuni madaniyat va san'at xodimlari bilan sohani yanada rivojlantirish bo'yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan uchrashuv, Namanganda o'tgan maqom festivalidagi ishtirok, Andijon shahrining “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e'lon qilinishi doirasida xalqaro tadbir, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni tadbirlari va tabrigi, Yoshlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbari va yoshlar uchrashuvi kabi muhim voqeliklar esa ma'naviyatga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Shu o'rinda mamlakatimiz etakchisi 2024-yil 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig'ilishida aytgan mashhur iqtibosni keltirib o'tish maqsadga muvofiq bo'lsa kerak: “Bizning ikkita o'q tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri — iqtisodiyot, biri — ma'naviyatdir. Ma'naviy buyuk xalq — iqtisodiy tomondan ham buyuk bo'ladi”.

I

1-iyun kuni Xalqaro kongress markazida madaniyat va san'at sohasi vakillari bilan uchrashuv chog'ida ilgari surilgan tashabbuslar, taqdim etilgan yangi imkoniyat va imtiyozlar sohada yangi davrni boshlab berdi. Davlatimiz rahbarining shu yil 28-maydagi farmoni bilan madaniyat, san'at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Uchrashuv avvalida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Taqdirlanganlar orasida uzoq yillar samarali mehnat qilib, xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga ulkan hissa qo'shgan yozuvchi va shoirlar, xonanda va sozandalar, raqs ustalari, opera ijrochilari va bastakorlar, teatr, kino va sirk san'ati namoyandalari, baxshilar va askiyachilar, hunarmand va rassomlar, madaniy meros, muzey va kutubxona xodimlari, ustoz va murabbiylar borligi barchamizga faxr bag'ishlashi e'tirof etildi.

— Qaysi millatning adabiyoti boy, musiqasi yurakka yaqin, teatri hayotiy, kinosi ta'sirchan, san'ati jozibador bo'lsa, o'sha xalqning ovozi dunyoda baland eshitiladi, — dedi Prezidentimiz.

Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida inson qalbini tarbiyalaydigan katta ma'naviy makon yaratilayotgani, bu borada ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat va san'at namoyandalari, kreativ soha vakillarining o'rni beqiyos ekani ta'kidlandi.

Davlatimiz rahbari mukofotlanganlarni butun xalqimiz nomidan samimiy tabriklab, yuksak e'tirof ularni yangi ijodiy yutuqlarga ilhomlantirishiga ishonch bildirdi. Mukofotlanganlar yuksak hurmat va e'tibor, madaniyat rivoji va ijodkorlarga yaratilayotgan keng sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Shundan so'ng Prezidentimiz madaniyat va san'at sohasi vakillari bilan muloqot qildi. Madaniyat va san'at xalq ma'naviyati, jamiyat tafakkuri va yoshlar tarbiyasida beqiyos o'rin tutishini ta'kidladi. Ayniqsa, hozirgiday texnik taraqqiyot va murakkab siyosiy jarayonlar fonida bu yanada dolzarblik kasb etmoqda. Inson ongi va qalbini egallash uchun chegara kesib o'tish shart bo'lmay qoldi. Ana shunday sharoitda kitob, teatr, kino, musiqa va adabiyot jamiyatning ma'naviy immunitetini mustahkamlaydigan eng ta'sirchan vositalar ekani qayd etildi.

— Bugun dunyoda qanday tahlikali holat, qarama-qarshilik va nizolar ro'y berayotganini ko'rib turibmiz. Bunday vaziyatda biz uchun milliy birlik va hamjihatlik har qachongidan ham muhim. Ishonchim komil, bu borada sizlar eng oldingi safda turib, chinakam vatanparvarlik, millatga sadoqat va fidoyilik fazilatlaringiz bilan yoshlarimizga, butun xalqimizga namuna bo'lasizlar, — dedi Prezidentimiz.

Muloqot davomida aytilgan juda ko'plab taklif, ilgari surilgan tashabbus va muhokama qilingan masalalar uchrashuvning ertasi kuni davlat rahbari imzolagan “Madaniyat, san'at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonda to'liq aksini topdi.

Ijodkorlarga munosib shart-sharoitlar yaratish hamda xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan hujjat sohada yangi davrni boshlab bergani bilan ahamiyatli bo'ldi.

 

* * *

Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi Yangi O'zbekiston bog'ida III Xalqaro maqom san'ati anjumanining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. 80 dan ortiq xorijiy mamlakatning madaniyat va san'at vakillari qatnashgan marosimda Prezidentimiz ishtirok etib, nutq so'zladi.

