Ayniqsa, umumiy tarix, transchegaraviy suv resurslari, transport yo‘llari, iqtisodiy manfaatlar va qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan Markaziy Osiyo davlatlari uchun o‘zaro ishonch masalasi alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 28-avgust kuni mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida kelgusi o‘n yillik taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beruvchi yettita milliy dasturni amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi. Ularning har biri mamlakat taraqqiyotining muhim sohalariga qaratilgan bo‘lsa-da, ayrimlari bevosita xalqaro jarayonlar bilan bog‘liq.

Xususan, birinchi milliy dastur bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishga, ikkinchisi xalqimizning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga, uchinchisi iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazishga qaratilgan. To‘rtinchi dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishni, beshinchisi sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishni, oltinchisi esa mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishni nazarda tutadi. Yettinchi milliy dastur esa O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgani bilan bevosita xalqaro munosabatlar va xalqaro huquq masalalari bilan chambarchas bog‘liqdir.

Mazkur yo‘nalishlarning mazmunini to‘liq anglash uchun bundan o‘n yil avvalgi holatga nazar tashlash zarur. 2016-yilda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlari, fuqarolarning qatnovi, suv va transport masalalari yechimini kutayotgan muhim masalalar qatorida edi. Masalan, 2016-yil 26-oktabr kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari o‘rtasidagi telefon muloqotida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish ishlarini muvaffaqiyatli yakunlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etilgan edi.

Xalqaro huquqda davlat chegarasi oddiy geografik chiziq emas. U davlat suvereniteti amal qiladigan hududning huquqiy chegarasidir. Shu sababli, davlat chegaralarini aniq va o‘zaro kelishilgan tarzda belgilash davlatlarning hududiy yaxlitligi, suveren tengligi, chegaralar daxlsizligi hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish prinsiplariga bevosita bog‘liq.

2016-yil oxiridan boshlab O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Chegara, transport, savdo, suv va boshqa murakkab masalalarni bevosita muloqot, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va oqilona murosa asosida hal etish siyosati shakllandi.

2017-yil 5-sentabrda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ushbu jarayondagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. 2017-yil 10-noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” xalqaro konferensiyasida esa Prezident Shavkat Mirziyoyev chegara, suvdan foydalanish, transport va savdo kabi dolzarb masalalar bo‘yicha oqilona murosa yo‘li izlanayotganini alohida ta’kidlagan edi.

2018-yil 9-mart kuni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida “O‘zbekiston–Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma” imzolanishi ham ushbu yo‘nalishdagi muhim xalqaro-huquqiy natijalardan biri bo‘ldi.

Bu jarayonning tarixiy davomiyligi 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari uchrashuvi yakunida uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Mazkur hujjatning ahamiyati faqat geografik nuqtani huquqiy belgilash bilan cheklanmaydi. U uzoq yillar davomida murakkab bo‘lib kelgan masalalarni muzokara, siyosiy iroda va xalqaro-huquqiy vositalar orqali hal qilish mumkinligini ko‘rsatdi.

Aynan shu uchrashuvda bildirilgan “chegaralar birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makoni bo‘lishi kerak” degan fikr bugungi Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlarning mohiyatini aniq ifodalaydi.

Darhaqiqat, davlat chegarasi suverenitetning huquqiy chegarasi bo‘lib qoladi. Ammo huquqiy jihatdan aniq belgilangan va o‘zaro tan olingan chegara davlatlarni bir-biridan uzib qo‘yuvchi to‘siq emas, balki savdo, transport, turizm, investitsiya va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi makon bo‘lishi mumkin.

Bu jihatdan 2026-yilda e’lon qilingan milliy dasturlar o‘zaro uzviy bog‘langan. Masalan, suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan to‘rtinchi milliy dastur Markaziy Osiyo sharoitida bevosita transchegaraviy ahamiyatga ega. Amudaryo va Sirdaryo kabi yirik daryolar davlat chegaralarida tugamaydi. Shu sababli, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi milliy siyosat bilan bir qatorda xalqaro-huquqiy hamkorlikni ham talab qiladi.

Beshinchi milliy dasturda belgilangan sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini mustahkamlash vazifasi ham xalqaro maydonda davlatga bo‘lgan ishonch bilan chambarchas bog‘liq. O‘z xalqaro majburiyatlariga vijdonan rioya qiladigan, huquq ustuvorligini ta’minlaydigan davlat ishonchli xalqaro hamkor sifatida shakllanadi.

