Markaziy bank bankomatlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga yangi ko‘rsatmalar berdi.
Qayd etilishicha, quyidagi holatlar fuqarolarning mulkiy manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda:
- bank kartasidan mablag‘ echilgan bo‘lsa-da, bankomat tomonidan naqd pul berilmasligi yoki mablag‘larning uzoq muddat qaytarilmasligi;
- muvaffaqiyatsiz operatsiyalar uchun xizmat haqlari va komissiyalar ushlab qolinishi;
- karta bankomatda qolib ketgan holatlar yuziidan mijozlarga o‘z vaqtda va aniq ma’lumot berilmasligi;
- mijozlarni turli bank va tashkilotlar o‘rtasida ortiqcha yo‘naltirish holatlari.
Shu munosabat bilan Markaziy bank bozor ishtirokchilariga qator tavsiya va talablarni bildirdi.
Jumladan:
- bankomat bilan bog‘liq murojaatlar bo‘yicha mijozlarga tushunarli va shaffof axborot taqdim etish;
- naqd pul berilmasligi yoki karta ushlab qolinishi holatlarini ustuvor murojaat sifatida ko‘rib chiqish;
- texnik xatoliklar tasdiqlangan taqdirda mablag‘larni imkoni qadar “proaktiv” tarzda qaytarish;
- to‘liq bajarilmagan operatsiyalar uchun undirilgan xizmat haqlarini avtomatik ravishda qaytarish;
- muvaffaqiyatsiz operatsiyalarni tezkor qayta ishlashga qaratilgan texnologik yechimlarni keng joriy etish;
- bankomatlarning uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlash, eskirgan qurilmalarni bosqichma-bosqich yangilash vazifalari belgilandi.
Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlarini bankomat xizmatlari sifatini oshirish hamda iste’molchilar huquqlari buzilishining oldini olish bo‘yicha tezkor amaliy choralarni kuchaytirishga chaqirdi.