Davlatimiz rahbari ushbu nufuzli anjuman xususida fikr bildirarkan, “San'at — qalblarni birlashtiradigan, odamlarga ezgulik ulashadigan ma'naviyat ko'prigidir, deb bejiz aytilmagan. Shu ma'noda, yurtimizda doimiy tus olgan ushbu anjuman — maqom san'atining umumbashariy nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan jahon sahnasiga aylanib bormoqda”, dedi.

Chindan ham, maqom san'ati shunchaki kuy, ohang va ijro mahorati emas, balki xalqimizning ma'naviy qudrati, yuksak ilmiy salohiyatining tom ma'nodagi oliy maqomi. Ushbu san'at asrlar osha to'plangan tajriba, chuqur ilmiy izlanish va betakror iste'dod egalarining mehnati samarasi hamdir.

Prezidentimiz qayd etganidek, bugun nafaqat maqom ijrochiligi, balki uning nazariy asoslari ham chuqur o'rganilmoqda. Maqom san'atining nazariy, tarixiy va falsafiy masalalarini o'rganadigan maxsus ilmiy kengashlar faoliyati yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Sohada yuksak bilim va malakaga ega kadrlarni tarbiyalash vazifasiga alohida e'tibor qaratilyapti. Mamlakatimiz yetakchisi ushbu ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yangi Toshkentda muhtasham Maqom markazini barpo etishga kirishilgani va ushbu maskanni Dunyo maqom markazi deb nomlash va uning huzurida Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etish taklifini bildirdi.

 

* * *

Davlatimiz rahbari Andijon shahrining “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e'lon qilinishi doirasidagi xalqaro tadbirlar ishtirokchilariga tabrik yo'lladi. Unda Andijon shahrining bunday yuksak sharafga munosib ko'rilganini O'zbekistonning boy tarixi, madaniy-ma'naviy merosi, yurtimizning turkiy madaniyat rivojiga qo'shgan bebaho hissasi, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi yana bir e'tirofi ekani urg'ulandi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz 29-iyun kuni Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bag'ishlangan xalqaro kongress qatnashchilarini qutladi. “Bundan bir asr muqaddam, 1926-yilda Boku shahrida o'tkazilgan birinchi Turkologiya qurultoyi turkiy xalqlarning ilm-fani va madaniy hayoti rivojida yangi davrni boshlab bergan katta tarixiy voqea bo'lgan edi. Mazkur qurultoyda 11 nafar taniqli o'zbek ziyolisi ishtirok etganini biz hamisha faxr bilan esga olamiz”, deyiladi tabrikda.

 

* * *

Erkin va mas'uliyatli, xalqchil jurnalistika jamiyat va davlat rivojlanishining zarur shartlaridan biri. Qalam ahli uchun bayram — 27-iyun sanasi arafasida davlatimiz rahbarining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida”gi farmoni e'lon qilindi.

Mamlakatimizda so'z va matbuot erkinligini rivojlantirish, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlashga qo'shayotgan munosib hissasi, yangi O'zbekistondagi demokratik islohotlar, yangilanish jarayonlari va erishilayotgan yutuqlarni keng yoritishdagi katta xizmatlari, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.

Prezidentimiz kasb bayrami munosabati bilan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yo'lladi. Tabrikda keltirilgan “Men sizlarni — yuksak bilim va salohiyatga ega, vatanparvar barcha jurnalistlarni o'zim uchun doimiy maslakdosh, jonkuyar do'st deb bilishimni yana bir bor izhor etaman”, degan e'tirof qalam ahlining zimmasida zalvorli mas'uliyat borligini anglatadi. Uning zamirida katta ishonch, ulkan da'vat mujassam.

Tabrikda, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyati uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ularning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, kasb mahorati va malakasini oshirish, jumladan, ijtimoiy himoyasini ta'minlash, mehnatini rag'batlantirish, sog'lig'ini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshirilishi ma'lum qilindi.

 

* * *

Mamlakatimizda milliy o'zlikni anglash, boy tarixiy-ma'naviy merosimizni chuqur o'rganish, ulug' allomalarimiz ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targ'ib etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ayni shu yo'nalishda milliy va xalqaro ahamiyatga ega zamonaviy madaniy-ma'rifiy platforma sifatida shakllanmoqda.

10-iyun kuni Prezidentimiz O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi faoliyati natijalari va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. O'tgan davrda Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

Oy boshi holatiga ko'ra, Markazga yarim million nafar mahalliy aholi va xorijliklar kelgan. Kunlik tashrif buyuruvchilar soni o'rtacha 6 mingni tashkil etmoqda. Shu davrda muassasaga 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va 2 mingdan ziyod xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan.

