Qarorga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli toʻlov xizmati operatorlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Muddatli toʻlov xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxs (banklar va mikromoliya tashkilotlari bundan mustasno) muddatli toʻlov xizmati operatori deb eʼtirof etiladi.

Yuridik shaxslarning muddatli toʻlov xizmatlarini koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish huquqi Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan Muddatli toʻlov xizmati operatori faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgandan soʻng vujudga keladi.

Yuridik shaxslar quyidagi tartibda Reyestrga kiritiladi:

  • banklar, mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali;
  • boshqa yuridik shaxslar Markaziy bankda hisob roʻyxatidan oʻtish orqali.

Koʻchmas mulk, shuningdek, qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada boʻlishi cheklangan boshqa mulk muddatli toʻlov xizmati obyekti boʻlishi mumkin emas.

Muddatli toʻlov xizmati operatoriga:

  • moliyaviy isteʼmol kreditlarini ajratish hamda jismoniy shaxslardan pul mablagʻlarini jalb qilish taqiqlanadi;
  • muddatli toʻlov xizmatlarini koʻrsatish shartnomalari boʻyicha talab qilish huquqidan faqat boshqa muddatli toʻlov xizmati operatori, mikromoliya tashkiloti va banklar foydasiga voz kechish huquqi beriladi.

Muddatli toʻlov xizmatlarini koʻrsatish shartnomalariga qanday talablar belgilandi?

Qarorga koʻra, muddatli toʻlov xizmatlarini koʻrsatish shartnomalari quyidagi shartlarga muvofiq boʻlishi lozim:

  • muddatli toʻlov xizmati obyektining qiymati BHMning 250 baravaridan oshmasligi;
  • muddatli toʻlov xizmati operatorining komissiya (ustama) toʻlovlari va tovar (ish, xizmat)larning yakuniy qiymatiga kiritiladigan boshqa toʻlovlar alohida koʻrsatilishi;
  • muddatli toʻlov xizmati boʻyicha asosiy qarzdan tashqari barcha toʻlovlar, shu jumladan, vositachilik haqlari, neustoyka (jarima, penya), javobgarlikning boshqa choralari yigʻindisi yiliga muddatli toʻlov miqdorining yarmidan koʻpini tashkil etishi mumkin emasligi;
  • isteʼmolchi muddatli toʻlov xizmati summasini istalgan vaqtda (toʻliq yoki qisman) qoʻshimcha jarima, penya va komissiyalarsiz muddatidan oldin soʻndirish huquqiga ega boʻlishi;
  • muddatli toʻlov xizmatini koʻrsatish shartnomasi boʻyicha isteʼmolchi majburiyatining eng koʻp muddati shartnoma tuzilgan kundan boshlab 12 oydan oshmasligi.

2027-yil 1-yanvardan tovar isteʼmol kreditini taqdim etuvchi tashkilotlar qiymati BHMning 3 baravarigacha boʻlgan tovar isteʼmol krediti shartnomalari va ularning ijro etilishi holati haqidagi maʼlumotlarni kredit byurolariga taqdim etishi talab etilmaydi.