Birinchi milliy dastur esa O‘zbekistonning xalqaro ta’lim va ilmiy makonga integratsiyalashuvini kuchaytirishga xizmat qiladi. Universitetlarning xalqaro reytinglardagi o‘rni, akademik mobillik, qo‘shma ilmiy loyihalar va xalqaro standartlarni joriy etish mamlakatning global raqobatbardoshligini oshiradigan omillardandir.

Shu ma’noda, yettinchi milliy dastur qolgan dasturlardan ajralgan holda emas, balki ularning xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan umumiy tashqi siyosiy muhitni yaratadigan yo‘nalish sifatida namoyon bo‘ladi.

Bugungi Markaziy Osiyoni bundan o‘n yil avvalgi holat bilan qiyoslaganda eng katta natija faqat imzolangan shartnomalar sonida emas. Eng muhim o‘zgarish - davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning mustahkamlanganidir. Aynan ishonch murakkab masalalarni muzokara orqali hal etish, yangi xalqaro shartnomalar tuzish va mavjud majburiyatlarni samarali bajarish uchun zarur shart hisoblanadi.

Endilikda mintaqa oldida turgan vazifa ham o‘zgarmoqda. Agar avvalgi bosqichda asosiy e’tibor chegaralarni huquqiy jihatdan aniqlashtirish va mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lsa, bugungi bosqichda erishilgan siyosiy va huquqiy natijalarni real iqtisodiy, transport, ekologik va gumanitar hamkorlikka aylantirish zarur.

Chegaraoldi hududlari o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish, qo‘shma sanoat va logistika loyihalarini rivojlantirish, transport koridorlarini takomillashtirish, suv va ekologik masalalar bo‘yicha barqaror hamkorlik mexanizmlarini yaratish, turizm hamda madaniy-gumanitar almashinuvni kuchaytirish kelgusi bosqichning muhim vazifalari bo‘lib qoladi.

Bunda siyosiy ishonchni xalqaro-huquqiy institutlar bilan mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki har qanday transport loyihasi, suvdan foydalanish mexanizmi yoki transchegaraviy iqtisodiy tashabbus aniq huquqiy asos, tomonlarning majburiyatlari va ularni bajarish kafolatlariga tayanishi kerak.

Markaziy Osiyoning so‘nggi o‘n yillik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, murakkab hududiy yoki transchegaraviy masalalarda o‘zaro maqbul yechim izlash davlat manfaatlaridan voz kechish emas. Aksincha, milliy manfaatlarni boshqa davlatlarning qonuniy manfaatlari bilan muvofiqlashtira olish zamonaviy diplomatiya va xalqaro huquqning yetuk ko‘rinishidir.

2026-yil 28-avgustdagi Prezident nutqida O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markazlaridan biriga aylantirish, ko‘pqirrali va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettirish, iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish kabi vazifalarning ilgari surilgani ham ana shu jarayonning mantiqiy davomidir. O‘zbekistonning 2027–2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishi esa mamlakatimizning xalqaro maydondagi mas’uliyatini yanada oshiradi.

Shunday qilib, bundan o‘n yil avval Markaziy Osiyoda murakkab masalalardan biri sifatida ko‘rilgan davlat chegaralari bugun yangi mazmun kasb etmoqda. Ular suverenitetni belgilaydigan huquqiy chiziq bo‘lib qolgan holda, ayni paytda xalqlarni yaqinlashtiradigan, savdo, transport va gumanitar hamkorlikni rivojlantiradigan makonga aylanmoqda.

Yangi milliy dasturlar esa so‘nggi o‘n yilda erishilgan natijalarni kelgusi o‘n yillik uchun barqaror taraqqiyot modeliga aylantirishga xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa, O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan yettinchi milliy dastur mamlakatimiz tashqi siyosatining yangi bosqichini ifodalaydi.

Endilikda asosiy vazifa faqat tarixiy muammolarni hal etish emas, balki aniq va o‘zaro tan olingan chegaralarni umumiy taraqqiyot, xavfsizlik va farovonlik manbaiga aylantirishdir. Zero, xalqaro huquqning haqiqiy kuchi faqat shartnomalar matnida emas, balki ularning davlatlar va xalqlar hayotida tinchlik, ishonch va barqarorlikni ta’minlay olishida namoyon bo‘ladi.

Dildora Umarxonova,
Toshkent davlat yuridik universiteti,
Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti dekani, yuridik fanlar doktori, professor