Majmua tarkibida Bolalar muzeyi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyi faoliyati yo'lga qo'yildi. Ilmiy va innovatsion yo'nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilgan. Madaniy merosni qaytarish va fondlarni boyitish maqsadida jami mingdan ziyod artefakt O'zbekistonga qaytarildi.

Markaz kutubxona fondi ham boyitilmoqda. Hozirgi kunda fond tarkibida 3 mingdan ortiq nodir nashr mavjud. Fond raqamlashtirilmoqda, elektron chiplar o'rnatilmoqda.

Taqdimotda Markazni yanada rivojlantirish bo'yicha kelgusi rejalar ham ko'rib chiqildi.

II

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4-5-iyun kunlari amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo'ldi va “Pragmatik muloqot — barqaror kelajak sari yo'l” shiori ostida o'tgan 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig'ilishida ishtirok etdi hamda nutq so'zladi.

Jahon iqtisodiyotida chuqur tarkibiy o'zgarishlar kechayotgan hozirgi sharoitda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi nafaqat ishbilarmonlik muloqoti maydoni, balki savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va ­inson kapitalini rivojlantirish sohalarida amaliy yechimlar ishlab chiqiladigan muhim platformadir.

O'zbekiston yetakchisi jahon iqtisodiyotidagi vaziyat, O'zbekiston — Rossiya iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish istiqbollari borasidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi, shuningdek, mamlakatimizni rivojlantirishning bugungi ustuvor yo'nalishlariga to'xtalib o'tdi. Nutqda transport yo'nalishlarining o'zgarishi, yangi ishlab chiqarish zanjirlarining shakllanishi, zamonaviy texnologik platformalarning paydo bo'lishi va sun'iy intellektning keng joriy etilishi bilan dunyoda kechayotgan chuqur transformatsiya jarayonlariga baho berildi.

— Raqobat nafaqat bozorlar va tabiiy resurslar uchun kurashda namoyon bo'lmoqda, balki texnologiyalar, logistika va infratuzilma sohalarida ham uning ta'siri sezilmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari O'zbekiston — Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining asosiy yo'nalishlarini tahlil qilib, savdo-iqtisodiy hamkorlik, hududlararo aloqalar, sanoat kooperatsiyasi hamda energetika sohasidagi sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini alohida qayd etdi.

Tashrif dasturida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv hamda yurtimizda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stantsiyasi qurilishini boshlash marosimi bo'lib o'tdi.

 

* * *

Prezidentimiz 17-iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so'zladi. Forum 100 dan ortiq mamlakatdan 10 mingdan ziyod delegat va ishtirokchilarni bir joyda jamladi. Bu, uning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgani hamda yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyatning ishonchi mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Davlatimiz rahbari O'zbekiston xalqaro investorlar bilan teng huquqli va o'zaro manfaatli sheriklik uchun doimo ochiq ekanini ta'kidladi. Jahon iqtisodiyotida shiddatli transformatsiya jarayonlari kechayotgan va raqobat kuchayib borayotgan sharoitda tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, barqaror iqtisodiy o'sish va keng imkoniyatlarni ta'minlashga qodir bo'lgan mamlakatlarga sarmoya kiritishga intilish tobora ortib borayotgani ko'rsatib o'tildi.

Bu borada O'zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar aniq natijalar bermoqda. O'tgan yili mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga o'sdi, joriy yilda esa yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan ortishi kutilmoqda. Jalb qilingan investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga etdi.

Joriy yilgi forum “Investitsiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” mavzusiga bag'ishlandi. Davlatimiz rahbari investitsiya muhitining barqaror rivojlanishi mamlakatning uzoq muddatli maqsadlariga erishishning muhim sharti ekanini ta'kidladi. Bu borada investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ishbilarmonlik faoliyatini yuritish uchun zamonaviy ekotizim yaratish bo'yicha ustuvor yo'nalishlar belgilandi.

Yakunda Prezidentimiz mamlakatimizga katta ishonch va g'oyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga yangi O'zbekiston eshiklari hamisha ochiqligini aytdi.

— Toshkent investitsiya ruhi barchangizni mamlakatimizga doim chorlab turishiga, umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman. Yurtimizning go'zal tabiati, betakror madaniyati va oliyjanob xalqimizning mehmondo'st qalbi esa do'stligimizni mustahkamlash uchun o'ziga xos investitsiya bo'lishiga aminman, — dedi davlatimiz rahbari.

 

* * *

Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi yig'ilishida davlatimiz rahbari so'zga chiqib, so'nggi yillarda Prezident huzuridagi kengash amaliy islohotlar maydoniga aylanib, mamlakatimiz va jahon investitsiya hamjamiyati o'rtasidagi ishonchli ko'prik sifatida o'z mavqeini mustahkamlaganini ta'kidladi.

Kengash mustaqil assotsiatsiya maqomini olib, mamlakat iqtisodiyotining 23 ta tarmog'ida faoliyat yurituvchi 85 ta kompaniyani birlashtirdi. Ijroiya qo'mitasi tarkibiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi kiradi.

Normativ-huquqiy baza izchil takomillashtirilgani hamkorlikning muhim amaliy natijalaridan biri bo'ldi. Kengash a'zolarining takliflaridan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o'zgartirishlar kiritildi, moliyaviy tartibga solish va hisob yuritishning ayrim tartib-taomillari soddalashtirildi, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini qo'llaydigan xorijiy kompaniyalar uchun bir qator majburiy talablar bekor qilindi. Shu bilan birga, milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga yanada yaqinlashtirish bo'yicha ishlar davom etmoqda.

Prezidentimiz kengash ishbilarmonlarning tashabbuslari davlat siyosatida o'z amaliy ifodasini topadigan samarali ochiq muloqot maydoni bo'lib xizmat qilayotganini ta'kidladi. Shu bois, xalqaro investorlar bilan to'g'ridan to'g'ri hamkorlikni saqlab qolish hamda qayta aloqa mexanizmlarini yanada takomillashtirish muhim ekaniga alohida urg'u berildi.

Yig'ilish yakunida barcha takliflarni umumlashtirib, yagona “yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish, amalga oshirish muddatlari va nazorat mexanizmlarini aniq belgilash topshirildi.

Shuningdek, Prezidentimiz mazkur tadbirlar doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan qator davlatlarning Bosh vazir va hukumat rahbarlari, jahonning yetakchi siyosatchi, moliyaviy institut hamda kompaniya etakchilari, yirik sarmoyadorlarni qabul qildi.

* * *

Mamlakatimiz yetakchisi 2-iyun kuni “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi, kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha vazifalar yuzasidan yig'ilish o'tkazdi.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda iqtisodiyotimiz jadal rivojlanib, sanoat tarmoqlarida 3 ming turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Bundan 9-10 yil avval mamlakatimizda kimyo mahsulotlarining asosiy qismini mineral o'g'itlar tashkil qilgan. Keyingi yillarda sohaga 8 milliard 300 million dollar investitsiya kiritilib, 87 ta yirik quvvat ishga tushirildi.

60 dan ziyod turdagi yuqori qo'shilgan qiymatli yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o'zlashtirildi. Bu orqali iqtisodiyot tarmoqlarida minglab yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo bazasi yaratildi. Natijada sohada ­eksport 3 karra o'sdi, ishchilar soni 50 ming nafardan oshdi.

Shu bilan birga, tarmoqda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko'pligi ko'rsatib o'tildi. So'nggi to'qqiz yilda respublika sanoati o'rtacha 6,3 foizga o'sgan bo'lsa, kimyo sanoatida bu ko'rsatkich 3 foizga ham etmagan. Kimyo mahsulotlari importi 4 barobar oshib, yiliga 4,5 milliard dollarga etgan.

“O'zkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyati asosan o'z tizimidagi yirik korxonalar bilan cheklanib qolayotgani, sohadagi 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli ishlash, ularning muammo va takliflarini eshitish sustligi ko'rsatib o'tildi. Yig'ilishda mahsulotlar tarkibini o'zgartirish, qo'shilgan qiymatni oshirish va energiya sarfini kamaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Shuningdek mineral o'g'itlar bozoridagi imkoniyatlar ham tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari belgilab olingan katta marralarga erishish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish zarurligini ta'kidladi. Shu munosabat bilan “O'zkimyosanoat”ni transformatsiya qilish bo'yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

* * *

Mamlakatimizda hududlarni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, davlat boshqaruvi va xizmatlar ko'rsatish tizimini raqamlashtirish, sun'iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo'yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz 23-iyun kuni Namangan viloyatiga tashrifi doirasida mutasaddilarning hududni rivojlantirish yuzasidan axborotlarini tingladi.

Namanganda “aqlli” vaziyatlar markazi tashkil etilgan, uning maqsadi shahar va tumanlardagi jarayonlarni yagona raqamli tizim orqali tahlil qilish, boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishdan iborat.

Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida tashkil etilayotgan “Mahalla axborot va xizmat markazi” loyihasi taqdimot qilindi.

Mazkur markaz orqali 8 ta mahallada istiqomat qiluvchi 27 ming nafardan ortiq aholiga 980 turdagi xizmat mahallaning o'zida, “yagona darcha” tamoyili asosida ko'rsatilishi rejalashtirilgan. Bunda ijtimoiy himoya, bandlik, profilaktika, soliq, jinoyatchilik, ta'lim va hududning boshqa muhim ko'rsatkichlariga oid ma'lumotlar yagona raqamli tizimga integratsiya qilinadi.

Profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan taqdimotda esa huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid 18 turdagi jarayon raqamlashtirilib, xodimlar planshetlariga integratsiya qilingani ma'lum qilindi. Inspektorlar zamonaviy yonkameralar bilan ta'minlanib, ularning faoliyati vaziyatlar markazi bilan uzviy bog'langan.

Shu yerda Prezidentimizga Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi ustuvor yo'nalishlari yuzasidan axborot berildi.

 

III

 

30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz etakchisining yoshlar bilan uchrashuv va muloqotlari yaxshi an'anaga aylangan. Jonli kechadigan muloqotda yoshlar to'g'ridan to'g'ri Prezidentimizga o'z takliflarini beradi. Bu yurtimiz kelajagining egalari oldida noyob imkoniyatlar eshigini ochadi. Zotan, bugun mamlakatimiz aholisining oltmish foizidan ko'prog'ini yoshlar tashkil qiladi.

Ushbu formatdagi uchrashuv taraqqiyot va kelajak uchun muhim jarayondir. Unda barkamol avlod taqdiriga doir masalalar ko'tarilib, tashabbuslar ilgari suriladi, mamlakat kelajagiga daxldor ko'plab vazifalar belgilab olinadi. Bu galgi uchrashuv va muloqot ham ko'tarinki ruhda boshlandi. Davlatimiz rahbari so'zining avvalida yurtimizdagi barcha yigit-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.

— Biz islohotlarimizning ilk kunlaridan yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro'yobga chiqarishni davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz, — dedi Prezidentimiz va yoshlarni buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo'lishga, yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga da'vat etdi. Ularning hayotda munosib o'rin topishi uchun bilim, kasb va texnologiyani eng muhim tayanch sifatida ko'rsatdi.

Uchrashuvda yoshlar bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi. Ular o'z taklif va tashabbuslarini bildirdi. Davlatimiz rahbari muloqot yakunida yigit-qizlarni katta marralar sari dadil intilishga, bilim, kasb va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallashga da'vat etdi.

— Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko'rib, doim ruhlanaman. Katta-katta marralar sari olg'a qadam tashlang, o'qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho'chimang, mehnatdan qochmang! Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz bor, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o'rgatgan ustoz va murabbiylaringiz bor, sizlarga hamisha tayanch va suyanch bo'ladigan, ishonadigan va doim qo'llab-quvvatlaydigan Prezidentingiz bor! — dedi mamlakatimiz etakchisi.

Sana arafasida o'z bilimi, iste'dodi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan yangi O'zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo'shayotgan bir guruh yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali va “Mard o'g'lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. 30-iyun — Yoshlar kunida Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida ana shu mukofotlarni topshirish marosimi bo'ldi.

Davlatimiz rahbari yurtimiz yoshlarining har birida katta salohiyat, iste'dod va iqtidor borligini qayd etdi. Mukofotlangan yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham o'z bilimi, mehnati va tashabbuslari bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Prezidentimiz shu kuni Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan maxsus ko'rgazmada ham bo'ldi.

Davlatimiz rahbari faol va izlanuvchan yoshlarning mahalla hayoti, ekologiya, startaplar, muhandislik va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi sohalardagi loyihalari bilan tanishdi, loyiha tashabbuskorlari bilan shaxsan muloqot qildi.

IV

Iyun oyida davlatimiz rahbarining taklifiga binoan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay, Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo'ldi. Oliy darajadagi muzokaralarda ko'p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

* * *

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti bir qator davlat yetakchilari bilan telefon orqali muloqot o'tkazdi, xorijiy delegatsiyalarni qabul qildi. ­Davlatimiz rahbari huzurida yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti bilan bog'liq dolzarb masalalarga bag'ishlangan taqdimot va videoselektor yig'ilishlari bo'lib o'tdi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri